Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish, ushbu Qonun bilan belgilangan talablarni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etishda xodimlarning huquq va manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga oid huquqiy tartibotlarning mazmun-mohiyatini davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va keng jamoatchilikka tushuntirish orqali mazkur Qonunni amalga kiritishga har tomonlama va puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida:
1. Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, oldini olish va bu borada samarali nazorat tizimini oʻrnatishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda — Qonun) qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Qonun bilan oʻrnatilgan talablar va mexanizmlarni davlat organlari va tashkilotlarida samarali joriy etish, bu jarayonda xodimlarning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash hamda ular uchun zarur tushuntirish ishlarini olib borish davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika idoralararo komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.
Quyidagilar Respublika idoralararo komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash mexanizmlarini samarali joriy etish imkoniyatlarini tahlil qilish;
davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuviga sabab boʻluvchi holatlarni oʻrganish, ularni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka muvofiq boʻlgan choralarning koʻrilishida yagona amaliyotni shakllantirish;
davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, savdo platformalari va boshqa dasturiy taʼminotlari Qonun bilan belgilangan talablarga muvofiq takomillashtirilishini taʼminlash;
korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish hamda hamkorligini rivojlantirish choralarini koʻrish;
jamiyatda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish boʻyicha huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish.
Belgilansinki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari hisoblanadi.
3. Respublika idoralararo komissiyasi (A. Aripov):
a) 2024-yil 1-iyulga qadar Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) shakllantirilishini taʼminlasin;
b) Qonun kuchga kirguniga qadar unda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bogʻliq masalalar roʻyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarida tegishli ishchi guruhlarni tuzgan holda oʻrganilishini tashkil etsin.
Bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:
davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan ularning faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha cheklovlarga rioya etilishini oʻrganish, jumladan oʻrindoshlik asosida ishlash, tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish kabi holatlarni aniqlash;
davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi boʻlinmalar faoliyati yoʻlga qoʻyilganligini hamda ularning malakali kadrlar bilan toʻldirilganligini oʻrganish;
davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini baholash uchun joriy etilgan “E-anticor.uz” platformasidagi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq maʼlumotlarni tahlil qilish;
davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, savdo platformalari va boshqa dasturiy taʼminotlari Qonun talablariga muvofiqligini oʻrganish, ularni takomillashtirish choralarini koʻrish;
v) Qonun kuchga kirganidan keyin:
har chorakda Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari kesimida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holatlar tahlil qilinishini, bunday holatlar koʻpaygan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib boʻlmaydigan choralarni belgilash uchun tegishli taqdimnomalar kiritilishini;
har yarim yilda manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar Respublika idoralararo komissiyasi yigʻilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib borilishini taʼminlasin.
4. Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini aniqlash uchun sharoit yaratish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar:
“E-anticor.uz” elektron platformasida manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushirilishini;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining tegishli axborot tizimlarini “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
Bunda quyidagi vaziyatlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashabbusiga yoki davlat organlari va tashkilotlarining onlayn soʻroviga asosan “E-anticor.uz” elektron platformasi orqali manfaatlar toʻqnashuvi holatlari aniqlanadi:
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni oʻrganishda;
davlat xaridlari boʻyicha bayonnoma va shartnomalarni, shuningdek, tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va benefitsiarlari boʻyicha maʼlumotlarni oʻrganishda;
xodimning faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha belgilangan cheklovlarga amal qilinishini tekshirishda;
manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha tarkibiy boʻlinmalar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash uchun elektron bazalardan olingan maʼlumotlarni oʻrganishda;
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlardagi davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilayotganligi haqidagi murojaatlarni tekshirishda.
“E-anticor.uz” elektron platformasida elektron modulni yaratish va modernizatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan qoplanishi belgilansin.
5. Manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlarni aniqlashda jamoatchilik ishtirokini taʼminlash maqsadida:
davlat organlari va tashkilotlari xodimlari faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi holatlari boʻyicha tegishli dalillarni ilova qilgan holda ularni aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning ellik foizi miqdorida mukofot puli berish;
Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish boʻyicha koʻrilgan choralar haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish amaliyoti joriy etilsin.
6. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) Adliya vazirligi (A. Tashkulov) bilan birgalikda:
ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlari uchun manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqsin;
2024-yil 1-oktabrga qadar xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestri, mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlasin.
7. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev) va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) bilan birgalikda:
bir oy muddatda roʻyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari oʻrtasida manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni baholash uchun onlayn test sinovlari oʻtkazilishini;
uch oy muddatda roʻyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish yuzasidan xodimlar uchun grafik asosida oʻquv trening mashgʻulotlari tashkil etilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi doirasida 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoringni olib boradi hamda natijasi boʻyicha har chorakda Respublika idoralararo komissiyasiga axborot kiritib boradi.
9. Oliy Majlis palatalariga roʻyxatdagi davlat organlari va tashkilotlarida Qonun bilan belgilangan talablarga rioya etilishi, shu jumladan ularning faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha koʻrilgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish tavsiya etilsin.
10. Respublika idoralararo komissiyasi (A. Aripov) bir oy muddatda roʻyxatdagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Qonunni amalga oshirish boʻyicha idoraviy dasturlar qabul qilinishini taʼminlasin.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan 2024-yil 1-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyun,
PQ-210-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-210-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi
Izoh. Respublika idoralararo komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-210-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi doirasida 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan