Kichik va oʻrta biznesning jadal rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlarda biznes muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi yangi biznes tashabbuslarni amalga oshirishga koʻmaklashish, raqobatbardosh mahsulotlar bilan yangi tashqi bozor segmentlariga chiqishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
I. Asosiy maqsadli koʻrsatkichlar
1. 2025-yilda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) kichik va oʻrta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda — 34 foizga, eksportda — 34 foizga va aholi bandligini taʼminlashda 75 — foizga yetkazish;
(b) kamida 600 nafar kichik va oʻrta biznes subyektlarining yiriklashishiga koʻmaklashish orqali ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish;
(v) ichimlik va oqova suv, yoʻl, qurilish, kommunal xoʻjalik, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini kamida 2 baravarga oshirish;
(g) 100 nafardan koʻp ishchisi bor tadbirkorlik subyektlari sonini 4 mingga yetkazish;
(d) Sanoatni jadal rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislarini tashkil etish hisobiga kamida 100 ta kichik va oʻrta biznes subyektlarida brend mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
(e) kichik biznes subyektlari ishtirokida kamida 200 ta startap loyihalarni amalga oshirish;
(j) uzoq muddatli ijaraga berilgan 30 ming gektar ekin yer maydonida yuqori daromadli ekinlarni yetishtirish, 16 ta ixtisoslashgan agrokompaniya faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda 9 ta zamonaviy agrosanoat xoʻjaligini tashkil qilish.
II. Kichik va oʻrta biznes subyektlarining yiriklashuvini ragʻbatlantirish
2. 2025-yil 1-maydan boshlab “oʻzini oʻzi band qilgan shaxs — yakka tartibdagi tadbirkor — kichik biznes — oʻrta biznes — yirik korxona” zanjiri asosida tadbirkorlik subyektlarining yiriklashuvini ragʻbatlantirish boʻyicha shunday mexanizmlar joriy qilinsinki, ularga muvofiq:
(a) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda, davlat boji undirilmaydi;
(b) oʻz faoliyatini tegishincha yakka tartibdagi tadbirkor, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va tadbirkorlik subyektlariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million soʻmgacha, Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida — 150 million soʻmgacha garovsiz kreditlar beriladi;
(v) oʻz faoliyatini tegishincha oʻrta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik subyektlariga — bir yil davomida qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) yetti kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank 2025-yilda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 120 trillion soʻm, shu jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 22 trillion soʻm miqdoridagi kredit mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasida:
(a) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida yangidan tashkil etilgan va hisob raqamida yetarli mablagʻlar aylanmasiga ega boʻlmagan kichik va oʻrta biznes subyektlariga ularning garov taʼminotidan kelib chiqib kredit ajratishga ruxsat berilsin;
(b) Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar yuridik shaxslarga onlayn rejimda mikrokredit ajratish jarayonlarini soddalashtirsin va ularni tezkor tasdiqlash mexanizmlarini joriy qilsin;
(v) Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida Ijtimoiy reyestrda turgan ishsiz fuqarolarni ish bilan taʼminlagan kichik va oʻrta biznes subyektlariga ushbu fuqarolar uchun tashkil qilingan har bir ish oʻrniga qoʻshimcha ravishda 10 million soʻmdan, 10 va undan koʻp bunday ish oʻrinlarini tashkil qilgan subyektlarga 100 million soʻmgacha 3 yilgacha muddatga yillik 14 foiz stavkada aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kredit ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
(4-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
(g) Markaziy bank Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda ushbu bandning “v” kichik bandida keltirilgan talablar bajarilishini doimiy monitoring qilib, belgilangan mezonlarga amal qilmagan qarz oluvchilar boʻyicha kredit foiz stavkasini bozor stavkalariga oʻtkazish chorasini koʻrib borsin.
(4-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligining tez va yuqori surʼatlarda oʻsayotgan tadbirkorlik subyektlarini “chempion” tadbirkorlarga aylantirish dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
6. Belgilansinki, Dastur doirasida “chempion” tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar roʻyxati shakllantirilib, unga quyidagi mezonlarga javob beradigan tadbirkorlik subyektlari kiritiladi:
(a) tuman (shahar) darajasida — har bir tuman (shahar)da kamida 2 tadan yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan va 50 tadan ortiq ish oʻrni yaratgan tadbirkorlik subyektlari;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida — har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan va 500 tadan ortiq ish oʻrni yaratgan tadbirkorlik subyektlari;
(v) respublika darajasida — yillik aylanmasi 1 trillion soʻmdan yuqori boʻlgan va 5 mingdan ortiq ish oʻrnini yaratgan tadbirkorlik subyektlari.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasi ikki oy muddatda:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda “chempion” tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar roʻyxatini shakllantirsin;
(b) davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tijorat banklari, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ, “UzVC” milliy venchur fondi bilan birgalikda “chempion” tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlarni qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
8. 2025-yil 1-maydan boshlab:
(a) 1-ilovaga muvofiq 20 ta tumanda Sanoatni jadal rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofislari);
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan 9 ta shtat birligidan iborat Sanoatni jadal rivojlantirish boʻyicha bosh loyiha ofisi tashkil etilsin.
9. Belgilansinki:
(a) Loyiha ofislari:
(i) kichik va oʻrta biznes subyektlariga konsultatsiya xizmatlarini koʻrsatadi va ular uchun muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter, marketologlarni hamda boshqa malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qiladi;
(ii) oʻzlari biriktirilgan tumanda 10 tadan drayver loyihalarni ishga tushirish, 5 tadan milliy brend mahsulotlarini yaratish, kichik va oʻrta biznesning ishlab chiqarish va eksport koʻrsatkichlarini 1,5 barobar oshirishga masʼul boʻladi;
(b) Loyiha ofislari faoliyatini tashkil qilish hamda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun 2025-yilda Davlat budjetidan 100 milliard soʻm ajratiladi.
10. Quyidagilar:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
(b) 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan Milliy hunarmandchilik faoliyatining yoʻnalishlari roʻyxati va “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish mezonlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Kichik va oʻrta biznes subyektlari uchun soddalashgan maʼmuriy tartib-taomillarni joriy qilish
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) 2028-yil 1-yanvarga qadar kichik va oʻrta biznes subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy eʼlon qilinadi;
(b) tadbirkorlik subyektlariga yangi tartibga solish vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan “yagona sanadan yangi qoidalar” tamoyili qoʻllanadi va ushbu normalarning kuchga kirish sanasi 1-yanvar yoki 1-iyul etib belgilanadi;
(v) 2028-yil 1-yanvarga qadar “Birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi va uning doirasida birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid maʼmuriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik subyektlari maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi;
(g) ushbu bandning (a) va (b) kichik bandlari talablari favqulodda holatlarni bartaraf etish, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazish bilan bogʻliq holatlarning oldini olish, qonunchilik hujjatlarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarga tatbiq etilmaydi.
12. Belgilansinki, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir vaqtning oʻzida javob beruvchi kichik va oʻrta biznes subyektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi:
(a) oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard soʻmdan oshmagan;
(b) budjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud boʻlmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
(v) “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
13. Mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fermer xoʻjaliklarining soliq qarzdorligi boʻyicha hisoblangan penya hisobdan chiqarilsin hamda sud va ijro ishlarining ushbu penyani undirish bilan bogʻliq qismi tugatilsin.
