Taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, taʼlim tashkilotlari faoliyatini ilgʻor xorijiy amaliyotlar asosida tashkil etish, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Taʼlim sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirish, taʼlim tashkilotlarida oʻquv jarayonlari va xizmatlar koʻrsatishni yangi tamoyillar asosida tashkil etish, taʼlim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida davlat muassasasi shaklida “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
“Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Loyiha ofisi 2024-yilda quyidagilarni amalga oshirsin:
pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tahlil qilish, oʻqituvchilarning bilimi va qiziqishiga mos boʻlgan tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlarini joriy qilish, mazkur jarayonga nodavlat va xalqaro tashkilotlarni jalb qilish;
pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning taʼlim dasturlarini umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻquv dasturlari bilan uygʻunlashtirish;
professional taʼlimdan soʻng oliy taʼlimni davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, uch yillik taʼlim dasturlari asosida amaliy bakalavriat boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;
oʻquvchilar rivojlanishiga psixologik-pedagogik jihatdan tashxis qoʻyish, ularning qobiliyati va moyilliklarini aniqlash boʻyicha zamonaviy usullarini joriy qilish hamda yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish faoliyatini takomillashtirish;
taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining ayrim funksiyalarini (taʼlim tashkilotlari reytingini aniqlash, taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish va boshqalar) nodavlat, shu jumladan xalqaro tashkilotlarga autsorsingga berish boʻyicha takliflar tayyorlash;
taʼlim sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jumladan uni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy qilish.
3. Taʼlim sohasini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Loyiha ofisi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Loyiha ofisi direktoriga tegishincha maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari uchun belgilangan vakolatlar beriladi;
Loyiha ofisi direktori ikki nafar oʻrinbosarga ega boʻladi;
Loyiha ofisi shtat birliklari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimi tashkilotlarining amaldagi shtatlari doirasida shakllantiriladi;
Loyiha ofisi har oyda taʼlim sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, ular huzuridagi tashkilotlar hamda boshqa davlat organlari Loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarning belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi;
davlat organlari rahbarlari Loyiha ofisiga har tomonlama koʻmaklashadi, shu jumladan uning soʻroviga koʻra oʻz xodimlarining oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni saqlab qolgan holda ekspert sifatida yuborilishini taʼminlaydi;
taʼlimga oid masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Loyiha ofisi bilan kelishilishi shart.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Loyiha ofisi faoliyatini muvofiqlashtirib, uning samarali faoliyatini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Loyiha ofisini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
2024-yilda — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, 2025-yildan boshlab — Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
2024-yilda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 5 milliard soʻm hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 5 milliard soʻm miqdoridagi ajratmalar;
Loyiha ofisining asoslangan takliflariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida jalb qilinadigan grant mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bir oy muddatda Loyiha ofisining nizomini, shuningdek, uning tuzilmasi, shtat birliklari soni, xodimlarning mehnatiga haq toʻlash miqdorlari va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini tasdiqlasin.
8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi Loyiha ofisi, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) 2024-yil 1-sentabrga qadar oʻquvchilar (talabalar)ning egallagan bilimini va pedagoglarning malakalarini baholash tizimini xalqaro tajribalar asosida takomillashtirsin;
b) 2024-yil yakuniga qadar 3-ilovada belgilangan muassasalar faoliyatini qayta koʻrib chiqsin va ulardagi taʼlim sifatini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻrsin;
v) 2024-2025-yillarda:
Professional taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatorini — Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga, taʼlim dasturlarini esa — yangilangan kasbiy standartlar va malaka talablariga moslashtirsin;
kamida 14 ta professional taʼlim muassasalarining faoliyatiga tajriba-sinov tariqasida xalqaro taʼlim dasturlarini, kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyatiga — zamonaviy boshqaruv usullari va taʼlim sifatining yuqori standartlarini joriy qilsin;
pedagogika, qishloq va suv xoʻjaligi, texnika, axborot texnologiyalari hamda iqtisodiyot sohasiga oid taʼlim yoʻnalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Loyiha ofisiga quyidagi huquqlar berilsin:
tegishli vazirlik va idoralar, ularning tizimidagi muassasalar, nodavlat taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini shartnoma asosida Loyiha ofisi faoliyatiga jalb qilish;
ishlab chiqilgan loyihalarni taʼlim tashkiloti, tuman (shahar) yoki hudud misolida tajriba-sinovdan oʻtkazish;
davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistik, tahliliy hamda boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish;
davlat organlari va tashkilotlarining elektron axborot tizimlaridan bepul foydalanish.
10. Loyiha ofisi direktoriga xorijiy mutaxassislar, ekspert, konsultant va maslahatchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb etish, ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy yoki chet el valyutasida, shu jumladan mablagʻlarni ularning xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali toʻlash, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar, ularning tarkibiy tuzilmalari mutaxassislarini islohotlarni amalga oshirish jarayonlariga jalb qilish, ular ishtirokida ekspert komissiyalari va ishchi guruhlarni tuzish huquqi berilsin.
11. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
bir oy muddatda Loyiha ofisi faoliyatini tashkil etish, shu jumladan uni jihozlash, zarur moddiy-texnik vositalar va aloqa turlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-fevral,
PQ-54-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PQ-54-son qaroriga 1-ILOVA
“Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
Quyidagilar “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
a) taʼlim sohasini isloh qilish boʻyicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish;
b) xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, konsalting kompaniyalari va mutaxassislarning tavsiyalarini tahlil qilish va umumlashtirish, maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini taʼminlash;
v) yetakchi ekspertlar, konsultantlar, maslahatchilar va jamoatchilikni keng jalb qilgan holda taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
g) taʼlim turlari va darajalari oʻrtasida uzviylikni va uzluksizlikni taʼminlash, davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarning oʻzaro hamjihatlikdagi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
d) taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati madaniyatini shakllantirish, oʻquv dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishda vazirlik va idoralarga har tomonlama koʻmaklashish;
e) taʼlim sifatini nazorat qilish yoʻnalishida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, xorijiy va xalqaro baholash tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PQ-54-son qaroriga 2-ILOVA
Taʼlim sohasini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PQ-54-son qaroriga 3-ILOVA
“Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tomonidan birinchi bosqichda faoliyati takomillashtiriladigan muassasalar
* “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tomonidan birinchi bosqichda faoliyati takomillashtiriladigan muassasalar roʻyxatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.