PQ-158-son Qaror · 16.05.2023

Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-158
  • Qabul qilingan sana:16.05.2023
  • Kuchga kirgan sana:19.05.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/158/0282

Soʻnggi vaqtlarda xorijiy mamlakatlarda sodir boʻlayotgan kuchli zilzilalar va yer plitalarining tektonik siljishlari oqibatida yuzaga kelayotgan turli xil talafotlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni taʼminlash ishlarini jadallashtirish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda.

Seysmik xavfsizlikni taʼminlashning yangi usullarini joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilish va ularga tayyorgarlik koʻrishning zamonaviy tizimini amaliyotga tatbiq etish maqsadida:

1. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushirilsin va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bunga masʼul etib belgilansin.

Belgilansinki, mazkur milliy tizim doirasida xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimiga kiritilgan stansiyalar bilan integratsiyalashuv asosida:

a) Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi;

b) zilzila oʻchogʻiga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli tebranishlar qayd etilib, respublika hududida MSK-64 shkalasi boʻyicha 5 va undan yuqori balli zilzila kuchi sezilishi aniqlanganda:

seysmik maʼlumotlar seysmik stansiyalardagi maxsus dasturlar orqali avtomatik tarzda tahlil qilinadi hamda zilzila parametrlari tezkorlik bilan aniqlanadi;

“Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi toʻgʻrisida tezkor xabarnoma yuboriladi.

Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimini ishga tushirish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan qoplanadi.

2. Respublika hududidagi suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirishning yaxlit tizimini shakllantirish doirasida:

suv omborlari toʻgʻonlarida seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish;

suv omborlarini toʻldirish bilan bogʻliq zilzilalarni monitoring qilish;

suv omborlarini suv bilan toʻldirish va suvdan foydalanish jarayonida seysmik rejimning oʻzgarishini baholash Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.

3. 2023-yil 1-avgustdan boshlab “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) ishga tushirilsin va uni yuritish uchun Seysmoprognostik monitoring respublika markazi masʼul etib belgilansin.

Elektron platformani ishlab chiqish va uning faoliyat yuritishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-sentabrdan boshlab seysmologik va seysmometrik kuzatuvlar yoʻlga qoʻyilgan suv omborlari toʻgʻonlarida MSK-64 shkalasi boʻyicha 5 va undan yuqori balli zilzila qayd etilganda:

a) seysmologik va seysmometrik kuzatuv maʼlumotlari Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan elektron platformaga zudlik bilan yuklanadi;

b) suv omborlari toʻgʻonlariga masʼul tashkilotlar zudlik bilan choʻkish, siljish, yoriqlar paydo boʻlishi, filtratsiya rejimi oʻzgarishi kabi zilzilaning salbiy oqibatlarini aniqlab, maʼlumotlarni elektron platformaga kiritadi;

v) Fanlar akademiyasi uch kun muddatda:

elektron platformaga kiritilgan maʼlumotlar asosida suv omborlari toʻgʻonlarining dinamik xossalarini oʻrganib, ularning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholaydi;

seysmologik va seysmometrik kuzatuvlar haqida berilgan maʼlumotlarda seysmik rejimning oʻzgarishlarini hisobga olgan holda suv omborlari toʻgʻonlarining dinamik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda tegishli choralar koʻrish uchun xulosalar tayyorlaydi va elektron platformaga kiritadi;

g) elektron platformaga kiritilgan xulosalarda favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish holatlari koʻrsatilganda, suv omborlariga masʼul boʻlgan tashkilotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda zudlik bilan tegishli chora-tadbirlar va harakatlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshiradi.

5. 2023-yil 1-avgustdan boshlab:

suv omborlarida faoliyat yurituvchi masʼul xodimlarning seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish va birlamchi tahlil qilish boʻyicha har ikki yilda malakasini oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasi malaka oshirish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul etib belgilansin.

