[Koʻchirma]
Mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni, shu jumladan milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini asrab-avaylash, keng targʻib etish va kelgusi avlod uchun nomoddiy madaniy meros sifatida yetkazish maqsadida:
1. Margʻilon shahrida Madaniyat vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
askiya va qiziqchilik ijrochiligi yoʻnalishida “ustoz-shogird” anʼanalarini rivojlantirish, isteʼdodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, madaniyat va taʼlim muassasalarida askiya va qiziqchilik sanʼati toʻgaraklarini tashkil etish;
oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining askiya va qiziqchilik sanʼatini saqlash va targʻib etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, bu borada, ijodkorlar, folklorshunos olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
askiya va qiziqchilik bilan shugʻullanuvchi ijodkorlarga har tomonlama koʻmaklashish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini taʼminlash, mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrol faoliyatini amalga oshirish, festival, koʻrik-tanlov, ijodiy kechalar, askiya va qiziqchilik tomoshalarini tashkil etish;
askiya va qiziqchilik sanʼatining payrov, qofiya, bahri-bayt, afsona, radif, aytishuv, rabbiya kabi noyob shakllarini asrash va targʻib etish, sahnaviy sujetlarini rivojlantirish hamda isteʼdodli soʻz ustalarining ijod fondini va maxsus adabiyotlarni yaratish.
2. Quyidagilar:
har yili soʻz ustalari va qiziqchilar oʻrtasida “Xush kayfiyat” respublika koʻrik-tanlovi hamda askiya kechalari;
askiya va milliy qiziqchilik sanʼatimizni jahon miqyosida targʻib qilish maqsadida har ikki yilda bir marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivali;
har yili askiya va qiziqchilar jamoalarining mahalliy gastrol safarlari;
respublikadagi madaniyat markazlari, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi taʼlim tashkilotlarida askiya va qiziqchilik sanʼati toʻgaraklari va ijodiy jamoalari hamda ularning jamoatchilik uchun har yili hisobot konsertlari tashkil etilsin.
3. Askiya va qiziqchilik sanʼati bilan shugʻullanuvchi ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish, ushbu yoʻnalishda ilmiy tadqiqotlar olib borish va aholiga xush kayfiyat ulashishga qaratilgan konsert-tomosha tadbirlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
har yili kamida 3 ta ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini tanlovlar asosida shakllantirish;
har yili kamida 5 ta sahnada namoyish etishga moʻljallangan hajviy asar uchun davlat buyurtmasini berish;
ijodiy tanlov asosida erkin ijodkor va jamoalar tomonidan har yili kamida 10 ta konsert-tomosha tadbiri va askiya kechalariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish;
har yili kamida 25 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish uchun davlat buyurtmasini berish, bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlarini Madaniyat vazirligi hayʼatining qarori bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash belgilansin.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar hisobidan, uchinchi — beshinchi xatboshilarida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligiga ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
4. Quyidagilar:
Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazining Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Askiya va qiziqchilik sanʼati sohasidagi taniqli ijodkorlar tomonidan tashkil etilayotgan mahorat maktablari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Askiya va qiziqchilar jamoalarining 2023-2024-yillarga moʻljallangan mahalliy gastrol safarlari rejasi 3-ilovaga muvofiq;
Askiya va qiziqchilar jamoalarining 2023-2024-yillarga moʻljallangan korxona va tashkilotlarga gastrol safarlarini tashkil etish rejasi 4-ilovaga* muvofiq;
* 4-ilova berilmaydi.
Respublikada askiya va qiziqchilik sanʼatini rivojlantirish va ilmiy-oʻrganish hamda targʻib etishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2023-2024-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba budjetdan tashqari mablagʻlari hamda kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan oʻz xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, konsert, sirk va teatrlarga, askiya, qiziqchilik va soʻz sanʼati tomoshalariga kirish uchun chipta va abonementlarni xarid qilish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov), xoʻjalik jamiyatlari muassisi boʻlgan boshqa davlat organlari bir oy muddatda ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat korxonalarining boshqaruv organlari yigʻilishlarida ushbu tashkilotlar buyurtmasi asosida xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish vazifasini biznes-rejaga kiritish boʻyicha tashabbus bilan chiqsin.
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) har oyning 25-sanasiga qadar kelgusi oyda tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha, shu jumladan askiya va qiziqchilik tomoshalari haqida davlat boshqaruvi organlari, muassasalari, korxonalari va xoʻjalik jamiyatlarini xabardor qilib borsin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
6. Belgilansinki:
askiya va qiziqchilik sanʼati sohasida taniqli ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
ushbu qarorda belgilangan tartibda oʻzining mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida qoʻshimcha ragʻbatlantirib boriladi;
mahorat maktablariga ular faoliyat yuritadigan muassasaning obyektlaridan tekin foydalanish huquqi berilib, ularga ushbu muassasa tomonidan alohida xona ajratiladi va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
7. Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ijodkorlari ijtimoiy sharoitini yaxshilash maqsadida:
Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan Markazni saqlash va uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun mahalliy budjetdan 2023-yilda 2,3 milliard soʻm, 2024-yildan boshlab esa Markaz talabnomasi asosida zarur mablagʻlar ajratiladi;
“Oʻzbektelekom” AKning doimiy ravishda homiylik yordami koʻrsatishni nazarda tutuvchi “Doʻstlar klubi”ni tashkil etish hamda 2023-yil uchun 5 milliard soʻm homiylik xayriyasi hamda kelgusi yillarda ham homiylik xayriyalari ajratib borish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
Markaz Fargʻona viloyati, Margʻilon shahri, Mustaqillik koʻchasi, 470a-uy manzilida joylashgan Margʻilon madaniyat markazi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
a) ikki oy muddatda:
Markaz ustavi va tuzilmasini tasdiqlasin hamda uning samarali faoliyat olib borishini yoʻlga qoʻysin, shuningdek, davlat madaniyat tashkilotlari shtat birliklarining sonini maqbullashtirish hisobiga Markazga 12 ta shtat birligi ajratilishini taʼminlasin;
ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish uchun davlat buyurtmalarini berish hamda ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan mahorat maktablari faoliyati natijadorligini baholash tartiblarini tasdiqlasin;
b) Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov), Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M. Xojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov) hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazib borsin.
Bunda, ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligiga ajratilgan Davlat budjeti hamda tegishli mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan teng ulushda qoplanadi;
(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
v) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (H. Umarova) hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov) bilan birgalikda:
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji hamda Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida “askiya va qiziqchilik sanʼati” yoʻnalishi ochilishini tashkil qilsin, shuningdek, ularni ushbu yoʻnalishlar boʻyicha yuqori malakali pedagog kadrlar bilan toʻldirishni taʼminlasin;
“askiya va qiziqchilik sanʼati” yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
g) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda askiya va qiziqchilik sanʼatiga doir tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari alohida ishlab chiqilgan media-reja asosida muntazam tashkil etilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-iyul,
PQ-222-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-iyuldagi PQ-222-son qaroriga 1-ILOVA
Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazining Vasiylik kengashi tarkibi
Izohlar:
Vasiylik kengashi raisiga Vasiylik kengashi faoliyatiga boshqa homiylar, metsenat va tadbirkorlik subyektlarini ularning tashabbusi asosida jalb etish, shuningdek, uning tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
Vasiylik kengashining tegishli aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-iyuldagi PQ-222-son qaroriga 2-ILOVA
Askiya va qiziqchilik sanʼati sohasida taniqli ijodkorlarning tashkil etilayotgan mahorat maktablari
Izoh: Madaniyat vazirligiga, zaruratga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda ushbu rejaga Madaniyat vazirligi hayʼati qarori bilan oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi. Bunda, yangi mahorat maktablari tashkil etilgan ijodkorlarga ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-iyuldagi PQ-222-son qarorida nazarda tutilgan qoʻshimcha ragʻbatlantirish tatbiq etiladi.
(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-iyuldagi PQ-222-son qaroriga 3-ILOVA
Askiya va qiziqchilar jamoalarining 2023-2024-yillarga moʻljallangan mahalliy gastrol safarlari
Izohlar:
Gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar mahalliy hokimliklar tomonidan qoplanadi.
Gastrol safarlariga yuboriladigan askiya va qiziqchilik ijodiy jamoalarining roʻyxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda tadbir boshlanishidan kamida ikki hafta oldin hududlarga yetkaziladi.
Madaniyat vazirligiga, zaruratga koʻra, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda ushbu rejaga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
2025-yildan boshlab gastrol safarlar rejasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-iyuldagi PQ-222-son qaroriga 5-ILOVA
Respublikada askiya va qiziqchilik sanʼatini rivojlantirish va ilmiy-oʻrganish hamda targʻib etishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2023-2024-yillarga moʻljallangan
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)