PQ-405-son Qaror · 25.12.2023

Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib qilishni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-405
  • Qabul qilingan sana:25.12.2023
  • Kuchga kirgan sana:27.12.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/405/0979

Mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni, xususan, maqom va baxshichilik sanʼatini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib qilish hamda milliy qadriyatlarimizni keng namoyon etish bilan bogʻliq faoliyatni yanada takomillashtirish, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy oʻrganish va targʻib qilishni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda uning namunalarini aniqlash, roʻyxatlarga kiritish, raqamlashtirish, targʻib qilish va saqlash;

maqom va baxshichilik sanʼatini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, targʻib qilishni yanada rivojlantirish;

nomoddiy madaniy merosning noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan namunalarining, shuningdek, merosni muhofaza qilish boʻyicha ilgʻor tajribalarning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya doirasida xalqaro roʻyxatlarga kiritilishiga erishish;

nomoddiy madaniy merosni doimiy ravishda oʻrganishni yoʻlga qoʻyish maqsadida respublika va xalqaro miqyosda etnofolklor ekspeditsiyalari tashkil qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, fundamental va maqsadli grantlar ajratilishini taʼminlash;

nomoddiy madaniy meros taʼlimning barcha bosqichlarida oʻrganilishini tashkil etish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash.

2. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):

taniqli baxshilar ishtirokida folklor teatrlashtirilgan tomoshalarni sahnalashtirsin va ularning respublika teatrlarida namoyish etilishini tashkil qilsin;

xalq dostonlari va ertaklar asosida bolalar uchun multfilmlar yaratish choralarini koʻrsin.

3. Nomoddiy madaniy merosni saqlash va keyingi avlodlarga yetkazishni taʼminlash boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2024-yil 1-apreldan boshlab:

a) noyob va (yoki) yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan nomoddiy madaniy meros namunalari boʻyicha:

Madaniyat vazirligi tomonidan birinchi bosqichda ushbu toifadagi nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga nomoddiy madaniy meros namunalarini asrab-avaylash, ommalashtirish va keyingi avlodga yetkazish borasidagi faoliyatida koʻmaklashiladi hamda ularning bu boradagi faoliyatini baholash koʻrsatkichlari belgilab beriladi;

ushbu koʻrsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan har oyda 5 million soʻm miqdorida ragʻbatlantirib boriladi;

b) alohida ahamiyatga ega boʻlgan nomoddiy madaniy meros namunalari boʻyicha:

nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng targʻib qilish, jumladan Internet va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish uchun har yili 50 ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi;

audiovizual asar yaratish boʻyicha davlat buyurtmasi Madaniyat vazirligi tomonidan tuziladigan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida amalga oshiriladi.

4. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, “Hunarmand” uyushmasi va Madaniy meros agentligining nomoddiy madaniy meros namunalarini “tayyorlash — oʻrgatish — tiklash — saqlash — ommalashtirish” yaxlit uzluksiz tizim asosida rivojlantirish boʻyicha taklifi maʼqullansin.

Bunda, tajriba tariqasida Fargʻona viloyati hokimligi Madaniyat vazirligi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda Rishton xalqaro kulolchilik markazi va Margʻilon shahridagi Hunarmandchilik markazida tegishlicha quyidagilarni taʼminlaydi:

atlas va adras mahsulotlari hamda kulolchilik buyumlari tayyorlanadi, ularni tayyorlash “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga oʻrgatiladi, ilmiy tadqiqotlar, koʻrgazma va namoyishlar tashkil qilinadi, ularning savdosi yoʻlga qoʻyiladi;

doimiy ekspozitsiyalar yaratiladi, shuningdek, atlas va adras mahsulotlari hamda kulolchilik buyumlarining eng yaxshi namunalari “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida davlat muzeylariga xarid qilib olinadi.

