PQ-205-son Qaror · 04.06.2024

Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-205
  • Qabul qilingan sana:04.06.2024
  • Kuchga kirgan sana:05.06.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/205/0399

Oʻzbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, samarali ijod qilayotgan mohir tarjimonlarni munosib ragʻbatlantirish, badiiy tarjimaning saviyasini yanada oshirish, shuningdek, 2023-yil 22-dekabr kuni oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro mukofot) taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab, har ikki yilda bir marta quyidagi yoʻnalishlarda oʻtkazilishi va gʻoliblar aniqlanishi belgilab qoʻyilsin:

oʻzbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;

oʻzbek adabiyotining sheʼriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;

oʻzbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;

xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan oʻzbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;

xorijiy tillarda yaratilgan sheʼriy asarlardan oʻzbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;

xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan oʻzbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima.

3. Belgilansinki:

Xalqaro mukofot gʻoliblarining har biri maxsus diplom, koʻkrak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

gʻoliblarga Xalqaro mukofot tantanali ravishda topshiriladi.

4. Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Xalqaro mukofot kengashi (A.N. Aripov):

2024-yil 1-oktabrga qadar Xalqaro mukofotning maxsus diplomi va koʻkrak nishoni loyihalarini tasdiqlasin, shuningdek, rasmiy veb-saytini yaratsin;

Xalqaro mukofotni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib etish orqali ijodiy tashkilotlar, tarjimonlar, yozuvchi va shoirlar oʻrtasida ommalashtirishni tashkil etsin;

malakali mutaxassis va ijodkorlardan iborat tarkibda talabgorlarning ishlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻysin, ushbu ishchi guruhlarning xulosalarini hamda keng jamoatchilikning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda gʻoliblarni aniqlab, taqdirlab borsin;

Xalqaro mukofot gʻoliblari bilan muntazam faol ijodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻysin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro mukofot kengashining ishchi organi hisoblanadi.

5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

6. Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro mukofotni xorijiy mamlakatlarda keng ommalashtirish va gʻolib deb topilgan chet ellik ishtirokchilarning mamlakatimizga taklif etilishiga koʻmaklashsin.

7. Belgilansinki, Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan mazkur qarorning 3-bandida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasining xarajatlar smetasi boʻyicha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga ajratiladigan mablagʻlar, tashkilotchilar mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 4-iyun,

PQ-205-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-iyundagi PQ-205-son qaroriga ILOVA

Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot kengashi

Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.