PQ-196-son Qaror · 19.06.2023

Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-196
  • Qabul qilingan sana:19.06.2023
  • Kuchga kirgan sana:20.06.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/196/0402

Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, ularga tashxis qoʻyish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash sifatini oshirish, sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va psixiatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholiga oʻz vaqtida psixiatriya yordami koʻrsatilishini tashkil etish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash vazirligining aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:

ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordamini koʻrsatishning yagona vertikal boshqaruv tizimini joriy etish;

birlamchi boʻgʻin tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatlarini integratsiya qilish;

ruhiy holati buzilgan shaxslarni dori vositalari bilan ehtiyojga koʻra toʻliq taʼminlash;

aholi, ayniqsa, bolalar va oʻsmir yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash;

kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mutaxassislarni munosib ragʻbatlantirish va samarali mehnati uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish;

psixiatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash.

2. Sogʻliqni saqlash vazirligining 2023-yil 1-iyuldan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini, amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) aylantirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

a) Markaz:

ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyadi, ushbu yoʻnalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktabni shakllantiradi;

ruhiy salomatlikni taʼminlash yoʻnalishidagi ishlarni sogʻliqni saqlashning barcha darajalarida muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

b) hududlardagi ruhiy va narkologiya kasalliklari shifoxonalari va dispanserlari Markazning hududiy tashkiliy-metodik boʻlinmalari hisoblanadi;

Markaz, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalari tibbiyot oliy, professional va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza sifatida faoliyat yuritadi.

3. 2023-yil 1-avgustdan boshlab:

tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazining tuman (shahar) boʻlinmalari shtatlarini qisqartirish hisobidan — tibbiy psixolog;

statsionar oʻringa ega boʻlmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud boʻlgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — suitsidolog;

statsionar oʻringa ega boʻlgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — amaldagi shtatlar doirasida qabul boʻlimi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etilsin.

4. Birlamchi boʻgʻin tibbiyot muassasalarida 2023-yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ruhiy holat buzilishlarida yordam koʻrsatish boʻyicha harakatlar dasturi amaliyotga joriy qilinsin:

ruhiy holat buzilishini tibbiyotning birlamchi boʻgʻinining oʻzida erta aniqlash va davolash choralarini koʻrish;

birlamchi boʻgʻin tibbiyot muassasalari shifokorlari va boshqa tibbiyot xodimlarining ruhiy holati buzilgan shaxslarni klinik baholash, davolash va kuzatib borish boʻyicha koʻnikmalarini rivojlantirish va bilimlarini oshirish.

5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda oʻquvchilarda oʻzini oʻzi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib oʻtish koʻnikmalarini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish boʻyicha maxsus ijtimoiy-emotsional oʻquv soatlarini (Social Emotional Learning, SEL) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maktab dasturidagi mavjud fanlar va darsdan tashqari jarayonlar doirasida yoʻlga qoʻysin.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2023-yil 1-sentabrdan boshlab tibbiyot xodimlarini “psixiatriya”, “sud psixiatriyasi”, “tibbiy psixologiya” va “narkologiya” yoʻnalishlari boʻyicha qayta tayyorlash kurslarida oʻqitish xarajatlari Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab “Psixiatriya”, “Tibbiy psixologiya” va “Narkologiya” klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklariga qabul faqat davlat granti asosida umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi hamda qabul koʻrsatkichlari ushbu mutaxassisliklarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojni oʻrganish asosida shakllantiriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 2023-2024-yillarda Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kamida 40 nafar soha mutaxassislarini nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari hamda markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborish choralarini koʻrsin.

7. 2023-yil 1-iyuldan boshlab tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr hamda psixiatriya davolash muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori 25 foizdan 50 foizga oshirilsin.

8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ambulatoriya sharoitida davolanish uchun ruhiy holati buzilgan shaxslarni imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlashga 2023-yilda qoʻshimcha 10 milliard soʻm mablagʻ ajratsin, 2024-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;

ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni 2023-yilda sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq boshqa tadbirlar uchun xarajatlarga koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan hamda 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

9. Quyidagilar:

2023-2024-yillarda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2023-2024-yillarda psixiatriya muassasalarini tibbiy uskunalar bilan jihozlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;

Bolalarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va bolalar psixonevrologik xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari 3-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari uchun zarur tashxislash va neyroreabilitatsiya asbob-uskunalarining namunaviy roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov belgilansin.

13. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 19-iyun,

PQ-196-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PQ-196-son qaroriga 1-ILOVA

2023-2024-yillarda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PQ-196-son qaroriga 2-ILOVA

2023-2024-yillarda psixiatriya muassasalarini tibbiy uskunalar bilan jihozlash

Izoh: ushbu uskunalar psixiatriya muassasalariga Sogʻliqni saqlash vazirligining taqsimotiga asosan yetkaziladi. Uskunalarning narxi tender natijalari boʻyicha aniqlanadi.

Uskunalar xaridi uchun 2023-yilda sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq boshqa tadbirlarga rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan 10 mlrd soʻm, 2024-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun Davlat budjeti parametrlari doirasida ajratiladigan 13,6 mlrd soʻm koʻzda tutiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PQ-196-son qaroriga 3-ILOVA

Bolalarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va bolalar psixonevrologik xizmatini takomillashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PQ-196-son qaroriga 4-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari uchun zarur tashxislash va neyroreabilitatsiya asbob-uskunalarining namunaviy roʻyxati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PQ-196-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar

1. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilova quyidagi mazmundagi 9.7 va 9.8-bandlar bilan toʻldirilsin:

“9.7. Tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari.

Psixiatr lavozimi.

9.8. Psixiatriya (psixonevrologiya) davolash muassasalari.

Psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt va suitsidolog lavozimlari”.

2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-sentabrdagi 696-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 8-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Respublika darajasidagi psixiatriya muassasalarida tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan ruhiy holati buzilgan shaxslarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish zarurati tugʻilganda, ular psixiatriya muassasalari tomonidan yoʻllanma asosida toʻgʻridan-toʻgʻri tegishli respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlariga yoʻnaltiriladi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.