Fargʻona viloyatidagi oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda yuqori malakali hamda xalqaro talablarga mos professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qoplash maqsadida:
1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligining:
Fargʻona politexnika instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali negizida Fargʻona davlat texnika universitetini;
Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Qoʻqon filiali hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Fargʻona mintaqaviy filiali negizida Qoʻqon davlat universitetini;
Fargʻona davlat universitetini unga Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Fargʻona filialini qoʻshib yuborish yoʻli bilan qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) uch oy muddatda:
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetining boshqaruv kadrlari lavozimlariga oliy taʼlim tashkilotlarida yuqori natijalar koʻrsatgan, uzoq yillik ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan, nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olgan yoki malaka oshirgan mutaxassislarni jalb etsin;
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini baholash tizimini ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda joriy etsin;
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetida talabalarga oʻqish davomida vujudga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar yuzasidan barcha zarur xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatish maqsadida Registrator ofisini tashkil etsin;
b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
malaka talablari va oʻquv dasturlarini ish beruvchilarning takliflari hamda xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining dasturlari asosida ishlab chiqsin va oʻquv jarayoniga joriy etsin;
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetida bakalavriat va magistratura bosqichlariga oʻqishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlarni tashkil etsin;
oʻzaro kelishuvlar asosida respublikadagi oliy taʼlim tashkilotlari hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining filiallari bilan akademik mobillikni yoʻlga qoʻysin;
mustaqil taʼlim va tanlov fanlarini kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida oʻquv rejalariga kiritib borsin;
ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish va talabalarning bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiya himoyalarini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etish choralarini koʻrsin;
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari va doktorantlarini yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga stajirovka va malaka oshirishga yuborsin;
Fargʻona davlat texnika universiteti professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari hamda talabalari tomonidan amalga oshirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijalarini tijoratlashtirish hamda sotish maqsadida “spin-off” korxonalarini tashkil etsin.
3. Quyidagilar:
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti, Fargʻona davlat universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti, Fargʻona davlat universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Fargʻona viloyati hokimligi:
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy mashgʻulotlar olib borishi, talabalarning malakaviy amaliyot oʻtashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida soha korxonalarida mutaxassislik kafedralari filiallarini tashkil etsin;
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetining talabalarini amaliyot oʻtash uchun hududdagi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari, taʼlim va boshqa tashkilotlarga biriktirish hamda yuqori kurs talabalarini haq toʻlanadigan amaliyotga jalb qilish choralarini koʻrsin;
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarni Fargʻona davlat texnika universitetiga sanoat hamkori sifatida biriktirsin hamda ushbu tizimning samarali faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Fargʻona viloyati hokimligi bilan birga Fargʻona davlat texnika universitetida yuridik shaxs maqomisiz Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etsin.
Belgilansinki:
Ilgʻor muhandislik maktabida taʼlim olish uchun akademik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan talabalar tanlov asosida saralanadi va amaliyotga yoʻnaltirilgan maxsus taʼlim dasturlari asosida oʻqitiladi;
Ilgʻor muhandislik maktabi yoʻnalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularning texnik va texnologik taraqqiyotini taʼminlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi;
Ilgʻor muhandislik maktabida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalarni sanoat hamkorlari va Innovatsion rivojlanish agentligi mablagʻlari hisobidan birgalikda moliyalashtirish tizimi joriy etiladi;
Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati Fargʻona davlat texnika universitetining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Belgilansinki:
a) Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti va Fargʻona davlat universiteti:
davlat oliy taʼlim tashkilotlari hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
ushbu qaror bilan faoliyati tugatilayotgan tegishli oliy taʼlim tashkilotlarining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi;
b) ushbu qaror bilan faoliyati tugatilayotgan oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini yangidan tashkil etilgan tegishli universitetlarda davom ettiradi;
v) Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universiteti faoliyatini moliyalashtirish:
Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Sport vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritgan holda amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Fargʻona viloyati hokimi X.X. Bozarov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-yanvar,
PQ-26-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-26-son qaroriga1-ILOVA
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti, Fargʻona davlat universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-26-son qaroriga2-ILOVA
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-26-son qaroriga3-ILOVA
Fargʻona davlat texnika universiteti, Qoʻqon davlat universiteti, Fargʻona davlat universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari