PQ-285-son Qaror · 24.08.2023

Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-285
  • Qabul qilingan sana:24.08.2023
  • Kuchga kirgan sana:25.08.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/285/0651

Chorvachilik sohasiga zamonaviy innovatsion usullarni joriy etish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va chorvachilik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-120-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-211-son qarori bilan hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish tizimini joriy etishga 33 million AQSH dollari yoʻnaltirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasida hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish tizimini joriy qilishni quyidagi ikki bosqichda amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

birinchi bosqichda — 2024-2025-yillarda 1-ilovada keltirilgan chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 25 ta tumanda;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2025-y., 07/25/34/0096-son)

ikkinchi bosqichda — 2026-2027-yillarda respublikaning qolgan tumanlarida.

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2025-y., 07/25/34/0096-son)

Belgilansinki, mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish tizimini joriy qilish bepul amalga oshiriladi.

3. Belgilab qoʻyilsinki, Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkilotining Yer ustidagi hayvonlar sogʻligʻi kodeksi va Hayvonlarni roʻyxatga olish xalqaro qoʻmitasining normalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish sohasida masʼul organ hisoblanadi.

4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi huzurida davlat muassasasi shaklida Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish markazini (keyingi oʻrinlarda — Identifikatsiya markazi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.

5. Quyidagilar Identifikatsiya markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan boqib, koʻpaytiriladigan va saqlanadigan hayvonlar, jumladan uy hayvonlarini bosqichma-bosqich identifikatsiya qilish va ularning elektron hisobini yuritish tadbirlarini tashkil etish;

hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish boʻyicha yagona milliy maʼlumotlar bazasini muvofiqlashtirish hamda real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvini taʼminlash;

hayvonlarni identifikatsiya qilish ishlariga jalb qilinadigan xodimlarni oʻqitish va malakasini oshirib borish;

hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartib-taomillarini ishlab chiqish;

xalqaro tajriba asosida hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish.

6. Identifikatsiya markazining ijro etuvchi apparati tuzilmasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining mavjud shtat birliklari doirasida belgilanadi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisiga, zarur hollarda, Identifikatsiya markazining ijro etuvchi apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

7. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi uch oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari, tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlarida kamida 2 ta shtat birligidan iborat Identifikatsiya markazining sektorlari faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari va chorvachilik fermer xoʻjaliklarini jalb qilgan holda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan tumanlarda quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan chorvachilik klasterlari tashkil etilishini taʼminlasin:

goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek, aholidan yigʻib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot shaklida realizatsiya qilish;

tayyor ozuqa yem mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni aholiga qulay boʻlgan hududlarda sotish shoxobchalarini tashkil etish;

aholi xonadonlariga mahsuldor naslli mollarni yetkazib berish;

chorva mollarini soʻyish kushxonalari, terilarni qabul qilish va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish;

terini qayta ishlovchi korxonalar bilan birgalikda kooperatsiya asosida teridan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish.

9. Belgilansinki, mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan tumanlarda tashkil etiladigan chorvachilik klasterlariga:

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida jalb qilingan resurslar hisobidan 60 million AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratiladi;

paxta va gʻalla ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga har bir tumanda kamida 100 — 150 gektar maydon ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratiladi.

Bunda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil paxta va gʻalla hosili uchun rejalashtiriladigan ekin maydonlarini qisqartirishni hisobga olsin va ozuqabop ekinlar ekilishini taʼminlasin.

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining “Oʻznaslchilik” davlat korxonasini davlat muassasasi shaklidagi Naslchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. Quyidagilar Markazning seleksiya va naslchilik sohasidagi asosiy vazifalari etib belgilansin:

nasldor buqalarning urugʻini qadoqlashning zamonaviy usullarini keng koʻlamda joriy etish, “AndroVision” CASA dasturi asosida sifatli urugʻ tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;

goʻsht va sut yoʻnalishida nasldor qoramollarning embrionlarini “in vitro” usulida tayyorlash va koʻchirib oʻtkazishning innovatsion laboratoriyasini tashkil etish;

nasldor va sport otlarining urugʻlari va embrionlarini chuqur muzlatilgan holda tayyorlash texnologiyasini yoʻlga qoʻyish hamda shartnoma asosida konsalting xizmatlarini koʻrsatish;

nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlarini sotish, sifatli yetkazib berish, xalqaro va mahalliy konsultantlarni jalb etgan holda iqtidorli yoshlar hamda yosh olimlarning bu boradagi bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish.