Madaniyat vazirligi 2026-yil 1-yanvarga qadar tajriba natijasini tahlil qilgan holda ushbu tizimni nomoddiy madaniy meros namunalarining boshqa turlari boʻyicha joriy etish hamda ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Nomoddiy madaniy merosning alohida namunalarini ilmiy-amaliy asosda kompleks rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) ushbu qarorga 1-ilovada tasdiqlangan nomoddiy madaniy meros namunalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha ilmiy-amaliy va ijodiy maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻysin, shuningdek, 2025-yil 1-yanvarga qadar ularning natijadorligini oʻrgangan holda ushbu tizimni nomoddiy madaniy meros namunalarining boshqa turlari boʻyicha yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

6. Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilgani inobatga olinsin hamda uning asosiy vazifalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Institutda etnofolklor laboratoriyasi tashkil etilib, unda:

yoʻqolib ketgan noyob nomoddiy madaniy meros namunalari va ular bilan bogʻliq boʻlgan asbob-anjomlar, artefaktlar, madaniy makonlarni qayta tiklash;

nomoddiy madaniy meros namunalarining davrlar oʻtishi bilan oʻzgarib borishi va kelajakdagi holatini modellashtirish;

nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi materiallar, axborot tashuvchi vositalar, etnofolklor ekspeditsiyalarida toʻplangan materiallarni texnologiyalar oʻzgarishiga mutanosib ravishda zamonaviy formatga oʻtkazib borish hamda audiovizuallashtirish yoʻlga qoʻyilsin.

8. Belgilansinki:

Institut ixtisoslashtirilgan davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi hamda uning xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi;

Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M. Xojimatov) va uning tizimidagi muassasalar Institut tomonidan bajariladigan ishlar va koʻrsatiladigan xizmatlar (tovarlar) boʻyicha asosiy buyurtmachi hisoblanadi;

Institutda tegishli ixtisoslashgan ilmiy kengashlar faoliyat olib boradi;

Respublika baxshichilik sanʼati markazi Institut tizimiga oʻtkaziladi;

Respublika baxshichilik sanʼati markazi 2024-yildan boshlab respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilib, Madaniyat vazirligiga tegishli Toshkent shahridagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda Institut faoliyatini, shu jumladan unda zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan etnofolklor laboratoriyasini tashkil etishga oid Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

Institutga 2024-yildan boshlab har yili tayanch doktorantura uchun kamida 3 tadan, stajyor-tadqiqotchilik uchun kamida 2 tadan kvota ajratilishini;

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi PF-54-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2026-y., 06/26/54/0320-son)

nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish, xususan, maqom va baxshichilik sanʼati boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasining tanlovlar asosida shakllantirilishini taʼminlasin.

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yildan boshlab har yili madaniyatshunoslik, nomoddiy madaniy meros sohalari, xususan, maqom va baxshichilik sanʼati boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan ilmiy xodimlar xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalarga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladi.

Belgilansinki:

xorijiy oliy taʼlim muassasalariga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladigan nomzodlar pedagogik-ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan, magistrlik darajasiga ega boʻlgan iqtidorli va samarali faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar oʻrtasida ochiq tanlov asosida saralab olinadi;

xorijiy oliy taʼlim muassasalariga oʻqituvchi va xodimlarni falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuborish bilan bogʻliq xarajatlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga xorijda doktoranturada taʼlim olish dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

11. Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib qilishda madaniyat va taʼlim tashkilotlarining uzviy hamkorligi quyidagi tartibda yoʻlga qoʻyilsin:

taʼlim oluvchilar etnofolklor ekspeditsiyalariga va davlat buyurtmalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishga jalb etiladi;

katta amaliy tajribaga ega boʻlgan nomoddiy madaniy meros saqlovchi shaxslar va etnofolklor ekspeditsiyalari ishtirokchilariga, ularning mutaxassisligidan qatʼi nazar, istisno tariqasida, Institut ilmiy kengashining tavsiyasiga asosan amaliyot darslarini oʻtishi uchun ruxsat beriladi.

Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlasin.

12. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov), Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M. Xojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov) bilan birgalikda:

Madaniyat vazirligiga ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻzbek xalq dostonlarining jonli ijrodan yozib olingan namunalarini hamda “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildlik toʻplamini nashr etish ishlarining yakunlanishini taʼminlasin;

2024-yildan boshlab, har yili mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillarini oʻtkazib borsin.

13. Quyidagilar:

YUNESKOning xalqaro roʻyxatlariga taqdim etish uchun nomzodnoma hujjatlari tayyorlanadigan nomoddiy madaniy meros namunalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda nomoddiy madaniy merosni ilmiy oʻrganish boʻyicha mahalliy va xorijiy etnofolklor ekspeditsiyalarini tashkil etish rejasi 4-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda nomoddiy madaniy merosni ilmiy oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha fundamental va maqsadli grantlar boʻyicha davlat buyurtmalari rejasi 5-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda nomoddiy madaniy meros namunalarini elektron hujjat shaklida rasmiylashtirish rejasi 6-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 7-ilovaga muvofiq;

2024-yilda nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib qilishni yanada kengroq qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, kelgusi yillar uchun ushbu bandda nazarda tutilgan rejalar, maqsadli koʻrsatkichlar va “yoʻl xaritasi” Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

14. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M. Xojimatov), Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev) bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar “Qadriyat” elektron platformasi va uning mobil ilovasini yaratsin hamda tegishli elektron xizmatlar va manbalar bilan integratsiya qilsin.

Belgilansinki:

a) “Qadriyat” elektron platformasida:

nomoddiy madaniy merosni, shu jumladan maqom va baxshichilik sanʼati namunalarini oʻzida saqlovchi va yetkazuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda ularning roʻyxati;

nomoddiy madaniy merosni, jumladan maqom va baxshichilik sanʼati namunalarini elektron hujjatlashtirish, hisobini yuritish va ular haqidagi materiallar, matn, foto va boshqa audiovizual asarlar;

sohaga oid xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar, mahalliy va xorijiy etnofolklor ekspeditsiyalari materiallari, xalqaro roʻyxatlarga kiritilgan nomoddiy madaniy meros namunalari haqidagi batafsil maʼlumotlar joylashtiriladi hamda muntazam ravishda yangilab boriladi;

b) “Qadriyat” elektron platformasini yaratish bilan bogʻliq xarajatlar Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasiga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi hamda elektron platformani doimiy ravishda modernizatsiya qilish, texnik qoʻllab-quvvatlash va faoliyat yuritishi Institut tomonidan taʼminlanadi.

15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Madaniyat vazirligi bilan birgalikda hududlarda madaniyat va istirohat bogʻlarini, mahalla guzarlarini, turizm maskanlarini va aholi gavjum savdo va koʻngilochar joylarni nomoddiy madaniy meros namunalari bilan badiiy bezash amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

16. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 25-dekabr,

PQ-405-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga1-ILOVA

Nomoddiy madaniy merosning alohida namunalarini ilmiy-amaliy asosda kompleks rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish

Izoh: ushbu rejada belgilangan ijodiy va amaliy rivojlantirishga hamda ilmiy tadqiq etishga masʼullar tarkibiga madaniyat vazirining buyrugʻi bilan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Ushbu rejada belgilangan nomoddiy madaniy meros namunalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha ilmiy-amaliy va ijodiy maktablarning faoliyati tegishli yetakchi ijodiy markazlarda yuridik shaxs tashkil etilmagan holda yoʻlga qoʻyiladi.

