Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Transport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Transport vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Transport vazirligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Transport sohasini raqamlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari 4-ilovaga muvofiq;
Transport sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq;
Transport vazirligining xususiy sektorga oʻtkaziladigan funksiyalari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Transport vazirligi tuzilmasida quyidagilar:
Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi negizida Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etilsin hamda unga Transport vazirligining 269 ta shtat birligi oʻtkazilsin;
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil transporti xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Oʻzining temir yoʻllariga ega boʻlgan yuridik shaxslarning temir yoʻl transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi negizida taʼlim muassasasi shaklida Transport vazirligi huzurida Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etilsin;
“Oʻzavtotranstexnika” ilmiy-ishlab chiqarish markazi” DUK “Transport ilmiy-tadqiqot markazi” MCHJ etib qayta tashkil etilsin;
Transport vazirligi huzurida xodimlarining umumiy cheklangan soni 36 shtat birligidan iborat boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi yagona integrator “Raqamli transport” markazi tashkil etilsin.
Belgilansinki, “Raqamli transport” markazi Davlat budjeti va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda, 2024-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili 20 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.
3. Belgilansinki, Transport vazirligi amaldagi vazifalari va funksiyalari bilan bir qatorda:
avtomobil yoʻllari va yoʻl xoʻjaligi masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, shuningdek, Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlari asosida avtomobil yoʻllari va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;
avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilaydi, avtomobil yoʻllarini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantiradi;
yoʻl xoʻjaligi sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
yoʻl xoʻjaligi sohasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar roʻyxatini tasdiqlaydi hamda ushbu hujjatlar loyihalarini Transport vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik kengashda koʻrib chiqadi.
4. Belgilansinki:
a) Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil, temir yoʻl, suv, elektr transporti, metropoliten va yoʻl xoʻjaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
b) Transport nazorati inspeksiyasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
avtomobil, temir yoʻl, suv, elektr transporti va metropolitenda tashish xavfsizligini taʼminlash yuzasidan oʻz vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshirish;
avtomobil yoʻllari va sunʼiy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
yuk va yoʻlovchilarni tashishda haydovchilarning hamda lokomotiv brigadalari ishchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish;
respublika hududida (Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari bundan mustasno) avtotransport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etilishini nazorat qilish;
temir yoʻl infratuzilmasi obyektlari va harakat tarkibini roʻyxatdan oʻtkazish orqali ularni hisobga olish va yagona reyestrni yuritish;
v) Transport nazorati inspeksiyasiga oʻz vazifalarini amalga oshirishi uchun quyidagi vakolatlar beriladi:
avtomobilda yuk va yoʻlovchi tashish, temir yoʻl, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yoʻl xoʻjaligi sohasida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash;
avtotransport vositasida yuk va yoʻlovchilar tashish qoidalarining buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslama yordamida aniqlanganda, avtotransport vositasini yuk va yoʻlovchi tashishni nazorat qilish boʻyicha statsionar va mobil postlarda tekshirish uchun toʻxtatish.
5. Quyidagi nazorat tadbirlarini Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning ruxsatisiz, uni xabardor qilmasdan, “xavfni tahlil etish” tizimini qoʻllamagan holda (moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda) amalga oshirishga ruxsat etilsin:
Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va korxonalarida parvozlar xavfsizligiga rioya etilishi yuzasidan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) standartlarida belgilangan rejali va toʻsatdan tekshiruvlar oʻtkazish;
Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan avtomobil transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish qoidalariga rioya etilishini tashish jarayonida reydlar oʻtkazgan holda nazorat qilish.
Belgilansinki, Transport nazorati inspeksiyasi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilib, “xavfni tahlil etish” tizimini qoʻllamagan holda temir yoʻl transportida harakat va tashishlar xavfsizligi, yuk va yoʻlovchilarni tashish qoidalari hamda yoʻl qurilishi obyektlarida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi boʻyicha tekshiruvlarni oʻtkazadi.
6. Transport vazirligiga:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan avtomobilda xalqaro tashishlar sohasida xalqaro shartnomalar mavjud boʻlmagan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan oʻzaro kelishilgan shartlarda yuklarni avtomobilda xalqaro tashishga ruxsatnomalar ayirboshlash;
xalqaro transport xizmatlari bozorida milliy manfaatlarni himoya qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishda xorijiy davlatlarning tashuvchilariga yuklarni avtomobilda xalqaro tashishga ruxsatnomalarning milliy tashuvchilar ehtiyojidan ortiqchasini realizatsiya qilish huquqi berilsin.
