PQ-278-son Qaror · 15.08.2023

Koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-278
  • Qabul qilingan sana:15.08.2023
  • Kuchga kirgan sana:23.08.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/278/0647

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqarish organlari bilan mulkdorlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, aholiga sifatli xizmat koʻrsatilishini hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov intizomini taʼminlash hamda sohaga yetarli malaka, koʻnikma va moddiy-texnik bazaga ega boʻlgan boshqarish organlarini jalb qilish maqsadida:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 1-ilovaga muvofiq chegaralari belgilangan koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga bir oy muddatda doimiy foydalanish huquqi asosida berish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublikadagi qolgan koʻp kvartirali uylarning tutash yer uchastkalari chegaralarini belgilab, “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilishini taʼminlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari chegaralari belgilangan koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini tegishli koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga bir oy muddatda doimiy foydalanish huquqi asosida berish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

a) Kadastr agentligi tomonidan koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarining mavjud topografik tasvirlari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga bepul taqdim etiladi;

b) 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

koʻp kvartirali uylardagi koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni tasdiqlash notariuslar tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining axborot tizimi orqali tegishli mulkdorning majburiy badallar yoki toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi;

umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallarning yoki toʻlovlarning eng kam miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan belgilanadi;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlariga agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilarni (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil boʻlgan chiqindilarni maishiy chiqindilarni toʻplash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yigʻishga ruxsat etiladi. Bunda:

mazkur chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun belgilangan majburiy toʻlovlarga qoʻshilgan holda yagona toʻlov sifatida undiriladi;

agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilarni (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil boʻlgan chiqindilarni yigʻish va maishiy chiqindilarni toʻplash punktlariga yoki kelishilgan maxsus joylarga yetkazish toʻliq koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan amalga oshiriladi;

maishiy chiqindilarni toʻplash punktlarida yoki kelishilgan maxsus joylarda toʻplangan agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil boʻlgan chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlar tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari bilan kelishilgan holda reja-grafik asosida amalga oshiriladi;

v) quruvchi tashkilot qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni jalb qiladi. Boshqaruvchi tashkilot aniqlanmagan koʻp kvartirali uylar foydalanishga qabul qilinmaydi;

g) koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning minimal roʻyxati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

3. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

koʻp kvartirali uylar va ularga tutash yer uchastkalari uchun qarz mablagʻlari, shu jumladan bank kreditlari koʻp kvartirali uylarning barcha joylar mulkdorlari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida olinishi mumkinligi;

koʻp kvartirali uyni boshqarish tashkilotini yoki boshqaruvchini almashtirish muddatiga cheklov qoʻyish;

koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini va boshqarish organini tanlash masalasi yuzasidan barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bersa, umumiy yigʻilishning qarori qabul qilingan deb hisoblanishi.

4. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda koʻp kvartirali uylarning boshqarish organlari foydalanishida boʻlgan davlatga tegishli bino va inshootlarni, shuningdek, davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan bino va inshootlarni xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Kommunal taʼminot markazi” davlat muassasasiga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazish boʻyicha choralar koʻrsin.

5. Hisob palatasi Bosh prokuratura hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari shirkatlarining va boshqaruvchi tashkilotlarning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oldidagi 80,5 mlrd soʻm miqdoridagi qarzdorligi va ular uchun hisoblangan jarimalar yuzasidan oʻrganish oʻtkazsin hamda ushbu qarzdorlikni undirish boʻyicha taklif kiritsin. Bunda, mazkur qarzdorlikning toʻlov muddati 2024-yil 1-oktabrga qadar kechiktirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasida renovatsiya dasturini amalga oshirishni tashkiliy va huquqiy jihatdan taʼminlash boʻyicha ishchi guruh 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Ishchi guruhga quyidagi vazifalar yuklansin:

renovatsiya dasturini amalga oshirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

renovatsiya toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishini taʼminlash;

renovatsiya dasturi amalga oshiriladigan hududlarni kelishish;

renovatsiya dasturini amalga oshirishdagi muammolarni aniqlash va ularni yechish boʻyicha tizimli takliflar ishlab chiqish;

davlat organlarining renovatsiya sohasidagi kelishilgan faoliyatini taʼminlash;

amalga oshirilayotgan renovatsiya dasturlarining samaradorligini monitoring qilish;

xorijiy davlatlarning renovatsiya yoʻnalishidagi ilgʻor tajribasini oʻrganish.

7. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan faoliyatni amalga oshirish jarayonida tegishli mulkdorlarning huquqlari buzilishini oldini olish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:

koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari va joylar mulkdorlari tomonidan issiqlik taʼminotidan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulk va ularga tutash yer uchastkalarida amalga oshirilgan taʼmirlash-tiklash ishlarining qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.

8. Uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish yuzasidan “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-5152-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

10. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 15-avgust,

PQ-278-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son qaroriga1-ILOVA

Koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarining chegaralari belgilanishi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida renovatsiya dasturini amalga oshirishni tashkiliy va huquqiy jihatdan taʼminlash boʻyicha ishchi guruh

Izohlar:

1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

2. Ishchi guruh oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda, zaruriy hollarda, boshqa tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi rahbar va masʼul xodimlarini jalb etishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son qaroriga3-ILOVA

Uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish yuzasidan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-5152-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 7-bandda:

“e” va “j” kichik bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

“k” kichik bandning toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

2. 5-ilovaning 15-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.