PF-74-son Farmon · 07.05.2024

Suv xoʻjaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-74
  • Qabul qilingan sana:07.05.2024
  • Kuchga kirgan sana:08.05.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/24/74/0332

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, suv xoʻjaligida zamonaviy boshqaruvni joriy qilish maqsadida:

1. Suv xoʻjaligi vazirligi barcha manbalar boʻyicha yagona suv balansini yurituvchi hamda Davlat suv kadastrini tashkil etish va yuritishga oid ishlarni muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilansin.

Quyidagilar Suv xoʻjaligi vazirligining asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

yagona suv balansi va Davlat suv kadastrini yuritish;

transchegaraviy va ichki daryolar, soylar suvlarini samarali boshqarish hamda tabiiy koʻllar, suv inshootlari va yer osti manbalarida yetarli suv zaxirasini yaratish orqali mamlakat suv xavfsizligini taʼminlash;

irrigatsiya va melioratsiya tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotning barcha sohalaridagi isteʼmolchilarni suv bilan uzluksiz taʼminlash;

raqamli texnologiyalarni keng qoʻllagan holda suv resurslarini boshqarish va suv hisobini yuritishning shaffof tizimini yoʻlga qoʻyish;

sohaga resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni keng joriy etish;

suvdan foydalanish va suvni boshqarishga bozor mexanizmlarini keng joriy qilish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish;

suvdan unumli foydalanish va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish;

suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etish;

transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari boʻyicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish.

2. Quyidagilar suv xoʻjaligi boshqaruvini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

Suv xoʻjaligi vazirligi tuzilmasini yuqori, oʻrta va quyi boʻgʻinlarga ajratgan holda tashkil qilish hamda funksiyalarni aniq belgilash;

Suv xoʻjaligi vazirligining yagona suv balansini va kadastrini yuritishdagi vakolatini aniq belgilash;

suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratining samaradorligini oshirish;

strategik va innovatsion gʻoyalar, ilmiy asoslangan taklif va tashabbuslar asosida soha rivojlanishini taʼminlash;

suv xoʻjaligi obyektlarida shaffof biznes yuritish tizimini yoʻlga qoʻyish orqali suv xoʻjaligi obyektlarining xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish;

suvdan foydalanishga ruxsat berish tizimini soddalashtirish orqali suvdan foydalanuvchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish;

mehnatga haq toʻlash tizimini takomillashtirish orqali sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish va kadrlar qoʻnimsizligini kamaytirish;

yirik suv xoʻjaligi obyektlarini qurish loyiha hujjatlarini ishlab chiqish tizimini tubdan isloh qilish hamda sohaviy loyiha institutlari faoliyatini jonlantirish.

3. Suv xoʻjaligi vazirligining tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida mustaqil yuridik shaxs sifatida:

a) quyidagilar:

Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Ekspluatatsiya agentligi);

Suv xoʻjaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti tashkil etilsin;

b) quyidagilar:

Markaziy dispetcherlik, kommunikatsiya va kadastr xizmati negizida Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati;

Axborot-tahlil va resurs markazi negizida Suv xoʻjaligida islohotlar markazi;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi negizida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufidagi Xorazm suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi;

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi negizida xoʻjalik hisobidagi “Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi tashkil etilsin va Suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Labzak koʻchasi, 1-A uyning A-blok 4-qavatiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

(3-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 06/26/122/0687-son)

4. Quyidagilar:

Suv xoʻjaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Suv xoʻjaligi loyihalarini amalga oshirish departamentining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Suv xoʻjaligi vazirligi tashkilotlarining uch boʻgʻindan iborat vertikal boshqaruv tizimi hamda funksiyalar taqsimoti 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilansinki, 5-ilovaga muvofiq 2024-yil 1-iyuldan boshlab Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tuzilmasidagi tashkilotlar xodimlarining yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlari oshirilgan miqdorda hamda 2025-yildan boshlab koʻp yillik mehnati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar qoʻllanadi.

Mazkur Farmonning 5-ilovasida koʻzda tutilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan yuzaga keladigan xarajatlar 2024-yilda Suv xoʻjaligi vazirligiga davlat budjetidan ajratilgan, shu jumladan nasos stansiyalarining elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarning iqtisod qilinishi kutilayotgan qismi hisobidan, 2025-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

7. Suv xoʻjaligi sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 15-avgustga qadar tabiiy suv obyektlarining suv fondi yerlari Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tegishli foydalanuvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin.

