PF-102-son Farmon · 18.07.2024

Oʻzbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-102
  • Qabul qilingan sana:18.07.2024
  • Kuchga kirgan sana:23.07.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/24/102/0541

Mamlakatimiz hududlarida yangi turizm industriyasi obyektlarini koʻpaytirish orqali qulay sayohat qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon bozorida milliy turizm mahsulotlarini faol targʻib qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, ichki turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish, transport logistikasidagi mavjud muammolarni hal etish, shuningdek, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, turizm sohasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratish va turizm xizmatlari eksportini kengaytirish maqsadida:

a) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelishda aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan respublika tijorat banklari orqali 10 million AQSH dollari ekvivalentida milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada kredit liniyasi ochiladi. Bunda:

(1-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-dekabrdagi PF-263-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/263/1239-son)

tijorat banklari tomonidan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha belgilangan yillik foiz stavkasi tarkibida bank marjasi 3 foizdan oshmagan miqdorda oʻrnatiladi;

kredit mablagʻlari turoperatorlarga 2 yillik imtiyozli davr (foiz va asosiy qarzdan) bilan 10 yil muddatga ajratiladi;

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklariga resurslar 3 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga ajratiladi;

b) 2025-yil 1-avgustga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida roʻyxatga olinib, litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʻlmagan yuqori oʻtish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yigʻimini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi.

Bunda, ushbu transport vositasi import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidan tashqarida foydalanilganligi, boshqa shaxslarga sotilganligi yoki oʻtkazilganligi yoxud ijaraga berilganligi aniqlangan taqdirda, bojxona boji va utilizatsiya yigʻimi toʻliq hajmda import qilgan shaxsdan undirib olinadi;

v) 2025-yil 1-avgustga qadar turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi. Bunda:

mazkur imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan yangi ishlab chiqarilgan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtobus va haydovchidan tashqari sakkiz va undan ortiq oʻrindiqlarga ega boʻlgan mikroavtobuslar uchun taqdim etiladi;

import qilingan avtobuslar va mikroavtobuslar import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida boshqa shaxsga sotilgan yoki oʻtkazilgan yoxud ijaraga berilgan taqdirda, taqdim etilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda bojxona boji belgilangan tartibda toʻliq hajmda import qilgan shaxsdan undirib olinadi;

g) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi) tomonidan roʻyxati shakllantiriladigan xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalarida turizm sohasidagi tadbirkorlar, hunarmandlar, madaniyat va sanʼat vakillari ishtirok etadi. Bunda, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

xalqaro turizm yarmarka va koʻrgazmalari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetidan 1 milliard soʻmdan kam boʻlmagan mablagʻlar ajratiladi;

faoliyat boshlaganiga 3 yildan koʻp boʻlmagan turoperatorlarning xalqaro turizm yarmarka va koʻrgazmalaridagi pavilyon ijarasi xarajatining 50 foizi Turizm qoʻmitasining budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

hunarmandlarning xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalaridagi pavilyon ijarasi, ularda namoyish etiladigan mahsulotlarini tashish va aviachipta xarajatlarining 50 foizi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

2. Quyidagilar:

Turizmni rivojlantirish boʻyicha respublika jamoatchilik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Turizmni rivojlantirish boʻyicha mahalliy jamoatchilik kengashlarining (keyingi oʻrinlarda — mahalliy kengash) namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Turizm qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targʻib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi milliy turizm brendini (tanitish belgisi) yaratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

marketing va brending konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining yangi milliy turizm brendi (keyingi oʻrinlarda — turizm brendi)ni ishlab chiqish;

turizm brendining maqsadli bozorlar (auditoriya) talablaridan kelib chiqib, xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekistonning tarixiy, madaniy, gastronomik, tibbiy va sogʻlomlashtirish, arxeologik, ekologik va ekstremal kabi turizmning turlari toʻgʻrisida kontentlar yaratish;

zamonaviy marketing texnologiyalaridan, shu jumladan xalqaro media va ijtimoiy platformalar, butunjahon sport, madaniyat va sanʼat tadbirlari maydonidan foydalangan holda turizm brendini targʻib qilish tizimini yaratish.