(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2025-y., 07/25/34/0096-son)

Belgilansinki, Markaz faoliyati uning xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlari, mahalliy va xorijiy grantlar, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

12. Toshkent viloyati hokimligi Kadastr agentligi bilan birgalikda Markazni joylashtirish va uning oʻz faoliyatini amalga oshirishi hamda yangi bino va inshootlarni qurishi uchun belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi bilan yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.

13. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, “Ijodkor” mahalla fuqarolar yigʻini, Milliy bogʻ koʻchasida joylashgan Markazni koʻchirish va joylashtirish uchun xususiy mulk sotib olish, taʼmirlash, yangi bino va inshootlar qurish hamda laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlarni xarid qilish xarajatlarini Qoʻmita huzuridagi Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 50 milliard soʻmgacha miqdorda moliyalashtirishga ruxsat etilsin. Bunda:

Markazga qarashli Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, “Ijodkor” mahalla fuqarolar yigʻini, Milliy bogʻ koʻchasida joylashgan bino va inshootlar yer uchastkasi bilan birga (keyingi oʻrinlarda — obyekt) sotish uchun elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi;

obyektni baholash, baholash hisobotlarining ishonchliligini ekspertiza qilish, savdoga chiqarish, sotish hamda tijorat banklari garovidan chiqarish yoki garov taʼminotini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi;

obyektni sotishdan tushgan mablagʻlar (savdolarga chiqarish va sotish bilan bogʻliq xarajatlarni chegirgan holda) toʻliq Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga obyektni zaruratga qarab lotlarga boʻlgan holda elektron onlayn auksion savdolari orqali sotuvga chiqarishga ruxsat berilsin.

14. Belgilansinki, Markazga qarashli yer maydoni hamda bino va inshootlarni sotishdan tushgan mablagʻlar quyidagilarga yoʻnaltiriladi:

Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Markazni joylashtirish uchun xususiy mulk sotib olish, taʼmirlash, yangi bino va inshootlar qurish, hamda laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlarni xarid qilish xarajatlarini qoplash;

naslchilik ishi sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish oʻquv kurslarini tashkil etish, ularni xorijiy davlatlarga yuborish, chet eldan ekspertlarni jalb qilish, xalqaro koʻrgazmalar va forumlar oʻtkazish;

naslchilik ishi va sunʼiy urugʻlantirish bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarni moddiy-texnika vositalari, shu jumladan dyuar idishlari va boshqa zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlash.

15. Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga Markazni joylashtirish uchun bino va inshootlarni qurish hamda taʼmirlash ishlarini taklif soʻrovi asosida amalga oshirishga ruxsat berilsin.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PQ-179-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2026-y., 07/26/179/0521-son)

16. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining naslchilik sohasini nazorat qilish boʻlimi va hududiy boʻlinmalarining 146 ta shtat birliklarini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

17. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab chorvachilik xoʻjaliklari oʻz ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining kafolati asosida 180 kun ichida toʻlab berish tizimi joriy etilsin.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona qoʻmitasi va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu bandda belgilangan tizimni joriy qilish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.

18. Belgilansinki, 2023-yil 1-sentabrdan boshlab 2025-yil 31-dekabrga qadar davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:

chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million soʻm, nasldor qoʻy va echkining har bir boshiga 400 ming soʻm miqdorida;

parrandachilik xoʻjaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor joʻjani import qilish bilan bogʻliq xarajatlarning 15 ming soʻmini qoplash uchun.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4576-son qarori bilan tasdiqlangan Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashining yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashining chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirishga oid topshiriqlari va koʻrsatmalari barcha davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

20. Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirish yuzasidan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

21. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan tumanlarda hayvonlarni identifikatsiya qilishga hamda chorvachilik loyihalari uchun kredit mablagʻlarini ajratishni tashkillashtirishga masʼul hisoblanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan tumanlarda chorvachilik loyihalarini amalga oshirishga, ozuqa uchun yer maydonlarini ajratishga va toʻliq hajmda ishga tushirishga masʼul hisoblanadi.

22. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

23. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A. Voitov hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi B. Norqobilov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 24-avgust,

PQ-285-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-avgustdagi PQ-285-son qaroriga1-ILOVA

Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish tizimi dastlabki bosqichda joriy etiladigan chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-avgustdagi PQ-285-son qaroriga2-ILOVA

Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-avgustdagi PQ-285-son qaroriga3-ILOVA

Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirish yuzasidan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.