7. Belgilansinki, Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi amaldagi vazifalari va funksiyalari bilan bir qatorda:
aviatsiya maʼmuriyati vakolatlari doirasiga kiradigan fuqaro va eksperimental aviatsiya havo kemalari parvozlarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti standartlarini Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalariga tatbiq etish boʻyicha qaror qabul qiladi;
Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti standartlari (SARPS/PANS/SUPPS) va Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalari amaliyoti oʻrtasidagi sezilarli farqlarni aniqlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Aeronavigatsiya maʼlumotlari toʻplamida eʼlon qilish tartibini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
8. Milliy transport kommunikatsiyalari orqali xalqaro va mintaqaviy tranzitni rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida 7-ilovaga muvofiq tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi tranzit salohiyatini rivojlantirish boʻyicha idoralararo kengash tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi tranzit salohiyatini rivojlantirish boʻyicha idoralararo kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
milliy transport kommunikatsiyalari orqali tranzit tashuvlarini koʻpaytirish hamda yoʻlboʻyi infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
respublika hududi boʻylab oʻtuvchi tranzit yoʻlaklarining raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
tranzit bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro normalar va talablarga muvofiqlashtirish, tranzit erkinligi tamoyili asosida tranzit tartibotlarini soddalashtirish boʻyicha vakolatli davlat organlari va tashkilotlariga koʻrsatma berish;
Jahon bojxona tashkiloti tavsiyalariga muvofiq tranzit tartib-taomillarini takomillashtirish, tranzit yoʻriqnomalarini tasdiqlash va raqamli texnologiyalaridan foydalangan holda davlat organlarining tranzit yoʻnalishidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
Jahon savdo tashkilotiga aʼzo davlatlarning tranzit tashuvlari bilan bogʻliq boʻlgan murojaatlari, takliflari va soʻrovnomalarini koʻrib chiqish va ushbu tashkilotga aʼzo davlatlarni Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan tranzit tartibotlari toʻgʻrisida xabardor etib borish.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-yanvardagi PF-5-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2026-y., 06/26/5/0051-son)
9. Tashqi ishlar vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Latviya Respublikasidagi elchixonalarida transport masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimini joriy etish choralarini koʻrsin.
10. Vazirlik va idoralar 2023-yil yakuniga qadar axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan transport sohasiga oid elektron maʼlumotlar almashinuvini tashkil etish maqsadida 8-ilovaga muvofiq idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasini Transport vazirligining axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin.
11. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrga qadar jamoat transportida tashuvlar sifatini yaxshilash va xizmatlar jozibadorligini oshirish hamda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashuvchilar reytingini joriy etish yuzasidan qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Transport vazirligi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Transport nazorati inspeksiyasini maʼmuriy islohotlar doirasida boʻshayotgan binolarga begʻaraz joylashtirishni taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi PQ-4705-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-iyun,
PF-94-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 1-ILOVA
Transport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
Quyidagilar Transport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
a) integratsiyalashgan yagona transport tizimi shakllantirilishini inobatga olgan holda iqtisodiyot va aholining transport xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini maksimal darajada qondirishga yoʻnaltirilgan yagona davlat yoʻl-transport siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
b) transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish;
v) jamoat transporti tizimini kompleks rivojlantirish, transport xizmatlari sifati, ommabopligi va xavfsizligini taʼminlash, aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini oshirish choralarini koʻrish;
g) transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, ularning barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun ommabopligini taʼminlash, shuningdek sohaga investitsiyalarni jalb etishga yoʻnaltirilgan muvozanatlashgan tarif siyosatini olib borish;
d) transport xizmatlari bozorida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar transport korxonalari faoliyat yuritishida teng sharoitlarni yaratish choralarini koʻrish;
e) respublikaning tranzit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, milliy transport tizimining jahon transport tizimiga integratsiyasini chuqurlashtirish, logistika tizimini takomillashtirish;
j) transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, shuningdek, davlat dasturlarini shakllantirgan holda avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;
z) foydalanuvchilar manfaatlarini hisobga olgan holda samarali transport infratuzilmasini rivojlantirishning kompleks yechimlarini ishlab chiqish;
i) transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirish, fuqaro aviatsiyasi va eksperimental havo kemalaridagi halokatlar va baxtsiz hodisalar, shuningdek, metropoliten, temir yoʻl va suv transportidagi avariyalar hamda halokatlar boʻyicha tekshiruvlarni tashkil etish va amalga oshirish;