IV. Kichik va oʻrta biznes uchun infratuzilmani yaxshilash
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda hududlarda amalga oshiriladigan drayver loyihalarni zarur infratuzilma bilan taʼminlash uchun qoʻshimcha 500 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.
15. 2025-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Loyiha ofislari tavsiyasiga asosan yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga maydoni 10 ming kv metrgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini 5 yil muddatga tekin foydalanishga berish tizimi joriy etiladi;
(b) 4-ilovaga muvofiq 15 ta tuman (shahar)dagi mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlari binolariga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish dasturi amalga oshiriladi va uning doirasida:
(i) mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy loyiha asosida yangi barpo etiladigan koʻp qavatli binoga joylashtiriladi;
(ii) yangi barpo etiladigan koʻp qavatli binoning 1 va 2-qavatlari tadbirkorlik subyektlariga mulk huquqi asosida realizatsiya qilinadi;
(iii) mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlarini koʻchirish natijasida boʻshaydigan davlat koʻchmas mulk obyektlari biznes loyihalarini amalga oshirish uchun elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
V. Yangi biznes yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish agentligi, “UzVS” milliy venchur fondi, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ bilan birgalikda:
(a) 2026-yil yakuniga qadar venchur jamgʻarmalar ishtirokida 5-ilovaga muvofiq yangi biznes yoʻnalishlarida kamida 200 ta startap loyihalar amalga oshirilishini taʼminlasin;
(b) muvaffaqiyatli amalga oshirilgan har bir startap loyiha natijasida yaratilgan yangi turdagi mahsulotlar va xizmatlarni texnik reglamentlar hamda standartlarga kiritish orqali ularning davlat xaridlari tizimida sotilishini yoʻlga qoʻysin;
(v) uch oy muddatda startap loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida “UzVS” milliy venchur fondi huzurida Startap loyihalarni muvofiqlashtirish markazini tashkil etsin.
17. “UzVC” milliy venchur fondiga startap loyihalar ekotizimini rivojlantirish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritishga ruxsat berilsin.
18. Startap loyihalarni moliyaviy resurslar bilan taʼminlash maqsadida:
(a) Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar “United Ventures” MCHJ va “SQB Ventures” MCHJ venchur jamgʻarmalari orqali 50 million AQSH dollari ajratilishini taʼminlasin;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tijorat banklari hamda venchur jamgʻarmalar bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar xorijdan 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilsin.
VI. Qishloq xoʻjaligi sohasida biznes uchun sharoitlarni yaxshilash
19. Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2025-yil kuzgi ekish mavsumidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoniga muvofiq yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizimni qoʻshimcha 30 ming gektar yer maydonida joriy qilsin.
20. Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha kengash (S. Annaklichev) “Uzagrostar xolding” kompaniyasi bilan birgalikda 2025-yilda:
(a) xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasi asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish zanjirini qamrab olgan 9 ta zamonaviy agrosanoat majmualarini tashkil etsin hamda ular yordamida kamida 10 turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari brendini yaratsin;
(b) agrosanoat majmualari faoliyatiga koʻmaklashish va hamrohlik qilish uchun xorijiy davlatlardan tajribali agrotexnolog, marketolog, brend-menejer kabi mutaxassislarni jalb qilsin.
21. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda zamonaviy agrosanoat majmualarini tashkil etish dasturidagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjeti va boshqa manbalar hisobidan 200 milliard soʻm ajratsin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
22. Savdo-sanoat palatasi hamda kichik va oʻrta biznes subyektlarining Kichik biznes uyushmasini tashkil qilish toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
23. Quyidagilar:
(a) 2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasi 6-ilovaga muvofiq;
(b) 2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq;
(v) 2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlari 8-ilovaga muvofiq;
(g) Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 9-ilovaga muvofiq;
(d) Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) tarkibi va uning asosiy vazifalari 10 va 11-ilovalarga muvofiq;
(e) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha hududiy maslahat kengashining namunaviy tarkibi va uning asosiy vazifalari 12 va 13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
24. Markaziy bankning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosh boshqarmalari Savdo-sanoat palatasi hamda Kichik biznes uyushmasi bilan birgalikda:
(a) har hafta bittadan tuman (shahar)ga chiqqan holda kichik va oʻrta biznes subyektlari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, ularning loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashsin;
(b) uchrashuvlarda koʻtarilgan masalalarni hal qilish boʻyicha alohida platformani ishga tushirsin;
(v) uchrashuvlar oʻtkazish vaqti va joyi haqida oldindan mahalliy televideniye, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib borsin.
25. Bosh vazir oʻrinbosarlari J. Qoʻchqorov va J. Xodjayev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari hamda xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda:
(a) bir oy muddatda hududlarga chiqish grafigini ishlab chiqib, hududlarning salohiyati, imkoniyatlari va istiqbolli loyiha takliflari yuzasidan tadbirkorlik subyektlari ishtirokida taqdimotlar oʻtkazib borsin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklari huzurida xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash ofislari faoliyatini yoʻlga qoʻyib, ushbu tashkilotlarning yoʻriqnomalari, standartlari va talablarini tadbirkorlik subyektlariga yetkazish boʻyicha platforma tashkil etsin.
26. Davlat organlari tegishli qonunosti hujjatlari va idoraviy koʻrsatmalar qabul qilinishini kutmasdan mazkur Farmon normalarining kuchga kirgan paytdan eʼtiboran soʻzsiz va toʻgʻridan-toʻgʻri amalda qoʻllanilishini taʼminlasin.
27. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
28. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul vazirliklar, idoralar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-mart,
PF-50-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga1-ILOVA
Tumanlarda tashkil etiladigan Sanoatni jadal rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari roʻyxati
Izoh: Tumanlarda tashkil etiladigan Sanoatni jadal rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari roʻyxatiga Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi Rayosati bayoni bilan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga2-ILOVA
2026-yil 1-yanvardan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxati
1. Bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish boʻyicha jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar.
2. Oilaviy bolalar uyini tashkil etish va faoliyatini yuritish.
3. Bemorlar hamda doimiy ravishda oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksa kishilarga qarab turish va ularni parvarish qilish boʻyicha jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar.
4. Uy xoʻjaligini yuritish va uy ishlarini bajarish, shu jumladan, turar joylarni tozalash, ovqat pishirish boʻyicha uy xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish.
5. Jismoniy shaxslarning santexnika uskunalarini mayda taʼmirlash va oʻrnatish.
6. Jismoniy shaxslarga kvartira ichida (shaxsiy qurilish ishlarida — uy ichida) elektr montaj xizmatlari koʻrsatish (elektr xavfsizligi boʻyicha ruxsati boʻlganda).
7. Dehqon xoʻjaliklari va fuqarolarning tomorqa yer uchastkalarida yer chopish va rekultivatsiya ishlari.
8. Fermer xoʻjaliklari egalari, pilla yetishtirish va ipak qurti urugʻchiligi tashkilotlari buyurtmasi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlari (qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari, ipak qurtini va hayvonlarni parvarish qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini yigʻish, tut koʻchatlarini ekish va boshqa qishloq xoʻjaligi ishlari).
9. Fuqarolarning dala-hovli va tomorqa uchastkalari landshaftini barpo etish ishlari.
10. Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini ekish va parvarish qilishda, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini yigʻib olishda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalari egalariga yordam berish.
11. Chorva mollarini oʻtlatish, ularni parvarish qilish, shu jumladan, urugʻlantirish, qoʻzilatish, qirqish va dagʻal xashak jamgʻarish ishlari.
12. Jismoniy shaxslarga kompyuterlarni taʼmirlash va sozlash xizmatlarini koʻrsatish, litsenziyalangan dasturiy taʼminot oʻrnatish ishlari.
13. Buyurtmachining uyida bajariladigan maishiy texnikani oʻrnatish va taʼmirlash.
14. Jismoniy shaxslarning avtomobillarini yuvish, avtomobillar kuzovlarini silliqlash.
15. Mexanizatsiya vositalarini qoʻllamay, uyda bajariladigan yuk ortish-yuk tushirish ishlari.
16. Xalq tabobati (litsenziyasi boʻlganda).
17. Xususiy shaxslarga bosh xizmatkor va konsyerj xizmatlarini koʻrsatish.
18. Buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish (yuk tashish bundan mustasno).
19. Bozorlar va savdo komplekslarida mayda yuklarni aravalarda tashish.
20. Ilgari foydalanilgan tovarlarni sotib olish va sotish.
21. Velosipedlarni taʼmirlash.
22. Rassomlik.
23. Aholining yakka tartibdagi buyurtmalari boʻyicha poyabzal tikish, poyabzalni taʼmirlash, boʻyash va tozalash.
24. Kalitlar tayyorlash.
25. Oʻlchov vositalari tayyorlash va ijaraga berish.
26. Kesuvchi buyumlar va asboblarni charxlash.
27. Musiqa asboblarini taʼmirlash va sozlash.
28. Milliy non va patirlarni tayyorlash va sotish.
29. Tulumni shishirish xizmatlari (taksidermik ishlar).
30. Namoyishlarda kiyimlar modelini namoyish qilish, rasmli jurnallarda, reklama filmlari va video kliplarda suratga tushish.
31. Multimedia, dizayn va sanʼat materiallarini yaratish va ishlov berish (veb-dizayner, grafika dizayneri, kompyuter oʻyinlari dizayneri, interyer dizayneri, landshaft dizayneri, liboslar dizayneri, retusher, fotokollajchi, vektor grafikasi muharriri, arxitektor, vizuallashtiruvchi dizayner, maʼlumot dizayneri, interfeys dizayneri, texnik dizayner, moushn-dizayner, banner yasovchi, nashriyot dizayneri, flesher, 3D-dizayner, videomuharrir, videooperator, bastakor, ovoz rejissori, aranjirovkachi, suxandon, fotomuharrir va boshqalar).
32. Dasturiy taʼminot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash (dasturchi, dasturiy taʼminotni sinovchi mutaxassis, veb-sahifalarni sahifalovchi, veb-tahlilchi, veb-saytlarni optimizatsiyalash boʻyicha mutaxassis).
33. Elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish.
34. Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menedjer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, link-menejer, targetolog, kontekst-reklama boʻyicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi).
35. Kadrlar tanlash sohasidagi faoliyat (internet-loyihalar bilan ishlovchi menejer, frilanserlar guruhi rahbari, NR-menejer, rekruter, shaxsiy assistent).
36. Onlayn konsultatsiya berish (onlayn-konsultant, onlayn-trener, moliyaviy maslahatchi, vebinar olib boruvchi).
37. Nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish (madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno).
38. Uy sharoitida xonaki tovuqlarni yetishtirish va koʻpaytirish.
39. Hamshiralik ishi.
40. Uy hayvonlari (qoramol, qoʻy, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati.
41. Avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati.
42. Uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati.
43. Gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash).
44. Tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash.
45. Yogʻoch mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni toʻqish.
46. Uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va koʻchatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam toʻqish va sotish.
47. Kulolchilik.
48. Kibersport faoliyati.
49. “Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligining stipendiyasi” tayinlangan sportchilar faoliyati.
50. Teri xomashyosini yigʻish va tayyorlash.
51. Junni yigʻish va tayyorlash.
52. Qayta ishlangan jundan kiyimlar va boshqa buyumlar toʻqish.
53. Uy sharoitida loydan tandir tayyorlash.
54. Atlas va adras toʻqish.
55. Mayda munchoq (biser) tikish.
56. Doʻppidoʻzlik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash.
57. Temirchilik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash.
58. Asalarichilik, shuningdek, asalari uyasi va ramkalarini yasash.
59. Quroqchilik usulida koʻylak, koʻrpa va yopinchiqlar tikish.
60. Qoʻziqorinlarni terish, uy sharoitlarida yetishtirish va sotish.
61. Pichoq tayyorlash, charxlash va sotish.
62. Qogʻozdan qutilar, banderollar tayyorlash.
63. Uy sharoitida issiqxona mahsulotlarini yetishtirish.
64. Tayyor mahsulotga etiketka biriktirish.
65. Uy sharoitida bolalar oʻyinchogʻi ishlab chiqarish.
66. Uy sharoitida supurgi yetishtirish va tayyorlash.
67. Yassi oyoqli bolalar oyoq kiyimlarini tayyorlash.
68. Milliy taqinchoqlar yasash.
69. Kandakorlik, miskarlik buyumlarini uy sharoitida tayyorlash.
70. Dagʻal jundan gilam, koʻrpa va yostiq tayyorlash.
71. Artemiya sistalarini yigʻish va topshirish.
72. Yengil avtotransport vositasida yoʻlovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish (litsenziya varaqasi boʻlganda).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga3-ILOVA
2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan Milliy hunarmandchilik faoliyatining yoʻnalishlari roʻyxati va “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish mezonlari*
Izohlar:
(a) hunarmandlar savdo nuqtalarida mazkur yoʻnalishlar boʻyicha hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish huquqiga ega;
(b) hunarmand mustaqil ravishda yoki shogirdlari yordamida hunarmandchilik faoliyati buyumlari yoki tovarlari (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlash uchun yetarli malakaga ega boʻlishi, mahsulotni xomashyodan boshlab tayyor holga kelgungacha shaxsan oʻzi tayyorlay olishi shart;
(v) hunarmandchilik subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmat koʻrsatish) zamon va bozor talablariga javob bergan holda, tarixan shakllangan hunarmandchilik anʼanalari va individual yondashuv asosida ishlanishi lozim;
(*) Milliy hunarmandchilik faoliyatining yoʻnalishlari va “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish mezonlari 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi;
(**) kichik mexanizatsiya vositalari — kichik mexanizatsiya vositalariga hunarmandlar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan mashina (mexanik qurilma)lar, moslamalar va mexanizatsiyalashtirilgan asboblar kiradi. Energiya qoʻllanishiga muvofiq, kichik mexanizatsiya vositalari mustaqil ravishda ishlamaydigan, qoʻl kuchi, elektr toki va gidravlika (pnevmatika) kuchi bilan harakatlantiriladigan mashina (qurilma)larga boʻlinadi;
(***) chok tushirish texnikasi — chevarlikda tikish, qirqish va yamash jarayonida hosil boʻladigan baxyalar tuzilmasi, buyumlarning tikib biriktirilgan qismi. Gazlama, charm, teri va boshqa xomashyolardan buyumlar va kiyimlar tikishda qismlarni birlashtirish uchun qoʻllaniladi. Chok qoʻlda igna, angishvona, ilmoqli soʻzana igna, bigiz yordamida va tikuv mashinasida amalga oshirilishi mumkin. XIX asrgacha chok asosan qoʻlda tikilgan. XIX asrning ikkinchi yarmidan Yevropa mamlakatlarida chokni tikuv mashinasida tikishga oʻtilgan. Tikuvchilikda kiyim qismlarining ip yoki yelim yordamida biriktirilgan joyi ham chok hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga4-ILOVA
2025-yilda mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlari binolariga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish dasturi amalga oshiriladigan tuman va shaharlar roʻyxati
Izohlar:
(a) mazkur tuman va shaharlarda tadbirkorlik subyektlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar va sogʻliqni saqlash muassasalaridan tashqari boshqa mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarida joylashtirish choralari koʻriladi;
(b) 2025-yilda mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlari joylashgan binolarga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish dasturi amalga oshiriladigan tuman va shaharlar roʻyxatiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi Rayosati bayoni bilan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga5-ILOVA
Venchur jamgʻarmalar ishtirokida startap loyihalar amalga oshiriladigan yangi biznes yoʻnalishlari roʻyxati
1. Sunʼiy intellekt, blokcheyn, katta hajmli maʼlumotlar, aqlli va raqamli texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish.
