PQ-163-son Qaror · 19.04.2024

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-163
  • Qabul qilingan sana:19.04.2024
  • Kuchga kirgan sana:26.04.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/163/0300

Mamlakatimizda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va unda davlat ishtirokini qisqartirish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini koʻpaytirishda xususiylashtirish muhim omil boʻlib qolmoqda.

Xususan, oʻtgan uch yilda professional konsultantlar orqali tashkil etilgan ommaviy savdolar natijalariga koʻra, xorijiy investorlarga 26 ta aktiv 1,3 milliard AQSH dollariga sotildi.

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklarining (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi yirik korxonalar) faoliyat samaradorligini oshirish, zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish va ularni transformatsiya qilish boʻyicha tizimli ishlarni davom ettirish, shuningdek, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash uchun xususiylashtirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Xalqaro fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ustav kapitalidagi aksiya paketlarini (ulushlarini) xususiylashtirish oldi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishga masʼul boʻlgan ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — ishchi guruhlar) tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

davlat ishtirokidagi yirik korxonalarning moliyaviy hisobotlari xalqaro standartlar asosida tayyorlanishini taʼminlash;

savdo jarayonlarini tashkil etish uchun professional konsultantlar jalb etilishi va davlat ishtirokidagi yirik korxonalar tomonidan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining barqaror koʻrsatkichlariga erishilishini muvofiqlashtirib borish;

xorijiy davlatlardagi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi organlar va birjalar bilan oʻzaro hamkorlik qilinishini taʼminlash, tegishli memorandum va shartnomalarni tuzish uchun muzokaralar olib borish;

anderrayterlar faoliyatini muvofiqlashtirish va marketing materiallari tayyorlanishini tashkil qilish;

amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasiga axborot kiritib borish.

Ishchi guruhlar bir oy muddatda biriktirilgan korxonalardagi davlat aksiya paketlarini savdoga chiqarish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, uning Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasiga (A. Aripov) tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlasin.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilishda ularning rahbar va rahbar oʻrinbosarlarining ustuvor vazifalarini 4-ilovaga muvofiq belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur qarorga 4-ilovada belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarning rahbar va rahbar oʻrinbosarlari kesimida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha chora-tadbirlarning boshqaruv organlari qarorlari asosida tasdiqlanishini taʼminlasin.

4. Belgilansinki:

a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi aksiyador boʻlgan davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, ishonchli boshqaruvchilarni jalb etish va mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun xalqaro konsultantlar va yuridik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ tomonidan jalb qilinadi. Bunda:

“UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ tomonidan amalga oshiriladigan xarajatlar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

Jamgʻarmadan ajratilgan mablagʻlar “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJning ustav kapitalidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligining ulushini oshirishga yoʻnaltiriladi;

b) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Davaktiv agentligi) va “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish oldi tayyorlash uchun professional tashkilotlarni (investitsiya vositachilari, ishonchli boshqaruvchilar, yuridik xizmat koʻrsatuvchi va konsalting tashkilotlari, investitsiya banki, PR-kompaniyasi yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etadi.

(4-bandining “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalar va shartnomaga oid qoʻshimcha kelishuvlar “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilmaydi.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davaktiv agentligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-iyulga qadar jalb etilgan konsultant taklifi asosida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini yoxud uning tarkibidagi alohida issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishni boshlasin.

6. Davaktiv agentligi kimyo sanoati korxonalarini xususiylashtirish va isloh qilish dasturiga muvofiq “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketini 2024-yil yakuniga qadar xususiylashtirish jarayonini yakunlasin.

7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davaktiv agentligi 2024-yil 1-iyulga qadar professional konsultantlarni jalb etgan holda “Samarqand Avtomobil zavodi” MCHJ ustav kapitalidagi “Oʻzavtosanoat” AJning 75,2 foiz ulushini savdoga chiqarish ishlarini boshlasin.

8. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyuldan boshlab, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda:

korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga boʻysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi;

korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy etiladi;

kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofadan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.

