PQ-223-son Qaror · 11.07.2025

Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-223
  • Qabul qilingan sana:11.07.2025
  • Kuchga kirgan sana:12.07.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/223/0599

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan toʻrtinchi ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelayotgan soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Asosiy maqsad

1. Ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelayotgan soliqqa oid nizolarni hal qilish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlarni kamaytirish belgilansin.

II. Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi faoliyatini tashkil etish

2. Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari boʻyicha ekspertlardan iborat Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashini (keyingi oʻrinlarda — Ekspert kengashi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

3. Quyidagilar Ekspert kengashi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

(a) tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan xulosalar berish;

(b) soliq qonunchiligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ularning qoʻllanishini oʻrganish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti sifatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

(v) soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqishda biznes hamjamiyati, davlat organlari va tashkilotlari hamda ilmiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik oʻrnatish.

4. Belgilansinki:

(a) Ekspert kengashi doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ sifatida tashkil etiladi;

(b) Savdo-sanoat palatasi Ekspert kengashining faoliyatini tashkil etish boʻyicha ishchi organ hisoblanadi;

(v) Ekspert kengashining majlislari bir oyda kamida ikki marta oʻtkaziladi.

5. Ekspert kengashiga soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqishda quyidagi vakolatlar berilsin:

(a) soliq organlarining qarorlaridan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini koʻrib chiqish, bundan jinoyat ishi doirasida yoki sud tartibida koʻrib chiqilayotgan soliqqa oid nizolar mustasno;

(b) murojaatlarni koʻrib chiqish natijasi yuzasidan xulosa qabul qilish;

(v) qabul qilingan xulosalarni majburiy tartibda koʻrib chiqish uchun soliq, bojxona va tegishli davlat organlariga yuborish hamda bu haqda tadbirkorlik subyektini xabardor qilish.

6. Ekspert kengashiga unga yuklangan vazifalarni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:

(a) soliq, bojxona, iqtisodiyot, moliya va huquq sohasida yetarli bilim, malaka va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish. Bunda Ekspert kengashiga jalb qilingan mutaxassis va ekspertlarning faoliyatini moliyalashtirish shartlari va tartibi Savdo-sanoat palatasi tomonidan belgilanadi;

(b) zarur hujjatlar va axborotlarni davlat organlari hamda boshqa tashkilotlardan bepul soʻrab olish, bundan qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlangan holatlar mustasno.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

7. Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

(a) ikki oy muddatda:

(i) Ekspert kengashi faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;

(ii) soliqqa oid nizolarni sudgacha koʻrib chiqishning afzalliklari toʻgʻrisida choraklik reja-grafik tasdiqlagan holda muntazam ravishda targʻibot-tashviqot tadbirlarini amalga oshirib borsin;

(iii) Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

(b) har chorakda Ekspert kengashida koʻrib chiqilgan soliqqa oid nizolar natijalarini umumlashtirib, koʻp takrorlanuvchi nizoli masalalar hamda ularning oldini olish boʻyicha takliflarni manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamda keng jamoatchilikka yetkazib borsin.

8. Soliq qoʻmitasi:

(a) soliqqa oid nizolarni sudgacha koʻrib chiqish jarayoni raqamlashtirilishini, sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilishini;

(b) idoralararo elektron maʼlumot almashinuvi yaxshilanishini, soliqqa oid nizolar koʻrib chiqiladigan majlislarda masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlari yaratilishini;

(v) soliqqa oid nizolarni sudgacha koʻrib chiqishda soliq toʻlovchining (vakilining) ishtirok etishiga shart-sharoit yaratilishini, jumladan, alohida maxsus xonalar tashkil etilishini taʼminlasin.

9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vaxabov, Soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev hamda iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari A.Ya. Xaydarov belgilansin.

10. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 11-iyul,

PQ-223-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-iyuldagi PQ-223-son qarorigaILOVA

Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi

1.D.A. Vaxabov—Savdo-sanoat palatasi raisi, Ekspert kengashi raisi 2.A.Ya. Xaydarov—iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari, Ekspert kengashi raisi oʻrinbosari3.J.O. Urunov —Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari, Ekspert kengashi raisi oʻrinbosari4.A.E. Fayzibayev—Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Ekspert kengashi raisi oʻrinbosari 5.B.K. Ibatov—Bosh prokuratura boshqarma boshligʻi6.U.B. Jaksimuratov—Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi7.F.O. Olimjonov—Bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi8.D.B. Bayzakova—Toshkent xalqaro arbitraj markazi rahbari9.B.S. Nabijonov—Oʻzbekiston soliq maslahatchilari palatasining boshqaruvi raisi10.S.A. Golosova—“TRI-S-AUDIT” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari11.A.X. Tangirqulov—“EXACT ADVICER” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari12.Kelishuvga koʻra—nizo mazmunidan kelib chiqib jalb qilinadigan mutaxassislar*13.S.A. Niyazov—Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshligʻi, Ekspert kengashi kotibi

Izoh:

Davlat organlaridan jalb qilingan Ekspert kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Ekspert kengashi tarkibiga (Kengashning davlat organlaridan jalb qilinmagan aʼzolari qismida) Ekspert kengashi raisi oʻrinbosari taqdimnomasi asosida Ekspert kengashi raisi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

* Ekspert kengashi tarkibiga nizo mazmunidan kelib chiqib, ish yakuni boʻyicha manfaatdor boʻlmagan mutaxassis yoki ekspertlar jalb qilinishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.