Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirish, import bojxona bojlari stavkalarini qoʻllash samaradorligini oshirish va shaffofligini taʼminlash uchun amaldagi bojxona tariflarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga muvofiqlashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar asosiy maqsadli koʻrsatkichlar etib belgilansin:
(a) Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining (keyingi oʻrinlarda — TIF TN) kodlarini Jahon bojxona tashkiloti va Jahon savdo tashkilotining qoidalari asosida yuritish;
(b) import bojxona bojlari va TIF TN kodlarini yagona hujjat asosida tizimlashtirish.
II. Bojxona-tarif jihatdan tartibga solish chora-tadbirlari
2. Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi tasniflash kodlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi PQ-3818-son qarori bilan tasdiqlangan import bojxona bojlari stavkalariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
4. Vazirlar Mahkamasi 2025-yil 1-iyulga qadar TIF TNning yangilangan shakli amalga kiritilishi munosabati bilan tasniflash kodlari oʻzgargan mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlasin.
5. 2027-yildan Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uygʻunlashtirilgan tizimiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini inobatga olib TIF TNni boj tarifi bilan birgalikda yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
6. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi va Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda avtotransport vositalarining ehtiyot va butlovchi qismlari yangi yoki avval foydalanishda boʻlganligini aniqlovchi mezonlar va tartibni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov va Bojxona qoʻmitasi raisi A.Yu. Mavlonov belgilansin.
8. Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-may,
PQ-181-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-maydagi PQ-181-son qaroriga1-ILOVA
Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi tasniflash kodlari roʻyxati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-maydagi PQ-181-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-3818-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1-ilova matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Import bojxona boji stavkalari
Izoh:
* Import bojxona boji stavkasi 2026-yil 1-yanvarga qadar (shu muddat ham kiradi) 0 foizni tashkil etadi.
** Import bojxona boji zargarlik sanoatida foydalaniladigan ligaturalarga (TIF TN kodi 7106 92 000 0) nisbatan 2027-yil 1-oktabrga qadar (shu muddat ham kiradi) 0 foizni tashkil etadi.
*** Import bojxona boji tayyor zargarlik mahsulotlariga (TIF TN kodi 7113 19 000 0 va 7114 19 000 0) nisbatan 2027-yil 1-yanvarga qadar (shu muddat ham kiradi) 10 foizni tashkil etadi.
**** Import bojxona boji stavkasi 2026-yil 1-yanvarga qadar 0 foizni tashkil etadi.
***** Import bojxona boji stavkasi 2026-yil 1-yanvarga qadar 5 foizni tashkil etadi.”
Izoh: ushbu ilova 2025-yil 1-iyundan boshlab kuchga kiradi.