Toshkent shahrida zamonaviy menejment tamoyillari hamda davlat va tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik tizimini joriy etish orqali poytaxtni yashash uchun eng qulay shaharlarning biriga aylantirish, xususan mavjud resurslardan foydalanishning samaradorligini oshirish, shaharning ijtimoiy infratuzilmasi va arxitektura qiyofasini yaxshilash, shuningdek, aholi uchun qulay hududlar va yashil zonalarni koʻpaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar Toshkent shahrini 2030-yilgacha rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash;
madaniyat va istirohat bogʻlari, xiyobonlar va bulvarlar qiyofasini oʻzgartirish, yashil hududlarni keskin koʻpaytirish orqali poytaxtni toza havoli megapolislardan biriga aylantirish hamda aholi va mehmonlar hordiq chiqarishi uchun sharoitlar yaratish;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish orqali poytaxtni kommunal xizmat koʻrsatish muammolaridan holi hududga aylantirish va aholi harakatlanishi uchun yanada qulay yoʻl infratuzilmasini yaratish;
yagona yondashuv asosida qurilishlarni muvofiqlashtirish va qurilish hajmiga mos ravishda ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish orqali “aqlli” shaharsozlik tamoyillarini joriy etish;
hokimlik tizimida har bir yoʻnalish boʻyicha loyiha ofislarini tashkil etish hisobiga muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga asoslangan zamonaviy menejmentni yoʻlga qoʻyish va inson resurslarini rivojlantirish.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Toshkent shahrini 2030-yilgacha rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Toshkent shahrini yashash uchun eng qulay shaharlar reytingiga kiritish;
yalpi hududiy mahsulot hajmini 500 trillion soʻmga yetkazish;
sanoat va xizmatlar sohasida jami 40 milliard AQSH dollari miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish;
sanoat, xizmatlar va turizm eksporti hajmini 7,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va toʻliq modernizatsiya qilish;
qoʻshimcha 4 ming gektar yashil hududlar tashkil etish.
3. Vazirlar Mahkamasi va Toshkent shahri hokimligining Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash tartibini 2031 yil 1-yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2026-y., 07/26/279/0795-son)
4. Toshkent shahri hokimligi muassisligida davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida “koʻprik” vazifasini bajaruvchi “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tashkil etilsin.
5. Quyidagilar:
“Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq;
yer uchastkalari negizida “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Toshkent shahrining infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, aholining kundalik hayotidagi kommunal va boshqa sohalardagi kechiktirib boʻlmaydigan masalalarni tezkor hal etish maqsadida Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) etib qayta nomlansin va Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish huquqi Kompaniyaga berilsin.
Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash yoʻnalishlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Belgilansinki:
Kompaniyaning ustav kapitali xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarori asosida Toshkent shahri shahar budjetining qoʻshimcha manbalari, Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan bosqichma-bosqich 1 trillion soʻm miqdorida shakllantiriladi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda)
Kompaniyaning alohida yoʻnalishlar boʻyicha loyiha ofislarini tashkil etish va ularni moliyalashtirish masalalari uning Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi;
Kompaniya va Jamgʻarma mablagʻlarini loyihalar va boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish hamda tijorat banklari va xalqaro moliya institutlaridan qarz mablagʻlarini jalb etish Kompaniya kuzatuv kengashi qarori asosida amalga oshiriladi;
Kompaniya va Jamgʻarmaning hisob raqamlari tijorat banklarida ochiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini Toshkent shahri hokimligi majburiyatlari boʻyicha ijro hujjatlari va inkasso topshiriqnomasi asosida undirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Kompaniya faoliyati ochiqligi va uning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini taʼminlash maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Kompaniya moliyaviy hisobotni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq tuzadi va mazkur hisobot auditning xalqaro standartlariga muvofiq “katta toʻrtlikka” kiruvchi auditorlik kompaniyalari tomonidan tashqi auditdan oʻtkazilganidan keyin 2027-yildan boshlab har yili 1-avgustga qadar Toshkent shahri hokimligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda)
Kompaniya tomonidan moliyaviy va nomoliyaviy hisobotlar hamda unga nisbatan tijorat va notijorat maqsadlar 2027-yildan boshlab Toshkent shahri hokimligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda)
2027-yilga qadar Kompaniyada ISO, ERP, SAP va boshqaruvning boshqa zamonaviy tizimlari joriy qilinib, u tomonidan yetakchi xalqaro agentliklarning kredit reytingi olinishi taʼminlanadi;
Toshkent shahri hokimining xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi oldidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotida Kompaniya faoliyati natijadorligi va Jamgʻarmaning mablagʻlari samarali foydalanilishi toʻgʻrisida maʼlumot nazarda tutiladi.
9. Toshkent shahrini 2023 — 2025-yillarda rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.B. Umurzakov belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-iyul,
PF-112-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi PF-112-son Farmoniga1-ILOVA
Toshkent shahrini 2030-yilgacha rivojlantirishning
* Yildan yilga oʻsib boruvchi yoki kamayib boruvchi koʻrsatkich.
** Yillik koʻrsatkich.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi PF-112-son Farmoniga2-ILOVA
“Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining
1. Toshkent shahri va tumanlar hokimliklari hamda ular tarkibidagi korxona va muassasalarga tegishli mulklar (keyingi oʻrinlarda — munitsipal mulklar) holatini tahlil qilish, mavjud resurs va imkoniyatlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
2. Munitsipal mulklarni boshqarish, ularning negizida davlat sherigi sifatida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish hamda ularni tadbirkorlik subyektlariga ijara va boshqaruvga berish, ularning monitoringini yuritish va samaradorligini baholab borish.
3. Munitsipal mulklarning investitsion jozibadorligini oshirish, ularning negizida investorlar bilan hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish.
4. Tadbirkorlik subyektlarining Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq istiqbolli loyihalarini ularning moliyaviy jozibadorligi va samaradorligidan kelib chiqib moliyalashtirishda ishtirok etish.
5. Toshkent shahrining alohida hududlarini rivojlantirish va renovatsiya dasturlari, master reja va quriladigan obyektlarning loyiha hujjatlari ishlab chiqilishini tashkil etish.
6. Toshkent shahridagi kommunal soha korxonalarining faoliyatini tahlil qilgan holda, ular faoliyatini transformatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
7. Toshkent shahridagi qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini hamda infratuzilma tarmoqlariga ulanish jarayonlarini muvofiqlashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi PF-112-son Farmoniga3-ILOVA
Yer uchastkalari negizida “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari
1. Yuridik shaxslar ustav kapitalida ishtirok etish orqali yer uchastkalari negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning asosiy bosqichlari:
mazkur mexanizm asosida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalari yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish tartibida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) 49 yildan oshmaydigan muddatga ijaraga beriladi;
Kompaniyaga ijaraga berilgan yer uchastkalari Kompaniya tomonidan jalb qilinadigan baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanadi;
yer uchastkalari, unda amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining master rejasi, loyiha hujjatlari va boshqa ruxsat berish hujjatlari rasmiylashtirilgan holda, Kompaniya buyurtmasiga asosan u bilan birgalikda loyihani amalga oshirishda ishtirok etish huquqi uchun “E-auksion” elektron savdo platformasida auksion savdolariga (keyingi oʻrinlarda — auksion savdolari) chiqariladi;
auksion savdolarida shakllangan narx auksion gʻolibi tomonidan bir yil ichida Kompaniya va auksion gʻolibi ishtirokida tashkil etiladigan xoʻjalik jamiyati ustav kapitaliga gʻolibning ulushi sifatida yoʻnaltiriladi, bunda ushbu xoʻjalik jamiyatining ustav kapitalida Kompaniyaning 50 foizgacha ulushi tegishli loyiha uchun tanlangan yer uchastkasining auksion savdolarida shakllangan narxi hisobiga shakllantiriladi;
tashkil etiladigan xoʻjalik jamiyatining taʼsis hujjatlarida Kompaniyaning ulushi sotish yoki qurilgan obyektning bir qismini yoki uning qiymatini olish hisobiga begonalashtirilishi mumkin. Bunda, ulush qiymati davlat aktivining auksion savdolarida shakllangan bahosidan kam boʻlmasligi kerak.
