Hududlarni iqtisodiy rivojlantirish va urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan tumanlar va shaharlarning drayver yoʻnalishlarini amalga oshirish uchun master-rejalarni ishlab chiqish amaliyotini keng joriy qilish, boʻsh yer uchastkalarida yuqori daromad keltiradigan faoliyat turlarini tashkil qilish, shuningdek, infratuzilma loyihalarining master-rejalarga muvofiq amalga oshirilishini tashkil qilish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tijorat banklari koʻmagida mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq tumanlar va shaharlarda zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-koʻngilochar markazlarini joylashtirishni nazarda tutuvchi master-reja loyihalari tayyorlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:
2024-yil 1-avgustga qadar master-rejalarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashlari bilan kelishgan holda tasdiqlashni taʼminlasin;
2024-yil 1-avgustdan boshlab joriy yil yakuniga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda master-rejalarga muvofiq zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-koʻngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish choralarini koʻrsin;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda, zarur hollarda, master-reja hududlaridagi yer uchastkalarining toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritib borsin.
2. Quyidagilar:
Urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shaharlar va tumanlar markazlarini rivojlantirish hamda aglomeratsiya hududlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Aholi va sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega turizm maskanlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-maydagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish jarayonlarini va xususiylashtirish dasturi ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 268-son qarori bilan 68 ta tuman va shaharlarda xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari boʻylab zamonaviy infratuzilmani barpo etish, savdo va servis obyektlarini joylashtirish uchun master-reja asosida auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari rejasi tasdiqlangan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortikov) joriy yil yakuniga qadar mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari boʻylab zamonaviy infratuzilmani barpo etish, savdo va servis obyektlarini joylashtirish uchun master-rejalar ishlab chiqilishi va yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
3. Tumanlar va shaharlar boʻyicha ishlab chiqiladigan master-rejalarning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
shaharlarda va tuman markazlarida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan aholi ehtiyojidan kelib chiqib koʻp qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar majmualarini tashkil qilish;
aholi gavjum boʻlgan shahar hududlaridan oqib oʻtuvchi suv boʻylarini obodonlashtirish, piyodalar va velosiped yoʻlaklarini qurish, ular atrofida yengil konstruksiyali koʻchma savdo va servis shoxobchalarini tashkil etish;
hududlarda aholi, turistlar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan “yashil” hududlarni koʻpaytirish, zamonaviy xizmat koʻrsatish va servis obyektlarini, dam olish va koʻngilochar markazlar, savdo majmualarini tashkil qilish va yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish;
boʻsh yer uchastkalaridan samarali foydalanish, jumladan hududning drayver yoʻnalishlarini hisobga olgan holda yer uchastkalarida iqtisodiy samarasi yuqori faoliyat turlarini rivojlantirish, shuningdek, boʻsh yerlarni tayyor lotlarga ajratgan holda tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish;
hududning infratuzilmaga boʻlgan ehtiyojini baholash, jumladan boʻsh yer uchastkalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilma obyektlari parametrlarini aniqlash;
aholi va tadbirkorlik subyektlarining takliflari asosida master-rejalarni ishlab chiqish, jumladan investitsiya va infratuzilma loyihalarini tanlab olish va shakllantirish.
4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (U. Abidxadjayev) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zakirov) bilan birgalikda bir oy muddatda master-rejalarga qoʻyiladigan minimal talablarni inobatga olgan holda oʻrtacha narx koʻrsatkichlarini hisoblash metodikasini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha oʻrtacha narx koʻrsatkichlarini oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazsin.
5. Mazkur qarorga 2-ilovadagi tumanlar va shaharlarda master-rejalarni ishlab chiqish maqsadida:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmachiligida:
bir hafta muddatda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda ushbu qarorning 3-bandida keltirilgan asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqib, keyinchalik “K-SAVDO” va “E-AUKSION” tizimlarida tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlarida realizatsiya qilish uchun maydonining kamida 60 foizi boʻsh yer uchastkalaridan iborat boʻlgan (renovatsiya hududlari bundan mustasno) hududlarni tanlab, ularning roʻyxatini tasdiqlasin;
ikki hafta muddatda master-rejalarni ishlab chiqishga qoʻyiladigan minimal talablar asosida texnik topshiriqlarni (keyingi oʻrinlarda — texnik topshiriq) ishlab chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalari bilan kelishgan holda tasdiqlasin;
bir oy muddatda texnik topshiriq, tashkilot va kompaniyalarga qoʻyiladigan minimal talablar asosida belgilangan tartibda master-rejalarni ishlab chiqish uchun tashkilotlarni (keyingi oʻrinlarda — ishlab chiquvchilar) tanlab, shartnomalar tuzsin;
2024-yil 1-noyabrga qadar master-rejalarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalari bilan kelishgan holda tasdiqlashni taʼminlasin.
Bunda:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi master-reja hududidagi boʻsh yer uchastkalarini master-rejalar tasdiqlangunga qadar auksion savdolariga chiqarmaslik choralarini koʻrsin;
mazkur qarorga 2-ilovadagi tumanlar va shaharlar boʻyicha ishlab chiqiladigan master-rejalarni moliyalashtirish manbai etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari va Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjet ssudasi belgilansin;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
ikki hafta muddatda master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha texnik topshiriq va ishlab chiquvchilarga qoʻyiladigan minimal talablarni ishlab chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga taqdim qilsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari talabnomalari asosida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan 30 mlrd soʻmgacha budjet ssudasini ajratsin.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda budjet ssudalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini auksion savdolarida realizatsiya qilishdan tushgan tushumlarning tegishli mahalliy budjetlarga oʻtkaziladigan qismi va boshqa manbalar hisobidan belgilangan muddatlarda qaytarishni taʼminlasin;
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari master-rejalarning oʻz vaqtida ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi uchun masʼul etib belgilansin.
6. Turizm qoʻmitasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq tumanlar va shaharlarda turizm salohiyati yuqori hududlarni belgilasin, ikki oy muddatda ularda turizm maskanlarini tashkil etish boʻyicha master-rejalarni ishlab chiqish maqsadida ishlab chiquvchilar bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzib, 2024-yil 1-noyabrga qadar master-rejalarni ishlab chiqishni yakunlash choralarini koʻrsin.
Bunda:
master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha Turizm qoʻmitasi buyurtmachi etib belgilanadi;
xarajatlarni moliyalashtirish Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatidan (keyingi oʻrinlarda — GIZ) jalb etilgan grantlar doirasida 10 ta tumanda master-rejalarni ishlab chiqishga GIZ tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti jalb etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Institut 2024-yil 1-dekabrga qadar mazkur qarorga 4-ilovadagi 5 ta va 2025-yil 1-avgustga qadar qolgan 5 ta tumanlar boʻyicha master-rejalarni ishlab chiqishni taʼminlasin.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Kadastr agentligi Institutning soʻrovi asosida bir oy muddatda tegishli maʼlumotlarni taqdim etsin hamda hududlarda aholi va tadbirkorlar orasida soʻrovnomalar tashkil etishga koʻmaklashib borsin.
8. Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda 2024-yilda master-rejalarni ishlab chiqish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar reja-grafiklarini tasdiqlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi master-rejalar hududlaridagi boʻsh yer uchastkalarini master-rejalarda belgilangan obyektlarni tashkil etish sharti bilan auksion savdolariga chiqarish choralarini koʻrib borsin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Turizm qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda master-rejalarni amalga oshirish, jumladan master-reja asosida auksion savdolariga chiqariladigan boʻsh yer uchastkalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga tashabbuskorlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining tashkiliy tuzilmasida hokimning moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari boʻysunuvida hududlarning ixtisoslashuvini hisobga olgan holda master-rejalar soni va koʻlamidan kelib chiqib, 3 — 5 tagacha shtat birligidan iborat master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha Loyiha ofislari (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofislari) tashkil qilinsin.
Loyiha ofislari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda viloyatlar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tashkiliy tuzilmasidan 13 ta hamda Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi hududiy boʻlimlaridan 37 ta mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantirilsin va ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tuman va shaharlar hokimliklari bilan hamkorlikda tuman va shaharlarda master-reja hududlarini aniqlash, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ushbu hududlar chegaralarini belgilash va uning tasdiqlanishini taʼminlash;
master-rejalarni ishlab chiqishda buyurtmachilar bilan yaqindan ishlab, ularga texnik topshiriqlarni tayyorlash, master-rejalarni ishlab chiqishga jalb etiladigan tashkilotlarni aniqlashga koʻmaklashish;
master-rejalarga muvofiq yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishni va tashabbuskorlarni jalb qilishni tashkil qilish;
master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlarini doimiy monitoring qilib borish, amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyda tegishli hududiy komissiyaga kiritib borish.
