PQ-338-son Qaror · 24.09.2024

Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-338
  • Qabul qilingan sana:24.09.2024
  • Kuchga kirgan sana:25.09.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/338/0749

Mamlakatimizda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, chang boʻronlariga qarshi kurashish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tiklash, ihota daraxtzorlarini barpo etish orqali chang boʻronlari sodir boʻlish xavfini kamaytirish hamda ularning salbiy oqibatlarini yumshatish, shuningdek, chang boʻronlaridan aholini erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasida chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha 2024 — 2030-yillarga moʻljallangan milliy dastur (keyingi oʻrinlarda — Milliy dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Milliy dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

2025 — 2028-yillarda chang boʻronlarini prognoz va monitoring qilish tizimini takomillashtirish hamda aholini barvaqt ogohlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish;

chang va qum boʻronlari oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish;

qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish;

2026-yilga qadar mavjud yaylovlarning 30 foizini, 2028-yilga qadar — 60 foizini hamda 2030-yilga qadar — toʻliq geobotanik holatini inventarizatsiyadan oʻtkazish, geobotanik jihatdan tekshirish va ularning geobotanik xaritalarini tuzish;

chang boʻronlariga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;

2028-yilga qadar kuchli chang boʻronlari hosil boʻlish surʼatlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish;

chang boʻronlariga qarshi kurashishga qaratilgan ekologik taʼlimni kuchaytirish.

3. Belgilansinki, Milliy dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan har ikki yilda bir marotaba 1-dekabrga qadar keyingi davrga moʻljallangan “yoʻl xaritalari” tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasi 2024-yil 1-dekabrga qadar Milliy dasturni 2025-2026-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.

4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda:

2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni oʻrnatish ishlarini boshlasin;

2027-yil 1-yanvardan boshlab aholining keng qatlamlari va jamoatchilikni atmosfera havosining sifati boʻyicha ishonchli maʼlumotlar bilan taʼminlash maqsadida Toshkent shahri hududida oʻrnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik maʼlumotlarni eʼlon qilib borsin.

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2026-y., 06/26/46/0290-son)

5. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining chang boʻronlariga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarni mintaqaviy yondashuv asosida muvofiqlashtirish boʻyicha quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi (keyingi oʻrinlarda — Fond) va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etishning konseptual asoslarini ishlab chiqish;

Markaziy Osiyo davlatlari bilan Fond va Markazning vazifalari hamda ular faoliyatining moliyalashtirish manbalarini belgilash yuzasidan muzokaralarni boshlash;

muzokaralar natijasi boʻyicha Fondning konseptual asoslarini ishlab chiqib, unga har yili ajratiladigan mablagʻlar manbalari va miqdori yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakuni bilan Fond va Markazni tashkil etish, doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2030-yildan boshlab Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi. Bunda 2025-yilning kuz-qish mavsumidan boshlab zaxira yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanishga faqat Vazirlar Mahkamasining har yili kuz-qish mavsumi oldidan chiqariladigan qarori asosida ob-havo va texnologik rejimlardan kelib chiqqan holda yoʻl qoʻyiladi;

Toshkent shahriga tutash tumanlarda joylashgan 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan koʻmir yoqilgʻisining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatiladi hamda bunday uskunalarni oʻrnatish uchun issiqxona xoʻjaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi;

2025 — 2030-yillar davomida Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbogʻ” va “yashil bogʻlar” tashkil qilinadi;

2028-yildan boshlab “Yevro — 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.

7. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Bosh prokuratura, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda 2025 — 2030-yillar davomida Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyati hududlarida “yashil belbogʻ” va “yashil bogʻlar” barpo etish boʻyicha dasturni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil 1-fevralga qadar ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiyot tarmoqlarini joylashtirish va rivojlantirish konsepsiyalari, sxemalarining loyihalari, 50 mingdan ortiq kishi istiqomat qilishi loyihalashtirilayotgan obyektlar uchun shaharsozlik hujjatlari va shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqishda majburiy ravishda ushbu obyektlar havo sirkulyatsiyasi va havo oqimlarining fizik xossalarini, joy relyefini inobatga olgan holda modellashtirishni amalga oshirish tartibini joriy qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

Toshkent shahrining diqqatga sazovor koʻchalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;

“Shahar — piyodalar uchun” shiori asosida jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishini taʼminlash;

Toshkent shahri hamda har bir tumanining ekologik “master-reja”sini ishlab chiqish;

sanoat korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish va eskilarini almashtirish ishlarini tashkil etish;

mikroiqlim moʻtadilligini taʼminlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy taʼsir etish maqsadida sunʼiy suv havzalarini barpo etish;

atmosfera havosi bilan bogʻliq xavflar va uning salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqish hamda zararli taʼsirni kamaytirishga qaratilgan koʻrsatuvlar, ijtimoiy roliklar tayyorlash.

10. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy taʼlim muassasalarida yaylov ekotizimlarini boshqarish yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

11. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muntazam ravishda mazkur qarorning maqsad va vazifalari olim, ekspert va mutaxassislar ishtirokida keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini taʼminlasin.

12. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda belgilangan tartibda har yili yanvar oyining 15 sanasiga qadar mazkur qaror va Milliy dasturda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan axborotni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 24-sentabr,

PQ-338-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-sentabrdagi PQ-338-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha 2024 — 2030-yillarga moʻljallangan

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-martdagi PF-56-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2025-y., 06/25/56/0274-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-sentabrdagi PQ-338-son qaroriga 2-ILOVA

Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kechiktirib boʻlmas

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 06/25/174/0858-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.