Respublika hududidagi suv omborlari va toʻgʻonlarga masʼul davlat organlari hamda tashkilotlar rahbarlariga seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshiradigan xodimlarining Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasi reja-grafigiga asosan malaka oshirish kurslarida ishtirok etishini qatʼiy taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Quyidagilar:

Seysmik xavfsizlikni taʼminlash va qurilishda nazoratni kuchaytirishga oid chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Quyidagilar Respublika kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

Chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash doirasida masʼul ijrochilar faoliyatini doimiy muvofiqlashtirib borish;

hududlardagi barcha, shu jumladan yangi qurilgan ikki va undan yuqori qavatli bino va inshootlar konstruksiyalarining zilzilabardoshligi yuzasidan zamonaviy maxsus asbob-uskunalar yordamida instrumental-texnik tekshiruvlar (mikrodinamik sinovlar) oʻtkazilishini tashkil etish;

hududlarning seysmik xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkil etish doirasida, shu jumladan loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bino va inshootlarni seysmik himoyalash uslublari, yangi konstruktiv yechimlari ishlab chiqilishini tashkil etish;

seysmik faol zonalarda turli darajadagi seysmik xatarni baholash va zilzila talafotlarini kamaytirish boʻyicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;

shahar hududlarining bosh reja loyihasini seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslangan holda ishlab chiqish amaliyotini joriy etish ishlarini tashkil etish;

suv omborlari toʻgʻonlari va gidrotexnika inshootlarining zilzilabardoshligini oʻrganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlarini tashkil etish;

seysmik xavfni, taʼsirni va xatarni baholash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni xorijiy tajriba asosida ishlab chiqish choralarini koʻrish;

ehtimoli yuqori boʻlgan zilzilalarning zararini va oqibatlarini kamaytirish boʻyicha mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, tadbirlar majmui va dasturlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;

aholini zilziladan oldin, zilzila paytida va zilziladan soʻng harakat qilish qoidalariga oʻrgatish va ularning tayyorgarligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish;

qurilish obyektlarida foydalanish uchun respublikada ishlab chiqarilayotgan mahalliy va xorijdan import asosida keltirilayotgan qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarining sifati nazorat qilinishini muvofiqlashtirish;

qurilish va seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi mutaxassislar malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va sertifikatlashtirish jarayonlarini takomillashtirish ishlarini tashkil etish.

7. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida Seysmik xavfsizlikni taʼminlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtirish boʻlimi) tashkil etilsin.

Quyidagilar Muvofiqlashtirish boʻlimining asosiy vazifalari etib belgilansin:

seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi masʼul organlar va tashkilotlar faoliyatini doimiy muvofiqlashtirib borish;

seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy axborot, shu jumladan innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;

seysmik xavfni prognozlash jarayonini raqamlashtirish boʻyicha ishlarni tashkil etish;

respublikada seysmik xavf darajasini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish;

aholining seysmik xavfsizligini taʼminlash yuzasidan davlat dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishini tashkil etish;

tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda foydalanishda boʻlgan bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini taʼminlash yuzasidan choralar koʻrish;

respublika hududlarining seysmik holati monitoringi va tahlili natijalari asosida hududlarning seysmik xavfsizligini oshirish hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

qurilayotgan bino va inshootlar boʻyicha oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarini monitoring qilib borish va ularni amalga oshirish jarayonlarining ochiqligi va sifatliligini taʼminlash boʻyicha doimiy ravishda takliflarni ishlab chiqish;

qurilayotgan hamda mavjud binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini oʻrganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;

binolar va inshootlarni seysmik jihatdan zaifligi boʻyicha tasniflash, shuningdek, binolar va inshootlarni zamonaviy maxsus asbob-uskunalar va dasturiy taʼminotlar yordamida instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish (mikrodinamik sinovlar) hamda ularning zilzilabardoshligini oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;

seysmik faol zonalarda qurilayotgan bino va inshootlarni vibrodinamik, shuningdek, zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruvlardan oʻtkazish ishlarini tashkil etish;

respublikada aholini zilzila vaqtida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha kompleks tadbirlarni muvofiqlashtirish.

