PQ-223-son Qaror · 12.07.2023

“Xiva-2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-223
  • Qabul qilingan sana:12.07.2023
  • Kuchga kirgan sana:13.07.2023
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/223/0468

Xiva shahri 2024-yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan hamda Xiva shahrining turistik salohiyatini xalqaro maydonda faol targʻib qilish maqsadida:

1. 2022-yil 27 — 29-iyun kunlari Boku shahrida (Ozarbayjon Respublikasi) boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining XI sessiyasida Xiva shahri 2024-yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

“Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga (keyingi oʻrinlarda — xalqaro tadbir) tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

“Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2024-yil mart oyida “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” shiori ostida Xiva shahrida xalqaro tadbirning rasmiy ochilish marosimi hamda may oyida Xiva shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining XII sessiyasi oʻtkaziladi;

b) ushbu xalqaro tadbirga Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlardan ishtirokchilar va ekspertlar jalb qilinadi, xalqaro tadbir ommaviy axborot vositalarida keng yoritib boriladi;

v) Xiva shahrining turistik salohiyatini xalqaro maydonda faol targʻib qilish maqsadida 2023-2024-yillarda quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:

“Taste of Uzbekistan Festival” shiori ostida gastronomik festival;

Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan “Strongmen” xalqaro bahodirlar oʻyini musobaqasi;

“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasidagi tadbirlar;

g) masʼul vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar, shuningdek, tashkiliy qoʻmitaning tezkor koʻrsatmalarini oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

4. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov):

chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha masʼul davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin;

xalqaro tadbirga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda yuzaga keladigan tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etsin;

Xiva shahrida xalqaro tadbir oʻtkaziladigan joylarning texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini taʼminlasin;

Xorazm viloyati, shu jumladan Xiva shahrida oʻtkaziladigan qabul, madaniy tadbirlar va xorijiy mehmonlarning sayohatini tashkillashtirsin;

xalqaro tadbirda qatnashuvchilarning Oʻzbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish masalalarini muvofiqlashtirsin;

xalqaro tadbir boʻlib oʻtadigan hududlarni obodonlashtirish ishlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasin;

xalqaro tadbir boʻlib oʻtadigan hududlarda obyektlar va mehmonxona fondining tayyorligini taʼminlasin;

zarur hollarda, xalqaro tadbirni yuqori saviyada tashkil etish bilan bogʻliq tezkor qarorlar qabul qilsin.

5. Madaniyat va turizm vazirligi:

a) bir oy muddatda “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiri logotipini ishlab chiqsin;

b) ikki oy muddatda:

Fanlar akademiyasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xorazm Maʼmun akademiyasi bilan birgalikda xalqaro tadbirga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar foydalanishi uchun Xiva shahri haqida oʻzbek, rus, ingliz, arab va fransuz tillarida qoʻllanma ishlab chiqib, chop etilishini;

Xorazm viloyati hokimligi, Madaniy meros agentligi bilan birgalikda Xiva shahrining turizm va madaniy meros obyektlari, islom dunyosi va ilm-fanning rivojlanishida tutgan oʻrni va tarixi, madaniyati, yashash tarzini aks ettiruvchi foto- va videomateriallar (“Guidebook”) tayyorlanishini taʼminlasin;

v) Tashqi ishlar vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda:

xalqaro tadbirga tayyorgarlik koʻrish va uning yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati bilan hamkorlikda ishni tashkil etsin;

2023-2024-yillarda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻida “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” shiori ostida keng targʻibot aksiyasini amalga oshirish choralarini koʻrsin;

2023-2024-yillarda Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan tashkil etiladigan xalqaro tadbirlar hamda respublikada oʻtkaziladigan turizm yoʻnalishidagi koʻrgazma va konferensiyalarda “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” shiori ostida targʻibot ishlarini amalga oshirsin;

2023-yil oktabr oyida Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning turistik tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlarni jalb qilgan holda Xorazm viloyati boʻylab infotur tashkil qilsin.

6. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan xalqaro tadbir doirasida:

a) Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan quyidagi xarajatlar qoplanadi:

xalqaro tadbirning xorijiy ishtirokchilarini Toshkent shahridagi aeroport va vokzalda kutib olish va kuzatish, ularning respublika hududida harakatlanishi uchun avtobus, avia va temir yoʻl chiptalarini xarid qilish;

xalqaro tadbir doirasida xorijiy (ingliz, arab, fransuz) tillarda sinxron tarjimonlar ishtirokini taʼminlash;

xalqaro tadbirni xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish;

xalqaro tadbir uchun targʻibot materiallari (videoroliklar, tarqatma materiallar, kitoblar va boshqalar)ni ishlab chiqish va chop etish;

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, Bosh kotibiyat xodimlari va ekspertlari, faxriy mehmonlarning mamlakatga kelib-ketishi;

xalqaro tadbirga tayyorgarlik koʻrish va uni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni oʻtkazish;

b) Xorazm viloyati hokimligi tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan quyidagi xarajatlar qoplanadi:

xalqaro tadbir oʻtkaziladigan va diqqatga sazovor joylarni obodonlashtirish hamda tadbir oʻtkazish uchun tayyor holga keltirish;

xorijiy ishtirokchilar uchun esdalik sovgʻalari (suvenirlar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari va boshqalar)ni ajratish;

aeroport va temir yoʻl vokzallarida hamda markaziy koʻchalar boʻylab oʻrnatilgan bannerlar va LED monitorlarda xalqaro tadbirni keng yoritish;

ishtirokchilarning tadbirlar dasturi doirasida diqqatga sazovor joylarga tashriflarini tashkillashtirish;

xorijiy ishtirokchilar, ularga biriktirilgan gid-tarjimon hamda volontyor kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tushlik va kechki ovqatni tashkillashtirish va Xorazm viloyati boʻylab harakatlanishi uchun transport vositalari bilan taʼminlash;

xorijiy ishtirokchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining Xorazm viloyatidagi mehmonxonalarda yashashi bilan bogʻliq xarajatlar.

7. Xorazm viloyati hokimligi xorijiy ishtirokchilarni aeroport (vokzal)da kutib olish va kuzatish hamda xalqaro tadbir dasturi asosida ularning harakatlanishi uchun transport vositalarini ajratsin.

8. Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat va turizm vazirligining viza talabnomalariga binoan xalqaro tadbirda ishtirok etadigan chet ellik ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

9. Ichki ishlar vazirligi:

Milliy gvardiya bilan birgalikda xalqaro tadbir oʻtkaziladigan hududlarda ishtirokchi va mehmonlar toʻplanadigan joylarda, mehmonxonalarda hamda ularning atrofida jamoat tartibini saqlash;

tadbirlarga tashrif buyuradigan delegatsiya aʼzolari xavfsizligini taʼminlash maqsadida yoʻl harakati qoidalariga muvofiq hamrohlik qilish choralarini koʻrsin.

10. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xalqaro tadbir oʻtkaziladigan obyektlar hamda ularning atrofida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkillashtirsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda tez tibbiy yordam brigadalari faoliyati tashkil etilishini taʼminlash, tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda sogʻliqni saqlash hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga amal qilinishi boʻyicha zarur choralar koʻrsin.

12. Raqamli texnologiyalar vazirligi Madaniyat va turizm vazirligining murojaatiga asosan xalqaro tadbir oʻtkaziladigan konferensiya va koʻrgazma zallari, matbuot xonalarini belgilangan tartibda zarur texnika vositalari, sinxron tarjima jihozlari va Internet jahon axborot tarmogʻi bilan taʼminlasin.

13. Madaniyat va turizm vazirligining talabnomasiga asosan quyidagilarga:

“Uzbekistan Airways” AJga xorijiy ishtirokchilar uchun xalqaro va mahalliy reyslarga aviachiptalarning band qilinishini taʼminlash;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga xorijiy ishtirokchilar uchun qatnovdagi poyezdlarning barcha turlariga temir yoʻl chiptalari zaxirasini yaratish va rasmiylashtirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat va turizm vaziri O.A. Nazarbekov hamda Xorazm viloyati hokimi J.R. Raximov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 12-iyul,

PQ-223-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyuldagi PQ-223-son qaroriga 1-ILOVA

“Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyuldagi PQ-223-son qaroriga 2-ILOVA

“Xiva — 2024-yilda Islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.