2. Oddiy shirkat shartnomasi asosida yer uchastkalari negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning asosiy bosqichlari:
mazkur mexanizm asosida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalari yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish tartibida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Kompaniyaga 49 yildan oshmaydigan muddatga ijaraga beriladi;
Kompaniyaga ijaraga berilgan yer uchastkalari Kompaniya tomonidan jalb qilinadigan baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanadi;
yer uchastkalari, unda amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining master rejasi, loyiha hujjatlari va boshqa ruxsat berish hujjatlari rasmiylashtirilgan holda, Kompaniya buyurtmasiga asosan u bilan birgalikda loyihani amalga oshirishda ishtirok etish huquqi uchun auksion savdolariga chiqariladi. Bunda, yer uchastkalarining qiymati, foydani taqsimlash tartibi hamda tomonlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi oddiy shirkat shartnomasi elektron raqamli imzo bilan imzolangan holda ilova qilinadi;
auksion savdolarida ishtirok etuvchi talabgorlar savdolarda qatnashish uchun yer uchastkasi qiymatining kamida 10 foizini zakalat puli sifatida keyinchalik Kompaniyaga oʻtkazish uchun savdo operatoriga oʻtkazadi. Bunda, mazkur toʻlangan mablagʻlar yer uchastkalari uchun toʻlovlar amalga oshirilganda hisobga olinadi;
auksion gʻolibi qurilishni oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshirishi, qurilish yakunlangandan keyin koʻchmas mulk obyekti yoki uning bir qismini oddiy shirkat shartnomasida belgilangan tartibda sotishi mumkin;
koʻchmas mulk qurilishi boʻyicha xarajat va daromadlarning hisobi alohida yuritiladi va loyiha natijasida yer uchastkasi qiymati toʻlangandan soʻng olingan sof foyda oddiy shirkat shartnomasida belgilangan tartibda taqsimlanadi. Bunda, oddiy shirkat shartnomasi shartlari bajarilmagan taqdirda, investor tomonidan kiritilgan mablagʻlar qaytarilmaydi.
Izohlar:
mazkur ilovada nazarda tutilgan mexanizmlarni, shu jumladan yangi mexanizmlarni amalga oshirish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
Vazirlar Mahkamasi qarori asosida bir nechta yer uchastkalari Kompaniyaga berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi PF-112-son Farmoniga4-ILOVA
Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash yoʻnalishlari
I. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari:
1. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan loyihalardan olingan daromadlar, shu jumladan “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tomonidan yangidan yaratilgan aktivlarni sotishdan tushgan tushumlar.
2. Kompaniya davlat sherigi sifatida ishtirok etgan davlat-hususiy sheriklik loyihalaridan olingan daromadlar.
3. Toshkent shahridagi yer uchastkalarini ijaraga olish va mulk huquqini elektron onlayn auksion orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar (savdoga chiqarish va sotish bilan bogʻliq xarajatlar chegirib qolinganidan soʻng toʻliq miqdorda). Bunda:
Toshkent shahrida joylashgan davlat aktivlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini sotishdan tushgan tushumlarning qonunchilikka muvofiq Jamgʻarmaga yoʻnaltirilishi belgilangan qismi Toshkent shahrining shahar budjetida ochilgan alohida daromad hisobvaraqlariga oʻtkazilgandan soʻng, kun yakuni bilan toʻliqligicha Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi;
ushbu manbalar hisobidan mahalliy budjetga tushgan mablagʻlar daromadlarning orttirib bajarilgan qismini hisoblashda chegiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
4. Toshkent shahrida maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalarning Toshkent shahri mahalliy budjetiga yoʻnaltiriladigan qismining 50 foizi.
