PQ-241-son Qaror · 27.07.2023

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-241
  • Qabul qilingan sana:27.07.2023
  • Kuchga kirgan sana:29.07.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/241/0535

Koʻp millatli xalqimiz shu kunlarda Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea — Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik sanasini baland ruh va koʻtarinki kayfiyat bilan nishonlash uchun qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

Aynan 1991-yil 31-avgust kuni xalqimiz oʻz Vatani, taqdiri va kelajagiga oʻzi egalik qilish huquqini qoʻlga kiritdi. Dunyo xaritasida Oʻzbekiston Respublikasi — yangi suveren va mustaqil davlat paydo boʻldi.

Oʻtgan tarixan qisqa vaqt davomida elimizning fidokorona mehnati va qatʼiyati bilan milliy oʻzligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va anʼanalarimiz qayta tiklandi, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari oʻzgarib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻldi.

Mustaqil taraqqiyot yoʻlidagi keng koʻlamli islohotlarimizni izchil davom ettirish, barcha soha va tarmoqlar rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bugungi kunda yurtimizda millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi jamiyat va davlat barpo etilmoqda.

Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealar, xususan yangilangan Konstitutsiyamizning qabul qilinishi el-yurtimiz Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelayotganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi.

Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va tadbirkorlikka keng yoʻl ochish, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish hamda aholining turmush farovonligini oshirish, tibbiy xizmatlar va taʼlim sifatini jahon standartlariga moslashtirish, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yurtimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish yoʻlida erishayotgan natijalarimiz tobora yaqqol namoyon boʻlmoqda, ularni har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida sezmoqda, his etmoqda.

Dunyodagi murakkab siyosiy-iqtisodiy vaziyatga qaramasdan, boshlagan islohotlarimizni izchil davom ettirib, yangi bosqichga olib chiqishda biz uchun barcha yutuqlarimiz omili, kuch-gʻayrat, gʻurur va ilhom manbai boʻlib xizmat qilayotgan Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz ikki yilligini Yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, shonu shuhratiga mos holda munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

“Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramining (keyingi oʻrinlarda — Mustaqillik bayrami) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanishini taʼminlasin;

barcha hududlarda aholining keng qatlamlari oʻrtasida Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, “uch avlod uchrashuvi” tadbirlari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, gastronomik festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini samarali oʻtkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va sanʼat arboblari, taniqli sportchilardan iborat targʻibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini taʼminlasin;

belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini oʻz yigʻilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga yuqori professional mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

4. Joylarda Mustaqillik bayramini yurtdoshlarimizning talab va istaklari asosida, bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, taʼlim va mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;

soʻnggi yillarda respublikamiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni aniq misollar asosida keng yoritish;

“Har bir kun — bu imkoniyat, har bir kun — bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini ochib berish;

sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarga alohida eʼtibor qaratish;

mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;

Vatanimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati boʻlgan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy jangovar qudratini oshirish va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, “Xalq va armiya — bir tanu bir jondir!” tamoyilini roʻyobga chiqarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targʻib etish;

Mustaqillik bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda eʼtibor va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.

5. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin hamda mazkur konsert tomoshasini yuksak gʻoyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulugʻ, eng aziz” kabi anʼanaviy koʻrik-tanlovlarni yuqori darajada oʻtkazishni taʼminlasin;

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qoʻshiq va musiqa asarlari tanlovining yakuniy bosqichini oʻtkazsin;

mazkur tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilish va tantanali ravishda taqdirlash choralarini koʻrsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida — Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 27-iyul,

PQ-241-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PQ-241-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining

Izoh. Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PQ-241-son qaroriga2-ILOVA

“Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.