Bolalarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan munosib tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va oʻzlikni anglash hissini shakllantirish mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini belgilaydigan eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Hozirgi globallashuv jarayonida yosh avlod ongida turli axborot xurujlariga qarshi gʻoyaviy immunitetni kuchaytirish tobora dolzarb ahamiyatga ega boʻlib bormoqda.
Farzandlarimizni milliy oʻzligimiz mezonlariga zid boʻlgan kontentlarning salbiy taʼsiridan va salomatligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axborotlardan himoya qilish, shuningdek, ularni taʼlimga keng jalb etish, kasbga yoʻnaltirish hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga moʻljallangan milliy kontentlar yaratishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar respublikada bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar, jumladan, audiovizual va sanʼat asarlari, noshirlik va raqamli mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ularni ommalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) bolalarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularda sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasi, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona Vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish hamda ularni taʼlim va tarbiya dasturlari bilan integratsiya qilish;
(b) chet el kontentlarining bolalarning ongi va qalbiga taʼsirini muntazam tahlil qilib borish va tegishli takliflar ishlab chiqish, ushbu yoʻnalishda zararli trendlar, xatarli chellenjlarni aniqlash va ularga qarshi kontentlar ishlab chiqish, bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish;
(v) ota-onalar va bolalarni internet tarmogʻidagi axborotlarni toʻgʻri baholashga hamda xavfli kontentlarni aniqlashga yoʻnaltiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish;
(g) bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish va ularni realizatsiya qilishni izchil qoʻllab-quvvatlash, ushbu yoʻnalishda yuqori bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, sohada ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
2. Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratishni muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash) tuzilsin, uning tarkibi hamda asosiy vazifalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Bolalar kontentini rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilganligi hamda 3-ilovaga muvofiq uning asosiy vazifalari belgilab olingani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Markazning:
(a) Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi sifatida Markazni belgilash;
(b) Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti, Markaz vakillari va malakali mutaxassislardan iborat tarkibda ekspertlar kengashini tuzish;
(4-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
(v) ekspertlar kengashi tomonidan Markaz buyurtmasiga asosan ishlab chiqariladigan kontentlarning gʻoyasi, mazmun-mohiyati, badiiy saviyasini koʻrib chiqish, loyiha va ssenariylarni saralash hamda ularni ishlab chiqarishga tavsiya etib borishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(4-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
5. Belgilansinki, 2025-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar:
(a) bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar, shuningdek, Markaz:
(i) foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi;
(ii) ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida toʻlaydi;
(b) yuridik shaxslarga bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarini foyda soligʻini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi;
(v) yuridik shaxslar va Markaz tomonidan bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish uchun budjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi soliq hisobotlari taqdim etilgandan keyin Davlat budjetidan ularga toʻliq miqdorda qaytariladi.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) Soliq qoʻmitasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Markaz bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorning 5-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini taqdim etish boʻyicha qonun loyihasini;
(b) Madaniyat vazirligi, Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu qarorning 5-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini 2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar milliy film va seriallar ishlab chiqaruvchi subyektlarga ham tatbiq etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida belgilansinki:
(a) bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratishni qoʻshimcha moliyalashtirish uchun har yili:
(i) ushbu qarorning 4-ilovasida belgilangan vazirlik va idoralar, shuningdek, boshqa davlat boshqaruvi organlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ularga Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamgʻarmalar, mahalliy budjet hisobidan ajratilgan mablagʻlar toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida Markazga yoʻnaltiriladi;
(7-band (a) kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyuldagi PQ-232-sonli qarori tahririda)
(ii) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz hamda undan ortiq boʻlgan korxonalarning biznes-rejalarida mablagʻlar nazarda tutiladi hamda ushbu mablagʻlarning toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida Markazga ajratilishi tashkil etiladi;
(7-band (a) kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyuldagi PQ-232-sonli qarori tahririda)
(b) Markaz unga ajratilgan mablagʻlar, shu jumladan, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Ekspertlar kengashi xulosalariga muvofiq ijodiy tanlovda gʻolib chiqqan ishlab chiqarish subyektiga bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish boʻyicha buyurtmalar beradi.
