2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, milliy iqtisodiyot, xususan, sanoatning kam uglerodli rivojlanishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qoʻllash” (iCRAFT) loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga 46,25 mln AQSh dollari miqdorida mablagʻ ajratilishi maʼqullangani;
b) Loyiha:
20,0 mln AQSh dollari miqdoridagi moliyalashtirish hajmiga ega “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi” komponentidan;
25,0 mln AQSh dollari miqdoridagi moliyalashtirish hajmiga ega “Oqibatlarni yumshatish natijalarini sotib olish shartnomasi” komponentidan iborat ekanligi;
v) Loyiha doirasida:
1,25 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlar Jahon banki orqali Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Moslashish va emissiyalarni qisqartirish global jamgʻarmasiga yoʻnaltirilishi;
2,0 mln AQSh dollari miqdoridagi qoʻshimcha texnik koʻmak sifatida ajratiladigan mablagʻlar institutsional salohiyatni rivojlantirish hamda issiqxona gazlari emissiyasini nazorat qilish infratuzilmasini yaratish (issiqxona gazlari reyestrini yaratish, monitoring, hisobot va tekshirish (MRV) tizimini ishlab chiqish) ishlarini moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qoʻllash” (iCRAFT) loyihasining asosiy yoʻnalishlari va ularga ajratiladigan mablagʻlar miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Loyiha 2023 — 2028-yillar davomida respublika miqyosida amalga oshiriladi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi Jahon banki tomonidan qoʻshimcha texnik koʻmak sifatida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 7 ta shtat birligiga kengaytirilib, Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi;
Loyiha doirasida uglerod emissiyalarini qisqartirish va energiya resurslarini iqtisod qilish maqsadida elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti sohasidagi tarif siyosati bosqichma-bosqich takomillashtiriladi;
Loyihaning “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi” komponenti doirasida kamaytirilgan 1 tonna uglerod emissiyasi boʻyicha kelishilgan narx 15 AQSh dollarini, “Oqibatlarni yumshatish natijalarini sotib olish shartnomasi” komponenti doirasida kamaytirilgan 1 tonna uglerod emissiyasi boʻyicha kelishilgan narx 30 AQSh dollarini tashkil etadi.
4. Iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon banki oʻrtasidagi Loyihani amalga oshirish yuzasidan moliyaviy bitimlarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
uch oy muddatda Loyiha doirasida Uglerod aktivlari transformativ fondining vasiysi hisoblanadigan Jahon banki bilan “Qabul qiluvchi tomon bilan kelishuv” imzolanishini;
uch oy muddatda Energetika vazirligi bilan birgalikda joriy yil Uglerod aktivlari transformativ fondining vasiysi hisoblanadigan Jahon banki bilan “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish kelishuvi” va “Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish natijalarini sotib olish kelishuvi” imzolanishini;
ikki oy muddatda Loyiha doirasida tijorat banklarida milliy va chet el valyutalarida maxsus maqsadli hisob raqami ochilishini;
tashkil etilayotgan “Yashil” iqtisodiyot onlayn platformasi doirasida issiqxona gazlari reyestri yaratilishini hamda monitoring, hisobot va tekshirish (MRV) tizimi boʻyicha yigʻiladigan maʼlumotlar bazasi ishlab chiqilishini;
2024-yil 1-iyulga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda iqtisodiy faoliyat turlarini ekologik jihatdan tasniflash imkoniyatini beruvchi “yashil” taksonomiya tizimi joriy etilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-156-son qarori 5-bandidan oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 8-avgust,
PQ-271-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-avgustdagi PQ-271-son qarorigaILOVA
“Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qoʻllash” loyihasining asosiy yoʻnalishlari va ularga ajratiladigan mablagʻlar miqdori
* Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, tovarlarni yetkazib berish yuzasidan tenderlar va xizmatlarni bajarish natijalari boʻyicha aniqlanadi.
** Iqtisodiyot va moliya vaziriga Loyiha doirasida ajratilib, iqtisod qilingan mablagʻlarni moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Jahon banki bilan kelishilgan holda qayta taqsimlash huquqi beriladi.