Mamlakatimizda uy-joy sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va zamonaviy koʻp kvartirali uylar qurish koʻlamini kengaytirish, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish hamda banklar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan ajratilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish mexanizmlarini amaliyotga keng joriy qilish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Markaziy bank, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) doirasida:
hududlarda zamonaviy arxitektura koʻrinishiga ega 100 mingta kvartiradan iborat boʻlgan koʻp qavatli uy-joylarni 1-ilovaga muvofiq qurish;
qurilish tashkilotlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etish;
koʻp qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlarini keng joriy qilish;
ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) hamda banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan kamida 17 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirish;
Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun 120 million soʻmgacha ipoteka kreditlarini ajratish;
banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtirish mexanizmlaridan keng foydalanish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyundan boshlab “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablagʻlari hisobidan ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:
ipoteka kreditlari 120 million soʻmgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun ajratiladi;
ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya toʻlanadi.
3. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) bir oy muddatda “Onlayn mahalla” elektron platformasida Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalarning roʻyxatini yuritish imkoniyatini yaratsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “mahalla yettiligi” bilan birgalikda Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun kredit olgan fuqarolarning muntazam daromad olish imkonini beradigan faoliyat turlari bilan band boʻlishlarini taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, 2024-yil 1-maydan boshlab:
a) banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmasdan Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha 2-ilovada koʻrsatilgan miqdorlarda qayta moliyalashtiriladi.
Bunda, qarz oluvchi tomonidan birlamchi uy-joy bozorida kvartira sotib olish uchun zarur boʻlgan ipoteka kreditining miqdori 2-ilovada koʻrsatilgan miqdorlardan yuqori boʻlganda, banklarga kreditning yetmagan qismini oʻz mablagʻlari hisobidan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali moliyalashtirishga ruxsat etiladi;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan quyidagi shartlar asosida ajratilgan ipoteka kreditlari qayta moliyalashtiriladi:
ipoteka krediti jismoniy shaxslarga birlamchi uy-joy bozoridagi (shu jumladan, ulush kiritish asosida qurilgan) kvartiralarni sotib olish, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish, rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash uchun ajratilgan boʻlishi;
qarz oluvchi Dastur doirasida ajratiladigan ipoteka kreditlaridan birinchi marotaba foydalanayotgan boʻlishi. Bunda, qarz oluvchi tomonidan 2024-yil 1-mayga qadar olingan kreditlar hisobga olinmaydi;
ipoteka kreditining muddati 20 yildan oshmasligi va foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan koʻpi bilan toʻrt foiz bandga yuqori boʻlishi (ulushdor jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bundan mustasno);
v) ulushdor jismoniy shaxslarga ajratilgan ipoteka kreditlari foiz stavkasi miqdoridan qatʼi nazar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov) belgilangan talablarga javob beradigan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish va banklarni uzluksiz ravishda moliyaviy resurslar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich Kompaniyaga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 20 yil muddatga Markaziy bank asosiy stavkasidan uch foiz bandga yuqori stavkada 1,2 trillion soʻm miqdorida resurs ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki, ushbu resurslar birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun 20 yilgacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan koʻpi bilan sakkiz foiz bandga yuqori boʻlgan stavkalarda ajratilgan va Kompaniya tomonidan belgilangan shartlarga mos boʻlgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
6. Dastur doirasida subsidiyalar toʻlashning amaldagi tartibiga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin, ularga muvofiq:
subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024-yilning 15-mayidan 1-noyabriga qadar qabul qilinadi;
2024-yilgi Dastur doirasida ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — 12 foizdan oshgan qismiga, 2025-yil va undan keyingi yillar Dasturlari doirasidagi kreditlar boʻyicha esa — Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga toʻlanadi;
birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — 2024-yilgi Dasturdan boshlab qatʼiy belgilangan 30 million soʻm miqdorida toʻlanadi.
7. Quyidagilar:
2024-yilda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
2024-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi shaklida ochiladigan Ipotekani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Jamgʻarmaning asosiy faoliyat yoʻnalishlari va mablagʻlarini shakllantirish manbalari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. 2024-yil 1-maydan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sugʻurta xavflaridan sugʻurta qilish talabi bekor qilinadi;
b) koʻp qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “S” va “SS” boʻlgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi.
Bunda, elektron reyting bahosi “S” boʻlgan tashkilotlarga besh qavatdan yuqori boʻlmagan, “SS” boʻlgan tashkilotlarga — toʻqqiz qavatdan yuqori boʻlmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi;
v) 2025-yil 1-yanvarga qadar roʻyxati 6-ilovada koʻrsatilgan yangi qurilish va maxsus texnikalarning importida bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi;
g) “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan 700 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bunda:
(9-band “g” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2026-y., 06/26/29/0195-son)
Iqtisodiyot va moliya vazirligi pul mablagʻlarini banklarga 12 oylik imtiyozli davr bilan 18 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida joylashtiradi, banklar esa ushbu mablagʻlarni ikki foizlik marja qoʻllagan holda qurilish tashkilotlariga kredit sifatida ajratadi;
aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun kreditlar ajratiladigan qurilish tashkilotlarining roʻyxati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan qurilish tashkilotlari reytingidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;
d) “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan tadbirkorlik subyektlarining barcha toifasiga mansub boʻlgan qurilish tashkilotlariga Toshkent shahrida — 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda — 7 va undan yuqori, qishloq joylarda — 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratiladigan milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha kafillik hamda 24 oydan ortiq boʻlmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib kompensatsiyalar taqdim etiladi. Bunda:
kafillik va kompensatsiyalar kredit summasidan qatʼi nazar taqdim etiladi;
kompensatsiya — har bir koʻp kvartirali uy-joy uchun kreditning 5 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan qismi boʻyicha yillik Markaziy bank asosiy stavkasining 4 foizlik punktidan yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada ajratiladigan kreditlarga taqdim etiladi;
kafillik — har bir koʻp kvartirali uy-joy uchun kichik tadbirkorlik subyektiga 2,5 milliard soʻmdan, oʻrta tadbirkorlik subyektlari uchun 5 milliard soʻmdan, yirik tadbirkorlik subyektlari uchun 10 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi.
(9-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-sentabrdagi PF-176-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2025-y., 06/25/176/0878-son)
10. Belgilab qoʻyilsinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab qurilish tashkilotlariga “yashil” uy-joy standartlari talablari asosida koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan bir foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zakirov) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A. Abduxakimov) hamda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (A. Jumanazarov) bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar “yashil” uy-joy standartlarini tasdiqlasin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov), Markaziy bank (M. Nurmuratov) hamda Kompaniya (M. Farmanov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil 1-aprelga qadar:
“yashil” uy-joy standarti talablari asosida qurilgan uy-joylarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga “yashil” ipoteka kreditlarini ajratish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
xalqaro moliya institutlaridan “yashil” ipoteka kreditlarini moliyalashtirish uchun mablagʻlar jalb qilish choralarini koʻrsin.
12. Quyidagilar:
2024-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar qurishning manzilli roʻyxati 7-ilovaga muvofiq;
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan tegishincha aholi punktlarining yerlari hamda sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer maydonlari roʻyxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Belgilab qoʻyilsinki:
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish, xususan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini hamda ijtimoiy soha obyektlarini qurish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-32-son Farmonida belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi;
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarida piyodalar yoʻlaklari, yoritish tizimlari va avtoturargohlar qurish, hududlarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, shu jumladan daraxtlar ekish ishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda tarmoq tashkilotlari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari, tarmoq tashkilotlarining oʻz mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini mazkur Farmonga muvofiq olib qoʻyish sababli qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari istisno tariqasida undirilmaydi;
yer uchastkalari olib qoʻyilayotgan yer egalari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkaziladigan zararlar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi;
mazkur Farmonga 8-ilovada koʻrsatilgan yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi hamda uy-joylar, muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlarining oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
14. Viloyatlar hokimliklari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2025-yil 1-yanvarga qadar ushbu Farmon bilan toifasi oʻzgarayotgan sugʻoriladigan yer uchastkalari maydonining besh baravari miqdorida 9-ilovaga muvofiq yangi yerlar oʻzlashtirilishini taʼminlasin.
Bunda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yangi yer uchastkalari Kadastr agentligi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinganidan soʻng oʻzlashtirilgan hisoblanadi.
15. 2024-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 11-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Quyidagilar:
Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari bilan birgalikda yer uchastkalari elektron auksion savdolariga chiqarilishini, koʻp qavatli uy-joylar hamda muhandislik-transport kommunikatsiya tarmoqlarining oʻz vaqtida qurib bitkazilishini, koʻp qavatli uy-joylar qurilishida energiya tejamkor materiallardan foydalanilishi hamda ushbu uy-joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilishini taʼminlasin;
Bosh prokuror oʻrinbosari S.I. Samadov koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarida ortiqcha ish hajmlari koʻrsatilishi va asossiz oshirilgan narxlar kiritilishining oldini olish, uy-joylarni qurish va foydalanishga topshirish jarayonlarida ortiqcha byurokratik tartib-taomillar, korrupsiya va qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan zarur choralarni koʻrsin;
Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov Markaziy bank raisi M.B. Nurmuratov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari bilan birgalikda ipoteka kreditlari va subsidiyalarning oʻz vaqtida ajratilishi va moliyalashtirilishini taʼminlasin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish hamda ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-aprel,
PF-70-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 1-ILOVA
2024-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar
Izoh:
2024-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilanadi.
2024-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga zarur hollarda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining takliflari asosida Vazirlar Mahkamasi Rayosati qarori bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 2-ILOVA
2024-yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlari*
* 2024-yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi Rayosati qarori bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 3-ILOVA
2024-yilda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari*
* 2024-yilda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi Rayosati qarori bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 4-ILOVA
2024-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari
* 2024-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi Rayosati qarori bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 5-ILOVA
Ipotekani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining asosiy faoliyat yoʻnalishlari va mablagʻlarini shakllantirish manbalari
1. Ipotekani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) asosiy faoliyat yoʻnalishlari:
ipoteka bozorini takomillashtirish, aholi uchun maqbul shartlarda yangi ipoteka mahsulotlarini taqdim etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan va belgilangan talablarga javob beradigan ipoteka kreditlarini moliyalashtirish;
fuqarolarga ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar toʻlash;
qurilish-pudrat tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun qisqa muddatli moliyaviy resurslar ajratish;
ikkilamchi uy-joy bozorini moliyaviy resurslar bilan taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga Jamgʻarmaning daromadlari prognozini orttirib bajarilgan qismi hisobidan mablagʻlar joylashtirish.
2. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari:
Davlat budjeti mablagʻlari;
xalqaro donorlarning grantlari va homiylik mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 6-ILOVA
2025-yil 1-yanvarga qadar importida bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladigan yangi qurilish va maxsus texnikalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 7-ILOVA
2024-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar qurishning manzilli roʻyxati*
* 2024-yilda quriladigan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar qurishning manzilli roʻyxati va uy-joylar soniga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining takliflariga asosan Vazirlar Mahkamasi Rayosati qarori bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
** Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son Farmoniga binoan Jizzax viloyati Sh. Rashidov tumani “Qahramon” MFYdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi toʻliq barpo etilib 2023-yil yakuni bilan foydalanishga topshirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 8-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan tegishincha aholi punktlarining yerlari hamda sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer maydonlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 9-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2025-yil 1-yanvarga qadar yangi oʻzlashtiriladigan yer uchastkalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 10-ILOVA
2024-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmoniga 11-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-maydagi “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5715-son Farmoniga 1-ilovada:
15-pozitsiyaning “Tadbir nomi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Aholiga qulay shaklda quyidagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi ipoteka bozori veb-portalni ishlab chiqish:
ipoteka kreditlarini berish va subsidiyalar toʻlash tartibi;
uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, ular tomonidan qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylar, ulardagi kvartiralar soni, maydoni va joylashuvi;
ipoteka krediti olish mumkin boʻlgan tijorat banklari va ular tomonidan beriladigan kreditlarning shartlari”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6186-son Farmoni 15-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “S” va undan yuqori boʻlgan qurilish tashkilotlari qatnashish huquqiga ega”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-32-son Farmoni 2-bandining beshinchi xatboshisidagi “SSS” soʻzi “S” soʻzi bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-51-son Farmoniga 6-ilovada:
a) 5-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
b) 9-pozitsiyaning “Ijro muddati” ustunidagi “ 2024-yil 1-mart” soʻzlari “2024-yil 1-iyul” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-158-son qarorining 20-bandi quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) elektron reyting bahosi “S” boʻlgan tashkilotlarga — besh qavatdan yuqori boʻlmagan uy-joylarni, “SS” boʻlgan tashkilotlarga — toʻqqiz qavatdan yuqori boʻlmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi.”