PF-229-son Farmon · 24.11.2025

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-229
  • Qabul qilingan sana:24.11.2025
  • Kuchga kirgan sana:25.11.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/229/1084

Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish maqsadida nazoratni kuchaytirish va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadida qaror qilaman:

1. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) 2026-yil 1-martga qadar:

(a) Toshkent shahrida ekologik vaziyatni (keyingi oʻrinlarda — ekologik vaziyat) yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlarni amalga oshirish;

(b) mazkur Farmonga ilovaga muvofiq tarkibda quyidagi vazifalarni yuklagan holda Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda — Maxsus komissiya)ni tuzish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

(i) Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni doimiy tahlil va monitoring qilish, ekologik vaziyatning yomonlashishi tendensiyalarini prognoz qilish;

(ii) ekologik vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining harakatlarini muvofiqlashtirish hamda ular oʻrtasida zarur hamkorlikni va maʼlumot almashishni tashkil etish;

(iii) ekologik muammolar boʻyicha tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ushbu muammolarning oldini olish boʻyicha, shu jumladan, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida hamda xorijiy va mahalliy olim va ekspertlarni jalb etgan holda zamonaviy va samarali usullarni ishlab chiqish va joriy etish;

(iv) Toshkent shahrida ekologik vaziyat murakkablashgan hollarda uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni aniq moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, shu jumladan, Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirishni taʼminlash;

(v) ommaviy axborot vositalarini (televideniye, radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqalarni) jalb qilgan holda mavjud ekologik holat, uning aholi salomatligiga taʼsiri va profilaktika qilish usullari boʻyicha tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish;

(vi) Toshkent shahrida ekologik vaziyat murakkablashgan hollarda uni yaxshilashga qaratilgan kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrish boʻyicha takliflar tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish.

2. Maxsus komissiyaga quyidagi vakolatlar berilsin:

(a) tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik taʼminoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish;

(b) transport vositalari harakatini cheklash, jumladan:

(i) Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

(ii) avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);

(iii) harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, koʻchalar va boshqa hududlarni belgilash;

(v) atmosfera havosi sifatiga salbiy taʼsir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki toʻliq toʻxtatish;

(g) Toshkent shahridan boshqa hududlarga koʻchirilishi majburiy boʻlgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash;

(d) sanoat korxonalari uchun tashlanmalarning ruxsat etilgan miqdorini belgilash va ushbu talabni buzgan sanoat korxonalari faoliyatini toʻxtatish boʻyicha belgilangan tartibda chora koʻrish;

(j) qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni oʻrnatish va boshqa talablar;

(z) davlat organlari va tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini ekologik talablarning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida muvofiqlashtirish;

(i) oqar suv (daryo, kanal, ariq) obyektlarida suv obyektlari qirgʻoq muhofaza mintaqa zonalarida qurilishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bogʻliq boshqa vakolatlar.

3. Belgilansinki, Maxsus komissiyaning unga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilingan qarorlari, koʻrsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.

4. Maxsus komissiya bir hafta muddatda Toshkent shahrida qurilish uchun ajratilgan 500 m-2 va undan ortiq maydonlarda quyidagi talablar asosida kompleks tekshiruv ishlarini amalga oshirsin:

(a) umumiy maydonining 25 foizi koʻkalamzorlashtirilgani;

(b) qurilish maydonlarida suv purkagichlar oʻrnatilgani;

(v) qurilish maydonlarining kirish-chiqish yoʻlaklarida avtotransport vositalari gʻildiraklarini yuvish hovuzlarining barpo etilgani;

(g) qurilish materiallari va maishiy chiqindilarni tashishda transport vositalarining brezent yoki PVX qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan yopilgan tarzda harakatlanishi;

(d) qurilish maydonining chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmayotgani.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) maydoni 1 000 kvadrat metrdan koʻp boʻlgan qurilish uchastkalarida fon monitoring stansiyalarini oʻrnatish va uni Ekologiya qoʻmitasiga integratsiya qilish qurilishni davom ettirishning eng asosiy sharti etib belgilanadi;

(b) Toshkent shahar hokimligi tomonidan yoz-kuz mavsumida asosiy yoʻl chetlarida mavjud boʻlgan daraxt va butalarni kunning birinchi yarmida hamda haftada kamida 3-marta yuvish ishlari va tegishli xulosaga asosan biotexnik tadbirlar amalga oshiriladi;

(v) jismoniy va yuridik shaxslar oʻzlari egalik qilib turgan yer maydoni hududidagi dov-daraxtlarni sugʻorish maqsadida ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qoʻyilgan cheklov (soat 00:00 dan boshlab, 05-00 gacha) bahor va yoz fasllarida bekor qilinadi. Bunda:

(i) ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish boʻyicha cheklov oʻz kuchida qoladi;

(ii) koʻp kvartirali uylarga sugʻorish uchun suv rezervuarlarini oʻrnatish choralari koʻriladi.

6. Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahri hududida atmosfera havosining sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan mikroiqlim barqarorligini taʼminlash maqsadida:

(a) Suv xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda poytaxtning 4ta yoʻnalishida (sharq, gʻarb, shimol va janub qismlarida) kamida 3 tadan sunʼiy koʻl va suv havzalarini tashkil etsin;

(b) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Toshkent shahri hududidagi favvoralar sonini kamida 2 baravarga koʻpaytirish boʻyicha alohida dastur tayyorlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

7. Energetika vazirligi bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash boʻlgan hududlardagi barcha issiqxona obyektlariga tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzilishini tashkil etsin va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini taʼminlasin.

8. Ekologiya qoʻmitasi bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin:

(a) maydoni 200 m-2 va undan yuqori boʻlgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki mavjud boʻlmaganligi uchun maʼmuriy jarimalar miqdorlarini yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravarga va jismoniy shaxslarga 3 baravarga oshirish;

(b) maydoni 200 m-2 va undan yuqori boʻlgan issiqxonalarda yoqilgʻi moddalar, material va chiqindilar (shina, bitum, mazut, ishlatilgan avtomobil moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni joriy etish.

9. Belgilansinki, atmosfera havosining ifloslanishi boʻyicha ekologik monitoring tizimi 2025-yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda takomillashtiriladi:

(a) 2025-yil yakuniga qadar atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringi uchun 347 ta avtomatlashtirilgan stansiya toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotib olinadi;

(b) “Air Monitoring Tashkent” platformasi va Toshkent shahar hokimligiga tegishli 10 ta avtomatik monitoring stansiyasi Ekologiya qoʻmitasi boshqaruviga oʻtkaziladi va Ekologiya qoʻmitasi tomonidan mazkur platforma negizida “Air Monitoring Uzbekistan” platformasi ishga tushiriladi;

(v) Ekologiya qoʻmitasi tomonidan “Air Monitoring Uzbekistan” platformasiga xarid qilinishi rejalashtirilgan 347 ta stansiya, Gidrometeorologiya xizmati agentligi tizimidagi barcha kuzatuv stansiyalari, shu jumladan, “Zamin” fondi koʻmagida oʻrnatilgan 23 ta avtomatik stansiya ulanadi.

10. Belgilansinki:

(a) atmosfera havosining RM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Ekologiya qoʻmitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur oʻrganishga qaratilgan maxsus laboratoriya (keyingi oʻrinlarda — maxsus laboratoriya) tashkil qilinadi;

(b) maxsus laboratoriyaga uskunalar va unga zarur boʻlgan jihozlar, jumladan termik optik tahlillarni olib borish uchun termo-optik analizator uskunasi hamda atmosfera havosi namunalarini yigʻib olish uchun 5 000 dona kvars filtrlar eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilinadi;

(v) maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv postlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) hamda tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.

11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Oʻzavtosanoat” AJ bilan birgalikda avtotransport vositalarining atmosfera ifloslanishiga taʼsirini kamaytirish maqsadida bir oy muddatda Toshkent shahrida “Yevro-4” ekologik standartiga javob bermaydigan “M” va “N” toifasiga mansub, 2010-yilgacha boʻlgan davrda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini “trade-in” tizimi orqali xarid qilish tartibini ishlab chiqsin.

12. Toshkent shahar hokimligi:

(a) 2026-yil bahor hamda kuz mavsumlarida Toshkent shahri mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan Toshkent shahrining 33 km uzunligidagi kichik halqa yoʻli boʻylab “Yashil koridor” loyihasini amalga oshirsin;

(b) 2026-yil 1-aprelga qadar xorijiy kompaniya va ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda “Yashil Toshkent” master rejasini ishlab chiqsin;

(v) Toshkent shahrining 700 ta chorrahasida zamonaviy, sunʼiy intellekt yordamida harakat oqimini boshqarish imkoniyatiga ega intellektual svetofor tizimini joriy qilsin.

