PF-3631-son Farmon · 21.07.2005

Tashqi iqtisodiy va savdo aloqalari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3631
  • Qabul qilingan sana:21.07.2005
  • Kuchga kirgan sana:21.07.2005
  • Rasmiy nashr:ЎР ҚT 28-29

Tashqi iqtisodiy aloqalarni keng rivojlantirish va chuqurlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etishni faollashtirish va xorijiy sarmoyadorlarga ishonchli kafolatlarni taʼminlash, tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari bilan chet el firmalari oʻrtasidagi uzoq muddatli barqaror sheriklik munosabatlarini shakllantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil qilinsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi PF-4858-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 547-modda)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi PF-4858-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 547-modda)

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib;

Agentlikning viloyatlar va Toshkent shahridagi tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha boshqarmalari viloyatlar va Toshkent shahridagi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmalari etib qayta tashkil qilinsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmalari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi hamda agentlik mintaqaviy boshqarmalarining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadilar.

6. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy investitsiyalar va kreditlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash;

eksport salohiyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha Respublika kengashi tugatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tugatilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy investitsiyalar va kreditlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash hamda Eksport imkoniyatlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish respublika kengashining vazifalari yuklansin.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 21-oktabrdagi “Tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida boshqaruv tizimini yanada erkinlashtirish va takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-3151-sonli Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligini tashkil etish hamda uning faoliyati masalalari boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2005-yil 21-iyul,

PF-3631-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.