PQ-53-son Qaror · 02.02.2024

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga oʻqitish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-53
  • Qabul qilingan sana:02.02.2024
  • Kuchga kirgan sana:05.02.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/53/0091

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarining xorijiy tillar va kasb-hunarga boʻlgan qiziqishini oshirish, ushbu jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish hamda mehnat bozori talablariga mos malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-79-son Farmonida 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1 — 4-sinflarida oʻquvchilarga boshlangʻich, 5 — 9-sinflarida tayanch hamda 10-11-sinf oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos boʻlgan bilimlarni berishga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari joriy etilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida quyidagi tartibni joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflarida tayanch oʻquv rejasi asosida oʻqitish bilan bir qatorda “Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” hamda “Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishlari boʻyicha ham taʼlim dasturlarini joriy qilish;

“Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” yoʻnalishi doirasida — oʻquv jarayonini tashkil etishda asosiy eʼtiborni aniq, tabiiy yoki xorijiy til fanlariga qaratish, “Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishi doirasida esa — oʻquvchilarni ishchi yoki raqamli texnologiyalarga oid kasblarga oʻqitish.

3. Belgilansinki, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida xorijiy tillarni oʻqitishning quyidagi tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:

5 — 9-sinflarda xorijiy tilga oʻqitish intensivligini oshirish orqali oʻquvchilarda bazaviy bilim va nutqiy koʻnikmalar shakllantiriladi;

10-11-sinflarda xorijiy tilni oʻqitishda asosiy eʼtibor oʻquvchilarning akademik yozuv va soʻzlashish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;

“Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” yoʻnalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan oʻquvchilar 10-11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga oʻqitiladi.

4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):

2024-yil 1-mayga qadar mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xorijiy til fani boʻyicha oʻquv reja va dasturlarni takomillashtirsin. Bunda, oʻquvchilar tomonidan 11-sinfda ikkinchi xorijiy tilning kamida A2 darajada oʻzlashtirilishini nazarda tutsin;

2024-yil yakuniga qadar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari doirasida xorijiy tilni oʻqitish boʻyicha xalqaro nashriyotlar darsliklarini xarid qilish va mahalliylashtirish choralarini koʻrsin;

2024-yil yakuniga qadar umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida xorijiy tilni oʻqitish samaradorligini oshirish maqsadida ingliz, koreys, nemis, fransuz, xitoy va yapon tillari boʻyicha malakali mutaxassislarni jalb qilsin;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining xorijiy til oʻqituvchilari bilim va koʻnikmalarini diagnostikadan oʻtkazsin hamda zamonaviy taʼlim metodikalar asosida ularning malakasini oshirish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etsin.

5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):

a) 2024-yil 1-sentabrga qadar xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim muassasalarining oʻquv reja va dasturlarini takomillashtirib, ularni umumiy oʻrta taʼlimning xorijiy tilni oʻqitish dasturiga muvofiqlashtirsin;

b) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:

xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida pedagogik amaliyotini yoʻlga qoʻysin;

xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga bir vaqtning oʻzida ham oʻqish, ham pedagogik faoliyatni amalga oshirish imkonini beruvchi moslashuvchan dars jadvalini joriy qilsin.

6. Belgilansinki, “Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishi doirasida:

a) oʻquvchilar Milliy malakalar ramkasining 2-darajasiga mos boʻlgan kasblarga oʻqitiladi;

b) oʻquvchilarni kasblarga oʻqitish ishlarini samarali yoʻlga qoʻyish uchun umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ustaxonalar tashkil etiladi va oylik ish haqi oliy maʼlumotli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisiga tenglashtirilgan “Kasbiy taʼlim ustasi” lavozimi joriy qilinadi;

v) oʻquvchilar quyidagi yoʻnalishlarning biri boʻyicha kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitiladi:

birinchi yoʻnalish — tadbirkorlik subyektlari va hunarmandlarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga jalb qilish orqali oʻquvchilarni ishchi kasblarga oʻqitish;

ikkinchi yoʻnalish — umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tashkil etiladigan kurslarda oʻquvchilarni axborot texnologiyalariga oid zamonaviy kasblarga oʻqitish;

g) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boʻsh binolarini “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻqitish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi;

d) quyidagi xarajatlar:

ustaxonalarni yirik jihozlar (kompyuter texnikasi, elektron doska, tikuv mashinasi va hokazo) bilan taʼminlash hamda kasbiy taʼlim ustalari mehnatiga haq toʻlash — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga qoʻshimcha ajratiladigan mablagʻlar hisobidan;

mavjud ustaxonalarni joriy taʼmirlash, zarur hollarda yengil tipdagi ustaxonalarni qurish hamda ular uchun kichik asbob-uskunalarni xarid qilish — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi hamda Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;

kasb-hunarga oʻqitishda talab etiladigan zarur xomashyo materiallarini xarid qilish — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

7. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):

2024-yil 1-aprelga qadar oʻquv jarayoni “Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” yoki “Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etiladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun amaldagi tayanch oʻquv rejasi doirasida moslashuvchan oʻquv rejani tasdiqlasin;

2025-yil 1-iyulga qadar tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, “Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” yoki “Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish amaliyotini boshqa umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga tatbiq etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

8. Oʻquvchilarni xorijiy til va kasb-hunarga oʻqitish amaliyotini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni xorijiy til va kasb-hunarga oʻqitish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida quyidagilarga:

maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. Umarovaga — umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni xorijiy til va kasb-hunarga oʻqitish ishlarini samarali tashkil etish hamda umumiy muvofiqlashtirish uchun;

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. Sharipovga — umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarga oʻrgatiladigan kasb-hunarlarning oʻquv dasturlarini ishlab chiqish hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini kasbiy taʼlim ustalari bilan taʼminlash uchun;

Savdo-sanoat palatasi raisi D. Vahobovga — umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻqitish jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

10. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi uch oy muddatda:

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va tadbirkorlik subyektlari hamkorligini tartibga solish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov, Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vahobov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 2-fevral,

PQ-53-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PQ-53-son qaroriga ILOVA

Oʻquvchilarni xorijiy til va kasb-hunarga oʻqitish amaliyotini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.