Belgilansinki:

Muvofiqlashtirish boʻlimi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 5 ta boshqaruv shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;

Muvofiqlashtirish boʻlimi Respublika kengashining ishchi organi hisoblanadi.

8. Respublika kengashi (A. Aripov):

a) bir hafta muddatda:

tashkiliy yigʻilishni oʻtkazib, Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash masalalarini vazirlik va idoralar bilan muhokama qilsin;

oʻziga yuklatilgan vazifalar ijrosini tashkil etish maqsadida muddatlar hamda vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari kesimidagi reja-grafikni tasdiqlasin va unda belgilangan vazifalar amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borsin;

qurilish va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni soʻnggi ikki yilda oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish natijalarini tanqidiy koʻrib chiqib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;

Muvofiqlashtirish boʻlimini malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;

Respublika kengashi aʼzolari, sohaga masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislarini seysmik xavfsizlikni taʼminlash va qurilish nazorati sohasi boʻyicha rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.

Belgilansinki, Respublika kengashi aʼzolari, mutaxassislarni xorijga yuborish bilan bogʻliq xarajatlar (transport, mehmonxona, kunlik va boshqalar) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

b) har chorakda belgilangan vazifalar ijrosini tanqidiy muhokama qilib borsin, ijroda aniqlangan kamchiliklarni vazirlik va idoralar tomonidan bartaraf etish choralari koʻrilishini taʼminlasin.

9. 2024-yil 1-yanvardan boshlab seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari loyihalarini tegishli hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslangan holda ishlab chiqish amaliyoti joriy qilinsin.

Belgilansinki:

seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari Respublika kengashida seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga muvofiq har tomonlama asoslanganligi muhokamadan oʻtkazilib, kelishilgandan soʻng tasdiqlanadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslanishini va muvofiqligini taʼminlash uchun masʼul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalari (shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish dasturlariga muvofiq va bosh rejalarni ishlab chiqish muddatlaridan oldin) Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

10. Fanlar akademiyasi 2023-yil 1-oktabrga qadar Andijon, Namangan, Fargʻona, Buxoro, Jizzax, Shahrisabz va Zarafshon shaharlarining seysmik mikrohududlashtirish xaritalari ishlab chiqilishini yakuniga yetkazsin hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga taqdim etsin.

Belgilansinki:

seysmik mikrohududlashtirish xaritalarini ishlab chiqish uchun zarur boʻlgan arxiv yoki mavjud maʼlumotlar davlat organlari, muassasalari va tashkilotlar tomonidan Fanlar akademiyasining soʻrovlariga muvofiq qisqa muddatlarda begʻaraz taqdim etiladi;

Fanlar akademiyasi tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan barcha turdagi seysmik hududlashtirish va mikrohududlashtirish xaritalari boʻyicha ommaviy axborot vositalari uchun press-tur va brifinglar tashkil etilib, tushuntirishlar berib boriladi.

11. Respublika hududlarida, shu jumladan suv omborlari va yirik togʻ-kon sanoati komplekslarida mavjud faol tektonik yer yoriqlarining koʻrsatkichlarini oʻrganish, ularning elektron xaritalari va pasportini ishlab chiqish va ular asosida seysmik xavfni baholash amaliyoti joriy etilsin.

Bunda, faol tektonik yer yoriqlarining elektron xaritalari zilzilalar manbalarini aniqlash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish maqsadida hududlarda seysmoprognostik stansiyalarni joylashtirish va kuchli zilzilalar yuz berishi ehtimolini prognoz qilish uchun asos hisoblanadi.

Fanlar akademiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda:

2023-yil 1-iyundan boshlab aniq reja-grafik asosida masʼul tashkilotlarni jalb etgan holda respublika hududlarida mavjud faol tektonik yer yoriqlarining koʻrsatkichlarini oʻrganish ishlarini tashkil etsin;

oʻrganishlar yakunlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirib, faol tektonik yer yoriqlarining elektron xaritalari va pasportlarini yaratsin;

faol tektonik yer yoriqlari boʻyicha ishlab chiqilgan takliflarni tegishlicha Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, suv omborlariga masʼul boʻlgan tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga doimiy ravishda taqdim etib borsin.

