Mamlakatimizda xalqaro talab va standartlarga javob beradigan sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish, qishloq avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish hamda qishloq hududlarida yashaydigan aholining umumiy avtomobil yoʻllariga chiqish sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — OTB) direktorlar kengashi tomonidan 2023-yil 11-dekabrda “Sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish uchun 240,0 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari 5 yillik imtiyozli davr bilan 25 yil muddatga ajratilishi maʼqullanganligi;
b) loyiha boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va OTB oʻrtasida 2023-yil 29-dekabrda qarz bitimi imzolanganligi;
v) OTB tomonidan 2035-yilgacha moʻljallangan qishloq yoʻllarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilganligi va loyiha doirasida quriladigan sement-beton qoplamali ichki yoʻllar roʻyxati mazkur strategiya talablariga muvofiq shakllantirilganligi;
g) loyiha doirasida:
yoʻl qurilishi obyektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi;
qurilish ishlari yakunlanib, obyektlar foydalanishga qabul qilingandan soʻng bosh pudratchi tomonidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlash va ekspluatatsiya qilish ishlari amalga oshirilishi;
qurilishda texnik nazoratni taʼminlash uchun mahalliy muhandis-konsultant kompaniyalar jalb qilinishiga alohida eʼtibor qaratilishi, shuningdek, muhandis-konsultant kompaniyalar OTB tartibiga muvofiq soddalashtirilgan tanlov savdolari asosida tanlab olinishi;
qurilish ishlari tender savdolari natijalariga koʻra aniqlanadigan mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshirilishi;
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi) tizimidagi “Avtoyoʻlinvest” agentligi huzurida loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etilganligi;
d) Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan umumiy qiymati 304,9 mln AQSH dollari boʻlgan loyihaning texnik-iqtisodiy asosi belgilangan tartibda ishlab chiqilganligi hamda unga koʻra:
loyihani amalga oshirishda OTBning ulushi 240,0 mln AQSH dollarini, Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 64,9 mln AQSH dollari, shu jumladan bojxona bojlaridan ozod etish koʻrinishida 28,4 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni tashkil etishi;
loyihani amalga oshirish muddati 9 yil (2024 — 2032-yillar), shu jumladan qurilish ishlari 4 yil (2024 — 2027-yillar) hamda saqlash va ekspluatatsiya qilish ishlari 5 yil (2028 — 2032-yillar) etib belgilanganligi;
e) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan dastlabki oʻrganishlar natijasi boʻyicha xarajatlar (32 mln AQSH dollarigacha) maqbullashtirilishi mumkinligi aniqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va “Avtoyoʻlinvest” agentligi loyihani oʻz vaqtida sifatli amalga oshirish hamda OTBning qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organlar hisoblanadi;
OTBning qarzini soʻndirish, shuningdek, foiz toʻlovlari bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni qaytarish hamda foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish” loyihasi doirasida hududlar kesimida amalga oshiriladigan qurilish ishlari quvvati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda yashil hududlarni barpo etish maqsadida loyiha doirasida sement-beton qoplamaga oʻtkaziladigan avtomobil yoʻllarining yoʻl boʻyi mintaqalarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda 2,5 million dona manzarali daraxt va terak koʻchatlari ekilishini taʼminlasin.
Bunda, loyiha doirasida obyektlarning bosh pudratchilari tomonidan sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni 5 yil davomida ekspluatatsiya qilish ishlari barpo etiladigan yashil hududlarni shartnoma asosida saqlash va parvarishlashni ham nazarda tutadi.
5. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huzurida yoʻl xoʻjaligi sohasiga investitsiyalarni jalb qilish hamda ilgʻor texnologiyalar va eng yaxshi xorijiy tajribalarni joriy etish boʻyicha mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilsin.
Ishchi guruh (J.Yu. Tursunovga)ga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
loyiha doirasida sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish va ekspluatatsiya qilish ishlarini samarali tashkil etish;
OTB va boshqa xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli mablagʻlarini jalb qilgan holda oʻxshash loyihalarni amalga oshirishni koʻpaytirish;
sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish sohasidagi normativ hujjatlarni OTB tomonidan ishlab chiqilgan tavsiya normalari bilan uygʻunlashtirish va qurilish texnologiyalarini boshqa loyihalarga tatbiq etish;
sement-beton qoplamali avtomobil yoʻllarini qurish va ekspluatatsiya qilish ishlariga tajribali xorijiy ekspertlarni, shu jumladan OTB koʻmagida jalb qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari T.A. Ishmetovga ishchi guruh faoliyatini muvofiqlashtirib borish va amaliy koʻmaklashish hamda har oyda tegishli hisobotlarni tinglab borish vazifasi yuklatilsin.
6. Adliya vazirligi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi bilan OTB oʻrtasida imzolangan qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosani bersin.
7. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisiga loyiha doirasida OTB bilan loyiha bitimini imzolash vakolati berilsin.
8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirish doirasida respublikaga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
9. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (S.I. Samadov) loyiha doirasida mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
10. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi loyiha doirasida jalb qilingan mablagʻlarning ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
11. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi loyihaning atrof-muhitga taʼsiri toʻgʻrisidagi arizalarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi J.Yu. Tursunov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-aprel,
PQ-157-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-apreldagi PQ-157-son qaroriga 1-ILOVA
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
* Yakuniy narx koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tender savdolari natijalari asosida belgilanadi.
** Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti ijtimoiy soliq boʻyicha toʻlovlar manbai hisoblanadi.
*** Moliyaviy xarajatlar yakuniy miqdori haqiqiy miqdor va sanalariga qarab belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-apreldagi PQ-157-son qaroriga 2-ILOVA
Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni qaytarish hamda foiz toʻlovlarini amalga oshirishning
* Yakuniy toʻlovlar qiymati mablagʻlarning olingan sanasi va amalda foydalanilgan miqdoriga nisbatan aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-apreldagi PQ-157-son qaroriga 3-ILOVA
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish” loyihasi doirasida hududlar kesimida amalga oshiriladigan qurilish ishlari
Izoh: obyektning quvvati va qiymatiga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan keyin aniqlik kiritiladi.