4. Turizm qoʻmitasi:

2024-yil 1-oktabrga qadar yangi milliy turizm brendini yaratish uchun tanlov oʻtkazsin;

2024-yil Xalqaro turizm kuni doirasida birinchi global sayyohlik mediakampusini tashkil qilsin;

2024-2025-yillarda auditoriyasi 10 milliondan ortiq boʻlgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuenserlarni jalb qilsin.

5. Belgilansinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan turoperatorlarning oʻz mahsulotlarini targʻib qilish maqsadida respublikaga olib kelgan mashhur xorijiy blogerlarning (auditoriyasi 1 milliondan kam boʻlmagan) yashash xarajatlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

Bunda, mashhur blogerlarni olib kelish boʻyicha sarf-xarajatlar smetasi Turizm qoʻmitasi bilan oldindan kelishiladi;

b) Respublika kengashi har chorakda kamida bir marotaba, mahalliy kengashlar har oyda bir marotaba turizm sohasi subyektlari faoliyati, turizm infratuzilmasi va transport logistikasi sohalarida vujudga kelayotgan muammolarni koʻrib chiqib, ularni bartaraf qilish va mavsum oldi tayyorgarlik koʻrish hamda oldindan xabar berish tartibi asosida faoliyat yuritadi;

v) 2025-yil 1-yanvardan boshlab kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi boʻlgan uch kundan kam boʻlmagan biznes tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlari 2028-yil 1-yanvargacha ushbu biznes tadbirlarni tashkil qilishdan olingan daromaddan olingan foyda soligʻini ushbu soliq boʻyicha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

6. Turizm qoʻmitasi:

bir oy muddatda milliy turizm delegatsiyasi ishtirok etishi lozim boʻlgan koʻrgazmalar roʻyxatini qayta koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

uch oy muddatda faoliyat boshlaganiga 3 yildan koʻp boʻlmagan turoperatorlarning xalqaro turizm yarmarka va koʻrgazmalaridagi pavilyon ijarasi xarajatining 50 foizini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplab berish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Madaniyat vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar xorijiy mamlakatlar kesimida xalqaro turizm koʻrgazmalarida namoyish qilish uchun madaniy, gastronomik va hunarmandchilik kontentini ishlab chiqsin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2025-yildan boshlab har yili xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalari uchun mahalliy budjetdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlariga taqdimnoma kiritgan holda 1 milliard soʻmdan kam boʻlmagan mablagʻlar ajratib borish choralarini koʻrsin.

8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ikki oy muddatda xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilyon ijarasi, ularda namoyish etiladigan mahsulotlarini tashish hamda aviachipta xarajatlarining 50 foizini Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan qoplab berish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

9. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov, J. Xodjayev) ikki oy muddatda turoperatorlarga aylanma mablagʻ uchun eksport oldi moliyalashtirishga 50 million dollargacha resurs ajratish va uni maqsadli ishlatish tartibini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.

10. Turizm qoʻmitasi Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda “Mavjud turizm mahsulotlarini taqdim etish” modelidan “Mijozga nima kerak” modeliga oʻtishning qisqa muddatli konsepsiyasini ishlab chiqsin.

Bunda, sayyohlarning fikrini oʻrganish maqsadida xalqaro aeroportlar, chegara oʻtkazish punktlari va turizm namoyishi obyektlarida QR-kod asosida soʻrovlar oʻtkazib borilishi nazarda tutiladi.

11. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024-yil 1-dekabrga qadar yurtimizdagi barcha avia, temir yoʻl va avtobus qatnovlari haqida maʼlumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirsin.