Bunda Loyiha ofislari rahbari maqomi va mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining kotibiyati mudiriga tenglashtirilishi hamda Loyiha ofislari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, ular tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni har oyda monitoring va muhokama qilish ishlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
11. Master-rejalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni tashkil qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha quyidagi vertikal tizim tashkil qilinsin:
a) respublika darajasida:
tarkibi mazkur qarorga 5-ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan respublika komissiyasi (J. Qoʻchqorov) master-rejalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni muhokama etib, muammoli masalalarni bartaraf qilish choralarini koʻrib boradi, masʼullar faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi master-rejalar boʻyicha hududlarga uslubiy va moliyaviy masalalarga yechim topishda koʻmak beradi, tegishli hududiy komissiyalar, vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida joyiga chiqqan holda amalga oshirilgan ishlarning natijadorligini oʻrganadi va ularni jadallashtirish boʻyicha koʻmaklashadi hamda bu borada respublika komissiyasiga tahliliy maʼlumotlar va takliflarni kiritib boradi;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi master-rejalarning shaharsozlik va arxitekturaviy yechimlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va amalga oshirilishiga masʼul boʻladi, master-rejalar asosida qurilish ishlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishini taʼminlaydi, ushbu yoʻnalishlarda hududlarga koʻmaklashib boradi;
Turizm qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Loyiha ofislari bilan birgalikda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha master-rejalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha ishlarni har oyda muhokama qilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga takliflar kiritib boradi;
b) hududiy darajada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat hokimlari rahbarligida tashkil etiladigan hududiy komissiyalar buyurtmachilar va Loyiha ofislari bilan birgalikda master-rejalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarni har oyda muhokama qiladi, aniqlangan muammolarni vakolat doirasida bartaraf etib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga maʼlumot kiritib boradi;
v) tuman (shahar) darajasida tuman (shahar) hokimlari master-rejalarni ishlab chiqishga jalb etiladigan tashkilotlar bilan doimiy ishlaydi, tegishli maʼlumotlarni taqdim qilib boradi hamda yer uchastkalarini master-rejaga muvofiq auksion savdolariga chiqaradi.
Bunda respublika komissiyasining ishchi organi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, hududiy komissiyalarning ishchi organi esa Loyiha ofislari etib belgilansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir hafta muddatda master-rejalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni tashkil qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha hududiy komissiyalar tarkibini tasdiqlasin.
12. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar mahalliy va xorijiy loyiha institutlari va ekspertlarini jalb qilgan holda mazkur qarorning 6-ilovasiga muvofiq dastlabki bosqichda ildam rivojlantirish uchun tanlab olingan shahar va tumanlar markazlarining bosh rejalarini zamonaviy yondashuvlar asosida yangilashni boshlasin.
13. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:
a) 2025-yil Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida bosh rejalar ishlab chiqilishi zarur boʻlgan tuman va shaharlar roʻyxatini tasdiqlasin;
b) ikki oy muddatda hududlarning bosh rejalarini ishlab chiqish boʻyicha amaldagi dasturni qayta koʻrib chiqqan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili 1-noyabrga qadar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha amaldagi dasturlarni qayta koʻrib chiqib, kelgusi yilda ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlarini, jumladan bosh reja va master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha dasturni (keyingi oʻrinlarda — Dastur) aholisi soni tez oʻsayotgan va ildam rivojlanayotgan, urbanizatsiya va aglomeratsiya tendensiyalari yuqori boʻlgan hududlarni inobatga olgan holda ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda kalendar yilining 1-dekabriga qadar tasdiqlangan Dasturga muvofiq shaharsozlik hujjatlari, jumladan bosh reja va master-rejalarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlaydi;
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ildam rivojlanayotgan, urbanizatsiya va aglomeratsiya tendensiyalari yuqori boʻlgan hududlar boʻyicha tadqiqotlar olib boradi va bosh reja va master-rejalarni ishlab chiqish uchun zarur yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga prognoz hisob-kitoblarni shakllantiradi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi “Qashqadaryo viloyatining togʻli-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat koʻrsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-376-son qarorining 6-bandi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Bunda:
2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrga qadar elektron auksion savdolarida realizatsiya qilingan yer uchastkalari boʻyicha dastlabki toʻlov summasi 15 foizdan koʻp boʻlgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha foizlarni hisoblash tartibi amal qilmasligi belgilab qoʻyilsin;
auksion gʻolibi tomonidan dastlabki toʻlov summasining kamida 15 foizi toʻlanganda, unga yer uchastkasiga boʻlgan ijara va mulk huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish huquqi berilsin”.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortikov, Turizm qoʻmitasi raisi U.R. Shodiyev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish hamda ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-iyul,
PQ-245-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PQ-245-son qaroriga 1-ILOVA
Tijorat banklari koʻmagida ishlab chiqilgan master-rejalarga muvofiq auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari parametrlari
Izoh: Auksionga chiqariladigan lotlar soni, maydoni va obyektlar soni hamda yoʻnalishlariga yer uchastkasini tanlash materiallari ishlab chiqilib, “YERELEKTRON” ATT orqali kelishilgandan soʻng aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PQ-245-son qaroriga 2-ILOVA
Urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shaharlar va tumanlar markazlarini rivojlantirish hamda aglomeratsiya hududlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar
Izoh. Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligining takliflari asosida mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PQ-245-son qaroriga 3-ILOVA
Aholi va sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega turizm maskanlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar
Izoh. Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Turizm qoʻmitasining takliflari asosida mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PQ-245-son qaroriga 4-ILOVA
Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligining takliflari asosida mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PQ-245-son qaroriga 5-ILOVA
Master-rejalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni tashkil qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi
Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PQ-245-son qaroriga 6-ILOVA
Dastlabki bosqichda ildam rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman va shaharlar
Izoh. Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligining takliflari asosida mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.