9. Davaktiv agentligi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mazkur qarorga asosan xususiylashtirilishi belgilangan aktivlarning xalqaro bozorlarda savdolarini tashkil qilish va salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda xalqaro PR-konsalting kompaniyalari hamkorligida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish, shuningdek, davra suhbatlari va taqdimotlar (“Road Show”) oʻtkazish choralarini koʻrsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortikov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 19-aprel,

PQ-163-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-163-son qaroriga 1-ILOVA

Professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari)

Izoh.

Davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalarning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida yoki Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasining qaroriga asosan baholangan qiymatda ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki Davaktiv agentligiga oʻtkazilib, savdoga chiqariladi.

Davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan amaldagi tashqi qarz bitimlarining moliyaviy shartlari (kovenantlari) inobatga olingan holda alohida muzokaralar olib boriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davaktiv agentligi taklifiga muvofiq Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi aksiyalar paketining hajmi, turi va savdoga chiqarish muddatiga oʻzgartirish kiritishi mumkin.

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli davlat aksiya paketi (ulushi)ni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

Davaktiv agentligi, “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ yuqoridagi korxonalarga amaldagi jalb qilingan konsultantlar bilan ishlashni davom ettirishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-163-son qaroriga 2-ILOVA

Xalqaro fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar

T/r Aksiyadorlik jamiyati nomi Joylashgan hududi Davlat ulushi Sotish shakli Savdoni eʼlon qilish muddati 1. “Navoiy KMK” AJ Navoiy viloyati 5 foizgacha IPO 2025-yil III chorak 2. “Olmaliq KMK” AJ Toshkent viloyati 5 foizgacha IPO 2025-yil IV chorak 3. “Oʻzbekgidroenergo” AJ Toshkent shahri 5 foizgacha SPO 2025-yil II chorak 4. “Oʻzbektelekom” AJ Toshkent shahri 5 foizgacha IPO 2025-yil IV chorak

Izoh. Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifiga muvofiq Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklif etiladigan aksiyalar paketining 5 foizgacha boʻlgan hajmi, sotish shakli va savdoga chiqarish muddatiga oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-163-son qaroriga 3-ILOVA

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ustav kapitalidagi aksiya paketlarini (ulushlarini) xususiylashtirish oldi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishga masʼul boʻlgan ishchi guruhlar

Izoh. Ishchi guruhlar faoliyati boʻyicha maʼlumotlarni umumlashtirish va amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtirib borish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligida Davaktiv agentligi, Energetika vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ vakillaridan iborat doimiy asosda ishlovchi kotibiyat tashkil etiladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-163-son qaroriga 4-ILOVA

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilishda ularning rahbar va rahbar oʻrinbosarlarining

1. Korxonalarning rentabelligi va operatsion samaradorligini oshirish hisobiga moliyaviy barqarorligini taʼminlash.

2. Moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar (IFRS)ga oʻtkazish va oshkor etib borilishini taʼminlash.

3. Xalqaro ilgʻor amaliyotdan kelib chiqib korxonalar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini (jumladan ESG, ISO, CSR) joriy etish hamda boshqaruv organlari tarkibiga xalqaro tajribaga ega soha mutaxassislarini keng jalb etish.

4. Korxonalarning uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish va samaradorlikning muhim koʻrsatkichlarini (KPI) tatbiq etish.

5. Investitsiya mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida mavjud barcha investitsiya loyihalarini qayta baholash hamda ularni boshqarishga zamonaviy usullarni tatbiq etish.

6. Mahsulotlarni ishlab chiqarishda mahalliylashtirishni kengaytirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash.

7. Korxonalarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturiy taʼminotlarni joriy qilish.

8. Xaridlar tizimining shaffofligini taʼminlash hamda korrupsiyadan holi xaridlar tizimini yaratish, xaridlar jarayonini doimiy auditdan oʻtkazish (“forenzik”) choralarini koʻrish.

9. Barqaror xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishish, ular boʻyicha xalqaro standartlar asosida xulosalarni olish.

10. Nosohaviy aktivlarni belgilangan tartibda tarkibiy oʻzgartirish va/yoki xususiylashtirish choralarini koʻrish.

11. Davlat kafolatlari va majburiyatlaridan foydalanmagan holda korxonalarni rivojlantirish va modernizatsiya qilish uchun xorijiy banklar va kapital bozorlaridan mablagʻlarni, shuningdek, aylanma mablagʻlarni jalb etish.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.