PQ-22-son Qaror · 24.01.2025

Buxoro davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-22
  • Qabul qilingan sana:24.01.2025
  • Kuchga kirgan sana:27.01.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ҚММБ 07/25/22/0072

Buxoro viloyati iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, neft va gaz, transport va logistika sohalari uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligining Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida Buxoro davlat texnika universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

muhandislik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat texnologiyasi, yengil sanoat, neft va gaz, yashil energetika, arxitektura va qurilish, transport va logistika, agrotexnologiya, axborot texnologiyalari va dasturlash sohalari boʻyicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq oliy maʼlumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;

taʼlim jarayoniga ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllagan holda xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida milliy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;

ishlab chiqarish, muhandislik sohalarida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarning samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;

yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvini taʼminlash hamda talaba va professor-oʻqituvchilarning sanoat korxonalarida malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish;

amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish hamda uni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash;

hududdagi texnika yoʻnalishida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan kasbiy taʼlim tashkilotlariga oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatish;

talabalarning har tomonlama yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya va amaliyot uygʻunligini samarali tashkil etish.

3. Quyidagilar:

Buxoro davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Buxoro davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Buxoro davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

a) uch oy muddatda:

Universitet boshqaruv kadrlari lavozimlarini oliy taʼlim tashkilotlarida yuqori natijalar koʻrsatgan, uzoq yillik ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan, nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olgan yoki malaka oshirgan istiqbolli mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;

Universitet kampusi, ulardagi bino va inshootlarni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlasin hamda oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etsin;

Universitetda neft va gaz muhandisligi sohasida Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻysin;

b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:

Universitet talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimini joriy etsin;

Universitet professor-oʻqituvchilari va doktorantlarini yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborsin;

Universitet professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy mashgʻulotlar olib borishi, talabalarning malakaviy amaliyot oʻtashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida soha korxonalarida mutaxassislik kafedralari filiallarini tashkil etsin;

Universitet professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari hamda talabalari tomonidan amalga oshirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish hamda sotish maqsadida “spin-off” korxonasini tashkil etsin;

nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining dasturi asosida Universitetda amaliyotga yoʻnaltirilgan fanlarni koʻpaytirish choralarini koʻrsin;

mustaqil taʼlim va tanlov fanlarini zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarining takliflari asosida oʻquv rejalariga kiritib borsin;

ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish va talabalarning bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiya himoyalarini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etish choralarini koʻrsin.

5. Buxoro viloyati hokimligi:

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarni Universitetga sanoat hamkori sifatida biriktirish hamda ushbu tizimning samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Universitet talabalarini amaliyot oʻtash uchun hududdagi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari, taʼlim va boshqa tashkilotlarga biriktirish hamda yuqori kurs talabalarini haq toʻlanadigan amaliyotga jalb etish choralarini koʻrsin.

6. Belgilansinki:

a) Universitet davlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

b) Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchilarga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;

v) Universitet Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

g) 2026-yil 1-yanvardan boshlab Universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi;

d) Universitet faoliyatini moliyalashtirish:

Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 24-yanvar,

PQ-22-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-22-son qaroriga1-ILOVA

Buxoro davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-22-son qaroriga2-ILOVA

Buxoro davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-22-son qaroriga3-ILOVA

Buxoro davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.