Aholi oʻrtasida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali erta oʻlim va nogironlik holatlarini kamaytirish, bemorlarni sogʻlomlashtirish hamda reabilitatsiya qilish tizimini yaratish, shuningdek, aholiga kardiologik va nevrologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash, bemorlarni davolash hamda reabilitatsiya qilishning yangi usullarini joriy qilishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) aholi oʻrtasida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar xavf omillari hamda ularni bartaraf etish boʻyicha profilaktik tadbirlar haqidagi maʼlumotlarni keng targʻib qilish orqali ularning xabardorlik darajasini oshirish;
(b) 30 yoshdan oshgan aholini oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar boʻyicha takomillashtirilgan maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan toʻliq qamrab olish;
(v) shoshilinch holatlarda yurak va bosh miya qon tomirlari endovaskulyar amaliyotlari uchun sarflov vositalari hamda tromb erituvchi dori vositalari bilan qamrovni 100 foizga yetkazish;
(g) oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklardan keyingi nogironlikni 30 foizga, erta oʻlim holatlarini 15 foizga qisqartirish.
II. Oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish
2. 2026-yil 1-maydan boshlab xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi (keyingi oʻrinlarda — Milliy dastur) 1-ilovaga muvofiq hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilsin.
3. Milliy dastur doirasida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash, davolash va shoshilinch holatlarda tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinsin:
(a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholi oʻrtasida yiliga bir marta maqsadli tibbiy tekshiruvlar oʻtkaziladi;
(b) tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
(v) oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida bemorlarga shoshilinch ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatish algoritmlari amaliyotga joriy qilinadi;
(g) xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways) ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi;
(d) tez tibbiy yordam brigadalari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik elektrokardiograf (keyingi oʻrinlarda — T-EKG) hamda monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi;
(j) shifoxonalar shoshilinch holatlarda oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarda jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun tromb erituvchi dori vositalari va sarflov vositalari bilan toʻliq taʼminlanadi;
(z) oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida bemorlarga shoshilinch statsionar tibbiy xizmat koʻrsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi;
(i) davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida koʻrsatilgan shoshilinch va rejali tibbiy xizmatlar belgilangan tartibda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladi;
(k) shifoxonalarda tibbiy xizmatlar tasdiqlangan tashxislash va davolash standartlari hamda klinik protokollar asosida koʻrsatilishi ustidan nazorat Sogʻliqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi;
(l) tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlariga biriktirilgan tuman va shaharlardan shoshilinch holatlarda murojaat qilgan bemorlarga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan qoplanadi;
(m) shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatishda belgilangan tartibga rioya etilmagan hollarda xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilmaydi hamda xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot tashkilotining oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
4. Milliy dastur doirasida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga muvofiq vaqt meʼyorlariga qatʼiy rioya etgan holda koʻrsatilishi taʼminlansin. Bunda:
(a) oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga “oltin soat” tamoyili asosida shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish tashkil qilinadi;
(b) tez tibbiy yordam xizmati tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar algoritmi va bemorning ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatuvchi muassasagacha boʻlgan klinik marshruti vaqt meʼyorlari asosida tashkil qilinadi;
(v) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda statsionar tibbiyot muassasalari tomonidan aholini maqsadli tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish va bemorlarning klinik marshrutlarini tashkil qilishda vaqt meʼyorlari inobatga olinadi.
5. Aholi oʻrtasida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar xavf omillari, ularni bartaraf etish boʻyicha profilaktik tadbirlar hamda sogʻlom turmush tarziga rioya qilish yuzasidan quyidagi targʻibot ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilsin:
(a) ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda:
(i) “Hoziroq harakatlan — hayotni saqlab qol!” mavzusida ijtimoiy roliklar namoyish qilish;
(ii) infografika, animatsiya va hayoti saqlab qolingan bemorlar haqidagi qisqa metrajli videoroliklarni joylashtirish;
(b) bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar oʻrnatish;
(v) taʼlim tashkilotlari, yirik korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda:
(i) infarkt va insult alomatlarini aniqlash boʻyicha treninglar tashkil etish;
(ii) maʼruzalar va seminarlar oʻtkazish;
(iii) “Angels Initiative” xalqaro tashabbus tashkilotining “FAST Neroes” dasturi asosida umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida oʻquvchilar uchun mashgʻulotlar tashkil etilib, ularga insultning dastlabki belgilari va tez tibbiy yordamga murojaat qilish zaruriyatini yetkazish;
(iv) oilaviy shifokorlar va hamshiralar ishtirokida ommaviy chiqishlar tashkil qilish;
(g) “Daqiqalar hayotni hal qiladi” mavzusida hududlarda tematik haftaliklar tashkil etish;
(d) yoshlar va talabalar oʻrtasida “Infarktga qizil kartochka” tashabbusini yoʻlga qoʻyish;
(j) har yili 29-sentabr — Butunjahon yurak kuni hamda 29-oktabr — Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan qon bosimi, qand va xolesterin miqdorini oʻlchash, infarkt va insultda tez yordam koʻrsatish boʻyicha aholining savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar oʻtkazish.
6. Quyidagilar:
(a) Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi 2-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;
(v) Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturini 2026 — 2030-yillarda amalga oshirish samaradorligini aniqlash koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. 2026-yil 1-martdan boshlab respublika tibbiyot markazlari mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) faoliyati yoʻlga qoʻyilsin.
8. Belgilansinki, Kengash tarkibi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlanadi va Kengashga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
(a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash boʻyicha oʻtkaziladigan maqsadli tibbiy tekshiruvlarni muvofiqlashtirish hamda uning natijasi asosida bemorlarni davolash ishlarini tashkil qilish;
(b) bemorlarning klinik marshruti amaliyotga joriy etilishini muvofiqlashtirish va shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalariga uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
(v) Oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar milliy reyestri yuritilishini hamda kasallanish dinamikasini tahlil qilish orqali kasallikni barvaqt aniqlash, tashxislash, davolash va reabilitatsiya qilish ishlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
(g) shoshilinch holatlarda yurak va bosh miya qon tomirlari endovaskulyar amaliyotlari uchun sarflov vositalari, tromb erituvchi dori vositalari hamda tibbiy jihozlarga boʻlgan ehtiyojni shakllantirish va ularni tibbiyot muassasalari oʻrtasida taqsimlash.
III. Raqamlashtirish
9. 2026-yil 1-aprelga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:
(a) “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan hamda xavf guruhiga mansub aholining elektron reyestri yuritilishini hamda individual sogʻlomlashtirish rejasi shakllantirilishini taʼminlasin;
(b) tez tibbiy yordam xizmati uchun EKG natijalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish va uni axborot tizimi orqali yuborish hamda tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar oʻrtasida real vaqt rejimida maʼlumot almashish imkoniyatini yaratsin;
(v) barcha serebrovaskulyar kasalliklarga xizmat koʻrsatuvchi statsionar tibbiyot muassasalarida sunʼiy intellekt asosida insultni tashxislash imkoniyatini yaratsin;
(g) oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarni tashxislash, davolash, dispanser kuzatuviga olish hamda yoʻnaltirish jarayonlarini oʻz ichiga olgan klinik marshrutni raqamlashtirsin;
(d) tez tibbiy yordam xizmati, hududiy shifoxonalar va respublika tibbiyot markazlaridan iborat teletibbiyotning vertikal bogʻlanish tizimini amaliyotga joriy etsin.
IV. Tibbiyot xodimlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi 2026-yil 1-martga qadar Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 2026-yil 1-sentabrga qadar bosqichma-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda:
(a) tibbiyot brigadalari oilaviy shifokor hamda hamshiralarini — 30 yoshdan oshgan aholini oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash yuzasidan maqsadli tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish hamda FAST algoritmi boʻyicha;
(b) tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini — oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni tashxislash (infarktda EKG-telemetriya, insultda FAST algoritmi va boshqalar), bemorlarda tromb erituvchi muolajalarni oʻtkazish hamda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha;
(v) tuman (shahar) markaziy shifoxonalari, tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlari mutaxassislarini — oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarni tashxislash, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish, davolash hamda erta reabilitatsiya qilish boʻyicha;
(g) viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarining mutaxassislarini — oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni tashxislash, shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish, davolash hamda erta reabilitatsiya qilish boʻyicha qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish kurslarida oʻqitilishini taʼminlasin.
V. Qarorda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish
11. Belgilab qoʻyilsinki, Milliy dasturni amaliyotga joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
(a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida 30 yoshdan oshgan aholi oʻrtasida yiliga bir marta oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash boʻyicha maqsadli tibbiy tekshiruvlarni tashkil etish — Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida ajratilgan mablagʻlar hisobidan;
(b) aholi oʻrtasida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar xavf omillari, ularni bartaraf etish boʻyicha profilaktik tadbirlar hamda sogʻlom turmush tarziga rioya qilish yuzasidan targʻibot ishlari — Salomatlik va strategik rivojlanish institutiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan;
(v) tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish:
(i) tibbiyot brigadasi xodimlari oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar yuzasidan maqsadli tibbiy tekshiruvlar hamda FAST algoritmi boʻyicha — tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga ajratilgan mablagʻlar hisobidan;
(ii) tez tibbiy yordam xizmati brigadalari xodimlari — Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
(iii) tuman (shahar) markaziy shifoxonalari, tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlari hamda viloyat va respublika darajasidagi shifoxonalar xodimlari — “Angels Initiative” xalqaro tashabbus tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari asosida Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi va shifoxona mablagʻlari hisobidan.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
(a) Samarqand viloyati va Toshkent shahrida Milliy dasturni amaliyotga joriy qilish uchun quyidagilarga Davlat budjetidan bir oy muddatda mablagʻ ajratilishini taʼminlasin:
(i) tromb erituvchi dori vositalarini xarid qilish uchun — 5 milliard soʻm;
(ii) tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarini bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida instrumental tashxislash uchun zarur dori va sarflov vositalari bilan taʼminlashga — 2 milliard soʻm;
(iii) Samarqand viloyati va Toshkent shahridagi oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida bemorlarga shoshilinch ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarini stentlash va insultda qon tomir jarrohligi amaliyotlari uchun zarur dori va sarflov vositalari bilan taʼminlashga — 14 milliard soʻm;
(b) Samarqand viloyati va Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam brigadalarini 5-ilovaga muvofiq T-EKG uskunasi hamda monitorli defibrillyator bilan jihozlashga bir oy muddatda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 22 milliard soʻm yoʻnaltirsin;
(v) 2026-yil 1-iyulga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda Milliy dasturni joriy qilishga Davlat budjetidan quyidagi miqdorlarda mablagʻ ajratsin:
(i) tromb erituvchi dori vositalarini xarid qilish uchun — 16 milliard soʻm;
(ii) tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarini bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida instrumental tashxislash uchun zarur dori va sarflov vositalari bilan taʼminlashga — 7,5 milliard soʻm;
(iii) oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida bemorlarga shoshilinch ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarini stentlash va insultda qon tomir jarrohligi amaliyotlari uchun zarur dori va sarflov vositalari bilan taʼminlashga — 82 milliard soʻm;
(iv) tez tibbiy yordami brigadalarini T-EKG hamda monitorli defibrillyator uskunalari bilan jihozlashga — 135 milliard soʻm;
(g) 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjetidan insultni tashxislashda sunʼiy intellektdan foydalanishni tashkil qilish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
(d) 2027-yildan boshlab har yili:
(i) Davlat budjeti parametrlarida Milliy dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun kamida 280 milliard soʻm mablagʻ rejalashtirilishini taʼminlasin;
(ii) Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish uchun mablagʻ ajratsin.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda:
(a) oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar boʻyicha xalqaro klinik protokollar, tibbiy yordam koʻrsatish marshrutlari hamda standart operatsion muolajalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
(b) Milliy dasturni amaliyotga joriy qilish, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, xorijiy ekspertlarni jalb qilish va oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini doimiy baholab borish boʻyicha xalqaro hamkor tashkilotlar hamda xorijiy tibbiyot markazlari bilan hamkorlik dasturlarini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;
(v) oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi holatlarida bemorlarga statsionar tibbiy xizmat koʻrsatuvchi nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun qoʻyiladigan talablarni tasdiqlasin;
(g) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda hududiy va respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarining bemorlarni kasallikning ogʻirlik darajasi boʻyicha saralaydigan (triaj) tunu kun ishlaydigan shoshilinch qabul boʻlimlari hamda tibbiyot muassasasida shoshilinch holatlarda koʻrsatilgan tibbiy xizmatlarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirishni tashkil qilsin;
(d) Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarining shtat meʼyorlarini tibbiy yordam koʻrsatish marshrutlari, tashxislash va davolash standartlarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarovga Milliy dasturda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi hamda amaliyotga joriy etilishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
17. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-yanvar,
PQ-20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-son qaroriga1-ILOVA
Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturini hududlar kesimida joriy etish muddatlari
T/rHudud nomiMuddati2026-yil1.Samarqand viloyati01.05.2026-yil2.Toshkent shahri01.05.2026-yil3.Andijon viloyati01.10.2026-yil4.Namangan viloyati01.10.2026-yil5.Fargʻona viloyati01.10.2026-yil2027-yil6.Qoraqalpogʻiston Respublikasi01.01.2027-yil7.Buxoro viloyati01.01.2027-yil8.Xorazm viloyati01.01.2027-yil9.Jizzax viloyati01.04.2027-yil10.Sirdaryo viloyati01.04.2027-yil11.Toshkent viloyati01.04.2027-yil12.Qashqadaryo viloyati01.07.2027-yil13.Navoiy viloyati01.07.2027-yil14.Surxondaryo viloyati01.07.2027-yil
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-son qaroriga2-ILOVA
Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy
Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan boʻlib, aholi salomatligini muhofaza qilish, yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar profilaktikasini jadallashtirish, oʻtkir yurak infarkti va bosh miya insulti kasalliklaridan oʻlim darajasini kamaytirish hamda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
1. Dastur 2026-yil 1-maydan boshlab dastlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 2026-yil 1-oktabrdan Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida, 2027-yildan esa bosqichma-bosqich barcha hududlarda amaliyotga joriy etiladi.
