PQ-177-son Qaror · 01.06.2023

Maʼmuriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-177
  • Qabul qilingan sana:01.06.2023
  • Kuchga kirgan sana:06.06.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/177/0326

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Madaniy meros agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Madaniy meros agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Madaniy meros agentligining xususiy sektorga beriladigan funksiyalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Madaniy meros sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Faoliyati tugatilgan Turizm va madaniy meros vazirligi huzurida boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi quyidagi tashkilotlar Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimiga oʻtkazilsin:

Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi;

Madaniy meros obyektlarini asrash va turizm hududlarining master-rejalari boʻyicha loyihalashtirish instituti Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti deb qayta nomlangan holda.

3. Quyidagilarning faoliyati tugatilib, ularning vakolat va funksiyalari Agentlikka oʻtkazilsin:

2017 — 2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi bajarilishini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi;

Muzeylar faoliyatini takomillashtirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika ishchi guruhi.

4. Belgilansinki, moddiy madaniy meros obyektlari va muzeylar sohasida davlat nazoratini kuchaytirish hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida:

a) Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar boʻyicha:

tekshiruv oʻtkazishni kelishish uchun buyurtma vakolatli organ va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan buyurtma berilgan kunda koʻrib chiqiladi;

“xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarni uning boshlanishi haqida tadbirkorlik subyektiga xabarnoma bermagan holda oʻtkazishga ruxsat beriladi;

b) tegishli shartnomalarga asosan unda belgilab qoʻyilgan aniq muddatlar yoki holatlarda, biroq har chorakda kamida bir marta moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi, saqlanishi hamda ulardan oqilona foydalanilishida jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan majburiy tartibda tekshiriladi hamda bunday tekshiruvlarning oʻtkazilishini vakolatli organ bilan kelishish talab etilmaydi;

v) obodonlashtirish hamda zarur holatda saqlash boʻyicha investitsiya majburiyatini olgan holda ijaraga beriladigan moddiy madaniy meros obyektlari va ularga tutash hududlar roʻyxatining faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan shakllantirilishi va taqdim etilishi tartibi bekor qilinib, ushbu takliflarni barcha tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etish tartibi joriy etiladi.

5. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) kengashi faoliyati va uning ijrochi direktori lavozimi tugatilib, Jamgʻarma raisi lavozimi joriy qilinsin.

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)

Belgilab qoʻyilsinki:

a) Jamgʻarma raisi YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi raisi hisoblanadi.

(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)

b) Jamgʻarma:

Agentlikka madaniy meros sohasida davlat siyosatini amalga oshirishga koʻmaklashadi, shuningdek, Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini rivojlantirish, ishini samarali tashkil etish, ularga yuklatilgan vazifalar va funksiyalar toʻliq bajarilishi boʻyicha tavsiyalar beradi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi va Prezident Administratsiyasiga kiritadi;

v) Agentlik direktori jamoatchilik asosida Jamgʻarma raisining oʻrinbosari hisoblanadi hamda u Agentlik faoliyatiga oid masalalarni Jamgʻarma raisi bilan bamaslahat holda olib boradi.

6. Agentlikning jami 216 ta boshqaruv shtat birligidan 10 ta shtat birligi Jamgʻarmaga oʻtkazilsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

moddiy madaniy meros obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish, shuningdek, arxeologiya ishlari uchun Davlat budjeti hisobidan ajratilgan mablagʻlar doirasida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini restavratsiya va tiklash hamda raqamlashtirish ishlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi;

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining har yillik manzilli roʻyxati Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi;

Agentlikning hisob-kitoblariga asosan moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash va ulardan foydalanish ishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjeti manbalari hisobidan mablagʻ ajratiladi;

2023-yildan boshlab Davlat budjetidan madaniy meros obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish va ularning muhofazasini taʼminlash, ularni restavratsiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologiya ishlar uchun ajratiladigan mablagʻlarning yil davomida foydalanilmagan qismi Agentlik huzuridagi Madaniy meros jamgʻarmasiga budjet trancferi sifatida ajratiladi;

Agentlik tizimidagi muzey direktorlariga Agentlik bilan kelishilgan holda, ularga ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari doirasida, iqtisod qilingan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan muzey xodimlariga qoʻshimcha oylik ragʻbatlantirish ustamalari belgilash vakolati beriladi. Bunda, ragʻbatlantirish miqdori Agentlik tomonidan tasdiqlangan davlat muzeylari xodimlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish tartibiga muvofiq belgilanadi.

8. Agentlikka, istisno tariqasida, Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi, Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti va Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti bilan:

madaniy meros obyektlarida asrashga doir ishlar va arxeologik tadqiqotlar uchun cheklanmagan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga;

tuzilgan shartnomalar boʻyicha bajariladigan pudrat ishlari uchun 50 foiz avans toʻlashga ruxsat berilsin.

9. Toshkent shahri, Taras Shevchenko koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan:

a) bino va inshootlar tegishli hududi bilan birgalikda operativ boshqarish huquqi asosida Jamgʻarmaga berilsin;

b) binoga quyidagilar tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin:

Agentlik;

Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi;

YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi kotibiyati.

Madaniyat va turizm vazirligi Jamgʻarma bilan birgalikda bir hafta muddatda ushbu bandda koʻrsatilgan manzildagi obyektni topshirish-qabul qilish ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirsin.

Jamgʻarma Agentlik bilan birgalikda binoni saqlash va undan samarali foydalanish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

10. Agentlik Jamgʻarma va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi va Madaniy meros agentligi direktori belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 1-iyun,

PQ-177-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PQ-177-son qaroriga 1-ILOVA

Madaniy meros agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari

Quyidagilar Madaniy meros agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:

a) moddiy madaniy meros va muzeylar sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

b) moddiy madaniy meros obyektlari, madaniy boyliklar, muzey ashyolari va kolleksiyalarini aniqlash, ularning davlat hisobini yuritish hamda sohada taʼsirchan davlat nazoratini amalga oshirish;

v) moddiy madaniy meros va muzeylar sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, ularga oid maʼlumotlarning barcha uchun ochiq boʻlishini taʼminlash;

g) madaniy merosimizning jahon madaniy makoniga integratsiyalashuviga koʻmaklashish va ularni keng ommalashtirish;

d) moddiy madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish, ularni muzeylashtirish, monetizatsiya qilish, mablagʻlar hisobini yuritish va ularning maqsadli sarflanishini yoʻlga qoʻyish;

e) ilmiy-tarixiy yondashuv asosida moddiy madaniy meros obyektlari, madaniy boyliklar, muzey ashyolari va kolleksiyalarini restavratsiya-tiklash, asrashga doir ishlarni amalga oshirish;

j) ilgʻor xorijiy tajribalar asosida muzeylarni kompleks rivojlantirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PQ-177-son qaroriga 2-ILOVA

Madaniy meros agentligining tashkiliy tuzilmasi

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi PQ-153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2026-y., 07/26/153/0401-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PQ-177-son qaroriga 3-ILOVA

Madaniy meros agentligining xususiy sektorga beriladigan funksiyalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PQ-177-son qarorga 4-ILOVA

Madaniy meros sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha

Izoh: normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda, ularni ijro etish uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.