PF-100-son Farmon · 10.07.2024

Budjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-100
  • Qabul qilingan sana:10.07.2024
  • Kuchga kirgan sana:12.07.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/24/100/0502

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlariga erishishda Davlat budjeti mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash uchun davlat moliyaviy nazoratini yanada kuchaytirish, budjet mablagʻlarini taqsimlovchi vazirlik va idoralarda ichki audit tizimini takomillashtirish, shuningdek, jamoatchilik ishtiroki va nazoratini kengaytirish maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasining quyidagi takliflari maʼqullansin:

a) Hisob palatasi tomonidan:

Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosini tashqi auditdan oʻtkazish va natijasi boʻyicha tegishli xulosalarni tayyorlash;

2025-yildan boshlab ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik soliq toʻlovchilar faoliyatini auditdan oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(1-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 06/25/252/1176-son)

ijobiy xalqaro tajribadan kelib chiqib, strategik va axborot texnologiyalari auditi turlarini joriy etish;

b) Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni Hisob palatasiga tashqi audit oʻtkazish va baholash uchun hisobot yilidan keyingi yilning 5-martiga qadar yuborish tartibini belgilash.

2. Belgilansinki:

a) 2024-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalariga erishish dasturlarining ijrosi har yili Hisob palatasi tomonidan baholashdan oʻtkaziladi hamda natijalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hisobot kiritiladi.

Bunda, birinchi navbatda, quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha strategik islohotlarning amalga oshirilishi va natijadorligi, samaradorligi hamda milliy maqsad va vazifalarga erishishdagi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflar baholab boriladi:

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturlari ijrosi;

Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi ijrosi;

Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi ijrosi;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotning tashqi auditi natijalari, shuningdek, kelgusi yil uchun budjet loyihasini baholash boʻyicha Hisob palatasining xulosalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida Hisob palatasining masʼul vakillari ishtirokida muhokama qilinadi;

v) 2025-yildan boshlab:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan hududlarga taqsimlangan mablagʻlar boʻyicha maʼlumotlarni tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etadi. Bunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan ajratilayotgan mablagʻlar boʻyicha soʻrovi va nazorati yoʻlga qoʻyiladi;

birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar budjet dasturlarini (maqsadli indikatorlarni) ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy va boshqa xavflar roʻyxatini, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni hamda natijalari boʻyicha choraklik axborotni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etib boradi;

g) har chorakda Hisob palatasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari yakunlari boʻyicha taqdim etilgan axborotlar Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama qilib boriladi.

3. Ichki nazorat tizimlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ularning samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

a) 2025-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda “Xavflarni boshqarish” qoʻmitalari tuzilsin. Bunda, ushbu tashkilotlarning ichki audit xizmatlari qoʻmitalarning ishchi organi ham hisoblanadi.

Quyidagilar “Xavflarni boshqarish” qoʻmitalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

strategik rejalashtirishga masʼul tuzilmalar tomonidan tizim faoliyati va maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish bilan bogʻliq moliyaviy, operatsion hamda ichki nazoratga oid aniqlangan xavflarning roʻyxati shakllantirilishi va yangilab borilishini taʼminlash;

(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)

davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda aniqlangan xavflarni bartaraf etish;

xavflarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini samarali tashkil etish;

(3-band “a” kichik bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)

har chorak yakuni boʻyicha xavflarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish hamda oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni atroflicha muhokama qilish;

(3-band “a” kichik bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)

normativ-huquqiy hujjatlar va huquqni qoʻllash amaliyotidagi xavflarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi ziddiyatlarni bartaraf etish, tegishli normalarni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

xavflarning oldini olishni nazarda tutadigan istiqbolli yoʻnalishlarni belgilash;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmasida hududiy soliq organlari xodimlari sonini maqbullashtirish hisobidan kamida 1-2 nafar xodimdan iborat ichki audit xizmatlari tashkil etilsin.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Hisob palatasi nazorat tadbirini amalga oshirish jarayonida nazorat obyektining ichki audit xizmati tomonidan oʻtkazilgan ichki audit tadbirlari sifatiga ham baho berib boradi;

Hisob palatasi oʻzining nazorat tadbirlari sifatini baholash tizimini yoʻlga qoʻyadi;

