Qoraqalpogʻiston Respublikasida muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida oʻzaro integratsiyani yoʻlga qoʻyish, oʻqitish usul va shakllarini takomillashtirish, taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali taʼlim sifatini hamda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali negizida Nukus davlat texnika universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
taʼlim jarayoniga ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllagan holda xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
hudud uchun istiqbolli boʻlgan yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;
zamonaviy oʻquv, ilmiy va IT laboratoriyalari bazasini yaratish, ushbu laboratoriyalarni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini amalga oshirish;
amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalar samaradorligini oshirish hamda tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish;
ixtisoslik sohalari boʻyicha taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiyani kuchaytirish hamda taʼlim dasturlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
hududdagi texnika yoʻnalishlarida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan kasbiy taʼlim tashkilotlarining uslubiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish;
soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini va professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
talabalarning har tomonlama yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya va amaliyot uygʻunligini samarali tashkil etish.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) Universitetda Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etsin.
Bunda:
Ilgʻor muhandislik maktabi yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi hamda unda taʼlim olish uchun akademik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan talabalar tanlov asosida saralanadi va amaliyotga yoʻnaltirilgan maxsus taʼlim dasturlari asosida oʻqitiladi;
Ilgʻor muhandislik maktabi yoʻnalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularning texnik va texnologik taraqqiyotini taʼminlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi;
Ilgʻor muhandislik maktabida sanoat hamkorlari tomonidan taqdim etilgan muammolar portfeli asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish yoʻlga qoʻyiladi;
Ilgʻor muhandislik maktabida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalarni sanoat hamkorlari va Innovatsion rivojlanish agentligi mablagʻlari hisobidan birgalikda moliyalashtirish tizimi joriy etiladi;
Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda:
yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetning Ilgʻor muhandislik maktabiga sanoat hamkori sifatida biriktirish hamda samarali faoliyatini tizimli davom ettirish;
2025/2026 oʻquv yiliga qadar Universitetda tajriba-ishlab chiqarish (“spin-off”) korxonasini tashkil etish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik va (yoki) yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchisi boʻlgan mahalliy mutaxassislarni Universitetga shartnoma asosida jalb etish choralarini koʻrsin.
4. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining dasturlari asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish;
Universitet faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida maslahat va ekspert-tahlil xizmatlari koʻrsatish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat koʻrsatuvchi korxonalar tashkil etish;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maosh hamda boshqa toʻlovlarni belgilash va toʻlash;
professor-oʻqituvchilarni oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha bajargan ishlarining natijasi hamda talabalarning erishgan yutuqlari boʻyicha ragʻbatlantirib borish.
5. Quyidagilar:
Nukus davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Nukus davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Nukus davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan kasbiy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) 2025/2026 oʻquv yili boshlanguniga qadar kadrlar buyurtmachilari talab va ehtiyojlari hamda xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida Universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlari belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) tanlov fanlari va mustaqil taʼlimga Tebinbuloq kon-metallurgiya kombinatining takliflari asosida zamonaviy fanlarni doimiy kiritib borsin hamda talabalarning malakaviy amaliyotlari bevosita Tebinbuloq kon-metallurgiya kombinatida tashkil qilinishini taʼminlasin;
v) Universitetda Taʼlim xizmatlari markazini tashkil etib, talabalarga oʻqish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar boʻyicha barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin;
g) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
Universitetda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, atrof-muhit muhandisligi, kimyo muhandisligi, elektr muhandisligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, texnologik mashinalar va jihozlar yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash salmogʻini oshirish choralarini koʻrsin;
Energetika muhandisligi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bitiruvchilarga “Muqobil va qayta tiklanuvchi energetika” kvalifikatsiyasini berishni hamda oʻquv rejasining tanlov fanlari qismiga “Atrof-muhit muhofazasi” va “Yashil energetika va ekologik komplayens” fanlari kiritilishini taʼminlasin;
Universitet talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimini joriy etsin;
Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumida muhandislik sohalaridagi kasblar (mutaxassisliklar) boʻyicha kasbiy taʼlim dasturlarida toʻliq davlat granti asosida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashni yoʻlga qoʻysin;
Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumiga muhandislik sohalarida dual taʼlim shaklida oʻquvchilarni qabul qilishni ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
b) Universitet faoliyati tugatilayotgan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
v) Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi va bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;
g) Universitet faoliyatini moliyalashtirish:
Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritgan holda amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-yanvar,
PQ-25-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-25-son qaroriga1-ILOVA
Nukus davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-25-son qaroriga2-ILOVA
Nukus davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-25-son qaroriga3-ILOVA
Nukus davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan kasbiy taʼlim tashkilotlari
T/rTaʼlim tashkiloti nomiQuvvati1.Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumi9602.Beruniy tuman 1-son politexnikumi6003.Nukus raqamli texnologiyalar texnikumi3604.Nukus shahar 2-son politexnikumi3605.Taxiatosh tuman politexnikumi7206.Taxtakoʻpir tuman politexnikumi6607.Toʻrtkoʻl tuman 3-son politexnikumi900