2. Iqtisodiyot tarmoqlarida yashil va energiya tejamkor texnologiyalar, qayta tiklanadigan resurslardan foydalanish.
3. Innovatsion va smart texnologiyalar asosida tibbiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatish.
4. Uy-joylar, ijtimoiy obyektlar va davlat muassasalarida muqobil energiya vositalari asosida ishlaydigan isitish va sovitish qurilmalarini oʻrnatish.
5. Koʻp kvartirali va yakka tartibdagi uy-joylarda ishlatilgan suvni qayta ishlash, suvni tejash maqsadida “aqlli texnologiyalar”ni oʻrnatish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish.
6. Yer unumdorligini oshirish, shoʻrlanish darajasini kamaytirish, meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya muammolarini hal etish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish.
7. Suv taʼminoti ogʻir boʻlgan hududlar uchun suvsiz iqlim sharoitlariga mos va chidamli oʻsimliklarni yetishtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga6-ILOVA
2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish
1. 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 200 milliard AQSH dollariga yetkazish, kambagʻallik darajasini 5 foizdan pastga tushirish hamda Oʻzbekistonni daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiritish boʻyicha barcha imkoniyatlar yetarli.
2. Ushbu ustuvor maqsadlarga erishishda barqaror iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveri boʻlgan kichik va oʻrta biznes uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning yashovchanligini oshirish hamda yiriklashishini ragʻbatlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
3. Bugungi kunda 283,9 ming nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar va 905,8 ming kichik va oʻrta korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda, ushbu sohada 10,5 million aholi band (jami band aholining 74 foizi).
4. 2024-yil yakuni boʻyicha yalpi ichki mahsulotning 54,3 foizi, sanoatning 32,4 foizi, eksportning 33,3 foizi kichik va oʻrta biznes subyektlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
5. Uch yildan ortiq faoliyat koʻrsatayotgan kichik va oʻrta biznes korxonalari ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi, ishchilari soni 100 nafardan koʻp boʻlgan korxonalar soni 3 mingga yaqinlashdi.
6. Shu bilan birga Jahon savdo tashkilotiga kirish sharoitida kichik va oʻrta biznes subyektlari raqobatbardoshligini oshirish, ular tomonidan innovatsion, raqamli va “yashil texnologiyalar”dan foydalanishni kengaytirish, xalqaro standartlar va qoidalarni joriy qilishga koʻmaklashish orqali yangi bozorlarga chiqishni ragʻbatlantirish zarur.
7. Shuningdek, aholini tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish va biznesga jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish, hududlarda biznes uchun zarur infratuzilmani barpo etish, kichik va oʻrta biznes subyektlarining arzon moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish lozim.
8. Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik va oʻrta biznes huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish bilan bir qatorda ilgʻor xorijiy tajriba asosida ijtimoiy va ekologik masʼuliyatni oshirish yuzasidan yangi yondashuvlarni joriy qilish zarurati yuzaga kelmoqda.
9. Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-mart kuni kichik va oʻrta biznes vakillari bilan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) ishlab chiqildi.
1-BOB. STRATEGIYANING ASOSIY MAQSADI VA USTUVOR YOʻNALISHLARI
10. Strategiyaning asosiy maqsadi — yagona davlat siyosatini amalga oshirish orqali kichik va oʻrta biznes uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish hamda sohada raqobatbardoshlikni oshirish.
11. Bunda 2030-yilga qadar kichik va oʻrta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 60 foizga yetkazish, sohadagi eksport hajmini 20 milliard AQSH dollaridan oshirish hamda 2 milliondan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar ishlab chiqildi.
12. Shu maqsadda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilanmoqda:
(a) moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini kengaytirish;
(b) biznes uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish;
(v) raqobat muhitini yaxshilash va tashqi bozorlarga chiqishni ragʻbatlantirish;
(g) raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va innovatsiyalarni joriy etish;
(d) kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini oshirish;
(e) tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish va biznes uchun malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
(j) masʼuliyatli biznes amaliyotini joriy qilish.
1-YOʻNALISH. MOLIYAVIY QOʻLLAB-QUVVATLASH CHORALARINI KENGAYTIRISH
1-maqsad. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari samaradorligini oshirish
(a) davlat tomonidan kichik va oʻrta biznes subyektlariga koʻrsatilayotgan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining yuqori daromadli ish oʻrinlarini tashkil etish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish hamda ularning faoliyatini diversifikatsiya qilishga nisbatan taʼsirini baholash;
(b) kichik va oʻrta biznes subyektlarining yiriklashishini ragʻbatlantirishga qaratilgan manzilli moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini joriy etish;
(v) ilgʻor xorijiy tajriba asosida kredit kafolatlari tizimi imkoniyatlaridan keng foydalanishni taʼminlovchi normativ va institutsional bazani shakllantirish.
2-maqsad. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda nobank kredit tashkilotlarining ishtirokini kengaytirish
(a) nobank kredit tashkilotlarining davlat dasturlari va xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalaridagi ishtirokini kengaytirish;
(b) tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari va lizing kompaniyalari tomonidan roʻyxatdan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarga tajriba tariqasida kredit ajratishni joriy etish orqali ularning faoliyatini rasmiylashtirishga koʻmaklashish.
2-YOʻNALISH. BIZNES UCHUN ZARUR INFRATUZILMANI RIVOJLANTIRISH
3-maqsad. Yer uchastkalari va davlat mulki obyektlari ajratishni kengaytirish
(a) yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini tekin foydalanishga berish tizimini joriy etish;
(b) mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlari joylashgan binolarga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish dasturini amalga oshirish, bunda:
(i) mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlarini namunaviy loyiha asosida yangi barpo etiladigan koʻp qavatli binoga joylashtirish;
(ii) yangi barpo etiladigan koʻp qavatli binoning 1 va 2-qavatlarini tadbirkorlik subyektlariga mulk huquqi asosida realizatsiya qilish;
(iii) mahalliy boshqaruv organlari va davlat tashkilotlarini koʻchirish natijasida boʻshaydigan davlat koʻchmas mulk obyektlarini tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish;
(v) yer uchastkalarini tanlash va elektron onlayn auksion savdolariga chiqarishdan oldin tadbirkorlik subyektlarining ushbu yer uchastkalariga boʻlgan talab va qiziqishini majburiy tarzda oʻrganish amaliyotini joriy qilish;
(g) aholi punktlarida boʻsh turgan yer uchastkalaridan master reja asosida foydalanish samaradorligini oshirish.
4-maqsad. Infratuzilma bilan bogʻliq qonunchilik bazasini takomillashtirish
(a) infratuzilma bilan taʼminlashga oid jarayonlarning uzviy bogʻliqligini taʼminlash maqsadida infratuzilma loyihalarini tanlab olish, moliyalashtirish, boshqarish va monitoring qilish boʻyicha qonunchilik hujjatlarini xatlovdan oʻtkazish va konsolidatsiya qilish;
(b) infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasida xalqaro standartlar, reyting va sertifikatsiya talablarini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish;
(v) infratuzilmani barpo etish xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmlarini yanada takomillashtirish;
(g) muqobil energiya sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash.
5-maqsad. Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini infratuzilma bilan taʼminlashni takomillashtirish
(a) barcha maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi infratuzilma holatini kompleks baholashdan oʻtkazish;
(b) maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini taʼminlash;
(v) maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida obyektlarni loyihalashtirishda tabiiy gazga muqobil boʻlgan yoqilgʻi turi va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanishga ustuvorlik berish;
(g) maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini amalga oshirish.
6-maqsad. Infratuzilmani rivojlantirishga xususiy sektorni jalb qilish
(a) infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda davlat organlarining ayrim funksiyalarini autsorsing asosida tadbirkorlik subyektlariga berish;
(b) elektr energiyasini taqsimlash tizimiga xususiy sektorni jalb qilish;
(v) energetika sohasida raqobatli ulgurji va chakana bozorlarni joriy etish;
(g) davlat-xususiy sheriklik asosida energiyani saqlash tizimlarini joriy qilish.
3-YOʻNALISH. RAQOBAT MUHITINI YAXSHILASH VA TASHQI BOZORLARGA CHIQISHNI RAGʻBATLANTIRISH
7-maqsad. Ichki bozorda raqobat muhitini yaxshilash
(a) nufuzli xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda har ikki yilda ichki bozordagi raqobat muhitini mustaqil baholash;
(b) xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda raqobatbardoshlik indeksini ishlab chiqish hamda shu asosda hududlardagi raqobat muhitini tahlil qilib borish;
(v) raqobat rivojlangan tarmoqlarda davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish hamda ularga berilgan eksklyuziv huquq va imtiyozlarni bekor qilish;
(g) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan davlat funksiyalarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida audit qilgan holda xususiy sektorga oʻtkazish choralarini koʻrish;
(d) eksklyuziv huquq berilgan sohadagi vakolatli davlat organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eksklyuziv huquqlarini bekor qilish yoki saqlab qolishning maqsadga muvofiqligini har yili koʻrib chiqish.
8-maqsad. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish
(a) mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy metodologiyalar asosida baholash hamda natijasi boʻyicha aniqlangan toʻsiqlar va nomutanosibliklarni bartaraf etish;
(b) hududlarning ixtisoslashuvi va raqobat ustunliklari asosida “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va ularning salohiyatini toʻliq ishga solish;
(v) soddalashtirilgan va umumbelgilangan soliq toʻlovchilar oʻrtasidagi tafovutni qisqartirish orqali kichik tadbirkorlik subyektlarining yiriklashish imkoniyatlarini kengaytirish.
9-maqsad. Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish
(a) tumanlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich sanoatni jadal rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va hududlarda drayver loyihalarni amalga oshirish;
(b) xorijiy davlatlardan injener, texnolog, dizayner, buxgalter, marketolog kabi mutaxassislarni jalb qilgan holda kichik va oʻrta biznes subyektlarining yuqori qiymatli tashqi bozorlarga chiqishiga koʻmaklashish;
(v) kichik va oʻrta biznes subyektlariga zarur texnologik asbob-uskunalar xarid qilish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar brendini yaratishga koʻmaklashish;
(g) tumanlarni ular ixtisoslashgan sohalar boʻyicha ilgʻor texnologiyalar markaziga aylantirish, bunda kichik ishlab chiqarish quvvatlarini yiriklashtirib, sanoat darajasiga olib chiqish uchun zarur sharoitlar yaratish;
(d) kichik asbob-uskunalar, tibbiy vositalar va elektronika buyumlarini ishlab chiqarish kabi drayver sohalarda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida dasturlar ishlab chiqish.
10-maqsad. Davlat xaridlari tizimida kichik va oʻrta biznes ishtirokini kengaytirish
(a) xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda barqaror davlat xaridlarini, shu jumladan, “yashil xarid”larni bosqichma-bosqich joriy etish;
(b) ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi asosida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish.
11-maqsad. Tashqi bozorlarga chiqishni ragʻbatlantirish
(a) standartlarning ixtiyoriyligini taʼminlash, zamon talablariga javob bermaydigan eskirgan standartlarni bekor qilish hamda xalqaro standartlarni (ISO/IEC/AOAC) amaliyotga joriy qilish;
(b) majburiy sertifikatsiyani bekor qilish, xalqaro akkreditatsiyaga ega xorijiy laboratoriyalarning natijalarini eʼtirof etish;
(v) texnik reglamentlarni qayta koʻrib chiqish va ularni xalqaro standartlar (Codex Alimentarius, WTO SPS Agreement) talablariga moslashtirish, bunda mahsulot xavfsizligi uchun eng muhim standartlarni majburiy talab sifatida saqlab qolish;
(g) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda Zaruriy gigiyena amaliyoti (GNP), Zaruriy ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) hamda Xavf-xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (NACCP) tamoyillariga asoslangan tartibga solish tizimini joriy qilish;
(d) tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻz faoliyatida xalqaro standartlarni joriy qilishni ragʻbatlantirish;
(e) JSTning eng qulay davlat rejimiga muvofiq xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan organlar bilan oʻzaro tan olish toʻgʻrisida bitimlar tuzish;
(j) eksport qilinadigan davlatlarning tashqi savdoga oid talablari, ushbu bozorlarga kirish qoidalari hamda ulardagi mavjud ekotizim bilan tanishish imkonini beruvchi elektron platformani ishga tushirish.