9. Belgilansinki:

Suv xoʻjaligi vazirligi “OʻzGIP” MCHJ va “Suvloyiha” MCHJ tashkilotlarining davlat nomidan ishtirokchisi funksiyalarini amalga oshiruvchi organ hisoblanadi;

Suv xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan suv resurslarini boshqarish borasidagi faoliyatiga uchinchi shaxslar, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi taqiqlanadi.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-439-son qaroriga muvofiq:

2024-yil 1-yanvarga qadar yer osti suvlaridan foydalanishning aniq hisobini yuritish maqsadida oʻz tasarrufidagi yer osti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlash majburiyati yuklatilganligi;

2024-yil 1-yanvardan boshlab suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (B. Islamov), Soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev), “Suvxoʻjaliknazorat” inspeksiyasi (R. Raximov) uch oy muddatda yer ostidan suv olish quduqlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin.

Bunda, suv hisoblagichlari oʻrnatilmagan hollarda (bundan jismoniy shaxslarga shaxsiy va xoʻjalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha boʻlgan miqdorda yer osti suvlarini olish mustasno) tegishli qonuniy choralar, shu jumladan, hisoblagichlar oʻrnatilmagunga qadar suv olish imkonini cheklash choralari koʻriladi.

11. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xamrayev) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (B. Islamov), Gidrometeorologiya xizmati agentligi (Sh. Xabibullayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (I. Abduraxmonov), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A. Xaitov) hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Yagona suv balansi va kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayevning:

mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha barcha zaruriy choralarni koʻrish;

suv balansi va Davlat suv kadastri yuritilishini taʼminlash;

Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida oʻzaro takrorlanuvchi funksiyalarni bajaruvchi tuzilmalar faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik hamda faoliyat samaradorliklarini baholash koʻrsatkichlarini (KPI) belgilash;

global iqlim oʻzgarishining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;

kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qoʻyishning samarali mexanizmlarini joriy qilish, ularning malakasini oshirish orqali salohiyatini kuchaytirish;

limitlar asosida suv isteʼmolchilarga suv yetkazib berish;

sohada biznes jarayonlarini rivojlantirish;

suv xoʻjaligida islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar va istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha shaxsiy javobgarligi belgilansin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 7-may,

PF-74-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2025-y., 06/25/183/0954-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga 2-ILOVA

Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga 3-ILOVA

Suv xoʻjaligi loyihalarini amalga oshirish departamentining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga4-ILOVA

Suv xoʻjaligi vazirligi tashkilotlarining uch boʻgʻindan iborat

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2025-y., 06/25/183/0954-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga 5-ILOVA

Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tuzilmasidagi faoliyati Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirishda qoʻllanadigan

* Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq, barcha xodimlarning lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentining oshirilgan miqdori 2024-yil 1-iyuldan boshlab qoʻllanadi.

** Barcha xodimlarning koʻp yillik mehnati uchun har oylik ustamalar ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda va miqdorlarda suv xoʻjaligi sohasidagi davlat va xalqaro tashkilotlardagi ish stajidan kelib chiqib Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan (Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-axborot markazi uchun Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tomonidan) tasdiqlanadigan tartib asosida 2025-yil 1-yanvardan boshlab toʻlanadi.

*** Respublika hududidan tashqaridagi suv xoʻjaligi obyektlarida mehnat faoliyatini yuritadigan ushbu tashkilotlar xodimlarining respublika hududidan tashqarida boʻlgan davri uchun lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustamalar qoʻllanadi.

**** Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-axborot markazi:

a) barcha xodimlariga mazkur Farmon kuchga kirgan kundan boshlab:

budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasidan ustamalar toʻlanadi;

bayramlar munosabati bilan ikki oylik lavozim maoshi miqdorida mukofot pullari toʻlanadi;

bir oylik lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam va har chorak yakuni bilan bir oylik lavozim maoshi miqdorida mukofot pullari toʻlanadi;

lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentining oshirilgan miqdori qoʻllanadi;

b) ilmiy darajaga ega xodimlariga 2025-yil 1-yanvardan boshlab Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tasdiqlangan Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi tatbiq etiladi.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 06/26/122/0687-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga 6-ILOVA

