Karate (WKF) sport turi yoshlar orasida katta ommalashuv bilan foydalanayotganligini hisobga olib uni yanada rivojlantirish, karate boʻyicha zamonaviy sport obyektlari va inshootlarini barpo etish, shuningdek, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2023 — 2026-yillarda karate (WKF) sport turini (keyingi oʻrinlarda — karate) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
iqtidorli yoshlarni, shu jumladan qizlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya), ularni sport maktablari va klublarining seksiyalari va toʻgaraklariga jalb etish;
aholining barcha qatlamlari, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning karate bilan shugʻullanishi uchun hududlarda “Karate hamma uchun” dasturini amalga oshirish;
maktabgacha yoshdagi bolalarda karatening “Kata” yoʻnalishiga qiziqish uygʻotish orqali nafas olish, xotira va konsentratsiyani saqlash, vestibulyar apparatni chiniqtirish kabi sogʻlomlashtirish ishlarini olib borish, texnik koʻmak loyihalarini jalb etish orqali “Kids karate” (kids karate) loyihasini amalga oshirish;
karate boʻyicha zamonaviy sport obyektlarini barpo etish, mavjudlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash;
karate boʻyicha professional sportchilar sifatida tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish;
karatega oʻqitishning zamonaviy metodikalariga asoslangan ilmiy-uslubiy va oʻquv adabiyotlar bilan taʼminlash hamda tibbiy xizmatni rivojlantirish;
ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida sogʻlom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi va bolalarni barkamol inson etib tarbiyalashga xizmat qiladigan sport turi sifatida karateni targʻib qilishga yoʻnaltirilgan yangi va samarali usullarni joriy qilish.
2. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining:
Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasini Oʻzbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Karate assotsiatsiyasi) etib qayta tashkil qilish;
joylarda ishlarni rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Karate assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalarini tashkil etish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida parakarateni rivojlantirish va ularning bu boradagi iqtidorini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tuzilmasida parakarate boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilansinki, Karate assotsiatsiyasi:
Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Xalqaro karate federatsiyasi (WKF) tomonidan oʻrnatilgan talab va qoidalar asosida Oʻzbekistonda karate boʻyicha barcha federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyatini birlashtiradi hamda ular oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni tashkil etadi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uch oy muddatda Karate assotsiatsiyasining hududiy boʻlimlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish uchun ularga hududiy yirik tashkilotlar va homiylarni biriktirsin hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar ajratilishini taʼminlasin.
4. Quyidagilar:
2023 — 2026-yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2023 — 2026-yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2023 — 2026-yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirish dasturini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga Davlat budjeti va homiylar tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
Karate assotsiatsiyasiga uning ustavidagi yoʻnalishlar boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushadigan badal pullari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. 2026-yil Dakar shahrida (Senegal) boʻlib oʻtadigan IV yozgi Yoshlar olimpiya oʻyinlari, shuningdek, Butunjahon sport oʻyinlari, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga (keyingi oʻrinlarda — kompleks musobaqalar) Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlashning ustuvor vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
karate boʻyicha klub, seksiya va toʻgaraklar tarmogʻini kengaytirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish;
ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish orqali hududlarda karate boʻyicha zarur sport infratuzilmasini yaratish;
karate boʻyicha Xalqaro karate federatsiyasi (WKF) tomonidan tasdiqlangan norma va qoidalarda belgilangan yosh toifalari boʻyicha milliy terma jamoa tarkiblarini shakllantirish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda ularning ishtirokini taʼminlash.
6. Belgilab qoʻyilsinki, karate boʻyicha kompleks musobaqalarga sportchilarni tayyorlash, ularning natijadorligini oshirish hamda Karate assotsiatsiyasi faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida (respublika va xalqaro sport musobaqalari, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, Osiyo hamda jahon chempionatlari va kuboklari, Karate assotsiatsiyasining saqlash xarajatlari uchun) 2024-yildan boshlab har yili 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratib boriladi.
Bunda, ushbu mablagʻlarning 3 milliard soʻmi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi hamda qolgan qismi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga Davlat budjeti va homiylar tomonidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2024-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda:
respublikaning barcha hududlarida 7-oktabr kuni — Butunjahon karate kuniga bagʻishlangan Karate festivali;
karate va parakarate boʻyicha nufuzli “Uzbekistan Open” xalqaro turniri;
karate boʻyicha Xalqaro karate federatsiyasining (WKF) tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari boʻyicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar;
karate boʻyicha davlat sport-taʼlim muassasalari oʻrtasida “Oʻzbekiston chempionati” musobaqasi oʻtkaziladi.
8. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov):
a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi va Karate assotsiatsiyasi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda mazkur qarorning 7-bandida koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
respublikada oʻtkaziladigan xalqaro turnirlarda mahalliy karatechilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan xalqaro karatechilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;
mazkur qarorning 7-bandida koʻrsatilgan Karate festivali va xalqaro turnirni 2024-yil 1-yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritsin;
mazkur musobaqalarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin;
b) hududiy terma jamoalarning asosiy tayyorgarlikni olib borishi uchun ularga hududiy sportning yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablarining inshootlarini asosiy baza sifatida biriktirsin.
9. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Karate assotsiatsiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda oʻz mablagʻlari hisobidan zarur shart-sharoitlar mavjud boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida sport maktablari va klublarining trenerlarini jalb etish orqali darsdan tashqari alohida karate seksiyalari va toʻgaraklarini tashkil etsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari karateni ommalashtirish maqsadida:
yoshlar oʻrtasida tuman (shahar) va hudud miqyosida musobaqalarni muntazam ravishda tashkil qilsin;
mahalliy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va sport musobaqalarida hududiy sport jamoalari ishtirok etishini taʼminlasin.
11. Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida Oʻzbekiston karateni rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Karate markazi) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Karate markazi faoliyati Karate assotsiatsiyasi tomonidan Xalqaro karate federatsiyasi (WKF) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda yangi “yetakchi” (lidership) imidjni yaratishga yoʻnaltiriladi.
12. Quyidagilar Karate markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
karate, shu jumladan parakarate boʻyicha yuqori malakali professional sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni ilgʻor xorijiy tajriba asosida tayyorlash;
karate, shu jumladan parakarate boʻyicha sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish;
karate boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida xorijiy mamlakatlarning yetakchi muassasalarini jalb etish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish;
karate, shu jumladan parakarate boʻyicha oʻquv dasturlari va metodologiyani yangilash, sportchi va mutaxassislarning tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar, master-klasslar, oʻquv mashgʻulotlari tashkil etish.
Belgilansinki, Karate markazi barcha yosh toifalari boʻyicha terma jamoalarning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun asosiy sport bazasi hisoblanadi.
13. Karate markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
Karate assotsiatsiyasi mablagʻlari;
faoliyat ixtisosligi boʻyicha xizmatlarni realizatsiya qilishdan va markazning ustavidagi vazifalarga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
asosiy mashgʻulotlar oʻtkazilmaydigan vaqtda boʻsh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va boshqa xalqaro tashkilotlar grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
14. Belgilansinki:
Karate markazi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi Toshkent shahar oliy sport mahorati maktabi faoliyatini maqbullashtirish hisobiga uning oʻrnida tashkil etiladi;
Toshkent shahridagi sportning oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan sport maktabining Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Sakkokiy koʻchasi, 4-“B” uy manzilida joylashgan bino-inshootlari tegishli hududi bilan birga Karate markaziga operativ boshqaruv huquqi bilan oʻtkazib beriladi;
Karate markazi binosi va zarur infratuzilmasini barpo etish 2024-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Bunda, Karate markazi uchun zarur boʻladigan qoʻshimcha bino va inshootlar innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat boʻlmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan barpo etiladi.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Karate markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
15. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (M. Ismailov) Karate assotsiatsiyasi (R. Talipov) bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar:
joylarda karate bilan shugʻullanayotgan, shuningdek, musobaqalarda qatnashuvchi barcha sportchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻliq raqamlashtirsin;
respublika hududlaridagi barcha turdagi davlat va nodavlat taʼlim muassasalari, klub, seksiya va toʻgaraklarda karate bilan shugʻullanayotgan, shuningdek, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining viloyat va respublika kalendar rejalariga kiritilgan musobaqalarda qatnashuvchi karatechilar toʻgʻrisidagi yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirsin.
Bunda, yagona maʼlumotlar bazasini yaratish, ishga tushirish va keyinchalik texnik qoʻllab-quvvatlash Karate assotsiatsiyasiga har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
16. Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Karate assotsiatsiyasi bilan birgalikda Qurolli Kuchlar tizimida karateni ommalashtirish va rivojlantirish ishlarini amalga oshirsin, shu jumladan harbiy xizmatchilar va xodimlar oʻrtasida turnirlar hamda musobaqalarni tashkil qilsin, ularni sport zaxirasi va terma jamoalar tarkibiga jalb qilsin.
17. Belgilab qoʻyilsinki, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida karate boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga va magistratura mutaxassisligiga amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari joriy oʻquv yiliga nisbatan ikki baravarga oshiriladi;
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus va Fargʻona filiallarida karate boʻyicha oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari nazarda tutiladi.
18. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov):
yirik xalqaro sport musobaqalariga sportchilarni tayyorlash boʻyicha komissiyalarning kengaytirilgan yigʻilishlarida mazkur qarorning mazmun-mohiyati, vazifalarning soʻzsiz bajarilishi va yuzaga kelayotgan muammo va masalalar yechimini muhokama qilib borsin;
ikki oy muddatda karate boʻyicha kompleks musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida Karate assotsiatsiyasiga tegishli shart-sharoitlar yaratish uchun homiy tashkilot biriktirsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi O.O. Qosimov hamda Karate assotsiatsiyasi raisi R.A. Talipov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-noyabr,
PQ-356-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi PQ-356-son qaroriga1-ILOVA
2023 — 2026-yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi PQ-356-son qaroriga2-ILOVA
2023 — 2026-yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari