Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-37-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, jamoaviy sport turlariga yoshlarni keng jalb qilish va iqtidorli sportchilarni saralab olish (seleksiya) hamda yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar jamoaviy sport turlarini (voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
yoshlarning jamoaviy sport turlariga qiziqishini oshirish, ularning jamoaviy sport turi bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, sport musobaqalarini tizimli oʻtkazib borishni yoʻlga qoʻyish;
terma jamoalar va professional sport klublari uchun sport zaxirasini yaratish, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish;
trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish;
jamoaviy sport turlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik mutaxassislarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
jamoaviy sport turlari boʻyicha zamonaviy sport obyektlarini barpo etish, mavjudlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash.
2. Jamoaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanishni tashkil qilish hamda ushbu sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida jismoniy tarbiya fani oʻqitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan oʻqituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-392-son qarori bilan 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab har bir maktabda bosqichma-bosqich maktab sport klublari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Belgilansinki, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi jamoaviy sport turlari boʻyicha, boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida kamida uchta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil etiladi. Bunda oliy taʼlim muassasalarining sport klublari faoliyati uchun tegishli oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) shaxsan masʼul hisoblanadi;
sport klubi raisi etib oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) tayinlanadi, sport klubi menejeri lavozimi esa oliy taʼlim muassasasi kafedra mudiri lavozimiga tenglashtiriladi;
oliy taʼlim muassasalariga oʻz sport klublarini tegishli sport bazalariga begʻaraz asosda joylashtirish huquqi beriladi;
oliy taʼlim muassasalarining sport klublarini saqlash, ularni sport jihozlari va ekipirovkalari bilan taʼminlash oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlari va budjetdan tashqari boshqa mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
oliy taʼlim muassasalarining har yilgi budjetdan tashqari daromadlar va xarajatlar smetasida sport klublarini saqlash boʻyicha xarajatlar koʻzda tutiladi.
Bunda oliy taʼlim muassasalarining sport klublari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tashkiliy va uslubiy koʻmaklashish Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
5. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab jamoaviy sport turlari boʻyicha:
a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) Sport vazirligi (A. Ikramov) bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim maktablari maktab sport klublari oʻrtasida “Maktab ligasi”;
b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov) Sport vazirligi (A. Ikramov) hamda Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi bilan birgalikda:
oliy taʼlim muassasalari sport klublari oʻrtasida “Talabalar ligasi” va “Oliy taʼlim kubogi”;
oliy taʼlim muassasalari miqyosida “Rektor kubogi” sport musobaqalarini oʻtkazib borishni yoʻlga qoʻysin.
6. Vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalar (keyingi oʻrinlarda — idoraviy tashkilotlar) mehnat jamoasining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida ularda kamida uchta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil qilinadi. Bunda:
ish vaqtidan soʻng belgilangan kunlarda (haftada kamida bir marta) idoraviy tashkilotlar rahbarlari mehnat jamoasining jamoaviy sport turlari bilan shugʻullanishini tashkil qilish choralarini koʻradi;
jamoaviy sport turlari boʻyicha idoraviy tashkilotlar kesimida “Rahbar kubogi”, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” musobaqalari oʻtkazib boriladi;
sport musobaqalari gʻolib va sovrindorlari sport musobaqalari tashkilotchilarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyaviy ragʻbatlantirib boriladi.
7. Biznes hamjamiyati, Savdo-sanoat palatasi va jamoaviy sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari)ning:
tadbirkorlik subyektlari xodimlarini jamoaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanib borishga jalb qilish;
tadbirkorlik subyektlarida jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublarini tashkil qilish;
tadbirkorlik subyektlari sport klublari oʻrtasida “Korporativ sport oʻyinlari” sport musobaqasini oʻtkazib borish toʻgʻrisidagi tashabbuslari maʼqullansin.
Bunda Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxabov) va Sport vazirligi (A. Ikramov) xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda asosiy faoliyati tadbirkorlik subyektlarini sportga jalb qilish va ular oʻrtasida sport musobaqalarini oʻtkazib borish boʻlgan Oʻzbekiston korporativ sport assotsiatsiyasini tashkil qilish choralarini koʻradi.
8. Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxabov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov), Sport vazirligi (A. Ikramov) va Soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar xodimlarining jamoaviy sport turlari bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda jamoaviy sport turlariga homiylik mablagʻlarini yoʻnaltirganlik uchun soliq imtiyozlarini taqdim qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (Q. Kuranbayev) Sport vazirligi (A. Ikramov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi (Z. Mahkamova), Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev) va “Nuroniy” jamgʻarmasi (S. Turdiyev) bilan birgalikda:
“mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda har bir mahalla aholisini mahalla hududidagi mavjud sport infratuzilmasi va umumiy oʻrta taʼlim maktablari sport inshootlarida jamoaviy sport turlari bilan shugʻullanishga jalb qilib borishni yoʻlga qoʻysin;
mahallalar oʻrtasida “Mahalla ligasi” musobaqalarini oʻtkazib borsin.
10. Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, jamoaviy sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida jamoaviy sport turlari boʻyicha hududiy sport klublari (keyingi oʻrinlarda — hududiy sport klublari) faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari:
bosqichma-bosqich hududiy sport klublarini rivojlantirish va moliyalashtirish, shuningdek, hududiy sport klublariga homiy tashkilotlarni biriktirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib borsin;
jamoaviy sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari)ning hududiy boʻlinmalari moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga koʻmaklashsin;
tegishli hududlarning rahbar kadrlari orasidan nomzodlarni jamoaviy sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari)ning hududiy boʻlinmalari rahbarlari lavozimiga tavsiya etib borsin;
hududiy sport klublari natijalari va ularni rivojlantirish borasidagi muammolarni muhokama qilib borsin.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga hududiy sport klublarini saqlash xarajatlarini amalga oshirishda moliyaviy mustaqillik beriladi.
12. Belgilab qoʻyilsinki:
idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, sport klublari yuridik shaxs maqomi bilan yoki yuridik shaxs maqomisiz tashkil qilinadi;
jamoaviy sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan sport ligalarini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi;
sport ligalarida mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar, har qanday sport klublari, shu jumladan, hududiy sport klublari ishtirok etadi;
sport ligalarini oʻtkazib borish tartibi jamoaviy sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan Sport vazirligi va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
sport ligalarini oʻtkazib borish bilan bogʻliq xarajatlar Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi doirasida moliyalashtiriladi;
hududiy sport klublarining sport ligalaridagi natijalaridan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari reytingini shakllantirish va yuritish yoʻlga qoʻyiladi.
13. Jamoaviy sport turlari boʻyicha yuqori mahoratli sportchilar va malakali trenerlarni tayyorlash hamda sport tayyorgarligi jarayoniga xalqaro standartlarni joriy qilish maqsadida:
jamoaviy sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalar aʼzolarini muntazam mahalliy va xorijiy oʻquv-yigʻin mashgʻulotlariga yuborish yoʻlga qoʻyiladi;
jamoaviy sport turlari boʻyicha tahsil olayotgan “Sport faoliyati” bakalavriat yoʻnalishlari talabalarini doimiy mahalliy va xorijiy oʻquv-yigʻin mashgʻulotlariga jalb qilish hamda xorijlik mutaxassislarga biriktirish tartibi joriy etiladi.
Sport vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Umarov) bilan birgalikda jamoaviy sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalar aʼzolarini muntazam mahalliy va xorijiy oʻquv-yigʻin mashgʻulotlariga yuborish grafigini tasdiqlasin.
14. Belgilansinki, ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish orqali iqtidorli yoshlarni saralab olish (seleksiya)ning shaffof tizimini joriy etish maqsadida 2025 — 2027-yillarda “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) boʻyicha texnik imkoniyatlar yaratiladi. Bunda:
har bir jamoaviy sport turi boʻyicha alohida mezonlar ishlab chiqiladi;
sportchilarning joriy jismoniy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimiga yuklab borish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi;
sunʼiy intellektdan foydalangan holda toʻplangan maʼlumotlarni tahlil qilish hamda sportchilarning jismoniy holati va imkoniyatlarini baholash tizimi joriy etiladi;
jamoaviy sport turlari boʻyicha iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) jarayoni toʻliq raqamlashtiriladi;
iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish boʻyicha (seleksiya) texnik imkoniyatlar yaratish bilan bogʻliq xarajatlar Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
15. Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari (uyushmalari)ning Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va olimpiya sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) oʻrtasida oʻzaro majburiyatlar kelishuvini tuzish tizimini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
oʻzaro majburiyatlar kelishuvi Olimpiya oʻyinlari oʻtkaziladigan muddatga qadar tuziladi;
oʻzaro majburiyatlar kelishuvida sport federatsiyasi (uyushmasi)ning nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishish boʻyicha vazifalari va majburiyatlari koʻzda tutiladi;
sport federatsiyasi (uyushmasi)ning nufuzli xalqaro sport musobaqalaridagi natijalaridan kelib chiqib, ularning faoliyatini moliyalashtirish miqdorlari belgilab boriladi.
Sport vazirligi (A. Ikramov) 2026-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari (uyushmalari) oʻrtasida oʻzaro majburiyatlar kelishuvini tuzish tartibini tasdiqlash boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(15-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ-373-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2025-y., 07/25/373/1157-son)
16. Belgilab qoʻyilsinki, Sport vazirligi tomonidan ushbu qaror va “yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi boʻyicha har yarim yilda bir marotaba Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritiladi va Bosh vazir huzurida muhokama qilib boriladi.
17. Sport vazirligi (A. Ikramov):
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarorda koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-dekabr,
PQ-421-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-421-son qarorigaILOVA
Jamoaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanishni tashkil qilish hamda ushbu sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-yanvardagi PQ-22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/22/0069-son)