Turizm yoʻnalishiga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish, xususiy sektor uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali turizm infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholi bandligini oshirish, transport qatnovi yoʻnalishlarini kengaytirish, respublikaning turistik salohiyatini ichki va tashqi bozorlarda targʻib qilishni jadallashtirish, shuningdek, sohani davlat tomonidan boshqarishda yangi tartib-taomillarni joriy qilish maqsadida:
1. Respublikaga turistlar oqimini oshirish va turoperatorlarga davlat tomonidan qoʻshimcha koʻmaklar koʻrsatish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
a) turoperatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar mavjud boʻlmagan xorijiy mamlakatlardan olib kelingan har bir turist uchun 20 AQSH dollaridan 100 AQSH dollarigacha boʻlgan ekvivalentda ragʻbatlantiruvchi subsidiyalar ajratilsin.
(1-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
Bunda, turistik oqim past boʻlgan xorijiy mamlakatlar roʻyxati, olib kelinadigan turistlar soni va ragʻbatlantiruvchi subsidiyalar miqdori hamda ularni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlansin;
(1-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
b) turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan Samarqand, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlariga amalga oshirilgan charter aviaqatnovlari boʻyicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSH dollari, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSH dollari ekvivalentida qoplab berilsin.
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Bunda mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan xarajatlar Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(1-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
2. Mehmonxonalar sonini va ularda xizmat koʻrsatish sifatini oshirishni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
a) 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam boʻlmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past boʻlmagan mehmonxona 2029-yil 1-yanvarga qadar foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) va jihozlash hamda 2026-yil 1-yanvardan boshlab mehmonxonani qoʻshimcha bino va inshootlar qurish orqali kengaytirish yoki mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini mehmonxona faoliyatiga oʻzgartirish uchun ketgan xarajatlarining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda qoplab berish tizimi joriy qilinsin:
(2-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/175/0878-son)
3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million soʻm;
4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million soʻm.
Bunda respublika boʻyicha toifali (yulduzli) mehmonxonalar mavjud boʻlmagan tuman (shahar)larda yangidan quriladigan mehmonxonalarga, mazkur xarajatlar quyidagi tartib asosida 50 foizga oshirilgan miqdorda qoplab berilishi belgilansin:
dastlabki 2 ta 4 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga;
dastlabki 3 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga;
Belgilansinki qavatlar soni bilan bogʻliq talablar YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda yoki togʻli va togʻoldi hududlarda yangi qurilgan mehmonxonalarga tatbiq etilmaydi.
(2-bandining “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi PF-217-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 06/25/217/1060-son)
b) 2029-yil 1-yanvarga qadar dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorda qisman moliyalashtirilsin:
(2-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/175/0878-son)
3 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun — mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;
4 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun — mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida;
5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun — mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 600 AQSH dollari ekvivalentida.
Bunda, mazkur bandning “a” va “b” kichik bandida nazarda tutilgan subsidiyalarni qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga har yili 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi;
(2-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
v) 2025-yil 1-yanvarga qadar toifasi (yulduz) boʻlmagan joylashtirish vositalari uch va undan yuqori toifa (yulduz) olganda, ularning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish boʻyicha xarajatlari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berilsin.
3. 2024-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “Toʻsiqsiz turizm” dasturi amalga oshirilsin. Bunda turizm, madaniy meros, konsert-tomosha obyektlari hamda aeroport, avto va temir yoʻl vokzallarida nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun zarur infratuzilma yaratish mexanizmlari joriy qilinsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/102/0541-son)
4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ikki oy muddatda:
“turoperator — mehmonxona — transport — savdo va servis” xizmatlari birgalikda koʻrsatiladigan turistik klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;
turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turizm infratuzilmasi obyektlarini tasniflash jarayoni hamda joylashtirish vositalarini turistlar tomonidan QR-kod orqali baholashning toʻliq raqamlashtirilgan tizimini joriy qilsin.
5. 2029-yil 1-iyulga qadar yetib borish qiyin boʻlgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 km yoki qattiq qoplamali avtomobil yoʻllaridan 5 km uzoqlikda) alohida avtonom infratuzilmani yaratgan holda kempinglar tashkil etgan va “safari” turizmi xizmatlarini koʻrsatadigan yuridik shaxslarning mazkur faoliyat turi boʻyicha mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi hamda foyda soligʻi stavkalari ushbu soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilansin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2026-y., 06/26/46/0290-son)
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yildan boshlab, har yili 30-noyabrga qadar turistlar oqimini oshirish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan kelgusi yilda oʻtkaziladigan madaniy-koʻngilochar va ommaviy sport tadbirlari, ommaviy-madaniy va konsert-tomosha hamda sanʼat va kinematografiya tadbirlarining yagona taqvimi shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda, yagona taqvimga kiritilgan tadbirlar xalqaro, respublika va mahalliy darajalarga ajratilgan holda shakllantiriladi hamda tadbirlar haqida maʼlumotlar davlat tilida va kamida ikkita xorijiy tilda Turizm qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligining rasmiy veb-saytlari, ularning targʻibot platformalari va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirib boriladi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq turizm yoʻnalishida xalqaro talablarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish tizimini joriy etish maqsadida:
a) malakali kadrlar tayyorlash yoʻnalishida:
xalqaro darajada tan olingan taʼlim dasturlarini “franshiza” asosida jalb qilish yoʻlga qoʻyiladi;
oliy taʼlim dasturlari jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi nufuzli oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlari asosida qayta koʻrib chiqilib, taʼlim yoʻnalishlari birlashtiriladi;
3 yillik oliy taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayonini amaliyot bilan birga olib borishni nazarda tutuvchi amaliyot bazalarini (turoperator, gid (gid-tarjimon), mehmonxona, transport xizmatlari) tashkil etish yoʻlga qoʻyiladi;
oliy va professional taʼlim dasturlaridagi oʻquv jarayonini “blok-modul” tizimiga asoslangan dual taʼlim shaklida tashkil etish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, oʻquv rejasidagi amaliyotlarni turizm mavsumi hisoblangan oylarda yoʻlga qoʻyish nazarda tutiladi;
kasb standartlari va malaka talablarini ishlab chiqish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, mazkur jarayonga jalb etilgan mutaxassislarning ish haqi xarajatlari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
b) turizm yoʻnalishida kadrlar tayyorlovchi davlat oliy hamda professional taʼlim tashkilotlarining turizm, servis, mehmonxona xoʻjaligi va gid (gid-tarjimon) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pedagoglar uchun oʻrta va qisqa muddatli oʻquv kurslari Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda boshqa oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
turizm yoʻnalishidagi davlat oliy taʼlim tashkilotlarining pedagoglari malakasini oshirish va qayta tayyorlash — oliy taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan (oliy taʼlim tashkilotining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mavjud boʻlmagan taqdirda, tizimida ushbu tashkilotlar boʻlgan vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan);
davlat professional taʼlim tashkilotlari pedagoglari malakasini oshirish va qayta tayyorlash — tizimida ushbu tashkilotlar boʻlgan vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
v) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab har yili “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar hamda Buyuk ipak yoʻlida joylashgan davlatlar fuqarolari magistraturada davlat granti asosida taʼlim olishlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 10 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratib boriladi.
8. Turizm sohasini yanada rivojlantirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Madaniyat va turizm vazirligiga qarashli budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Xavfsiz turizm jamgʻarmasi Turizm qoʻmitasiga oʻtkazilsin.
10. 2023-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi talablar bekor qilinsin:
turagentlarning elektron toʻlovlar, bron qilish xizmatlarini koʻrsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega boʻlishi;
turoperatorlarning elektron toʻlovlar xizmatlarini koʻrsatadigan veb-saytga ega boʻlishi.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizm yoʻnalishida amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov), Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A. Abduxakimov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur qarorga 2-ilovada keltirilgan loyihalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishiga masʼul etib belgilansin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda zamonaviy mehmonxonalar, shu jumladan modulli mehmonxonalar qurish uchun har bir hududdan kamida 15 ta yer uchastkalarining elektron auksion orqali savdolarga chiqarilishini taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki, tadbirkorlik subyektlari tomonidan 10 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar hisobiga quriladigan mehmonxonalarga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yetkazib beriladi.
13. Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi qurilishi pudratchi tashkilot tomonidan jalb qilingan kredit mablagʻlari, Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Ekologiya jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirilsin.
Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur kampus qurilishini moliyalashtirish uchun Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan sarflangan mablagʻlarni 2024-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutgan holda 2024-yil 1-mayga qadar qoplab bersin.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻn kun muddatda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasini tashkil etish va oʻtkazish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 10 milliard soʻm hamda Ekologiya jamgʻarmasidan 5 milliard soʻm Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilishini taʼminlasin.
15. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
3 yil davomida respublikaning xalqaro aeroportlariga tranzit aviaqatnovlar sonini keskin koʻpaytirishni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston orqali parvoz” (“Fly by Uzbekistan”) dasturini;
temir yoʻl qatnovlari sonini oshirish va unda xizmatlar sifatini yaxshilashni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarini xususiy sherikka berish boʻyicha davlat komissiyasining tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat komissiyasi Urganch va Buxoro aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investorlarga berish ishlarini jadallashtirsin.
17. Belgilab qoʻyilsinki:
Turizm qoʻmitasiga birinchi marotaba ishga qabul qilish zamonaviy talablarni hisobga olgan holda yuksak professional vazifalarni samarali bajarishga qodir boʻlgan mutaxassislar orasidan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi;
Madaniyat va turizm vazirligi tizimidagi turizm sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar oʻz xohishiga koʻra Turizm qoʻmitasiga tanlovsiz ishga qabul qilinadi;
Madaniyat va turizm vazirligiga qarashli sobiq Turizm va madaniy meros vazirligiga tegishli boʻlgan bino va inshootlar hamda avtotransport vositalari, axborot-dasturiy mahsulotlarni Turizm qoʻmitasiga oʻtkazishda qayta rasmiylashtirish uchun yigʻimlar undirilmaydi.
18. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-iyul,
PQ-238-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PQ-238-son qaroriga1-ILOVA
Turizm sohasini yanada rivojlantirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PQ-238-son qaroriga2-ILOVA
Turizm yoʻnalishida amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PQ-238-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarini xususiy sherikka berish boʻyicha davlat komissiyasining
Izoh: Davlat komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.