13. Toshkent shahar hokimligi Ekologiya qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahrining barcha tumanlarida “yashillik” darajasi past boʻlgan 3 tadan uzunligi 5 kmdan kam boʻlmagan koʻchalarni tanlab olish orqali “Soyali sayr koʻcha”sini tashkil qilsin.

14. Quyidagilar:

(a) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda bepul asosda atmosfera havosi sifatining buzilishi, tabiiy va antropogen manbalarni aniqlash boʻyicha doimiy monitoringni yoʻlga qoʻysin;

(b) Kadastr agentligi Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida bepul asosda Toshkent shahar va unga tutash hududlardagi qurilish maydonlarida ekologik talablarga rioya qilinishi boʻyicha doimiy monitoringni yoʻlga qoʻysin.

15. Ichki ishlar vazirligi 2026-yil yakuniga qadar respublikadagi barcha toifaga kiruvchi transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish choralarini koʻrsin.

16. Bosh prokuratura 2025-yil 25-noyabrdan boshlab 2026-yil 25-martga qadar mazut, ishlatilgan avtomobil moyi va shinasining noqonuniy aylanmasini oldini olish boʻyicha keskin chora-tadbirlarni amalga oshirsin hamda uning natijasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.

17. Sogʻliqni saqlash vazirligi Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2025-yil 1-dekabrga qadar:

(a) Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida havo sifati koʻrsatkichlari milliy tavsiyaviy indeksatsiyasini ishlab chiqish (yashil, sariq, qizil, jigarrang) va tasdiqlash;

(b) tavsiyaviy indeksatsiya asosida ifloslangan havoning odam organizmiga taʼsirini kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish (maska kiyish va boshqalar);

(v) havo sifati keskin buzilishi holatlarida aholini Sanitariya xizmati tomonidan erta ogohlantirish tizimini joriy qilish choralarini koʻrsin.

18. Ekologiya qoʻmitasi ikki hafta muddatda:

(a) atmosfera havosidagi mayda dispers zarrachalar tarkibidagi zararli moddalarni aniqlash va ularning manbalarini xaritalash ishlarini amalga oshirish uchun laboratoriya tashkil etsin va zamonaviy tahlil jihozlarini xarid qilsin;

(b) mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari hamda malakali mutaxassislarga respublikamizdagi havo ifloslanish darajasi yuqori boʻlgan hududlarda oʻrganish oʻtkazish (tahlil qilish) boʻyicha davlat buyurtmasini bersin;

(v) shamol tezligini oshirish uchun konveksiya (atmosferada havo oqimlarining harakati) usullarini qoʻllash boʻyicha tajriba oʻtkazsin;

(g) konvergent usuli va venturi effekti (havo oqimining tor yoʻlakka kirishi natijasida tezligining oshishi) orqali shamol tezligini kuchaytirish boʻyicha ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini bajarish uchun davlat buyurtmasini bersin.

19. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 24-noyabr,

PF-229-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-229-son FarmonigaILOVA

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha maxsus komissiya

1.A.A. Abduxakimov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi, Maxsus komissiya rahbari2.D.B. Kadirov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti boshligʻi, Maxsus komissiya rahbari oʻrinbosari3.Sh.B. Umurzakov—Toshkent shahar hokimi4.Z.T. Mirzayev—Toshkent viloyati hokimi5.I.M. Adxamov—Bosh prokuror oʻrinbosari6.A.A Tashpulatov—ichki ishlar vaziri7.I.R. Maxkamov—transport vaziri8.J.T. Mirzamahmudov—energetika vaziri9.Sh.S. Xidoyatov—qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri10.I.Yu. Abdurahmonov—qishloq xoʻjaligi vaziri11.Sh.R. Hamroyev—suv xoʻjaligi vaziri12.B.B. Kudratxodjayev—favqulodda vaziyatlar vaziri13.Z.B. Badriddinov—Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori14.S.Q. Eshquvvatov—Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi15.X.M. Eshqoʻziyev—Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi v.v.b.16.Lavozimga koʻra—Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Maxsus komissiya kotibi

Izoh: Maxsus komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.