Joriy yilning 14-fevral kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan asosiy vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, sifatli taʼlim olishlari uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ilm-fanni ommalashtirish maqsadida qaror qilaman:
1. Yoshlar bilan muloqotda bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida, ularni roʻyobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan 2025-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan birgalikda ikki oy muddatda kreativ industriya parkini (keyingi oʻrinlarda — kreativ park), hududlarda uning filiallarini hamda ularda kreativ soha vakillarini oʻqitadigan biznes maktablar faoliyatini tashkil etish hamda zarur sharoit yaratish choralarini koʻrsin.
Kreativ park faoliyatini boshqarish Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi muassisligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan Kreativ industriya parklari direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining kreativ park rezidentlariga 2025-yil 1-maydan boshlab 2031-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga quyidagi soliq imtiyozlarini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
(a) ijtimoiy soliqni hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 50 foiz kamaytirilgan stavkada toʻlash;
(b) rezidentlarni tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qatʼi nazar aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish. Bunda rezidentlar oʻz istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga oʻtishlari mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyozlarni qoʻllash boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Kreativ industriya subyektlarini kreativ park rezidentligiga qabul qilish hamda tegishli rezidentlarga mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlarni qoʻllash shartlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
4. Belgilansinki, xorijiy tillar boʻyicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olganiga ikki yildan oshmagan shaxslarga olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan oʻquv markazlarini ochish uchun Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan olti oylik imtiyozli davr bilan uch yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi PF-54-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2026-y., 06/26/54/0320-son)
Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan ssudani ajratish tartibini hamda olis va borish qiyin boʻlgan hududlar roʻyxatini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. 2025-yildan boshlab “El-yurt umidi” jamgʻarmasining yangi stipendiya yoʻnalishi sifatida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yorqin isteʼdod” loyihasi joriy etilsin:
(a) har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, ogʻir oilaviy sharoiti sababli oʻqish imkoniyatiga ega boʻlmagan kambagʻal oilalar farzandlarini xorijda oʻqitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;
(b) saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida oʻqitish;
(v) tayyorgarlik kurslaridan muvaffaqiyatli oʻtgan yoshlarni nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishga yuborish, oʻqish va yashash xarajatlarini qoplab berish. Bunda tayyorgarlik kurslarida oʻqitish xarajatlari “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi “El-yurt umidi” jamgʻarmasining tegishli hisob-kitoblariga asosan joriy yilda “Yorqin isteʼdod” loyihasi natijalaridan kelib chiqib 300 milliard soʻm ajratsin, kelgusi yillardan mazkur maqsadlar uchun mablagʻlarni budjet parametrlarida nazarda tutsin.
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-86-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/86/0456-son)
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali xorijiy mamlakatlarda taʼlim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi;
(b) 2025-yil 1-iyundan boshlab:
(i) nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha boʻlgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, oʻn yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;
(ii) nufuzli xalqaro fan olimpiadalari gʻolib va sovrindorlariga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu bandning toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan foizsiz ssudani ajratish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda foizsiz ssudani ajratish boʻyicha arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.
7. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarining namunali kursantlari (talabalari) va tinglovchilari uchun “Oliy bosh qoʻmondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.
Mudofaa vazirligi tasarrufida oliy harbiy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oliy bosh qoʻmondon” davlat stipendiyasini tayinlash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(b) oʻquvchilar oʻrtasida muhandislik-ixtirochilik yoʻnalishida olimpiadalar oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi va gʻolib boʻlgan bitiruvchi yoshlar davlat oliy taʼlim muassasalarining olimpiada yoʻnalishiga mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga imtihonlarsiz qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu olimpiadani tashkil etish hamda uning gʻoliblari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadigan oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatini nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Belgilansinki:
(a) Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi, tarbiyaviy ahamiyatga ega va umummilliy qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi milliy mediakontentlar yaratish hamda eng yaxshi intellektual shoularni tashkil etish uchun 100 million soʻmgacha grantlar ajratiladi;
(b) yoshlarda tabiatga muhabbat hissini uygʻotish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi. Bunda “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi quyidagi manbalar hisobidan 10 milliard soʻmgacha miqdorda shakllantiriladi:
(i) Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
(ii) xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablagʻlari;
(iii) jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
(iv) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Belgilansinki, Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari balansidagi bino va inshootlarni ularda yoshlarni sport, ilm-fan, xorijiy tillar va kasblarga oʻqitish, kreativ loyihalarni amalga oshirish va boshqa xizmatlarni koʻrsatish uchun ijaraga berishdan tushadigan mablagʻlar tegishli bino va inshootning balansda saqlovchisiga toʻliq miqdorda (bundan auksion xarajatlari mustasno) oʻtkaziladi hamda uning faoliyatini rivojlantirish maqsadlariga yoʻnaltiriladi.
10. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda ilm-fan va taʼlim yoʻnalishidagi foydali milliy internet resurslari reyestrini shakllantirsin, Raqamli texnologiyalar vazirligi ulardan bepul internet tarmogʻi orqali foydalanishni yoʻlga qoʻysin.
11. Toshkent shahri hokimligi 2025-yil 1-oktabrga qadar mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan Toshkent shahrida Robototexnika markazini barpo etish va zarur jihozlar bilan taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
12. Madaniyat vazirligi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda Yoshlar eksperimental teatr studiyasini tashkil etish va uni zarur jihozlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
13. Samarqand viloyati hokimligi Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2026-yilda Samarqand shahrida xalqaro “Texnofest” festivali doirasidagi “Take Off” startap sammitini yuqori saviyada tashkil etish choralarini koʻrsin.
14. Mazkur Farmon ijrosi boʻyicha masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-mart,
PF-61-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-martdagi PF-61-son FarmonigaILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan 2025-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)