Belgilansinki, faol tektonik yer yoriqlarining koʻrsatkichlari boʻyicha taqdim etilgan takliflar ikki hafta muddatda masʼul tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqiladi hamda ularning taʼsiri, yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan oqibatlarini yumshatish boʻyicha choralar koʻriladi va bu boʻyicha Respublika kengashiga axborot kiritib boriladi.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-avgustga qadar tuman (shahar)larda kuchli va talafotli zilzila oqibatida aholi hayotini saqlab qolish uchun zarur boʻlgan maxsus infratuzilmalarni (keyingi oʻrinlarda — infratuzilmalar) yaratish boʻyicha aniq choralarni belgilasin va kelishish uchun Respublika kengashiga kiritsin.

Bunda, har bir tuman (shahar) kesimida:

aholini evakuatsiya qilish uchun zarur boʻlgan ochiq va xavfsiz hududlar belgilansin;

evakuatsiya qilingan aholini joylashtirish uchun zarur boʻlgan chodir (palatka) va boshqa muqobil konstruksiyalar (sendvich qurilmalar, konteynerlar) soniga boʻlgan ehtimoliy talab aniqlansin va Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasiga taqdim etilsin;

belgilangan hududlarga aholini xavfsiz evakuatsiya qilishni tezkor tashkil etish, evakuatsiya qilingan aholi hayoti uchun zarur boʻlgan vositalarni yetkazish maqsadida avtomobil yoʻllarini barpo etish, zarur hollarda mavjudlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilsin;

kuchli zilzila natijasida jabrlangan fuqarolarga tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi vositalarga boʻlgan ehtimoliy ehtiyoj aniqlansin va Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasiga taqdim etilsin;

evakuatsiya qilingan fuqarolar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishni tashkil etish tartibi hamda elektr energiyasi va ichimlik suv bilan taʼminlash rejasi ishlab chiqilsin.

Belgilansinki, infratuzilmalarni yaratish boʻyicha tadbirlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Respublika kengashi infratuzilmalarni yaratish boʻyicha tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin va bu boʻyicha har chorakda masʼullar hisobotini tanqidiy koʻrib borsin.

13. 2023-yil 1-iyundan boshlab “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida har yili reja-grafik asosida respublikaning barcha hududlaridagi mahallalarda aholi ishtirokida zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻmondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt oʻquv mashqlari oʻtkazib borilsin.

Bunda:

mahallalar aholisi ishtirokida qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari, shuningdek, fuqaro muhofazasi tuzilmalarining zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga tayyorgarligini oshirib borishga;

taʼlim tashkilotlarining oʻquvchi va talabalarini zilzila oqibatlaridan oʻzini oʻzi muhofaza qilish, jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish usullariga oʻrgatishga;

koʻp qavatli uylarda yashovchi fuqarolar tomonidan oʻzboshimchalik bilan binolarning tayanch ustunlarini buzish va boshqa konstruksiyalarga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish kiritish holatlarining oldini olish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borishga alohida eʼtibor qaratilsin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A. Kuldashev):

ikki hafta muddatda joriy yilda mahallalarda “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi”ni oʻtkazish dasturini tasdiqlasin;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) bilan birgalikda “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi”ni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish choralarini koʻrsin.

14. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim bosqichlarining amaldagi taʼlim dasturlariga Zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanish qoidalarini kiritgan holda, ularning oʻqitilishini tashkil etsin.

Belgilansinki, taʼlim tashkilotlarida Zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanish qoidalarini oʻrgatishga moʻljallangan darsdan tashqari mashgʻulotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda olib boriladi.

15. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanish yuzasidan televizion koʻrsatuvlar, lavhalar, eshittirishlar hamda maqolalar tayyorlanishi hamda keng jamoatchilikka tizimli ravishda yetkazilishini taʼminlasin.

16. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, qonunchilikka muvofiq bino va inshootlar qurilishi boʻyicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlarida koʻrsatilgan parametrlarga, ushbu toifalardagi foydalanishdagi bino va inshootning zilzilabardoshligiga taʼsir qiluvchi konstruksiyalarga, shu jumladan birinchi qavat va yertoʻlalarga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish kiritish qatʼiy taqiqlanadi.

Bosh prokuratura Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan holda binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish holatlari uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni keskin kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.

17. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tuman (shahar) hokimliklari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrdan boshlab:

a) reja-grafik asosida:

respublikaning seysmik faol zonasida joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi koʻp kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yoʻlaklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) oʻzboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalarni;

koʻp kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yertoʻla va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka taʼsir qiluvchi konstruksiyalarga oʻzboshimchalik bilan kiritilgan oʻzgartirishlarni aniqlasin;

b) aniqlangan noqonuniy konstruksiyalar va zilzilabardoshlikka taʼsir qiluvchi konstruksiyalarga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish kiritish holatlari boʻyicha qonunchilikka muvofiq choralar koʻrilishini taʼminlasin.

18. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

shaharsozlik hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilishi talab etiladigan (yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan) obyektlar qurilish maydonining muhandislik-geologik tadqiqotlari va ularning ekspertizasi natijalari boʻyicha hisobotlar olish majburiy hisoblanadi;

rekonstruksiya qilinadigan obyektlar boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazishda ularning konstruksiyalari texnik holati boʻyicha instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish xulosalari taqdim etiladi.

19. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

bino va inshootlarning konstruksiyalari texnik holati boʻyicha instrumental-texnik tekshiruv xulosalari hamda muhandislik-geologik tadqiqotlar oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarga tadqiqotlarni oʻtkazishning barcha jarayonlari videotasviri (ishlarni bajarish sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda) va laboratoriya natijalari ilova qilinadi, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib boriladi va ularning reyestri yuritiladi;

instrumental-texnik tekshiruv va muhandislik-geologik tadqiqotlarni oʻtkazadigan tashkilotlar oʻtkazilgan har bir tadqiqot va ular boʻyicha berilgan har bir xulosaning sifati va haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi;

instrumental-texnik tekshiruv va muhandislik-geologik tadqiqotlar natijalari boʻyicha hisobotlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida shakllantirilgan Instrumental-texnik tekshiruv xulosalarining yagona reyestri va Muhandislik-geologik tadqiqotlar natijalari boʻyicha hisobotlarning yagona reyestriga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi.

20. Belgilansinki:

a) seysmik xavfsizligi II — IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasini oʻzgartirish (qavatlar sonini oʻzgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) boʻyicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning oʻzgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan oʻtkazilib, ijobiy xulosa olingandan soʻng ruxsat etiladi;

b) 2023-yil 1-iyundan boshlab:

seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida “S” va undan yuqori toifaga ega boʻlgan loyiha-qidiruv tashkilotlari va yetakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi;

xavf-xatar toifasi boʻyicha murakkabligi IV toifaga mansub boʻlgan bino va inshootlar boʻyicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida (pudrat tashkilotini aniqlash boʻyicha oʻtkazilayotgan tender sanasi holatiga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri pudrat shartnomasini tuzish sanasi holatiga) “SS” va undan yuqori toifaga (shu jumladan “A” va “B” turdagi barcha toifalarga) ega boʻlgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.