12. Transport vazirligi:

avia, temir yoʻl va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qilsin;

Navroʻz umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni, Yangi yil bayrami va Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) hamda Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida respublika hududlarini bogʻlovchi qoʻshimcha avia, temir yoʻl va avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻysin;

Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda mahalliy va xorijiy fuqarolarni transport va turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor qilish maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlar, jumladan, ochilayotgan yangi reyslar, reyslardagi yuklamalar, shakllantirilayotgan yangi avia va temir yoʻl marshrutlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi “Hududlarning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish va boʻsh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-245-son qarorining 3-ilovasi bilan master-rejalar ishlab chiqiladigan 20 ta tuman (shahar)larning roʻyxati tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, master-rejalar ishlab chiqiladigan hududlarda yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablagʻlar birinchi navbatda Jamgʻarma xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.

14. Iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari S. Saʼdullayev master-rejalar ishlab chiqiladigan 20 ta tuman (shahar) hududlarida infratuzilmani rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni moliyalashtirish uchun masʼul etib belgilansin.

15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi master-rejalar ishlab chiqiladigan 20 ta tuman (shahar) hududlarida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash uchun:

2024-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan 100 milliard soʻm ajratsin;

2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturida 132 milliard soʻm ajratish koʻzda tutilishini taʼminlasin.

16. Turizm qoʻmitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda biznes turizmini (MICE) rivojlantirish uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Transport vazirligi, Mudofaa vazirligi bir oy muddatda Moʻynoq va Parkent tumanlarida ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda kichik biznesga tayyor joyni qurib taklif qilish tizimini yaratish boʻyicha takliflarni kiritsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

20. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.

Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 18-iyul,

PF-102-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-son Farmoniga 1-ILOVA

Turizmni rivojlantirish boʻyicha respublika jamoatchilik kengashi

1. A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Jamoatchilik kengashi raisi 2. G.B. Israilova — Oʻzbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari 3. A.A. Abduxakimov — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri, Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari 4. Z. Pololikashvili — Birlashgan Millatlar Tashkilotining turizm bosh kotibi 5. S. Ibbotson — Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi 6. Z. Tongqian — “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti prorektori 7. Yu. Mizumori — Turizm qoʻmitasining Yaponiyadagi turizm vakili 8. O. Q. Norinboyev — Oʻzbekiston geografiya jamiyati raisi 9. F.A. Abdullayeva — Oʻzbekiston mehmonxonalar uyushmasi raisi 10. A.X. Umarov — Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi raisi 11. T.D. Musin — Oʻzbekiston restoratorlar va otelyerlar uyushmasi raisi 12. D.R. Urakov — Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi rahbari v.b. 13. Sh.M. Saibov — Oʻzbekiston turizm transporti uyushmasi raisi 14. M.S. Sultanova — Oʻzbekiston sotsial turizm uyushmasi raisi 15. L.Yu. Kozlovskiy — Oʻzbekiston ekstremal va togʻ turizmi federatsiyasi raisi 16. M.S. Saydaminov — “Orient voyages” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori 17. Z.A. Butayev — “Samarkand touristic centre” masʼuliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori 18. M.M. Ramazonov — “Avrud travel” masʼuliyati cheklangan jamiyati marketing va biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori 19. B.R. Ashuraliyev — “Elan Ekspress” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori 20. L.M. Mirzayeva — “Farovon Xiva xotel” mehmonxonasi bosh menejeri 21. B.R. Koraxodjayev — “Asia star plaza” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori 22. D.A. Yakubova — “Oʻzbekiston 24” axborot-tahliliy teleradiokanali siyosiy sharhlovchisi 23. E.A. Tuxvatulina — “Dunyo boʻylab” telekanali “Vsyo o Turizme” dasturi muallifi va boshlovchisi 24. O.A. Nazarbekov — madaniyat vaziri 25. I.R. Maxkamov — transport vaziri 26. B.O. Saidov — tashqi ishlar vaziri 27. Sh.S. Xidoyatov — qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri v.b. 28. P.R. Bobojonov — ichki ishlar vaziri 29. I.I. Norqulov — iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari 30. A.Z. Saʼdullayev — yoshlar ishlari agentligi direktori 31. B.G. Abdikarimov — Madaniy meros agentligi direktori 32. U.R. Shadiyev — Turizm qoʻmitasi raisi, Jamoatchilik kengashi kotibi

Izoh: Oʻzbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi va Turizm qoʻmitasiga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Jamoatchilik kengashi aʼzolari tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.

