Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimiga oʻtkazilayotgan tashkilotlar faoliyatini tashkil qilish jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimida yangi tashkil qilinayotgan tuzilmalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish jadvali 2a-ilovaga muvofiq;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimidagi qayta tashkil qilinayotgan tuzilmalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish jadvali 2b-ilovaga muvofiq;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;
Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan qayta tashkil etilayotgan, tugatilayotgan, oʻzgartirilayotgan va boshqa tashkilotlar tizimiga oʻtkazilayotgan tashkilotlarga biriktirilgan koʻchmas mulk obyektlari, transport vositalariga va boshqa mol-mulkka boʻlgan huquqlar tegishli yigʻimlar va boshqa toʻlovlar undirilmagan holda qayta rasmiylashtirilsin.
2. Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi ishlarini amalga oshirish uchun Vazirlik tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Situatsion markaz tashkil etilsin.
Belgilansinki, gidrometeorologik axborotni olish, toʻplash va tarqatishda zamonaviy axborot hamda sunʼiy yoʻldosh texnologiyalarini joriy etish uchun Vazirlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasining har yili 3 foizdan koʻp boʻlmagan miqdordagi mablagʻlari ajratib boriladi.
3. Vazirlik huzurida Parij bitimi (Parij, 2015-yil 12-dekabr) doirasida qabul qilingan majburiyatlar, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi vazifalarni bajarishga masʼul boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi Iqlim oʻzgarishi milliy markazi tashkil etilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)
4. Vazirlikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2023-yil 1-iyulga qadar “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli qattiq maishiy chiqindi poligonlari Vazirlik tasarrufiga oʻtkaziladi hamda shu bilan bogʻliq egalik huquqini, shu jumladan, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi;
b) chiqindi chiqaruvchi tashkilotlar bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya va (yoki) montaj qilish, taʼmirlash, obodonlashtirish, shuningdek, buzish ishlari boshlangan davrdan boshlab ushbu tadbirlar tugallangunga qadar qurilish chiqindilari boʻyicha hisobotni belgilangan tartibda keyingi oyning 5-sanasiga qadar Vazirlikning hududiy boʻlinmalariga topshiradi;
(4-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)
g) 2026-yil 1-avgustdan boshlab bosqichma-bosqich ushbu qarorning 6-7-ilovalarida belgilangan tovarlarga nisbatan foydalanish xususiyatini yoʻqotganidan soʻng atrof-muhitga zarar yetkazuvchi ayrim qadoqlash materiallari va tovarlarni ishlab chiqaruvchi (eksport qilinadigan tovarlar bundan mustasno) hamda respublika hududiga import qiluvchilarning “kengaytirilgan majburiyati” tizimi joriy etiladi;
d) 2023-yil 1-iyuldan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan debitor qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sud organlariga daʼvo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
5. Vazirlik uch oy muddatda Andijon, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, resurslardan oqilona foydalanish va chiqindisiz hududga aylantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
6. 2026-yil 1-martdan boshlab Boʻstonliq va Zomin tumanlaridagi turistik-rekreatsion zonalarda ekologik toza hudud rejimi tatbiq etilsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2025-y., 06/25/90/0486-son)
7. Vazirlik Bosh prokuratura, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin:
a) ekologik toza hudud rejimini joriy qilish yuzasidan:
bir martalik plastik mahsulotlar, shu jumladan, stakanlar, plastik naychalar, muzqaymoq tayoqchalari, paxta tayoqchalari, qadoqlash plyonkasi va ayrim turdagi polietilen paketlarini olib kirish, sotish va ishlab chiqarishni taqiqlash;
qishloq xoʻjaligida organik oʻgʻitlardan foydalanishni ragʻbatlantirish;
faoliyati natijasida oqova suv hosil qiluvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni markazlashtirilgan oqova suv tizimiga ulash yoki muqobil tozalash uskunalari bilan jihozlash majburiyatini kiritish. Bunda, ushbu majburiyatni bajarmagan jismoniy shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha, yuridik shaxslarga nisbatan — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha boʻlgan miqdorda moliyaviy jarimalar qoʻllash;
avtotransport vositalari bilan kirish uchun ekologik yigʻim undirish, bundan elektromobillar, maxsus transport vositalari va ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududda yashovchi fuqarolarning avtotransport vositalari mustasno;