Suv xoʻjaligi sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha

Izoh: normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-99-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2026-y., 06/26/99/0545-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga 7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoniga 2-ilovaning 39-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6024-son Farmoniga 1-ilovada:

a) 5.3-bandning “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun ushbu inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish”;

b) 5.9-bandi “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“suv olish limitlarini aholi va iqtisodiyot tarmoqlari, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi uchun ularning ustuvorligidan kelib chiqib belgilash va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritish”;

v) 6.1-bandning “a” kichik bandidagi “2023” raqami “2024” raqami bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga 1-ilovada:

a) “5. Suv xoʻjaligi vazirligi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

b) izoh qismida:

5.6-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“5.6. Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida Suv xoʻjaligida islohotlar markazi, Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati, Suv xoʻjaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti, Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi, Fargʻona vodiysi magistral kanallaridan foydalanish boshqarmasi (sh.j. Katta Fargʻona magistral kanali boshqarmasi), Janubiy Mirzachoʻl kanalidan foydalanish boshqarmasi”;

quyidagi mazmundagi 5.6.1-kichik band bilan toʻldirilsin:

“5.6.1. Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi tizimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalari, irrigatsiya tizimi boshqarmalari (sh.j. Orolboʻyi delta boshqarmasi, Amudaryo chap qirgʻoq himoya dambalar boshqarmasi), nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari, meliorativ ekspeditsiyalar, Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi, Amu-Buxoro mashina kanalidan foydalanish boshqarmasi (sh.j. Amu-Buxoro mashina kanali Olot tumani boshqarmasi, Amu-Buxoro mashina kanali Qiziltepa tumani boshqarmasi), Qirgʻoq himoyalovchi dambalar va oʻzan rostlovchi inshootlar boshqarmasi, Jizzax bosh nasos stansiyasi boshqarmasi, suv omborlaridan foydalanish boshqarmalari (sh.j. Navoiy viloyati suv omborlari va yirik gidrotexnika inshootlaridan foydalanish boshqarmasi), Tuyamoʻyin gidrouzelidan foydalanish boshqarmasi”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida suv xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-101-son Farmoniga 3-ilovaning 13-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:

a) 3-bandning ikkinchi xatboshisi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi,” soʻzlari “suv xoʻjaligi tashkilotlari, “Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi,” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 5-bandda:

birinchi xatboshi “Raqamli texnologiyalar vazirligi” soʻzlaridan keyin “Suv xoʻjaligi vazirligi,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

uchinchi xatboshidagi “tomonidan Soliq qoʻmitasiga” soʻzlari “tomonidan Suv xoʻjaligi vazirligi va Soliq qoʻmitasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-37-son Farmonida:

a) 25-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2024-yil 31-dekabrga qadar suv kanallarini rekonstruksiya qilish ishlariga Davlat budjetidan qoʻshimcha ajratilgan 500 milliard soʻm hisobiga 1,5 ming kilometr sugʻorish tarmoqlarini betonlash ishlarini yakunlash choralari koʻrilsin”;

b) 3-ilova 6-pozitsiyasining “Ijro muddati” ustunidagi “mart” soʻzi “dekabr” soʻzi bilan almashtirilsin.

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan 7-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-168-son qaroriga 2-ilovaning 181 va 501-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-son qaroriga 1-ilovaning 485-pozitsiyasi va 2-ilovaning 53-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-son qaroriga 1-ilovaning 3-pozitsiyasi “Muddati” ustunidagi “2024-yil mart” soʻzlari “2025-yil yanvar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-171-son qarorida:

2-ilovaning 7-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;

3-ilovadan “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi” bloki chiqarib tashlansin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-99-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2026-y., 06/26/99/0545-son)

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qaroriga 1-ilovada:

9-pozitsiyaning “Ijro muddati” ustunidagi “sentabr” soʻzi “dekabr” soʻzi bilan almashtirilsin;

13-pozitsiyaning “Chora-tadbirlar” ustunidan “va javobgarligini kuchaytirish” soʻzlari chiqarib tashlansin.

14. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-dekabrdagi “Suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 1008-son qarorining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“3. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda texnik suv yetkazib beriladigan sanoat va energetika tashkilotlarini bir oy muddatda xatlovdan oʻtkazsin hamda ular bilan belgilangan tartibda texnik suv yetkazib berish xizmati toʻgʻrisida shartnomalarni rasmiylashtirsin”.

15. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining mintaqaviy markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 191-son qarorida:

a) 6-bandning birinchi xatboshisi “hamda uning tizimiga kiruvchi” soʻzlaridan keyin “mintaqaviy markazlar,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

b) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“8. Belgilansinki, institut va uning tizimiga kiruvchi mintaqaviy markazlar, ilmiy-tajriba stansiyalari va uchastkalarining xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.