(7-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 06/26/103/0561-son)
(v) Markaz buyurtmasi asosida bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratgan subyektlar 2030-yil 1-yanvarga qadar shartnomada nazarda tutgan holda ushbu kontentlarni bevosita oʻzlari tomonidan realizatsiya, shu jumladan, prokat qilishdan tushgan mablagʻning 50 foizini oʻz tasarrufiga olib qoladi va uni Markaz bilan kelishgan holda oʻz faoliyatini rivojlantirishga sarflaydi.
8. Belgilansinki:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-294-son qaroriga asosan bolalarga moʻljallangan tele- va radio mahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish boʻyicha eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har yili Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarni Markazga yoʻnaltiradi. Bunda Markaz ushbu mablagʻlar hisobidan bolalar uchun moʻljallangan 2 ta maʼrifiy shou-dastur tayyorlaydi;
(8-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
(b) Markazning asosiy vazifalarini amalga oshirish maqsadida Markazga 2025-yilda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida ajratilgan mablagʻlar hisobidan 20 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi, 2026-yildan boshlab esa Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra zarur mablagʻlar Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
10. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2025-yil 1-sentabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabida, 2026-yildan boshlab esa viloyatlar va Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar maktablarida bosqichma-bosqich iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularning iqtidorini yanada rivojlantirish boʻyicha kreativ industriya yoʻnalishida toʻgaraklar (keyingi oʻrinlarda — toʻgaraklar) faoliyatini yoʻlga qoʻysin. Bunda:
(a) toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun “Barkamol avlod” bolalar maktablarining xonalarini taʼmirlash xarajatlari mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan;
(b) zamonaviy kompyuter va texnikalar bilan jihozlash xarajatlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hamda vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan;
(v) toʻgaraklarga mashgʻulot olib borish uchun jalb etiladigan mutaxassislarning ish haqi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Belgilansinki, animatsiya va bolalar kontenti yoʻnalishidagi toʻgaraklarda mashgʻulotlar Markaz tavsiya etgan mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
11. Raqamli texnologiyalar, kontentlar yaratish bilan bogʻliq zamonaviy kasblarni egallashga ishtiyoqi baland boʻlgan oʻquvchi-yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, saralab olish hamda ularning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida “Raqamli avlod” loyihasi amalga oshiriladi.
“Raqamli avlod” loyihasi doirasida har yili IT oromgoh, haftalik, musobaqa, “Raqamli avlod qizlari” tanlovi, sayyor tadbir, xakaton va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi, shuningdek, har chorakda “Renessans” bolalar oromgohida oʻquv-seminar treninglari tashkil etiladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarning respublika bosqichi gʻoliblari xorijiy davlatlarga taʼlim sayohatiga yuboriladi.
12. Zamonaviy texnologiyalar asosida bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish yoʻnalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili:
(a) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan jahondagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash uchun 5 ta kvota;
(b) Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari doirasida jahondagi yetakchi kompaniyalarda amaliyot (stajirovka) oʻtash uchun 10 ta kvota ajratiladi.
13. 2028-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha Markaz tomonidan oʻz faoliyatida foydalanish maqsadida olib kiriladigan qurilma, dasturiy va texnik vositalar, butlovchi qismlar bojxona bojidan ozod etiladi.
14. Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumani “Navnihol” mahalla fuqarolar yigʻini Tepamasjid koʻchasidagi 4-uyda joylashgan IT park hududidagi binoning 4000 kv. metrdan kam boʻlmagan qismi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Markazga tekin foydalanish huquqi asosida ajratilsin.
15. Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida ushbu qaror ijrosi uchun zarur mablagʻlarning nazarda tutilishini taʼminlasin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-may,
PQ-183-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-183-son qaroriga1-ILOVA
Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratishni muvofiqlashtiruvchi kengash
(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-183-son qaroriga2-ILOVA
Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratishni muvofiqlashtiruvchi kengashning
1. Bolalarga oid davlat axborot siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, shuningdek, respublikada bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlarni yaratish hamda ularni ommalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari izchil amalga oshirilishini tashkil etish.
2. Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish, realizatsiya qilish va ommalashtirishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, soha vakillari, tadbirkorlar va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga koʻmaklashish.
3. Bolalar ongida maʼnaviy qadriyatlar va milliy davlatchilik gʻoyalariga hurmat hissini shakllantirishga moʻljallangan kontentlar yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish.
4. Oʻzbekiston milliy taraqqiyotini bolalar oʻrtasida sodda va taʼsirchan usullarda targʻib qilishga moʻljallangan maxsus multimedia va axborot loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish.
5. Bolalarga yoʻnaltirilgan tashqi va ichki axborot tahdidlarini muntazam tahlil qilish, ularning oldini olish choralarini koʻrish, bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish ishlarini tashkil etish.
6. Bolalarning ongi va dunyoqarashini har xil zararli tashqi taʼsirlardan himoya qilish boʻyicha milliy media strategiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish.
7. Bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun davlat va xususiy sektor mablagʻlari, xalqaro grantlar jalb etilishini tashkil qilish.
8. Bolalar uchun moʻljallangan kontentlarni ommalashtirish, realizatsiya qilish va xalqaro bozorlarga olib chiqilishiga koʻmaklashish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish.
9. Bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish, bolalarni zararli kontentlardan himoya qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
10. Bolalar uchun moʻljallangan milliy axborot muhitini hamda kontentlar yaratishni rivojlantirish boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-183-son qaroriga3-ILOVA
Bolalar kontentini rivojlantirish markazining
1. Bolalar uchun moʻljallangan tarbiyaviy, maʼrifiy ahamiyatga ega milliy kontentlar va targʻibot vositalari yaratishni qoʻllab-quvvatlash.
2. Xorijiy kontentlarning bolalar ongi va dunyoqarashiga taʼsirini tahlil qilish orqali ularning eng sara va foydali namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish hamda ommaviy namoyishga tavsiya etish.
3. Respublika hududida bolalar uchun moʻljallangan zararli axborotlar tarqalishining oldini olishga hamda bolalar va ota-onalarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan materiallar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish.
4. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar orasida bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlarni ommalashtirish boʻyicha chet ellardagi madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish.
5. Bolalar uchun foydali hisoblangan kontentlarni tavsiya qiluvchi ijtimoiy tarmoq sahifalari va sunʼiy intellekt tizimlarini joriy etish.
6. Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlarni yaratishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan qoʻshma loyihalar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish.
7. Bolalarga milliy madaniyat, sanʼat, adabiyot, tarix va maʼnaviy qadriyatlar haqida tushunchalar berishga, ularda ekologik madaniyatni shakllantirish hamda sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasini rivojlantirishga moʻljallangan milliy kontentlar yaratishga oid loyihalarni joriy qilish.
8. Bolalarning oʻzbek tilida ravon soʻzlash va imloviy xatolarsiz yozish koʻnikmasini rivojlantirishga moʻljallangan interaktiv dasturlar yaratish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-183-son qaroriga4-ILOVA
Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratishni moliyalashtirish uchun mablagʻ ajratishga masʼul boʻlgan asosiy vazirlik va idoralar
1.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi2.Bosh prokuratura3.Ichki ishlar vazirligi4.Mudofaa vazirligi5.Favqulodda vaziyatlar vazirligi6.Raqamli texnologiyalar vazirligi7.Energetika vazirligi8.Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi9.Transport vazirligi10.Madaniyat vazirligi11.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi12.Sogʻliqni saqlash vazirligi13.Sport vazirligi14.Qishloq xoʻjaligi vazirligi 15.Suv xoʻjaligi vazirligi 16.Bojxona qoʻmitasi17.Soliq qoʻmitasi18.Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi19.Davlat aktivlarini boshqarish agentligi20.Yoshlar ishlari agentligi21.Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi
Izoh: har bir vazirlik va idora tomonidan bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish maqsadida bir moliya yilida ularga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablagʻ ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ-183-son qaroriga5-ILOVA
Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/78/0454-son)