Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-noyabrdagi “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-381-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun mutaxassislarni maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish maqsadida:
1. Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida kadrlar tayyorlashni nazarda tutuvchi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) kunduzgi taʼlim shaklida:
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida (keyingi oʻrinlarda — IIV Akademiyasi) bakalavriatning “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishida oʻqish muddati toʻrt yilni tashkil etadigan “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishini (keyingi oʻrinlarda — “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi);
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida (keyingi oʻrinlarda — Huquqni muhofaza qilish akademiyasi) oʻqish muddati bir yilni tashkil etadigan “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” magistratura mutaxassisligini joriy etish;
b) isteʼdodli nomzodlarga quyidagi imtiyozlarni taqdim etish:
IIV Akademiyasining “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishiga matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari boʻyicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlarini dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng oʻqishga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz qabul qilish;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” magistratura mutaxassisligiga Raqamli texnologiyalari vazirligi tomonidan belgilanadigan nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega nomzodlarni tanlovning mutaxassislik fanlari boʻyicha “informatika va axborot texnologiyalari” fanidan imtihon topshirishdan ozod etish.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
IIV Akademiyasining “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul qilish jarayonida maxsus kasbiy tanlov bosqichida ishtirok etayotgan nomzodlar faqat matematika, informatika va axborot texnologiyalari boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi;
IIV Akademiyasida “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha oʻquv jarayoni huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv va ekspert-kriminalistika faoliyatlariga ixtisoslashgan holda dual taʼlim tizimi asosida tashkil etiladi.
Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev):
IIV Akademiyasining “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishida tahsil olayotgan kursantlarning ish oʻrganish amaliyotini ichki ishlar organlari kiberxavfsizlik hamda axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlinmalarida;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” magistratura mutaxassisligi boʻyicha tahsil olayotgan tinglovchilarning amaliyotini huquq-tartibot organlarining axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarni tergov qilish va raqamli kriminalistika boʻlinmalarida, shuningdek, bu sohadagi ilgʻor xorijiy tuzilmalarda tashkil etish choralarini koʻrsin.
3. Belgilansinki:
IIV Akademiyasining “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul qilish parametrlari boʻyicha taklifi har yili Ichki ishlar vazirligining oʻz ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyatiga kiritiladi;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul kvotalari har yili Bosh prokuratura tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi;
2025-yil 1-iyulga qadar IIV Akademiyasi tuzilmasida mavjud shtatlar doirasida kiberhuquq, aniq fanlar, raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi hamda kriminalistik ekspertizalar kafedralarini oʻz ichiga oluvchi Kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika fakulteti tashkil etiladi;
IIV Akademiyasi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va probatsiya faoliyati”, “Tezkor-qidiruv faoliyati” va “Jazoni ijro etish faoliyati” boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari oʻquv dasturlariga “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish asoslari” fani kiritiladi;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining axborot-taʼlim portali orqali surishtiruvchilar, tergovchilar hamda prokuratura organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari uchun masofaviy shaklda “Raqamli kriminalistika” yoʻnalishi boʻyicha doimiy maxsus oʻquv kurslari tashkil etiladi;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul qilingan tinglovchilarning oxirgi egallab turgan lavozimi boʻyicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq toʻlash fondi toʻlovlari (pul taʼminoti) saqlab qolinadi.
4. Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida professional kadrlarni tayyorlash tizimini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini samarali tashkil qilish maqsadida IIV Akademiyasi va Malaka oshirish institutiga — Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (B. Maxkamov), Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga — Toshkent davlat yuridik universiteti (I. Rustambekov) oʻquv-metodik va axborot-resurs jihatdan hamda innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda koʻmaklashsin.
Bunda koʻmakchi taʼlim muassasalari tomonidan 2025 — 2027-yillar davomida quyidagilar amalga oshirilishi nazarda tutilsin:
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida davlat taʼlim standartlari, malaka oʻquv rejalari, taʼlim dasturlari va oʻquv-metodik majmualarini ishlab chiqish va zamonaviy tendensiyalarga muvofiqlashtirishda qatnashish;
“ekspert xab” maslahat platformasi tashkil etish, mahorat darslarini tizimli ravishda, shu jumladan, masofadan oʻtkazib borish;
dasturlash, informatika va axborot texnologiyalari sohasida professor-oʻqituvchilarning yuklamalarni bajarish hamda taʼlim oluvchilarning fanlarni oʻzlashtirish darajasini baholash mezonlari va metodikasini joriy etishda ishtirok etish;
taʼlim muassasalarining ixtisoslashgan laboratoriya va markazlarini jalb etgan holda sunʼiy intellekt, robototexnika, dasturlash va kompyuter injiniringi boʻyicha qoʻshimcha kurslar, virtual poligonlar tashkil etish.
6. Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi Tashqi ishlar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy etish maqsadida 2025/2026 oʻquv yilida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:
ilgʻor tajribaga ega xorijiy davlatlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan taʼlim, ilmiy-tadqiqot va moddiy-texnik bazani rivojlantirish sohalarida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va yanada rivojlantirish;
axborot-kommunikatsiya va sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasidagi yetakchi xorijiy tashkilotlar bilan idoraviy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish;
raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatining dolzarb masalalari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli ravishda, shu jumladan milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish;
taʼlim jarayoniga ilgʻor xorijiy taʼlim dasturlarini tatbiq etish, xalqaro mutaxassislar va ekspertlarni keng jalb qilish, professor-oʻqituvchilarni pedagogik stajirovka dasturlari boʻyicha ilgʻor xorijiy taʼlim muassasalariga yuborish;
kutubxonalarni yetakchi xorijiy axborot-resurs fondlariga ulash, ularni xorijiy adabiyotlar bilan boyitib borish.
7. Belgilansinki, raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida kadrlarni uzluksiz maqsadli tayyorlash IIV Akademiyasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi uchun har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, qayta tayyorlash va malakasini oshirish budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
8. Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura:
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab idoraviy oliy taʼlim muassasalarida mazkur qaror talablariga muvofiq raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun kadrlarni tayyorlash boʻyicha toʻlaqonli taʼlim jarayonini taʼminlash kompleks tashkiliy choralarni koʻrsin;
ikki oy muddatda raqamli texnologiyalar sohada innovatsion ilmiy tadqiqotlarni olib borilishini taʼminlash maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” ilmiy ixtisosligini joriy etish boʻyicha takliflarni kiritsin;
Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat sud ekspertiza muassasalarida raqamli kriminalistika sohasida tadqiqotlar olib boruvchi mutaxassislarning yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda muntazam ravishda malakasini oshirish tizimi va sertifikatlangan mutaxassislarning yagona elektron reyestrini yuritish tartibini joriy etishni nazarga tutuvchi Hukumat qarori loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2025-yil 1-sentabrdan boshlab idoraviy oliy taʼlim muassasalari tomonidan raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish hamda mazkur turdagi huquqbuzarliklarning jabrlanuvchisiga aylanishining barvaqt oldini olish boʻyicha aholining huquqiy ongini oshirishga qaratilgan tizimli ravishda maqsadli targʻibot-tashviqot choralar amalga oshirilishini taʼminlasin;
2025-yil 1-iyulga qadar idoraviy oliy taʼlim muassasalarida raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan tuzilmalarni malakali professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar tarkibi bilan jamlasin hamda IIV Akademiyasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maoshining 50 foizgacha har oylik ustamani belgilash tartibini tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5076-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-yanvar,
PQ-17-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ-17-son qaroriga1-ILOVA
Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish boʻyicha
Izoh: Normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda, ularni ijro etish uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ-17-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5076-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
a) 1-bandning oltinchi xatboshisi “oʻqish muddati bir yilni” soʻzlaridan keyin “(“ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligi uchun — ikki yilni)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-son qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasidagi taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari)
* bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida xorijiy kadrlarni tayyorlash muddati xalqaro shartnoma (bitim)larga asosan 4 yil etib belgilanishi mumkin;
** oliy maʼlumotga ega boʻlmaganlar uchun — 4 yil, oliy maʼlumotlilar uchun — 3 yil.”.