4-YOʻNALISH. RAQAMLASHTIRISH, SUNʼIY INTELLEKT VA INNOVATSIYALARNI JORIY ETISH
12-maqsad. Startaplarni moliyalashtirish ekotizimini yaxshilash
(a) venchur jamgʻarmalar ishtirokida sunʼiy intellekt, “aqlli”, raqamli, “yashil” va resurs tejovchi texnologiyalar kabi yangi biznes yoʻnalishlaridagi startap loyihalarga investitsiya kiritish;
(b) muvaffaqiyatli amalga oshirilgan startap loyihalar natijasida yaratilgan yangi turdagi mahsulotlar va xizmatlarni texnik reglamentlar hamda standartlarga kiritish orqali ularning davlat xaridlari tizimida sotilishini taʼminlash;
(v) startap loyihalar ekotizimini rivojlantirish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “UzVS” milliy venchur fondi huzurida Startap loyihalarni muvofiqlashtirish markazini tashkil etish;
(g) venchur jamgʻarmalarni rivojlantirish va startap loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish uchun xorijdan mablagʻlar jalb qilish;
(d) ilgʻor xalqaro tajribalar asosida startaplar, venchur moliyalashtirish va “biznes farishtalar” faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, bunda ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini belgilash;
(e) “Global startup ecosystem index” reytingida Oʻzbekistonni top-75 talik mamlakatlar roʻyxatiga olib chiqish, dunyoning startap markazlari roʻyxatida Toshkent shahrining oʻrnini yaxshilash hamda kamida 3 ta shaharning ushbu roʻyxatdan joy olishini taʼminlash;
(j) ilgʻor xorijiy tajribalar asosida Oʻzbekistonda startap va innovatsiyalarni tijoratlashtirish jarayonining har bir bosqichini tizimli tartibga solish.
13-maqsad. Innovatsiyalar joriy etishni ragʻbatlantirish
(a) innovatsion mahsulotlarni xalqaro amaliyotda umumeʼtirof etilgan yondashuvlar asosida tasniflashga oʻtish (innovatsiyalar taksonomiyasi);
(b) har ikki yilda kichik va oʻrta biznes sohasida ustuvor innovatsion yoʻnalishlarni belgilash va ushbu yoʻnalishlardagi loyihalarni moliyalashtirish;
(v) davlat hisobidan moliyalashtiriladigan innovatsion ishlanma va loyihalarni venchur jamgʻarmalar, “biznes farishtalar” va mustaqil ekspertlar tomonidan tanlashga bosqichma-bosqich oʻtish;
(g) Global innovatsiyalar indeksi va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi reytinglarida mamlakat oʻrni yaxshilanishiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan infratuzilma loyihalarini ustuvor ravishda moliyalashtirish.
5-YOʻNALISH. KICHIK VA OʻRTA BIZNESNI QOʻLLAB-QUVVATLASH CHORALARI SAMARADORLIGINI OSHIRISH
14-maqsad. Kichik va oʻrta biznes subyektlarining har bir toifasi bilan individual ishlash tizimini joriy etish
(a) har bir toifa (yakka tartibdagi tadbirkor, mikro, kichik, oʻrta va yirik korxona) boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining aniq hisobini yuritish va ular bilan manzilli ishlashda tabaqalashgan yondashuvlarni joriy qilish;
(b) kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash borasida dalillarga asoslangan siyosatni yuritish uchun mikro darajadagi batafsil tahliliy maʼlumotlarning yaxlit tizimini qoʻyidagi yondashuvlar asosida shakllantirish:
(i) “Tadbirkor ayollarning moliya kodeksi” (WE Finance Code) indikatorlari asosida biznesning gender statistikasini yuritish;
(ii) Jahon bankining Biznes muhiti va korxona samaradorligi tadqiqotiga (BEEPS) muvofiq tadbirkorlarning yoshi, jinsi, faoliyat sohasi, texnologik intensivligi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakli, mahalliy va xorijiy hamkorlari, innovatsiyalar darajasi va ijtimoiy maqsadlar kabi mezonlar asosida mikro darajada statistikani yuritish;
(iii) biznesni qoʻllab-quvvatlash institutlari, shu jumladan, biznes inkubatorlar va akseleratorlar, texnoparklar, innovatsion xablar, boshqa tijorat va notijorat tashkilotlarning yagona reyestrini shakllantirish;
(iv) davlat tomonidan joriy etilgan qoʻllab-quvvatlash choralari va mexanizmlari, ulardan foydalangan tadbirkorlik subyektlari, qamrov darajasi va samarasi kabi koʻrsatkichlarni mikro darajada aks ettirish;
(v) biznesning iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy barqarorligini baholash koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va ularni qoʻllash natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
(g) tadbirkorlik subyektlarining har bir toifasiga xos boʻlgan asosiy risklar xaritasini tuzish va ularni bartaraf etish yoki minimallashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
15-maqsad. Biznesning shakllanishi va rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi salbiy omillarni bartaraf etish
(a) tadbirkorlik subyektlarining bozorga kirishi yoʻlidagi texnik, maʼmuriy va boshqa toʻsiqlarni har yili mustaqil baholab borish va maqsadli “yoʻl xaritalari” asosida ularni bartaraf etish yoki yumshatish choralarini koʻrish;
(b) biznes uchun toʻsiq va cheklovlarni belgilovchi harakatlarga nisbatan har ikki yilda bir marta “tartibga soluvchi gilotina” usulini qoʻllash;
(v) faoliyat koʻrsatmayotgan kichik korxonalarning davlat oldidagi mavjud kichik qarzlari qoldiqlarini hisobdan chiqarish va ularning faoliyatini qayta tiklashga koʻmaklashish tartibini joriy etish.
16-maqsad. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini tizimlashtirish
(a) tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarining yagona reyestrini yaratish, yuritish va jamoatchilikka eʼlon qilish hamda ular samaradorligini mustaqil baholash asosida har ikki yilda bir marta qayta koʻrib chiqish;
(b) garov talablarini qayta koʻrib chiqish, shuningdek, asosiy qarzning toʻlanishiga mutanosib ravishda garov narsasini bosqichma-bosqich garovdan ozod qilish mexanizmini joriy etish;
(v) xoʻjalik yurituvchi subyektlarning zamonaviy dasturiy yechimlar (ERP va boshqalar) va tizimlarni joriy etish xarajatlarini davlat tomonidan subsidiyalash va kompensatsiya qilish;
(g) natijaga asoslangan budjetlashtirish tamoyillariga oʻtgan holda biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish;
(d) maʼlum faoliyat turlari va ayrim sohalarga taqdim etilayotgan subsidiyalash amaliyotidan voz kechib, ularni tizimli ravishda pirovard maqsadga asoslangan (doimiy ish oʻrinlarini yaratish, eksportni oshirish va boshqalar) subsidiyalar va foizsiz ssudalarga almashtirish;
(e) tadbirkorlik subyektlariga qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etishda foydalanilayotgan axborot tizimlarini konsolidatsiya qilish orqali yagona raqamli platformani ishga tushirish.
17-maqsad. Tadbirkorlikni tartibga solishning institutsional asoslarini mustahkamlash
(a) davlat-xususiy sheriklik sohasida yaxlit tartibga soluvchi hujjat qabul qilish orqali xususiy sektorning asosiy kapitalga investitsiyalar kiritishini kengaytirish;
(b) Strategiyada belgilangan vazifalarni inobatga olib hamda soʻnggi yillarda tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan taqdim etilayotgan zamonaviy qoʻllab-quvvatlash choralari va mexanizmlari hamda bu borada yagona davlat siyosatini yurituvchi vakolatli organni belgilashni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunini yangi tahrirda qabul qilish;
(v) tadbirkorlik subyektlariga qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritishiga koʻmaklashish hamda ularning huquqlarini ishonchli himoya qilish va nazorat qiluvchi organlarning masʼuliyatini oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunini qabul qilish;
(g) ilgʻor xorijiy tajriba asosida biznes-inkubator, akselerator, texnopark, innovatsion xab va boshqa tuzilmalarni tashkil etishning huquqiy bazasini va ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish;
(d) biznesni tugatish jarayonlarini yanada soddalashtirish, bunda moliyaviy xavf-xatari nisbatan kichik boʻlgan mezonlarni belgilash, ushbu mezonlar asosida soliq tekshiruvini raqamlashtirish orqali tugatish jarayonlari muddatlarini qisqartirish.
6-YOʻNALISH. TADBIRKORLIK KOʻNIKMALARIGA OʻQITISH VA BIZNES UCHUN MALAKALI MUTAXASSISLARNI TAYYORLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH
18-maqsad. Kasbiy taʼlim va tadbirkorlikka yoʻnaltirilgan oʻqitish tizimi samaradorligini yanada oshirish
(a) ilgʻor xorijiy tajriba va mahalliy shart-sharoitlarga asoslangan Tadbirkorlik kvalifikatsiyalar ramkasini (Entrepreneurship Competence Framework) ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
(b) davlat kasbiy taʼlim tashkilotlariga tegishli boʻlgan va amalda foydalanilmayotgan bino va inshootlar hamda yer uchastkalarini zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash, oʻquvchilarini dual taʼlim shaklida ishga olish va amaliyot darslarini tashkil etish sharti bilan tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish tizimini joriy etish;
(v) yangi texnologiyalar va yondashuvlar bilan ishlashga qodir malakali kadrlarni tayyorlash uchun kichik va oʻrta biznes hamda taʼlim tashkilotlari ishtirokida qoʻshma taʼlim va amaliyot dasturlarini amaliyotga kiritish;
(g) taʼlimning barcha bosqichlarida aholining tadbirkorlik koʻnikmalari va moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga qaratilgan dasturlarni joriy qilish;
(d) iqtisodiy salohiyati yuqori boʻlgan hududlarda tadbirkorlik subyektlari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy markazlar oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlovchi yuqori texnologiyalar markazlarini tashkil etish.
19-maqsad. Tadbirkorlikni rivojlantirishga masʼul tashkilotlar xodimlari malakasini uzluksiz oshirib borish
(a) bozor infratuzilmasini rivojlantirish institutlari (IT park, texnoparklar, startap kompaniyalar, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va boshqalar) uchun biznes-akselerator va venchur kapital menejerlarini tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;
(b) tadbirkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilishga masʼul tashkilotlar xodimlarining xalqaro malaka va koʻnikmalarga ega boʻlishini taʼminlash.
20-maqsad. Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishning yaxlit tizimini joriy etish
(a) biznes koʻnikmasiga ega boʻlmagan tashabbuskor xotin-qizlarni aniqlash va ularni tadbirkorlik asoslariga oʻqitish;
(b) tijorat bankalari koʻmagida oʻzini oʻzi band qilgan xotin-qizlarga biznes loyihalarini ishlab chiqish va kichik tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish;
(v) xotin-qizlarni biznes-rejalar ishlab chiqish, moliyalashtirish va bozor topish koʻnikmalariga oʻrgatish orqali kichik korxonalar faoliyatini kengaytirish;
(g) tez va yuqori surʼatlarda oʻsayotgan eng faol ishbilarmon ayollar bilan manzilli ishlab, ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish;
(d) tadbirkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni respublikada mavjud elektron tijorat platformalarida joylashtirish va sotishga koʻmaklashish.
7-YOʻNALISH. MASʼULIYATLI BIZNES AMALIYOTINI JORIY QILISH
21-maqsad. Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida masʼuliyatli biznes amaliyotini joriy qilish va keng targʻib etish
(a) xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda masʼuliyatli biznes amaliyoti standartlarini ishlab chiqish va bosqichma-bosqich joriy etish;
(b) tadbirkorlik subyektlarining Atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDG) oid tashabbuslarini ragʻbatlantirish;
(v) tadbirkorlik subyektlariga ESG tamoyillarini baholovchi xalqaro reytinglarda (MSCI ESG Ratings, S&P Global ESG Scores, Green Business Certification) oʻrin egallashiga koʻmaklashish;
(g) mahsulotlarni isteʼmol qilish, foydalanish va qadoqlashdan hosil boʻlgan chiqindilarni qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlab chiqaruvchining masʼuliyatini kengaytirish (Extended Producer Responsibility, EPR);
(d) tadbirkorlik subyektlarini “yashil koʻnikma”larga oʻqitish dasturlarini ishlab chiqish va taʼlim tashkilotlarining oʻquv rejasiga bosqichma-bosqich kiritish.
22-maqsad. Imkoniyati cheklangan aholining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash
(a) imkoniyati cheklangan shaxslar ehtiyojlariga moslashgan, ularning kasbiy va tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga kiritish;
(b) kichik va oʻrta biznes subyektlarining inklyuziv ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha tashabbuslarini ragʻbatlantirish;
(v) tadbirkorlik subyektlari uchun inklyuziv ish muhitini yaratish va saqlash boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish;
(g) ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar statistikasini yuritishni yoʻlga qoʻyish.
2-BOB. STRATEGIYANI AMALGA OSHIRISH, MONITORING QILISH VA BAHOLASH
I. Strategiyani amalga oshirishga masʼul vazirlik va idoralar
13. Strategiya maqsadlariga erishish va unda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning ijrosini muvofiqlashtirishga quyidagi vazirlik va idoralar masʼul etib belgilanadi:
(a) moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini kengaytirish boʻyicha — Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank;
(b) biznes uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha — Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi;
(v) raqobat muhitini yaxshilash va tashqi bozorlarga chiqishni ragʻbatlantirish boʻyicha — Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
(g) raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha — Raqamli texnologiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi;
(d) kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini oshirish boʻyicha — Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
(e) tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish va biznes uchun malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha — Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
(j) masʼuliyatli biznes amaliyotini joriy qilish boʻyicha — Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi.
14. Vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining Strategiyani amalga oshirish doirasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) tomonidan amalga oshiriladi.
II. Strategiyani amalga oshirish mexanizmlari
15. Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan chora-tadbirlar dasturi orqali taʼminlanadi.
16. Respublika kengashi har chorakda Strategiya va chora-tadbirlar rejasini muhokama qilib boradi.
17. Strategiya va chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishda shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash uchun xususiy sektor, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro moliya tashkilotlari va hududiy maslahat kengashlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
III. Monitoring
18. Respublika kengashi tomonidan har bir vazifa va yoʻnalish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilanadi va vazifalarning bajarilishi samaradorligi ustidan muntazam monitoring olib boriladi.
19. Masʼul vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy tuzilmalari amalga oshirilgan ishlar boʻyicha har oyda Respublika kengashiga hisobot beradi.
20. Respublika kengashi tomonidan monitoring doirasida aniqlangan muammo va toʻsiqlarni bartaraf etish choralari koʻriladi.
21. Hisobot natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinadi va malakali ekspertlarni jalb qilgan holda muhokamalar tashkil etiladi.
IV. Baholash
22. Har bir yoʻnalish boʻyicha maqsadlarga erishish darajasi baholanib boriladi va umumiy natijalar kompleks tahlil qilinadi.