Buxoro shahri va Toshkent shahrida yetakchi ijodiy markazlar tegishlicha Buxoro viloyati hokimligi va Toshkent shahri hokimligi tomonidan belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga2-ILOVA

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutining

Quyidagilar Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari hisoblanadi:

madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy baza, institutsional tizim va madaniyat muassasalari faoliyatini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish hamda ularni yanada takomillashtirish boʻyicha ilmiy xulosa va takliflar tayyorlash;

xalqimizning maʼnaviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirish, yurtdoshlarimizni milliy madaniyatimiz va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan keng bahramand etish, jamiyatning madaniy-estetik ehtiyojlarini taʼminlash boʻyicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqish;

madaniyat tashkilotlari, jumladan, madaniyat markazlari, teatrlar, sirk muassasalari, konsert tashkilotlari, madaniyat va istirohat bogʻlarining faoliyatini, shuningdek, madaniy-ommaviy, konsert-tomosha, gastrol tadbirlari, xalq ijodiyoti, badiiy hunarmandchilik, amaliy sanʼat turlari hamda xalq oʻyinlarini ilmiy oʻrganish va ularni ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlash;

madaniyat, sanʼat, badiiy ijod, madaniyatshunoslik hamda nomoddiy madaniy meros sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, etnofolklor ekspeditsiyalarini uyushtirish, sohada innovatsion texnologiyalarni keng qoʻllash, shuningdek, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy va amaliy grant loyihalarini amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasida nomoddiy madaniy meros muhofazasini tashkil etishning nazariy va ilmiy metodologik asoslarini yaratish;

mamlakatimiz hududlaridagi nomoddiy madaniy meros elementlarining milliy roʻyxatini yuritish, hujjatlashtirish, muhofaza va nazorat qilish, bu yoʻnalishda davriy hisobotlarning tayyorlanishi va doimiy ravishda yangilab, toʻldirib borilishini taʼminlash, ularning namunalarini umumeʼtirof etilgan xalqaro roʻyxatlarga kiritish uchun tegishli hujjatlarni ishlab chiqish;

aholi oʻrtasida, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda nomoddiy madaniy merosni keng targʻib qilish, ommalashtirish hamda bu sohada ilmiy asoslangan uslublarni ishlab chiqish;

taʼlimning barcha turlari uchun nomoddiy madaniy meros sohasi boʻyicha taʼlim standartlari va fan dasturlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, ilmiy-uslubiy tavsiyanomalar, shu jumladan, audio, video va elektron darsliklar, onlayn darslar hamda boshqa turdagi ilmiy-metodik materiallarni tayyorlash.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga3-ILOVA

YUNESKOning xalqaro roʻyxatlariga taqdim etish uchun nomzodnoma hujjatlari tayyorlanadigan nomoddiy madaniy meros namunalari

Izoh: ushbu roʻyxatga YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Ushbu roʻyxatga muvofiq nomzodnoma hujjatlari tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qarori bilan tasdiqlangan Nomoddiy madaniy merosning alohida namunalarini ilmiy-amaliy asosda kompleks rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish rejasida belgilangan qoʻllab-quvvatlashga masʼul tashkilot mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga4-ILOVA

2024 — 2026-yillarda nomoddiy madaniy merosni ilmiy oʻrganish boʻyicha mahalliy va xorijiy etnofolklor ekspeditsiyalarini tashkil etish

Izoh: ushbu rejada belgilangan ekspeditsiyalar Madaniyat vazirligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va tegishli xorijiy davlat bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Ushbu rejaga, zarur hollarda, Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga5-ILOVA

2024 — 2026-yillarda nomoddiy madaniy merosni ilmiy oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha fundamental va maqsadli grantlar boʻyicha davlat buyurtmalari rejasi

Izoh: ushbu rejaning bajarilishiga Madaniyat vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi masʼul hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga6-ILOVA

2024 — 2026-yillarda nomoddiy madaniy meros namunalarini elektron hujjat shaklida rasmiylashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga7-ILOVA

2024 — 2026-yillarda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-405-son qaroriga8-ILOVA

2024-yilda nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va targʻib qilishni yanada kengroq qoʻllab-quvvatlash boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.