Hisob palatasiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat tizimini joriy etishga, shuningdek, uning samarali faoliyat koʻrsatishiga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish vakolati beriladi;

ichki audit xizmatlari vazirlik va idoralar tizimidagi budjet hisobidan moliyalashtirilmaydigan nobudjet muassasa hamda tashkilotlarda moliyaviy-xoʻjalik faoliyati boʻyicha oʻtkazilgan nazorat ishlariga oid hujjatlarni monitoring qilib boradi;

budjet tizimi budjetlarida takroriy va asossiz moliyaviy nazorat tadbirlari oʻtkazilishining oldini olish maqsadida davlat moliyaviy nazorati organlari hamda ichki audit xizmatlarining yillik ish rejalariga kiritiladigan moliyaviy nazorat va ichki audit tadbirlari majburiy tartibda Hisob palatasi bilan kelishiladi;

moliyaviy nazorat va ichki audit tadbirlari nazorat ishlarining yillik dasturlari (rejalari) va Hisob palatasi tomonidan taqdim etilgan risk-tahlillar asosida oʻtkaziladi. Bunda risk-tahlillar asosida bir oy muddatda nazorat ishlarini oʻtkazish toʻgʻrisida tegishli choralar ishlab chiqilmaganda yoki oʻrganish natijalari “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali Hisob palatasiga taqdim etilmagan yoxud oʻrganish sababsiz rad etilgan hollarda, Hisob palatasining taklifiga binoan davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari masʼul shaxslariga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʻllaniladi;

davlat moliyaviy nazorati organlari hamda ichki audit xizmatlari tashkil etilgan vazirlik va idoralarga, istisno tariqasida, Markaziy bank va tijorat banklaridan budjet tashkilotlari hamda budjet mablagʻlarini oluvchilarning budjet va davlat qarzi mablagʻlarining harakatiga doir maʼlumotlarni markazlashgan tartibda soʻrab olish vakolati beriladi.

5. Davlat moliyaviy nazorati faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

a) Hisob palatasi xodimlarining belgilangan umumiy shtat birliklari doirasida:

Masofaviy nazoratni amalga oshirish va xavflarni baholash axborot-tahlil shoʻbasi negizida “Big Data” texnologiyalari asosida katta hajmdagi maʼlumotlarning xavf (risk) tahlilini amalga oshiruvchi Davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlarining idoralararo masofaviy nazorat markazi (keyingi oʻrinlarda — Masofaviy nazorat markazi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;

Mudofaa majmui va huquq-tartibot organlari xarajatlarini audit qilish shoʻbasi, Xalqaro standartlar asosida davlat auditini tashkil etish shoʻbasi hamda Tadqiqot, ekspert-tahlil va oʻquv markazi (keyingi oʻrinlarda — Tadqiqot markazi) tashkil etilsin.

Quyidagilar:

mudofaa tizimi, shu jumladan mudofaa sanoati xarajatlari, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlash, bojxona xizmati va ichki tartibni saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni auditdan oʻtkazish Mudofaa majmui va huquq-tartibot organlari xarajatlarini audit qilish shoʻbasining;

ilgʻor xorijiy tajriba hamda metodologiyalar asosida davlat tashqi auditini tashkil etish, shu jumladan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik soliq toʻlovchilar faoliyatini auditdan oʻtkazish amaliyotini joriy etish Xalqaro standartlar asosida davlat auditini tashkil etish shoʻbasining;

(5-band “a” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 06/25/252/1176-son)

nazorat va tahliliy tadbirlarda aniqlangan muammolar va kamchiliklarning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, ularning oldini olish yuzasidan tahliliy axborotlar va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish Tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib belgilansin;

b) Hisob palatasi raisiga davlat moliyaviy nazorati, davlat moliyasini boshqarish, xalqaro audit hamda tegishli boshqa sohalarda yetuk mahalliy va xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, tashkilotlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida jalb etish huquqi berilsin.

Hisob palatasining ushbu faoliyati Hisob palatasiga ajratiladigan budjet mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilsin;

v) Hisob palatasining shoʻba mudirlari, bosh inspektorlari, yetakchi inspektorlari va inspektorlari lavozimlariga ishga qabul qilishda buxgalter hamda (yoki) auditorlik yoxud huquq boʻyicha milliy va (yoki) xalqaro malaka sertifikatlariga ega boʻlgan shaxslarga ustuvorlik berilsin.

