PQ-47-son Qaror · 31.01.2024

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-47
  • Qabul qilingan sana:31.01.2024
  • Kuchga kirgan sana:02.02.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/47/0085

Shaharlar infratuzilmasini kompleks rivojlantirish va ularni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini izchil davom ettirish, oʻrta shaharlar aholisining servis xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, shaharlarning iqtisodiy va turistik salohiyatini yanada oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida birinchi bosqichda “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) tajriba-sinov shaharlari sifatida Yangiyoʻl, Kogon va Chortoq shaharlarida amalga oshirilayotganligi;

b) Loyihani qoʻshimcha moliyalashtirish uchun:

2021-yil 10-iyunda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Direktorlar kengashi tomonidan 100 mln AQSh dollari va 2021-yil 11-iyunda Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 mln AQSh dollari miqdoridagi qarz mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasiga taqdim etish maʼqullanganligi;

2022-yil 30-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va 2022-yil 14-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki oʻrtasida har biri 100 million AQSh dollari miqdorida 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 30 yil muddatga qarz bitimlari imzolanganligi;

Oʻzbekiston Respublikasining ulushi soliq va bojxona toʻlovlari hamda moliyaviy xarajatlar, shuningdek, koʻchib oʻtish boʻyicha xarajatlarni qoplash koʻrinishida 43,2 million AQSh dollari ekvivalentini tashkil etishi;

v) Loyihani qoʻshimcha moliyalashtirish uchun jalb etilayotgan mablagʻlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga 5 yil (2023 — 2027 yy.) davomida yoʻnaltirilishi;

g) Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan dastlabki oʻrganishlar natijasi boʻyicha xarajatlar (60 million AQSh dollarigacha) maqbullashtirilishi mumkinligi aniqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Loyiha doirasida ustuvor ravishda oʻrta shaharlar urbanizatsiya darajasini oshirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan hududning iqtisodiy faolligini oshirish hamda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmalarini kompleks rivojlantirish (ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarini tortish, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash) boʻyicha tadbirlar amalga oshiriladi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Loyihani boshqarish va muvofiqlashtirish, shu jumladan Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash, uning monitoringi va hisobotini yuritish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida tashkil etilgan Loyihani amalga oshirish guruhi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tasarrufiga oʻtkaziladi;

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Loyiha doirasida zarur tashkiliy-texnik tadbirlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish, shuningdek, qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlash uchun javobgar hisoblanadi;

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarz mablagʻlarini soʻndirish, shuningdek, qarz mablagʻlari boʻyicha foizlar va boshqa xarajatlar bilan bogʻliq toʻlovlarni qoplash Oʻzbekiston Respublikasining respublika va tegishli viloyatlarning mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda amalga oshiriladi.

3. Quyidagilar:

“Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qoʻshimcha moliyalashtirishning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

“Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qoʻshimcha moliyalashtirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

“Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qoʻshimcha moliyalashtirish doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari:

Loyihani amalga oshirish boʻyicha tuman va shaharlar kesimida tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” ijrosini har oyda viloyat xalq deputatlari Kengashlarida muhokama qilib borsin;

har oy yakuni bilan Loyihani amalga oshirish boʻyicha hisobotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritib borsin.

5. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Loyiha doirasida maqbullashtiriladigan mablagʻlar hisobidan 4-ilovaga muvofiq Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida qoʻshimcha ravishda yangi loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

a) ikki oy muddatda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi Loyihani amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin:

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha boshqa dasturlarga kiritilgan obyektlarning Loyihada takrorlanmasligini taʼminlash;

Loyihani amalga oshirishda mahalliy qurilish materiallaridan keng foydalanish;

batafsil loyihalashtirish jarayonlarida zamonaviy va eng maqbul yechim va takliflar, ilgʻor tejamkor texnologiyalarni keng qoʻllash hamda har bir obyekt qiymatidan ortiqcha xarajatlarni chiqarib tashlash va tenderlarni samarali oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash;

b) har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga Loyihaning amalga oshirilishi holati yuzasidan axborot kiritib borsin;

v) Loyihani muvofiqlashtirish va boshqarish maqsadida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan kelishilgan holda amalda faoliyat yuritayotgan Loyihani amalga oshirish guruhining malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari takliflari asosida, zarur hollarda, Loyihaning texnik-iqtisodiy asosiga uning umumiy qiymatidan chiqmagan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.

7. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki oʻrtasida imzolangan qarz bitimlari boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosalar bersin.

8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligining buyurtmanomalariga binoan Loyihani amalga oshirish doirasida respublikaga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.

9. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Loyiha doirasida jalb qilingan mablagʻlarning ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4409-son qaroriga asosan Loyihaning birinchi bosqichida amalga oshirilgan ishlarni oʻrganib, ularni jadallashtirish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4409-son qaroriga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

12. Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari I.I. Norqulov Qashqadaryo viloyati hokimi M.B. Azimov va Surxondaryo viloyati hokimi U.B. Qosimov bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va Loyiha doirasida amalga oshiriladigan subloyihalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.

13. Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, shuningdek, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 31-yanvar,

PQ-47-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-yanvardagi PQ-47-son qaroriga 1-ILOVA

“Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qoʻshimcha moliyalashtirishning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari

* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan keyin hamda tovarlar (ishlar va xizmatlar)ni yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalariga koʻra aniqlanadi.

** Ushbu komponent foydalanilmayotgan loyiha mablagʻlarini tabiiy yoki texnogen ofatlar (masalan, yirik boʻronlar, suv toshqinlari, zilzilalar, qurgʻoqchiliklar), sogʻliqni saqlash inqirozlari yoki favqulodda vaziyatlar (kasallik avjlari) sodir boʻlganda ehtiyojlarga koʻra tezda qayta taqsimlash imkonini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-yanvardagi PQ-47-son qaroriga 2-ILOVA

“Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qoʻshimcha moliyalashtirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning

* Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-yanvardagi PQ-47-son qaroriga 3-ILOVA

“Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini qoʻshimcha moliyalashtirish doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarzidan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning

* Bir martalik komissiya qarz miqdoridan qoplanadi (kapitalizatsiya qilinadi).

** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-yanvardagi PQ-47-son qaroriga 4-ILOVA

“Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida maqbullashtiriladigan mablagʻlar hisobidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladigan qoʻshimcha yangi loyihalar

* Qoʻshimcha loyihalar roʻyxati va uning parametrlariga Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari taklifiga asosan Loyihani amalga oshirish boʻyicha qoʻllanmaga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-yanvardagi PQ-47-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4409-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 3-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.

2. 7-bandning birinchi xatboshisidagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. 11-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. 3-ilovaning “ijro uchun masʼul” ustunidagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafayev)” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov)” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.