k) transport tizimini raqamlashtirish hamda sohaga ilgʻor axborot texnologiyalarini joriy etish hisobiga transportning barcha turlarini integratsiya qilish hamda foydalanuvchilar uchun interaktiv xizmatlar koʻlamini kengaytirish;
l) transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi xalqaro va hududiy hamkorlikni rivojlantirish hisobiga xalqaro transport xizmatlari bozorida Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini taʼminlash;
m) joriy va istiqbolli ehtiyojlarni inobatga olgan holda taʼlimning zamonaviy innovatsion usul va standartlarini tizimli ravishda joriy etish, transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 2-ILOVA
Transport vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 3-ILOVA
Transport vazirligining tashkiliy tuzilmasi
* Zaruratga koʻra transport vaziri buyrugʻi bilan yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil qilinadi va tugatiladi hamda Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga4-ILOVA
Transport sohasini raqamlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari
Quyidagilar transport sohasini raqamlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
a) raqamli texnologiyalarni qoʻllagan holda respublika ichida yoʻlovchi va yuk oqimini oʻrganish orqali transportning barcha turlarini oʻz ichiga oluvchi Respublika transport modelini ishlab chiqish;
b) transportning barcha turlari harakatini hamda yoʻlovchi va yuk tashish qoidalariga rioya etilishini onlayn kuzatish tizimini yaratish;
v) transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida maʼlumotlarni yigʻish, saqlash va tahlil qilish imkoniyatini beruvchi “Big Data” texnologiyasini joriy etish hamda uni transport xizmatlari bilan bogʻliq vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilish;
g) xalqaro yuk tashuvlarida innovatsion texnologiyalarni (e-Permit, e-CMR) joriy etish hamda xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni milliy tashuvchilar orasida taqsimlash va foydalanish jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish;
d) transport sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarini amalga oshirish;
e) transport xizmatlari foydalanuvchilariga qulayliklar yaratish va shaffoflikni taʼminlash maqsadida, transport sohasida koʻrsatiladigan elektron xizmatlar ulushini oshirish;
j) transport tizimi korxonalari faoliyatiga axborot texnologiyalarini keng joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish hamda transport sohasidagi raqamlashtirish loyihalarini ishlab chiqish, monitoringini amalga oshirish va idoralararo muvofiqlashtirish;
z) transport xizmati foydalanuvchilari bilan qayta aloqa oʻrnatish, transport sohasidagi islohotlarni keng jamoatchilikning taklif va eʼtirozlari asosida amalga oshirish maqsadida “Mening transportim” mobil ilovasini ishga tushirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga5-ILOVA
Transport sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 6-ILOVA
Transport vazirligining xususiy sektorga oʻtkaziladigan funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi tranzit salohiyatini rivojlantirish boʻyicha idoralararo kengash
Izoh.
Idoralararo kengash kotibiyati funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga yuklanadi.
Idoralararo kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-yanvardagi PF-5-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2026-y., 06/26/5/0051-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 8-ILOVA
Transport vazirligining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadigan transport sohasiga oid idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasida mavjud hamda davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborot va maʼlumotlar
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 9-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5490-son Farmoniga 2-ilovaning 24-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5584-son Farmonining 14-bandi “a” kichik bandida:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat xizmatlari koʻrsatishdan tushadigan yigʻimlar summasi”;
toʻrtinchi xatboshidagi “5” raqami “20” raqami bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:
a) 1-ilovaning 7-boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
b) 2-ilovada:
7.3-kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Transport nazorati inspeksiyasi”;
7.4-kichik bandi chiqarib tashlansin;
v) 2a-ilovada:
7.3-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
7.4-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4143-son qarorida:
a) 1-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 3-bandning sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi”;
v) 1 — 5-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Yoʻl sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4545-son qarorida:
a) 2-bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Qoʻmita” soʻzi “Transport vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
toʻrtinchi — yettinchi xatboshilari tegishincha uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
b) 3-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“respublika hududida (Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari bundan mustasno) avtomobil yoʻllari boʻylab ogʻir vaznli va/yoki yirik gabaritli avtotransport vositalarining harakatlanishi uchun yigʻimlar undirish va ruxsatnomalar berish Qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi;”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-apreldagi “Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasi uchun harakatlanuvchi tarkib vagonlarini xarid qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-5463-son farmoyishining 3-bandi uchinchi xatboshisidagi “LIBORning 6 oylik stavkasiga yiliga 1,5 foiz qoʻshilgan stavkaga teng boʻlgan, shu jumladan bankning qayta moliyalashtirish marjasi yiliga 0,5 foiz boʻlgan” soʻzlari “yiliga 1 (bir) foizga teng boʻlgan” soʻzlari bilan almashtirilsin.