Jamoatchilik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-son Farmoniga 2-ILOVA

Turizmni rivojlantirish boʻyicha mahalliy jamoatchilik kengashlarining namunaviy

1. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, mahalliy jamoatchilik kengashi raisi 2. Lavozimiga koʻra — Turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkiloti vakili, Mahalliy jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari 3. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, mahalliy jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari 4. Lavozimiga koʻra — Turizm va unga yondosh sohalardagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari 5. Lavozimiga koʻra — Hududdagi yirik turoperatorlar 6. Lavozimiga koʻra — Hududdagi yirik mehmonxona vakillari 7. Lavozimiga koʻra — ommaviy axborot vositalari vakillari 8. Lavozimiga koʻra — Madaniyat vazirligining hududiy boʻlinmasi boshligʻi 9. Lavozimiga koʻra — transport vazirligining hududiy boʻlinmasi boshligʻi 10. Lavozimiga koʻra — Tashqi ishlar vazirligining konsullik boʻlinmasi boshligʻi 11. Lavozimiga koʻra — qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmasi boshligʻi 12. Lavozimiga koʻra — ichki ishlar vazirligining hududiy boʻlinmasi boshligʻi 13. Lavozimiga koʻra — iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boʻlinmasi boshligʻi 14. Lavozimiga koʻra — Yoshlar ishlari agentligi hududiy boʻlinmasi boshligʻi 15. Lavozimiga koʻra — Madaniy meros agentligining hududiy boʻlinmasi boshligʻi 16. Lavozimiga koʻra — Turizm qoʻmitasining hududiy boshqarmasi oʻrinbosari Mahalliy jamoatchilik kengashi kotibi

Izoh: Mahalliy jamoatchilik kengashlari tarkibiga kamida 3 nafar turizm va unga yondosh sohalardagi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda 4 nafardan turoperator va mehmonxona vakillari kiritiladi.

Mahalliy jamoatchilik kengashlari oʻrinbosarlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi bilan kelishgan holda mahalliy kengashlar aʼzolari tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.

Mahalliy jamoatchilik kengashlari aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-son Farmoniga 3-ILOVA

Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-son Farmoniga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi PF-5515-son Farmoni 2-bandining beshinchi xatboshisidagi “Toshkent shahar turizm va sport bosh boshqarmasi hamda tumanlar turizm va sport boʻlimlari” soʻzlari “Toshkent shahar turizm boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6218-son Farmoni 5-ilovasining 21-pozitsiyasi “Amalga oshirish muddatlari” ustunidagi “2024-yil II chorak” soʻzlari “2024-yil IV chorak” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi “Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-102-son Farmoni 1-bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “davolash muassasalari” soʻzlaridan keyin “(bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5270-son qarorida:

1-bandning “v” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “Boʻstonliq turizm va servis kollejlari hamda Toshkent turizm va biznes kollejini” soʻzlari “Boʻstonliq turizm va servis kollejlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;

1-ilovadan “Toshkent turizm va biznes kolleji” bloki chiqarib tashlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qarori 2-bandining “v” kichik bandida:

birinchi xatboshi “2025-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlaridan keyin “turizm markazlarida, shuningdek,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi “Turizm va sport vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining hududiy bosh boshqarmalari” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-232-son qarorining 16-bandi birinchi xatboshisidagi “iyul oyida” soʻzlari “20-iyuldan 20-avgustga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi “Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-238-son qarorida:

a) 2-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirdagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Belgilansinki qavatlar soni bilan bogʻliq talablar YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda yoki togʻli va togʻoldi hududlarda yangi qurilgan mehmonxonalarga tatbiq etilmaydi”;

b) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“3. 2024-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “Toʻsiqsiz turizm” dasturi amalga oshirilsin. Bunda turizm, madaniy meros, konsert-tomosha obyektlari hamda aeroport, avto va temir yoʻl vokzallarida nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun zarur infratuzilma yaratish mexanizmlari joriy qilinsin”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.