(20-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)

Bunda:

mazkur qoida bugungi kunga qadar shaharsozlik hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilib, ijobiy xulosa olingan holda qurilish-montaj ishlari boshlangan obyektlarga tatbiq etilmaydi;

davlat obyektlari loyihalari doirasida pudratchilarni aniqlash boʻyicha tenderda mahalliy qurilish-pudrat tashkilotlari bilan birgalikda xorijiy pudratchilarning qonunchilikda belgilangan tartibda qatnashishiga ruxsat etiladi;

v) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab seysmik xavfsizligi II — IV toifadagi bino va inshootlar boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yoʻnalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

Bunda, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi mutaxassislarni sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etish doirasida oʻquv kurslari sifatli oʻtkazilishini taʼminlash, taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish va buning uchun milliy trenerlar korpusini shakllantirishga masʼul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

g) elektron reyting bahosi (obyektni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtkazish sanasi holatiga) “DDD” boʻlgan tashkilotlarga — besh qavatdan yuqori boʻlmagan bino va inshootlarni, “S” boʻlgan tashkilotlarga — toʻqqiz qavatdan yuqori boʻlmagan bino va inshootlarni qurishga ruxsat etiladi.

(20-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)

21. Qurilish sohasida nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida:

a) quyidagilar:

2024-yil 1-yanvardan boshlab obyektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yoʻnalishlar boʻyicha maxsus bilimga va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti joriy qilinsin;

2023-yil 1-sentabrga qadar loyiha tashkiloti tomonidan buyurtmachiga qurilish-montaj ishlari davomida loyihaga muvofiq beriladigan har bir majburiy koʻrsatmani toʻliq bajarmaganlik uchun javobgarlikni va vakolatli organni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilsin va belgilangan tartibda kiritilsin;

b) qurilish obyektlari ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlari, ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar (chek-list shaklida) hamda ularni bartaraf etish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy etib belgilansin va maʼlumotlar jamoatchilik uchun ochiq boʻlishi taʼminlansin.

22. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki hafta muddatda hududlarda elektron-texnik pasportlar asosida instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish zarur deb topilgan binolarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish boʻyicha reja-grafikni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tasdiqlasin va instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazilishini taʼminlasin;

instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish yuzasidan har oyda Respublika kengashiga maʼlumot kiritib borsin.

Belgilansinki:

instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir tuman (shahar) kesimida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadi;

instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish bilan bogʻliq barcha xarajatlar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

23. Vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda, birinchi navbatda, zilzilabardoshligi zaif boʻlgan ijtimoiy soha obyektlariga eʼtibor qaratsin.

24. Quyidagilar:

Toshkent arxitektura-qurilish universitetida zilzila taʼsirida gruntlarning mustahkamligi va deformatsiyalanishini, fizik-mexanik xossalarini, murakkab grunt sharoitlarida bino va inshootlarni loyihalash hamda poydevorlar qurilishini tadqiq etishga moʻljallangan “Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar” oʻquv-ilmiy laboratoriyasi;

Fargʻona politexnika institutida bino va inshootlarning zilzilabardoshlik boʻyicha texnik holatini baholash, foydalanishdagi binolar qavatining sonini oshirishda seysmik yuklarni hisobga olish hamda qurilish konstruksiyalarining zilzilabardoshligini tekshirishga moʻljallangan “Bino va inshootlar konstruksiyalari zilzilabardoshligini baholash” oʻquv-ilmiy laboratoriyasi tashkil etilsin.

Belgilansinki, oʻquv-ilmiy laboratoriyalarning shtat birliklari Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Fargʻona politexnika institutining professor-oʻqituvchilari sonini maqbullashtirish hisobidan jamlanadi.

Vazirlar Mahkamasi Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Fargʻona politexnika institutining asoslangan takliflariga muvofiq oʻquv-ilmiy laboratoriyalarni zarur jihozlar bilan bosqichma-bosqich Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan taʼminlash choralarini koʻrsin.

25. Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

26. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Kuldashev hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida har chorak yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 16-may,

PQ-158-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-maydagi PQ-158-son qaroriga 1-ILOVA

Seysmik xavfsizlikni taʼminlash va qurilishda nazoratni kuchaytirishga oid

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-sentabrdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2025-y., 06/25/177/0880-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-maydagi PQ-158-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi

Izoh: Respublika kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.