PF-47-son Farmon · 14.03.2025

Mahsulotlarni eksport qilish tartib-taomillarini takomillashtirish va qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-47
  • Qabul qilingan sana:14.03.2025
  • Kuchga kirgan sana:17.03.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/47/0243

Eksport tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, mahalliy xomashyo asosida qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va qayta ishlash sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish belgilansin.

II. Eksport tartib-taomillarini takomillashtirish chora-tadbirlari

2. 2025-yil 1-iyuldan boshlab ayrim turdagi xomashyo tovarlari va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarga nisbatan eksport bojxona bojlari joriy etilsin hamda ularning stavkalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (J.A. Xodjayev) joriy qilinayotgan eksport bojxona bojlari samarasi boʻyicha har chorakda tahlillar olib borib, zarur hollarda, ularni oʻzgartirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq quyidagilarni bekor qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:

(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari asosida buyumlar va mahsulotlarni eksport qilish tartibini;

(b) ayrim turdagi tovarlarni eksport qilishda undiriladigan yigʻimlarni.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

III. Farmon ijrosini tashkil etish va nazorat

6. Mazkur Farmonning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 14-mart,

PF-47-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi PF-47-son Farmoniga1-ILOVA

Ayrim turdagi xomashyo tovarlari va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarga nisbatan eksport bojxona bojlari

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 06/25/174/0858-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi PF-47-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-dekabrdagi “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatdoshligini taʼminlash va eksportini ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5286-son Farmonida:

a) 1-bandda:

ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;

b) 2-bandning ikkinchi xatboshisidagi “tovarlarning barcha turlariga bojxona eksport bojlari va” soʻzlari chiqarib tashlansin;

v) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6059-son Farmonida:

a) 11-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“12. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Pillachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil qilinsin va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan manbalar uning mablagʻlarini shakllantirish manbai etib belgilansin”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga va monopoliyaga qarshi choralarning taʼsirchanligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-145-son Farmoni 2-bandi uchinchi xatboshisi “1207” raqamidan keyin “, bundan 1207 21 va 1207 29 mustasno” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3693-son qarorida:

a) 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 6-bandda:

ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

uchinchi — oltinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.

Izoh: ushbu ilova 2025-yil 1-iyuldan boshlab kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi PF-47-son Farmoniga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari roʻyxati

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5684-son Farmoniga ilovaning 15-bandi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-noyabrdagi “Ayrim sanoat tarmoqlarida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-198-son Farmoniga 1-ilovaning 7-bandi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-205-son Farmoniga 2-ilovaning 7-bandi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-dekabrdagi “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatdoshligini taʼminlash va eksportini ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5286-son Farmoniga chorvachilik sohasida eksportni rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish kiritish haqida”gi PF-125-son Farmoni.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-229-son Farmonining 10-bandi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-yanvardagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6-son Farmoniga ilova 3-bandi “b” kichik bandi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-sentabrdagi “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4453-son qarorining 2-bandi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-181-son qaroriga ilovaning 1-bandi.

Izoh: ushbu ilova 2025-yil 1-iyuldan boshlab kuchga kiradi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.