PQ-162-son Qaror · 24.05.2023

Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-162
  • Qabul qilingan sana:24.05.2023
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/162/0295

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, byurokratik tartibotlarni qisqartirish, shuningdek, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini hamda hududlarni raqamli transformatsiya qilish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023-2024-yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar, shu jumladan:

davlat boshqaruvini raqamlashtirish boʻyicha 112 ta ustuvor loyihalar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish boʻyicha 51 ta ustuvor loyihalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

hududlarni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha 137 ta ustuvor loyihalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

b) 2023-yil yakuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida koʻrsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar roʻyxati hamda reja-jadvali 4-4a-ilovalarga muvofiq;

v) ijtimoiy-iqtisodiy sohaning ayrim tarmoqlarida billing tizimlarini joriy etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;

g) “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali 2023-yil 1-dekabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi maʼlumotlar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;

d) aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlardan foydalanish holati boʻyicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.X. Shermatov) soha va tarmoqlarni, shu jumladan birinchi navbatda 2023-2024-yillarda sogʻliqni saqlash va suv xoʻjaligi sohasidagi raqamlashtirish loyihalarini muvofiqlashtirib borish va jadallashtirish uchun masʼul hisoblanadi.

Bunda, raqamlashtirish loyihalarini samarali amalga oshirish hamda masʼul vazirliklar bilan hamkorlikda ishlash va ularga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatish uchun “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “loyiha ofislari” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

3. Belgilansinki, 2023-yil 1-iyundan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va begʻaraz koʻmak mablagʻlari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yoʻnaltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.

4. “Raqamli hudud” dasturi doirasida:

a) “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi 2023-yil 1-sentabrga qadar Angren, Ohangaron, Yangiyoʻl, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida, 2023-yil yakuniga qadar esa Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.

Bunda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda “Xalq nazorati” portaliga aholi tomonidan kelib tushgan ariza va shikoyatlarni tahlil qilgan holda, ularning vujudga kelish sabablarini kelgusida bartaraf etish maqsadida inobatga olish majburiy hisoblanadi;

b) “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasiga 8-ilovadagi roʻyxatga muvofiq vazirlik va idoralarning 70 ta maʼlumotlari integratsiya qilinadi;

v) hududlarni raqamlashtirish boʻyicha:

loyihalar amalga oshirilishi uchun — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shu jumladan mazkur bandda nazarda tutilgan loyihalar joriy yilda ishga tushirilishi uchun Toshkent viloyati (Z. Mirzayev), Jizzax viloyati (E. Soliyev) va Xorazm viloyati (J. Raximov) hokimligi;

loyihalarni joriy etish hamda ularni texnik qoʻllab-quvvatlash uchun — “Raqamli rivojlanish departamenti” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Raqamli departament);

loyihalar amalga oshirilishi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun — Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) masʼul va javobgar hisoblanadi;

g) hududlarni raqamlashtirish boʻyicha loyihalarni joriy etish hamda ularni texnik qoʻllab-quvvatlash uchun Raqamli departament huzurida loyiha ofislari tashkil etiladi.

5. Belgilab qoʻyilsinki, Raqamli departamentga:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarorining 18-bandi uchinchi xatboshisi talablari tatbiq etiladi;

mazkur qarorning 4-bandida nazarda tutilgan platforma va axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish huquqi beriladi.

6. Belgilansinki, elektron tijorat sohasini rivojlantirish orqali savdo aylanmasi hajmini 2023-yilda 500 million AQSH dollariga yetkazish, shuningdek, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish maqsadida 2023-yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

7. Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi oʻrinlarda — IT-park) rezidentlari tomonidan amalga oshirilishiga ruxsat etilgan faoliyat turlari roʻyxatiga quyidagi qoʻshimcha yoʻnalishlar kiritilsin:

dasturiy taʼminotdan foydalangan holda multimedia, dizayn va multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqish va xizmat koʻrsatish;

IT-park va uning filiallari hududida joylashgan va yuridik manzilda roʻyxatdan oʻtgan tashkilotlar tomonidan axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish hamda akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish.

8. Belgilansinki, IT-park direksiyasi hamda ustav fondida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxslar tomonidan IT-park hududida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarini raqamli texnologiyalar sohasida ilgʻor startap loyihalariga ega IT-park rezidentlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berishga ruxsat etiladi.

Bunda, ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar mazkur koʻchmas mulk obyektlarini balansda saqlovchilar ixtiyorida qoldiriladi.

9. Raqamli texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:

a) “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli taʼlim platformalarida IT-yoʻnalishdagi onlayn oʻquv kurslarda tahsil olish imkoniyati yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda:

kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafar yoshlar saralanib, ularda xalqaro miqyosda faoliyat yuritish koʻnikmalari shakllantiriladi;

xorijiy nufuzli taʼlim platformalarida muvaffaqiyatli oʻqishni yakunlagan va tegishli sertifikatga ega yoshlarga kompyuter xaridi uchun isteʼmol kreditlari ajratish amaliyoti davom ettiriladi;

2023-yil 1-avgustdan boshlab yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan mikroqarz shaklida hamda “Yoshlar daftari” va Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamgʻarmalari hisobidan beriladigan subsidiya mablagʻlarini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga koʻra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) oʻtkazishga ruxsat beriladi;

b) 2024-yil 1-martdan boshlab B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega boʻlgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, maʼlumotlar bazasi va “bulutli” platformani boshqarish, axborot xavfsizligini taʼminlash va boshqa talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi;

(9-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi PQ-51-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2024-y., 07/24/51/0084-son)

v) bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti boʻlgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat oʻquv markazlariga har bir bitiruvchi uchun Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi boʻlgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yoʻlga qoʻyiladi;

g) 2024-yil 1-apreldan boshlab maxsus axborot platformasi orqali davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining raqamlashtirishga masʼul oʻrinbosarlari va xodimlari raqamlashtirish sohasidagi qoidalar va qonunchilik talablari boʻyicha “hayot davomida taʼlim olish” tamoyili asosida oʻqitiladi.

10. Belgilansinki, aholini sifatli raqamli infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida barcha aholi yashash maskanlari 2024-yil yakuniga qadar keng polosali mobil aloqa va keng polosali maʼlumotlar uzatish tarmoqlari bilan toʻliq qamrab olinadi.

11. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi 2023-yil 1-oktabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy etilgan raqamli texnologiyalar boʻyicha loyihalar samaradorligi, koʻrsatiladigan raqamli xizmat va servislar texnik faoliyatining sifati hamda barqarorligi ustidan raqamli nazoratni oʻrnatsin.

Raqamli nazorat doirasida davlat organlari va tashkilotlarida raqamli texnologiyalar sohasidagi loyihalarning maqsadliligi, joriy etish darajasi, foydalanish holati, raqamli xizmatlar va servislar ishidagi uzilish, toʻxtalish va texnik-avariyalar, aloqa markazlari (ishonch telefonlari, Call-markazlar, dispetcherlik aloqa) xizmatlarining bogʻlanish va samarali texnik faoliyat koʻrsatish kabi sifat koʻrsatkichlari baholanadi.

12. Belgilansinki, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga axborotlashtirish, raqamli iqtisodiyot hamda axborot va noshirlik sohasidagi qonunchilik talablari buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-141-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)

13. Raqamli texnologiyalar vazirligi uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 24-may,

PQ-162-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 1-ILOVA

2023-2024-yillarda davlat boshqaruvini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor loyihalar

Izoh: “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan mazkur roʻyxatga aniqlik kiritilishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 07/26/238/0623-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 2-ILOVA

2023-2024-yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor loyihalar

Izoh: “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan mazkur roʻyxatga aniqliklar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 3-ILOVA

2023-2024-yillarda hududlarni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha ustuvor loyihalar

Izoh: “Raqamli Oʻzbekiston –– 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan mazkur roʻyxatga aniqliklar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 4-ILOVA

2023-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida birinchi navbatda joriy etiladigan raqamli xizmat va servislar

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 06/25/140/0771-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 4a-ILOVA

2023-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida raqamli xizmat va servislarni joriy etish

* Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga yoʻllanma olish axborot tizimi “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Bunda yoʻllanma xarid qilish jarayonida Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga yoʻllanma olish axborot tizimiga bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasining maʼlumotlari (JSHSHIR yoki guvohnoma seriyasi va raqami) kiritilganda ushbu bolaning toʻliq ism-sharifi, jinsi, tugʻilgan sanasi, oyi va yili haqidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda shakllanadi.

(4a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 06/25/140/0771-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 5-ILOVA

Ijtimoiy-iqtisodiy sohaning ayrim tarmoqlarida billing tizimlarini joriy etish yuzasidan

Izoh: “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan mazkur rejaga aniqlik kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 6-ILOVA

“Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali 2023-yil 1-dekabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilish bekor qilinadigan maʼlumotlar

Izoh:

* Ushbu maʼlumotlar real vaqt rejimida maʼlumotga egalik qiluvchi davlat idoralari tomonidan PUSN-servis koʻrinishida taqdim etiladi.

“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan mazkur roʻyxatga aniqliklar kiritilishi mumkin.

Bunda, tegishli maʼlumotlarni shakllantirishga masʼul vazirlik va idoralar zarur maʼlumotlarni “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga raqamli koʻrinishda taqdim etish uchun masʼul hisoblanadi hamda tegishli xizmatlarni koʻrsatish jarayonida mazkur maʼlumotlarni platformadan mustaqil ravishda soʻrab oladi.

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 06/25/140/0771-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 7-ILOVA

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlardan foydalanish holati boʻyicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar

Izoh: eslatma va xabarnomalar yuborish borasidagi xizmatlar tegishli davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan shartnoma asosida bevosita “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tomonidan koʻrsatiladi.

Bunda:

“Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tomonidan buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan mobil telefon raqamlariga eslatma va xabarnomalar yuborish xizmati narxi mobil aloqa operatorlari bilan SMS-xabarlarni joʻnatish boʻyicha shartnomada koʻrsatilgan narxning 20 foizidan oshmasligi lozim;

Mazkur jadvalga “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasining qarorlari bilan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qaroriga 8-ILOVA

“Raqamli hudud” dasturi doirasida joriy etiladigan axborot tizimlariga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralar maʼlumotlari

Izoh: “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan mazkur roʻyxatga aniqlik kiritilishi mumkin.

Maʼlumotlar integratsiya jarayonida real vaqt rejimida, shuningdek, qonun hujjatlari talablariga muvofiq shaxsiy identifikatsiyasiz shaklda yangilanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.