Hisob palatasi xodimlarining malakasini oshirish uchun xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga oʻqishga yuborish, shu jumladan, har yili kamida bir marotaba milliy taʼlim muassasalarida malaka oshirish va oʻquv kurslari xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkil etilsin yoki xorijda yoʻlga qoʻyilsin.

Bunda magistratura va doktorantura mutaxassisligi boʻyicha xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga oʻqishga yuboriladigan xodimlarning Hisob palatasida egallab turgan lavozimlari (oylik ish haqi toʻlovlari qisman hisoblangan holda) saqlab qolinishiga ruxsat etiladi.

(5-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 06/25/252/1176-son)

6. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Hayʼati tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Davlat budjetining ijrosi ustidan moliyaviy nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga maʼlumotlar bazasidan va axborot tizimlaridan real vaqt rejimida foydalanish ruxsat etiladigan, shu jumladan Hisob palatasining elektron soʻroviga muvofiq maʼlumotlar taqdim etadigan vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va tashkilotlarning roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali taqdim etilgan xavf (risk) tahlillarini boshqarish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Hisob palatasining Hayʼatida palata ishini samarali tashkil etish, uning tashqi audit va moliyaviy nazorat faoliyatini normativ-uslubiy taʼminlash hamda takomillashtirish kabi masalalar muhokama qilinadi;

vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari mazkur Farmonga 2-ilovaga muvofiq chora-tadbirlar dasturidagi vazifalarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsan masʼul hamda javobgar hisoblanadi.

7. Joriy nazoratni kuchaytirish va moliyaviy intizom buzilishining oldini olish boʻyicha preventiv choralarni joriy etish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi va uning hududiy tuzilmalariga:

davlat xaridlari sohasida qonun buzilishi holatlari aniqlanganda, toʻlovlarni vaqtincha toʻxtatish (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlar bundan mustasno), shartnomani roʻyxatdan oʻtkazmasdan qaytarish, uni bekor qilish va qonun buzilishi holatlari mavjudligi toʻgʻrisida davlat buyurtmachisiga hamda davlat moliyaviy nazorati organlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabarnoma yuborish;

moliyaviy operatsiyalarning barcha jarayonlarida shubhali holatlar boʻyicha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini uch ish kunida xabardor qilish;

roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomalar boʻyicha muddati oʻtgan debitor va kreditor qarzdorliklar hisobini yuritish hamda har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10-sanasiga qadar Hisob palatasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tegishli maʼlumot taqdim etib borish vazifalari yuklansin.

8. Hisob palatasi:

vazirlik, idora, bank va tashkilotlar bilan birgalikda ularning maʼlumotlar bazalarini oʻzaro solishtirish yoki tahlil qilish asosida budjet mablagʻlari nazorati hamda budjetga qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash yuzasidan xavf (risk) tahlili mexanizmlarini kengaytirsin;

audit natijalari yuzasidan nazorat obyektlariga yoki tegishli tashkilotlarga ichki nazorat hamda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish boʻyicha ish shakli va usullarini takomillashtirish boʻyicha takliflar yuborish choralarini koʻrib borsin;

moliyaviy intizom buzilishining oldini olish maqsadida audit tadbirlarida vazirlik va idoralarning ichki nazorat tizimini baholash va uni takomillashtirish yuzasidan koʻrsatmalarni berib borsin;

xorijiy davlatlarning oliy nazorat organlari bilan birgalikda tahliliy faoliyat yuritish, xalqaro auditorlik tashkilotlari ishida yoki xalqaro tashkilotlarda oʻtkaziladigan audit tadbirlarida ishtirok etish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻysin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

10. Hisob palatasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Hisob palatasi raisi A.M. Boboyev hamda Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.

Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 10-iyul,

PF-100-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son Farmoniga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Hayʼati

Izoh. Hayʼat aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi/

(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2025-y., 06/25/117/0653-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son Farmoniga 2-ILOVA

Davlat budjetining ijrosi ustidan moliyaviy nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 06/25/252/1176-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son Farmoniga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga maʼlumotlar bazasidan va axborot tizimlaridan real vaqt rejimida foydalanish ruxsat etiladigan hamda Hisob palatasining elektron soʻroviga muvofiq maʼlumotlar taqdim etadigan vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va tashkilotlarning

I. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga maʼlumotlar bazasidan va axborot tizimlaridan real vaqt rejimida foydalanish ruxsat etiladiganlar:

1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi

2. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

3. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi

4. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi

5. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi

6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

7. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

8. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi

9. Sport vazirligi

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda uning huzuridagi qoʻmita, agentlik va inspeksiyalar

11. Suv xoʻjaligi vazirligi

12. Raqamli texnologiyalar vazirligi

13. Adliya vazirligi

14. Transport vazirligi

15. Madaniyat vazirligi

16. Mudofaa vazirligi

17. Energetika vazirligi

18. Sogʻliqni saqlash vazirligi

19. Tashqi ishlar vazirligi

20. Ichki ishlar vazirligi

21. Favqulodda vaziyatlar vazirligi

22. Soliq qoʻmitasi

23. Bojxona qoʻmitasi

24. Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi

25. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi

26. Din ishlari boʻyicha qoʻmita

27. Milliy statistika qoʻmitasi

(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)

28. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

29. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

30. Kadastr agentligi

31. Yoshlar ishlari agentligi

32. Milliy antidoping agentligi

33. Madaniy meros agentligi

34. Personallashtirish agentligi

35. Intellektual mulk agentligi

36. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

37. Majburiy ijro byurosi

38. X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi

II. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining elektron soʻroviga muvofiq maʼlumotlar bazasi bilan oʻzaro axborot almashuvini yoʻlga qoʻyadiganlar:

39. Markaziy bank (offlayn shaklda maʼlumot taqdim etiladi)

39-1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi

39-2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi

39-3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi

39-4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi

39-5. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi

39-6. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi

39-7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi

39-8. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi

39-9. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

39-10. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi

39-11. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi

39-12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi

39-13. Savdo-sanoat palatasi

39-14. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi

(39-1 — 39-14-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 06/25/252/1176-son)

40. Barcha tijorat banklari (offlayn shaklda maʼlumot taqdim etiladi)

41. “Navoiy KMK” AJ

42. “Olmaliq KMK” AJ

43. “Oʻzbekneftgaz” AJ

44. “Oʻztransgaz” AJ

45. “Hududgaztaʼminot” AJ

46. “UzGasTrade” AJ

47. “Muborakneftgazmontaj” AJ

48. “Buxoro NQIZ” MCHJ

49. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ

50. “Raqamli transformatsiya markazi” MCHJ

51. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ

52. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ

53. “Angren IES” AJ

54. “Yangi Angren IES” AJ

55. “Navoiyuran” DK

56. “Navoiy KMK”jamgʻarmasi” DM

57. “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ

58. “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” AJ

59. “Respublika koʻp tarmoqli agrosanoat birjasi” AJ

60. “Toshkent” respublika fond birjasi” AJ

61. “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” AJ

62. “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” DUK

63. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ

64. “Uzbekistan airways” AJ

65. “Uzbekistan airports” AJ

66. “Oʻzavtosanoat” AJ

67. “Oʻzkimyosanoat” AJ

68. “Navoiyazot” AJ

69. “Fargʻonaazot” AJ

70. “Oʻzdonmahsulot” AK

71. “Oʻzbektelekom” AK

72. “Oʻzmetkombinat” AJ

73. “Oʻzbekgidroenergo” AJ

74. “Oʻzagroservis” AJ

75. “Oʻzagrolizing” AJ

76. “Oʻzagrosugʻurta” AJ

77. “Oʻzbekinvest” EISK” AJ

78. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ

79. “Toshshahartransxizmat” AJ

80. “Andijon biokimyo zavodi” AJ

81. “Biokimyo” AJ

81-1. “Oʻzenergosotish” AJ

81-2. “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ

81-3. “Oʻzshahar qurilish invest” MCHJ

81-4. “Oʻzbekkoʻmir” AJ

81-5. “Toshkent metropoliteni” DUK

81-6. “Oʻzbekgeofizika” AJ

81-7. Issiqlik taʼminoti korxonalari

81-8. Issiqlik elektr stansiyalari korxonalari

(81-1 — 81-8-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 06/25/252/1176-son)

82. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradigan davlat maqsadli jamgʻarmalari

83. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

84. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari

Izohlar:

Mazkur roʻyxatdagi vazirlik, idora va tashkilotlarda yangi maʼlumotlar bazasi yoki dasturiy taʼminot ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilganda, Hisob palatasi soʻroviga koʻra yangi maʼlumotlar bazasi va dasturiy taʼminotlar Hisob palatasiga taqdim etiladi hamda integratsiya qilinadi;

Vazirlik, idora va tashkilotlarning real vaqt rejimida maʼlumotlar bazasidan foydalanishga ruxsat dasturiy kompleks funksiyalariga va maʼlumotlar bazasi tarkibiga aralashish huquqisiz beriladi;

Hisob palatasining soʻroviga koʻra hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlar va vazifalar doirasida vazirlik, idora va tashkilotlar bilan maʼlumotlar almashish amalga oshiriladi;

2024-yil yakuniga qadar maʼlumotlar bazalarini Masofaviy nazorat markazining maʼlumotlar bazasi bilan toʻliq integratsiya qilish hamda taqdim etilayotgan maʼlumotlarning haqqoniyligini taʼminlash boʻyicha shaxsiy masʼuliyat mazkur roʻyxatdagi vazirlik, idora va tashkilotlarning birinchi rahbarlari zimmasiga yuklanadi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Hisob palatasiga davlat xaridlarining elektron tizimi operatorlarining maʼlumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish imkoniyati yaratilishini taʼminlaydi.

Mazkur roʻyxatga Hisob palatasining taklifiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining farmoyishi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

(izohlar qismining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 06/25/252/1176-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son Farmoniga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali taqdim etilgan xavf (risk) tahlillarni boshqarish

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son Farmoniga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6300-son Farmonida:

a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“1. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan nazorat shakllari va turlariga qoʻshimcha quyidagilar amaliyotga joriy etiladi:

a) buxgalteriya (budjet) hisobi yuritilishini, moliyaviy hisobotlarning haqqoniyligini, moliyaviy resurslardan maqsadli va qonuniy foydalanilganligini hamda daromadlarning toʻliqligini, shuningdek, moliyaviy operatsiyalarning qonuniyligini baholashni nazarda tutuvchi moliyaviy audit;

konsolidatsiyalashgan va jalb qilingan budjet mablagʻlaridan foydalanishda, davlat xaridlarini amalga oshirishda, shuningdek, daromadlarning toʻliqligini taʼminlash va biznes jarayonlarida normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinganligini va ularning davlat dasturlariga muvofiqligini tekshirish va baholashni nazarda tutuvchi muvofiqlik auditi;

nazorat obyektida xarajatlar, subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarning samaradorligi va natijadorligini, ajratilgan mablagʻlardan foydalanishning tejamkorligini, belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishini, konsolidatsiyalashgan budjet va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning maqsadga muvofiqligi va natijadorligini, shuningdek, davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligini baholash va tahlil qilishni nazarda tutuvchi samaradorlik auditi;

b) 2025-2026-yillarda:

mamlakatimizning barqaror rivojlanish borasidagi milliy maqsad va strategik vazifalarini amalga oshirishga doir dasturlar va loyihalarning natijadorligini baholash, tizimli xavf-xatarlarni aniqlash, ularning taʼsirini kamaytirishga qaratilgan strategik audit;

vazirlik va idoralar faoliyatini raqamlashtirish va axborot texnologiyalaridan foydalanishni, shu jumladan, raqamlashtirish siyosati, jarayonlari va boshqaruvi, axborot tizimi va uning xavfsizligi, maʼlumotlar ishonchliligi, axborot tizimining tashkilotlar faoliyati ehtiyojlariga javob berishi va raqamlashtirish xarajatlarining samaradorligini baholashga qaratilgan axborot texnologiyalari auditi”;

b) 4-bandning “b” kichik bandidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 5-bandning birinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 6-bandning birinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 9-banddagi “Hisob palatasi Hayʼati (keyingi oʻrinlarda — Hayʼat)” soʻzlari “Davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

e) 10-banddagi “Hayʼat” soʻzi “Muvofiqlashtiruvchi kengash” soʻzlari bilan almashtirilsin;

j) 11-bandning birinchi xatboshisidagi “Hayʼatga” soʻzi “Muvofiqlashtiruvchi kengashga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

z) 12-bandning uchinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

i) 15-bandda:

birinchi xatboshidagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” soʻzlari “Raqamli texnologiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

k) 18-banddagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

l) 3-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi PF-6300-son Farmoniga 3-ILOVA

Davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash

1. A.M. Boboyev — Hisob palatasi raisi, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi 2. J.A. Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi oʻrinbosari 3. O.A. Xakimov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari 4. A.B. Samadov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari 5. A.D. Tashkulov — adliya vaziri 6. A.E. Burxanov — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori 7. S.I. Samadov — Bosh prokuror oʻrinbosari 8. Lavozimi boʻyicha — Bosh prokuror oʻrinbosari — Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻi 9. M.M. Tulaxodjayeva — Oʻzbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi raisi 10. N.F. Karimov — Oʻzbekiston auditorlar palatasi raisi 11. M.R. Abdullayev — Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari 12. Lavozimi boʻyicha — Hisob palatasi raisi oʻrinbosari 13. Lavozimi boʻyicha — Hisob palatasi raisi oʻrinbosari, Muvofiqlashtiruvchi kengash kotibi

Izoh. Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-yanvardagi “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-8-son Farmoni 2-ilovasining 21-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 5-martdagi “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-2142-son qarorida:

a) 1-ilovaning 18-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“18. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisi va uning oʻrinbosarlari”;

b) 3-ilovaning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati” boʻlimi quyidagi mazmundagi 1-1-band bilan toʻldirilsin:

“1-1. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining boshqaruv, texnik va yordamchi xodimlari — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishuvdan soʻng”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-128-son qarorida:

a) 1-bandda:

birinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

yettinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Departament” soʻzi bilan almashtirilsin;

b) 3-bandda:

birinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” soʻzlari “Departament Raqamli texnologiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshidagi “Moliya vazirligining” soʻzlari “Departamentning” soʻzi bilan almashtirilsin;

v) 10-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “(B. Turabov)” soʻzlari “(A. Boboyev)” soʻzlari bilan, “Moliya vazirligining (T. Ishmetov)” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligining (J. Qoʻchqorov)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 11-bandning birinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 12-banddagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Departament” soʻzi bilan almashtirilsin;

e) 13-bandda:

uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin:

toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;

j) 16-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Hisob palatasi va Departament tomonidan tadbirkorlik subyektlarida budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari, davlat qarzi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan oʻtkaziladigan moliyaviy nazorat tadbirlariga nisbatan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishga oid tartib-taomillar tatbiq etilmaydi. Bunda moliyaviy nazorat tadbirlarini oʻtkazishga masʼul xodimlar tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻldirishi shart (davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno)”.

5. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining dasturiy kompleksini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 362-son qaroriga 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

6. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-yanvardagi 46-son qarori bilan tasdiqlangan Qurilish sohasida pudrat tashkilotlarini belgilash boʻyicha elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 35-bandi oʻn uchinchi xatboshisi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-avgustdagi 416-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmati toʻgʻrisida namunaviy nizomda:

a) 6-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ichki audit tadbirlari vazirlik va idora rahbari tomonidan tasdiqlangan ichki audit yillik rejasi va Hisob palatasi taqdim etgan risk-tahlillariga asosan majburiy tartibda oʻtkaziladi. Bunda ichki audit yillik rejasiga kiritiladigan ichki audit tadbirlari majburiy tartibda Hisob palatasi bilan kelishiladi”;

b) 15-bandda:

quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“istisno tariqasida, Markaziy bank va tijorat banklaridan budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjet va davlat qarzi mablagʻlarining harakatiga doir maʼlumotlarini markazlashgan tartibda soʻrab olish”;

uchinchi — oʻn oltinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;

v) 16-bandda:

oʻn toʻrtinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi huzuridagi” soʻzlari “Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

oʻn beshinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi huzuridagi” soʻzlari “Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

yigirma uchinchi xatboshidagi “Moliya vazirligiga” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 18-banddagi “Moliya vazirligiga” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.