5. Toshkent shahri uchun ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflariga belgilangan maxsus ustamaning Toshkent shahri hokimligiga yoʻnaltirilgan qismi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
6. Toshkent shahrida tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) joylashtirish uchun qonunchilikda belgilangan toʻlovning 20 foizi.
7. Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida shaharsozlik faoliyati obyektini qurish yoki rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish qiymatiga kiritilgan toʻlovning 100 foizi.
8. Vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar.
9. Toshkent shahrining shahar budjeti daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismidan ajratmalar.
10. Jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari.
11. Qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
II. Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlar:
1. Kompaniya tomonidan, shu jumladan investorlar ishtirokida investitsiya loyihalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq istiqbolli loyihalarni amalga oshirish.
2. Toshkent shahri alohida hududlarini rivojlantirish va renovatsiya dasturlari, master reja va quriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish.
3. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash.
4. Hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish.
5. Renovatsiya dasturlarini amalga oshirish.
6. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, davlat uy-joy dasturlarida koʻzda tutilgan massivlar, shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlari va avtomobil yoʻli) bilan taʼminlash.
7. Qiymati 200 milliard soʻmdan oshadigan, investorning oʻz mablagʻlari ulushi 25 foizdan kam boʻlmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalar, shuningdek, xalqaro va respublika ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari boʻyidagi yaxlit yer maydonlarida tashkil etiladigan yoʻlboʻyi infratuzilma obyektlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash.
7-1. Kompaniya tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarning yer uchastkalari hamda Toshkent shahrida realizatsiya qilingan yer uchastkalari boʻyicha:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish boʻyicha yer tuzish loyihalarini bajarish ishlarini amalga oshirish maqsadida loyiha institutlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar haqini;
olib qoʻyilayotgan yerlarning egalari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkaziladigan zararlarni, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash.
Bunda realizatsiya qilingan yer uchastkalari boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan boʻlsa qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrni yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha kelib tushayotgan mablagʻlarga mutanosib ravishda taqsimlanib qoplanadi hamda toʻliq qoplangunga qadar yer ajratish loyihasini naturaga koʻchirish va yer uchastkalariga boʻlgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlarni tayyorlashga ruxsat beriladi.
(7-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-sonli Farmoniga asosan kiritilgan)
8. Kompaniya Kuzatuv kengashi qarori asosida qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan Kompaniya faoliyati bilan bogʻliq hamda Toshkent shahar hokimining qaror va farmoyishlariga asosan boshqa xarajatlarni amalga oshirish.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda)
Izohlar:
1. Ushbu ilovaning I boʻlimi 1 va 2-bandlaridagi tushumlar Kompaniya kuzatuv kengashi qarori asosida Kompaniyani saqlash, shu jumladan xodimlarni ragʻbatlantirish hamda yuqori malakali mutaxassislarni, xususan xorijiy ekspertlarni jalb qilish xarajatlariga yoʻnaltirilishi mumkin.
2. Ushbu ilovaning I boʻlimi 5-bandidagi tushumlar 2023-yil 1-oktabrdan 4, 6 va 7-bandlaridagi tushumlar 2024-yil 1-yanvardan boshlab Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etish, hisobi va hisobotini yuritish Kompaniya orqali amalga oshiriladi.
4. Jamgʻarmaga Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi tatbiq etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi PF-112-son Farmoniga5-ILOVA
Toshkent shahrini 2023 — 2025-yillarda rivojlantirish boʻyicha
Izoh: ushbu ilovadagi chora-tadbirlarning amalga oshirish shakli tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki birlashtirilishi mumkin.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)