23. Strategiyaning amalga oshirish natijalarining koʻzlangan maqsadlarga qanchalik mos kelishi har 6 oyda oʻrganib boriladi va zarur hollarda muvofiqlashtirish va aktuallashtirish choralari koʻriladi.
24. Asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha maʼlumotlarni jamlash va umumlashtirish hamda ularni tekshirish Iqtisodiyot va moliya vazirligining umumiy muvofiqligida Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
25. Strategiyaning amalga oshirilishi borasidagi hisobot har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etiladi.
26. Kichik va oʻrta biznes rivojlanishini hududlar, soha va tarmoqlar kesimida davriy ravishda baholab borish va monitoringini yuritish maqsadida alohida indeks ishlab chiqilib, shu asosda baholash amalga oshiriladi hamda har chorak yakuni bilan tegishli tahliliy maʼlumotlarni eʼlon qilish yoʻlga qoʻyiladi.
3-BOB. STRATEGIYANI MOLIYAVIY VA TASHKILIY TAʼMINLASH
I. Moliyaviy resurslar
27. Strategiyada belgilangan maqsadlar va ularga erishish boʻyicha vazifalar ijrosini taʼminlash uchun Davlat budjeti mablagʻlari, tijorat banklari kreditlari, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ, venchur jamgʻarmalar, nobank kredit tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va banklarining resurslari yoʻnaltiriladi.
28. Strategiyani amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan moliyaviy resurslar hajmi har yili tasdiqlanadigan chora-tadbirlar dasturi doirasida aniqlanadi.
II. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik
29. Mazkur Strategiyada nazarda tutilgan maqsadlarga erishish boʻyicha vazifalarni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xalqaro rivojlanish tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — xalqaro hamkorlar) bilan hamkorlik qilinadi.
30. Strategiyada belgilangan ustuvor yoʻnalishlarda xorijiy ekspert va konsultantlar jalb qilinadi, shuningdek, xalqaro standartlar asosida mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
31. Xalqaro hamkorlarning moliyaviy koʻmagida tadbirkorlik faoliyati uchun turtki beradigan quyidagi loyihalar amalga oshiriladi:
(a) kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga Osiyo taraqqiyot bankining “Inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish — moliyaviy vositachilik” dasturi doirasida 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltiriladi;
(b) Jahon bankining “Kichik biznesni raqamlashtirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar jalb qilinadi;
(v) tadbirkorlik sohasidagi “yashil” va innovatsion loyihalarga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 200 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻlari ajratiladi;
(g) Germaniyaning “KfW” banki tomonidan kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 26,5 million yevro miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltiriladi;
(d) Islom taraqqiyot bankining “Kichik va oʻrta biznesning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida 40 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish va zarur shart-sharoit yaratish maqsadlariga yoʻnaltiriladi;
(e) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (UNDP), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Shveysariya iqtisodiy masalalar boʻyicha davlat kotibiyati (SECO) bilan hamkorlikda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid loyihalar amalga oshiriladi;
(j) Yaponiyaning Yamagata universiteti bilan hamkorlikda mentorlik instituti faoliyati yoʻlga qoʻyilib, mentorlar koʻmagida 100 dan ortiq yoʻnalishlarda yangi biznes turlarini tashkil etish choralari koʻriladi.
4-BOB. STRATEGIYANI AMALGA OSHIRISHDAN KUTILAYOTGAN NATIJALAR
32. Strategiyani amalga oshirish natijasida 2030-yilgacha quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:
(a) kichik va oʻrta biznesning YAIMdagi ulushini 60 foizga, sanoatda — 40 foizga, eksportda — 35 foizga, aholi bandligini taʼminlashda — 78 foizga yetkazish;
(b) har 1 000 kishiga toʻgʻri keladigan faoliyat koʻrsatayotgan kichik biznes subyektlari sonini 19 taga yetkazish;
(v) ishchilari soni 100 nafardan yuqori boʻlgan korxonalar sonini 5 mingtaga, 10 kishidan yuqori boʻlgan kichik va oʻrta biznes subyektlari ulushini 11 foizga yetkazish;
(g) Jahon bankining “B-Ready” hisobotida va BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi reytingida top-50 hamda Global startap ekotizimi indeksi (Global startup ecosystem index) reytingida top-75 mamlakatlar qatoridan joy olish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga7-ILOVA
2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari
Izoh: 2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlariga Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi Rayosati bayoni bilan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga8-ILOVA
2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlari
Izoh: 2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlariga Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi Rayosati bayoni bilan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga9-ILOVA
Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga10-ILOVA
Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi tarkibi
Izoh: Respublika kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli vazifalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga11-ILOVA
Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashining asosiy vazifalari
1. 2025 — 2030-yillarda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarining ijro etilishini taʼminlash hamda natijalarini har chorakda muhokama qilish.
2. Kichik va oʻrta biznes subyektlari hamda davlat oʻrtasidagi samarali muloqot platformasini tashkil etish.
3. Kichik va oʻrta biznes subyektlari faoliyatidagi tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, ularning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish.
4. Kichik va oʻrta biznes uchun institutsional va huquqiy muhitni yaxshilashda byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, soliq va maʼmuriy yuklamalarni yengillashtirish.
5. Kichik va oʻrta biznes uchun moliyaviy hamda infratuzilmaviy qoʻllab-quvvatlash va kreditlash choralarini kuchaytirish, investitsiyalarni jalb etish, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirish.
6. Kichik va oʻrta biznes subyektlarining eksport salohiyatini oshirish va xalqaro bozorlarga chiqishini ragʻbatlantirish maqsadida tovar va xizmatlar eksportini osonlashtirish, tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatini xalqaro sertifikatlar va standartlarga moslashtirishga koʻmaklashish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga12-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha hududiy maslahat kengashining namunaviy tarkibi
Izohlar:
(a) Hududiy maslahat kengashi tarkibiga qoida tariqasida 25 nafardan koʻp boʻlmagan turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tajribali tadbirkorlik subyektlari rahbarlari yoki ularning vakillari kiritiladi;
(b) Hududiy maslahat kengashi tarkibiga oilaviy korxona, fermer va dehqon xoʻjaligi, hunarmand, kasanachi, kosib, yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar ham kiritilishi mumkin;
(v) Hududiy maslahat kengashi tarkibiga kamida 2 nafar yosh tadbirkor hamda kamida 3 nafar ayol tadbirkor kiritilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga13-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha hududiy maslahat kengashining asosiy vazifalari
1. Hududlardagi ustuvor soha va yoʻnalishlarni rivojlantirish maqsadida mahalliy tadbirkorlik subyektlari bilan doimiy muloqot olib borish, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi masalalarni muhokama qilish va natijalari boʻyicha takliflar tayyorlash.
2. Mahalliy biznesni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish, ularni moliyaviy va infratuzilma jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar tayyorlash va koʻrib chiqish uchun Respublika kengashiga kiritish.
3. Tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, yosh va ayol tadbirkorlarni ragʻbatlantirish, startaplar va innovatsion biznes loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish.
4. Hududlarda aholini biznesga jalb qilish, yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish, sanoat, xizmat, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalarini jadal rivojlantirish borasidagi tashabbuslarni roʻyobga chiqarish.