ekologik toza hudud rejimi tatbiq etiladigan hududlarning tashkil etilishi hamda boshqa shartlari va talablarini belgilash;
b) respublika hududida qalinligi 100 mikrondan kam boʻlgan polimer plyonkali paketlarni (yuqori zichlikdagi polietilen (NDPE), oʻrta zichlikdagi polietilen (MDPE), past zichlikdagi polietilen (LDPE), oʻramli past zichlikdagi polietilen (LLDPE), koʻp qavatli polietilen (COEX) ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni taqiqlash yuzasidan. Bunda:
ushbu tartib eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xoʻjalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlarga tatbiq etilmaydi;
mazkur kichik band talablarini buzish tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatish oqibatlarini bartaraf etish choralarini koʻrmaganlik sifatida baholanadi hamda maʼmuriy javobgarlikka tortishga sabab boʻladi. Bunda chiqindilarning atrof-muhitga zarari miqdori tabiiy muhitga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi asosida aniqlanadi;
v) respublikada suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish maqsadida Toshkent shahar va viloyat markazlarida suv aylanma tizimi mavjud boʻlmagan avtomobil yuvish shoxobchalari faoliyatini hamda yangi avtomobil yuvish yangi shoxobchalarini tashkil etishni taqiqlash.
8. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 1-iyuldan boshlab:
Vazirlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari 8-ilovada belgilangan manbalardan shakllantiriladi;
transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan toʻlanadigan utilizatsiya yigʻimining 3 foizi Vazirlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
2024-yil 1-iyuldan boshlab pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar uchun utilizatsiya yigʻimining 10 foizi Vazirlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-son qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
9. Mamlakatimiz aholisining orasida ekologik ong va ekologik madaniyat toʻgʻrisidagi tushunchalarni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi masalalariga bagʻishlangan muhim sanalar boʻyicha tadbirlar 9-ilovaga muvofiq kalendar reja asosida respublika boʻylab yuqori saviyada tashkil etilsin.
Belgilansinki, ushbu tadbirlarni oʻtkazishga tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining birinchi rahbarlari shaxsan masʼul hisoblanadi.
10. Vazirlik 10-ilovaga muvofiq xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
11. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalarida amalga oshiriladigan istiqbolli begʻaraz koʻmak (grant) loyihalari roʻyxati 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, qoʻshimcha kelishuvlarsiz ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziriga hamda uning oʻrinbosarlariga ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etishga ruxsat beriladi.
12. Quyidagilar:
2023 — 2025-yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohalaridagi tizimli ravishda oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyalar, assambleyalar va tadbirlar roʻyxati 12-ilovaga muvofiq;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalarida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hamda xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan istiqbolli loyihalar 12a-ilovaga muvofiq;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalarida amalga oshirish tavsiya qilinadigan innovatsion biznes gʻoya va startap loyihalari roʻyxati 12b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Vazirlik 2023-yil 1-iyulga qadar umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil boʻlishini kamaytirish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tavsiyalarini (Global Initiative on Food Loss and Waste Reduction) joriy etish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oqilona isteʼmol” dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
davlat organlari tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda oziq-ovqat isteʼmolining oqilona meʼyorini belgilash, ortiqcha isteʼmolni kamaytirish, shu jumladan, bir shaxsga bir martalik ovqatlanish miqdorini belgilash;
umumiy ovqatlanish sohasida xoʻjalik yurituvchi subyektlar va isteʼmolchilarning oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan masʼuliyatini oshirish;
aholi oʻrtasida toʻgʻri ovqatlanish odatlarini shakllantirish va ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish hamda meʼyoridan ortiq isteʼmolni targʻib qilishni cheklash;
isrofgarchilikka yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan moliyaviy choralar koʻrish va nazorat mexanizmlarini oʻrnatish.
14. Vazirlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlarida qogʻozdan foydalanishni keskin kamaytirish, ayrim yoʻnalishlarda faoliyatni toʻliq raqamlashtirish orqali qogʻozdan toʻliq voz kechish boʻyicha nazorat oʻrnatishga masʼul etib belgilansin.
15. Vazirlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda volontyorlarni jalb qilgan holda 2023-yil 1-iyuldan boshlab bir oy davomida hududlarda daraxtlarning ildiz tizimlarini beton va asfalt qoplamalaridan, ularni turli chiroq moslamalaridan, reklama banneri va shitlaridan boʻshatishga qaratilgan “Daraxtga nafas bering” ommaviy tadbirini oʻtkazsin.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Vazirlik bilan birgalikda doimiy ravishda aholi oʻrtasida daraxtlarga bunday zarar yetkazish tegishli javobgarlikka tortishga asos boʻlishi toʻgʻrisidagi ijtimoiy roliklar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar orqali tushuntirish ishlarini kuchaytirsin.
16. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Vazirlik bilan birgalikda:
ekologiya, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalariga 2023-yilda 20 mln AQSH dollari, 2024-yildan boshlab har yili 100 million AQSH dollari miqdoridan kam boʻlmagan xorijiy investitsiyalarni jalb qilsin. Bunda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligidan tegishli xodim Vazirlikka amaliy yordam berish uchun biriktiriladi;
chang-gaz tozalash uskunalari, lokal suv tozalash inshootlari va avtomatik monitoring tizimlarini oʻrnatish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xalqaro moliyaviy institutlarning mablagʻlari hisobidan tijorat banklari orqali 100 mln AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochilishini taʼminlasin.
17. Vazirlik bir oy muddatda 2022 — 2026-yillarda Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish, innovatsiyalar va yashil texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha quyidagi asosiy yoʻnalishlarni belgilashni nazarda tutuvchi milliy dastur boʻyicha axborot kiritsin:
yashil qoplamalar — himoya oʻrmonzorlarini barpo etishni izchil davom ettirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tizimli rivojlantirish;
ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmani yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va boshqa turdagi ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanish;
aholi salomatligini tiklash, ekologik turizmni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish;
donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, jamgʻarmalar va kompaniyalar mablagʻlarini keng jalb qilish boʻyicha xalqaro aloqalarni yanada kuchaytirish.
18. Vazirlik markaziy apparati va uning tizimidagi tashkilotlarni yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar bilan toʻldirish hamda kadrlar qoʻnimsizligining oldini olish maqsadida:
a) 2023-yil 1-iyuldan boshlab budjetdan tashqari hamda ish haqi fondi doirasida budjet mablagʻlari hisobidan:
xalqaro reyting tashkilotlarining birinchi 500 talik roʻyxatiga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan (nostrifikatsiya boʻlgan diplomga ega) shaxslarga — lavozim maoshining 30 foizi;
ilmiy darajaga (PhD, DSc) (tizimdagi ilm-fan va taʼlim sohasidagi tashkilot xodimlari bundan mustasno) ega shaxslarga — lavozim maoshining 60 foizigacha (PhD — 30 foiz, DSc — 60 foiz) miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlansin;
b) 2023-yil 1-iyuldan boshlab muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ilmiy xodimlariga, shuningdek, Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi ilmiy xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etilsin;
v) Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda hududiy boshqarmalari xodimlariga chegara hududlariga kirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma (davlat belgisi va muhriga ega boʻlgan — jeton va ID karta) beriladi.
Bunda, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi maxsus guvohnomaga ega boʻlgan Vazirlik tizimidagi xodimlarning respublika chegara hududlariga erkin kirib chiqishini taʼminlasin.
19. 2025-yil 1-iyuldan boshlab ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yigʻinlariga “ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi beriladi. Bunda, fuqarolar yigʻiniga tegishli hududda:
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)
elektr energiyasi quyosh batareyalariga almashtiriladi;
yoʻnalishli elektrobus harakatlanishi yoʻlga qoʻyiladi;
“yashil bogʻ” va “yashil jamoat park”lar tashkil etiladi;
savdo shoxobchalarida plastik paketlar savdosi taqiqlanadi;
maishiy chiqindilarni saralash, shuningdek, qayta ishlanadigan chiqindilarni qabul qilish uchun fondomatlar oʻrnatiladi;
“ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi hududda yashovchi fuqarolar roziligi bilan Vazirlik tomonidan beriladi.
20. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Vazirlik, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ekspertlar va jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmuni va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin. Bunda:
a) aholi va keng jamoatchilik orasida:
atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, kelajak avlodga ekologik muammolardan xoli boʻlgan shart-sharoit yaratib berish har bir fuqaroning burchi ekanligi;
iqtisodiyotning sanoat, qurilish, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa tarmoqlarida “yashil” texnologiyalarni qoʻllash orqali tabiatga yetkazilayotgan zararni kamaytirish imkoniyatlari;
jamoat transportining afzalliklari, shaxsiy avtotransportdan foydalanishni kamaytirish va buning oqibatida kelgusida ekologik holatning tubdan yaxshilanishi;
maishiy chiqindilarni toʻgʻri tasniflash, saralash hamda ikkilamchi xomashyo sifatida ajratgan holda qayta ishlash uchun topshirish, atrof-muhit tozaligiga har bir fuqaroning masʼul ekanligi;
daraxtlarni ekish, parvarishlash va ular noqonuniy kesilishining oldini olishga qaratilgan amaliy tadbirlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijasi;
ona tabiatga mehr bilan yondashish, uni asrab-avaylash, umumiy va shaxsiy masʼuliyat hissini uygʻotish hamda shakllantirishga doir turli koʻrsatuv, anjumanlar, davra suhbatlari keng yoritib borilishini taʼminlashga;
b) vazirlik va idoralarda “Yashil makon” umummilliy loyihasining ijrosi va ularning qoʻshayotgan amaliy hissasi, tadbirkorlik subyektlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun “yashil” texnologiyalarni joriy etish, maishiy, qurilish hamda boshqa turdagi chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash orqali biznesning jamiyat oldidagi rolini kuchaytirish yuzasidan brifinglar oʻtkazilishiga alohida eʼtibor qaratilsin.
21. Vazirlik mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ona tabiat resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, kundalik va ish faoliyati davomida ularga zarar yetkazmaslik zarurligi, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun qoʻllaniladigan javobgarlik choralarining mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi Oʻzbekistonning “Ekologik brendi”ni yaratsin hamda qisqa metrajli roliklar va hujjatli filmlar yaratish ishlarini tashkil etsin.
Belgilansinki, teleradiokanallarda efirga uzatiladigan mazkur roliklar ijtimoiy reklama sifatida tasniflanadi hamda qonunchilikda belgilangan meʼyorlarga muvofiq namoyish etiladi.
22. Oʻzbekiston Respublikasining yagona tashqi ekologiya siyosatini yuritish, ekologik brendini targʻib qilish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan samarali hamkorlikni oʻrnatish maqsadida mavjud shtat birliklari doirasida:
Tashqi ishlar vazirligida 3 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Ekologik diplomatiya boʻlimi;
Vazirlik, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligida 1 — 3 ta shtat birligidan iborat boʻlgan ekologik diplomatiyaga masʼul tuzilmalar tashkil qilinsin.
23. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) 2024-yil 1-yanvardan boshlab investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismi ularni 2025-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga kamida 500 metr boʻlishi sharti bilan har bir 500 metr yoʻl uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 1 milliard soʻm miqdorida qoplanadi. Bunda, yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash boʻyicha dastlabki 20 ta loyihaga yoʻnaltirilgan investorlar xarajatlarining bir qismi qoplanadi;
b) 2026-yil 1-yanvarga qadar:
respublika hududiga olib kiriladigan dor (osma) yoʻllarni, togʻ-changʻi koʻtargichlar, funikulyorlar va boshqa oʻxshash obyektlar va inshootlarni qurish, qayta taʼmirlash va jihozlash uchun asbob-uskunalar, mexanizmlar va ehtiyot qismlar, shuningdek, fondomat, “banji-jamping” va “ziplayn” attraksionlari, “rafting” va “flaybording” uchun uskunalar, fotoovlashda qoʻllaniladigan jihoz va asbob-uskunalar, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan (erkin uchish) aerostatlar, gondolalar, “buggy car”, faeton hamda elektromotorli qayiq, qorda harakatlanishga moʻljallangan maxsus transport vositalari (TIF TN kodi 8703 10) va kvadrotsikllar bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimidan tashqari) ozod qilinadi;
tibbiyot chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar respublikada ishlab chiqarilmaydigan, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar asosida olib kiriladigan maxsus texnika, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimidan tashqari) ozod qilinadi;
2024-yil 1-yanvardan boshlab ekohududlarda Vazirlik hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining namunaviy loyihalari boʻyicha sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va ularning faoliyatini tashkil etishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga mazkur faoliyat turi boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan toʻlangan foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻining 75 foizi tegishli budjetlardan qaytarib beriladi.
Vazirlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Madaniyat va turizm vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibini ishlab chiqsin.
24. Davlat ekologik nazorati va koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va kamaytirish choralarini koʻrish maqsadida tabiatni muhofaza qilish sohasida “sirli mijoz” instituti joriy etilsin.
Vazirlik bir oy muddatda ushbu tizimni joriy etish choralarini koʻrsin.
25. Vazirlik Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda Yangi Toshkent hududida Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetini yagona maʼmuriy majmua qurgan holda joylashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin. Bunda:
a) Vazirlik binosining loyihalashtirilishi Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
b) Vazirlik binosini foydalanishga tayyor holda topshirish bilan bogʻliq qurilish xarajatlari quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida belgilanadigan mablagʻlar;
(25-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2024-y., 06/24/5/0008-son)
(25-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2024-y., 06/24/5/0008-son)
Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
v) Universitet va Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi binolarini foydalanishga tayyor holda topshirish bilan bogʻliq qurilish xarajatlari 2024-yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan holda moliyalashtiriladi;
g) majmua bilan bogʻliq shaharsozlik hujjatlari Yangi Toshkent hududining bosh rejasi loyihasi doirasida va u bilan toʻliq uygʻunlashtirgan holda ishlab chiqiladi;
d) Universitet yotoqxonasi binosini foydalanishga tayyor holda topshirish bilan bogʻliq xarajatlar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida moliyalashtiriladi;
e) majmuada “Sanʼat va tabiat” jamoatchilik markazi, turli galereyalar va ekspozitsiyalar hamda ekomehmonxona joylashtiriladi, shuningdek, ekologik toza mahsulotlar savdosiga moʻljallangan savdo doʻkonlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
25-1. Belgilansinki, Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar binolarini auksion savdolari orqali sotishdan tushgan mablagʻlarning 100 foizi (baholash va savdoga chiqarish xarajatlaridan tashqari) Ekologiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
(25-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2024-y., 06/24/5/0008-son)
26. Vazirlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
27. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 31-may,
PQ-171-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 1-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
Quyidagilar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
a) tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish va iqlim oʻzgarishi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
b) tabiatni muhofaza qilish, jumladan, atmosfera havosi, yer, yer osti boyliklari, suv, oʻrmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda davlat ekologik nazoratini yuritish;
v) oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlash;
g) gidrometeorologiya xizmatini tashkil etish, iqlim oʻzgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringini yuritish;
d) tabiatni muhofaza qilish borasida fuqarolik jamiyati institutlari hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni rivojlantirish, ekologik tarbiya, targʻibot, taʼlim va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash ishlarini tizimli tashkil etish;
e) “yashil” oʻsish tamoyillarini joriy etish, atrof-muhitga zararli tashlanmalarni qisqartirish hamda inson faoliyatining tabiatga salbiy taʼsirini kamaytirish;
j) tabiatni muhofaza qilishga raqamli texnologiyalarni joriy etish, monitoring yuritishda inson omilini qisqartirish va avtomatlashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish;
z) ekoturizm, ov va safari turizm sohasini yanada rivojlantirish, oʻrmon xoʻjaliklari va milliy tabiat bogʻlarining (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno) imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda tegishli infratuzilma obyektlarini yaratish, xorijiy va ichki sayyohlarga munosib shart-sharoit yaratish va ularga xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;
i) tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish uchun taʼsirchan choralarni qoʻllash;
k) atrof-muhit holatini kuzatib borish, atrof-muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni aniqlash;
l) amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning tabiatni muhofaza qilish standartlari, normalari, qoidalari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qilish va qonuniy choralar koʻrish;
m) yuridik va jismoniy shaxslarning tabiatni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash;
n) oʻrmonlardan oqilona foydalanish ustidan nazoratni oʻrnatish, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, oʻrmonlarning yer ustida va aviatsiya yordamida qoʻriqlanishini tashkil etishni nazorat qilish;
(“o” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi PF-217-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 06/25/217/1060-son)
(“p” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi PF-217-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 06/25/217/1060-son)
(“r” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi PF-217-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 06/25/217/1060-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 2-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimiga oʻtkazilayotgan tashkilotlar faoliyatini tashkil qilish jadvali
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 2a-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimida yangi tashkil etilayotgan tuzilmalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish jadvali
(2a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PQ-110-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2026-y., 07/26/110/0287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 2b-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimidagi qayta tashkil qilinayotgan tuzilmalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish jadvali
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga3-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining
* Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligining hududlardagi boshqarmalari tugatilib, ularning vazifa va funksiyalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
** Budjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek, ajratmalar, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar hisobidan moliyalashtiriladi.
(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2025-y., 06/25/90/0486-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 4-ILOVA
Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha
Izoh: Huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqib chora-tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgarishi mumkin. Ikki yoki undan ortiq bandlar birlashtirilganda, qoʻshilayotgan bandlar uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PQ-110-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2026-y., 07/26/110/0287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 5-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, oʻrmon va gidrometeorologiya sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish
Izoh: Huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqib chora-tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgarishi mumkin. Ikki yoki undan ortiq bandlar birlashtirilganda, qoʻshilayotgan bandlar uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 6-ILOVA
2026-yil 1-avgustdan boshlab bosqichma-bosqich oʻz foydalanish xususiyatini yoʻqotganidan soʻng hosil boʻladigan chiqindilarning ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan yigʻilishi, utilizatsiya qilinishi va (yoki) qayta ishlanishi taʼminlanishi shart boʻlgan tovarlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 7-ILOVA
2026-yil 1-avgustdan boshlab bosqichma-bosqich Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qadoqlangan holda olib kiriladigan, oʻz foydalanish xususiyatini yoʻqotganidan soʻng hosil boʻladigan chiqindilarning import qiluvchilar tomonidan yigʻilishi, utilizatsiya qilinishi va (yoki) qayta ishlanishi taʼminlanishi shart boʻlgan tovarlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 8-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari
Izoh: Jamgʻarma mablagʻlari Vazirlikning tizim tashkilotlari va hududiy boʻlinmalariga belgilangan tartibda va miqdorlarda ajratiladi.
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi PQ-253-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2024-y., 07/24/253/0507-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 9-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi masalalariga bagʻishlangan muhim sanalar boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlarning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 10-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamkorlik qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ hisoblangan xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 11-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalarida amalga oshiriladigan istiqbolli begʻaraz koʻmak (grant) loyihalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 12-ILOVA
2023 — 2025-yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohalaridagi tizimli ravishda oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyalar, assambleyalar va tadbirlar
Izoh. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohalarida tizimli ravishda oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyalar, assambleyalar va tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish muddatlariga tashkilotlar tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 12a-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalarida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hamda xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan istiqbolli loyihalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 12b-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohalarida amalga oshirish tavsiya qilinadigan innovatsion biznes gʻoya va startap loyihalari