PQ-184-son Qaror · 12.06.2023

Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-184
  • Qabul qilingan sana:12.06.2023
  • Kuchga kirgan sana:13.06.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/184/0365

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Qurolli Kuchlar tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi va bu borada Mudofaa vazirligi tizimi uchun malakali kadrlarni maqsadli tayyorlashni yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimiz va millatimiz faxri, jasur sarkarda, milliy qahramon Jaloliddin Manguberdining hayoti, tariximizdagi oʻchmas jasorati yosh avlodlarimiz uchun oʻziga xos namuna boʻlib, mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda muhim maʼnaviy qalqon vazifasini oʻtab kelmoqda.

Yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida:

1. Mudofaa vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligining:

Mudofaa vazirligi tarkibida davlat muassasasi shaklida Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyini (keyingi oʻrinlarda — litsey) tashkil etish;

Xorazm viloyati, Urganch shahri, Xalq soʻzi koʻchasi, 2-uy manzilida yangi qurib bitkazilgan bino va inshootlarni Mudofaa vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish va ularga litseyni joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar litseyning asosiy vazifalari etib belgilansin:

oʻquvchilarda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlariga, madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari insoniy fazilatlarni, shuningdek, milliy gʻurur tuygʻularini shakllantirish;

xalqimizning tarixi va boy madaniyati, buyuk ajdodlarimizning qoldirgan bebaho merosi, Vatan ozodligi va farovonligi yoʻlida oʻzini qurbon qilgan zamondosh vatandoshlarimizning qahramonligi asosida Oʻzbekiston xalqiga sodiq, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan oʻquvchilarni tarbiyalash;

oʻquvchilarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy hamda tahliliy fikrlashni rivojlantirish, tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha mustahkam bilimlarni shakllantirish, shuningdek, ularga harbiy ishdagi boshlangʻich bilimlarni singdirish;

notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega, jismonan rivojlangan, chidamli, mard va jasur Vatan himoyachilarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlash.

3. Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyining tashkiliy-shtat tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

litsey oʻrta maxsus taʼlim muassasasi hisoblanadi;

litseyga qabul va oʻquv jarayoni 2023/2024 oʻquv yilidan boshlanadi;

litseyda oʻquv jarayoni davomiyligi ikki yil boʻlib, yillik qabul kvotasi 150 nafarni tashkil etadi;

ushbu litseyga ilmiy-metodik yordam koʻrsatish maqsadida Urganch davlat universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qoʻshinlar instituti biriktiriladi;

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-fevraldagi PF-20-sonli Farmoni tahririda)

litseyga oʻquv-metodik jihatdan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi koʻmaklashadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qaroriga muvofiq “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari uchun belgilangan talablar litseyga, jumladan, mehnatga haq toʻlash shartlari va oshirilgan lavozim maoshlari miqdorlari, ustama toʻlovlar, boshqa kafolat, huquq va imtiyozlar litseyning tegishlicha rahbar va pedagog xodimlari, ishchi va xizmatchilari, harbiy xizmatchilari va oʻquvchilariga nisbatan tatbiq etiladi;

mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar 2023-yilda Mudofaa vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari va vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, 2024-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda koʻzda tutiladi;

litsey oʻquvchilarining kiyim-bosh namunalari va ularni kiyib yurish tartibi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 12-iyun,

PQ-184-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PQ-184-son qarorigaILOVA

Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyining tashkiliy-shtat tuzilmasi

Izoh

* fuqaro xodimlar egallashi mumkin boʻlgan lavozim;

** oʻquv yuklamasidan kelib chiqqan holda, soni oʻzgartirilishi mumkin;

*** ish yuklamasidan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda soni oʻzgartirilishi mumkin;

Qavsda quyidagilar koʻrsatilgan:

1-raqam ofitserlar tarkibidagi KBHX;

2-raqam — serjantlar tarkibidagi KBHX;

3-raqam — oʻquvchilar;

4-raqam — ishchi va xizmatchilar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.