2. Dastur doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
(a) yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni, oʻtkir yurak infarkti va insult kasalliklarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar:
(i) yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar asoratlari (infarkt va insult) xavfini barvaqt aniqlash maqsadida oilaviy shifokorlar tomonidan Yevropa kardiologlar jamiyati tavsiyasi asosida 30 yoshdan oshgan aholini ikki bosqichli ommaviy va selektiv maqsadli tekshiruvdan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
(ii) birinchi bosqich (savolnoma oʻtkazish) natijasida aniqlangan xavf guruhiga mansub aholi oʻrtasida qon bosimi, qondagi xolesterin va qand miqdorini aniqlash boʻyicha tibbiy tekshiruvlar tashkil etiladi;
(iii) ikkinchi bosqich natijasi boʻyicha oʻtkir yurak infarkti va insult holati yuzaga kelishi xavfi yuqori va juda yuqori boʻlgan hamda irsiy moyilligi bor (ota-onasida yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar boʻlgan) aholi guruhlari oʻrtasida koʻrsatmaga koʻra instrumental tekshiruvlar (elektrokardiografiya, ultratovush tekshiruvi va doplerografiya, stress-test, tredmil test, tana massasi indeksi (BMI) va tamaki chekish statusi va boshqalar) oʻtkaziladi;
(iv) bemorlarda yurak va bosh miya qon tomirlarini rejali angiografiyasi hamda koʻrsatmaga koʻra stentlash amaliyotlari bajariladi;
(b) oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklariga “oltin soat” tamoyili asosida quyidagi vaqt meʼyorlari boʻyicha shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatishning algoritmlari joriy qilinadi:
(i) tez tibbiy yordam xizmatining hududiy “Call-markaz”larida tunu kun faoliyat yuritadigan “Kardiologiya” maslahat postlari tashkil etiladi hamda EKG-telemetriya tizimi joriy qilinadi;
(ii) yurak-qon tomir kasalliklarida tez yordam xizmati yetib kelib elektrokardiogrammani amalga oshirgungacha boʻlgan vaqt meʼyori (EMS arrival-to-ECG time, FAST) — 10 daqiqagacha;
(iii) yurak-qon tomir kasalliklarida birinchi tibbiy muloqotdan elektrokardiogramma tahlili va “ST” segmenti koʻtarilishi bilan miokard infarkti tashxisini tasdiqlashgacha boʻlgan vaqt meʼyori (First Medical Contact-to-ECG interpretation) — 10 daqiqagacha;
(iv) yurak-qon tomir kasalliklarida “ST” segmenti koʻtarilishi bilan miokard infarkti tashxisi aniqlangandan keyin hududiy darajadagi shifoxonaga yoʻnaltirishgacha boʻlgan vaqt meʼyori — 10 — 15 daqiqagacha;
(v) “ST” segmenti koʻtarilishi bilan miokard infarktida tez tibbiy yordam xizmati tomonidan bemorni jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi lozim boʻlgan shifoxonagacha yetkazish uchun vaqt meʼyori — 90 daqiqagacha;
(vi) bemorda “ST” segmenti koʻtarilishi bilan miokard infarkti tashxislangandan soʻng hududiy darajadagi shifoxonalarda jarrohlik amaliyoti boshlangungacha boʻlgan vaqt meʼyori — 120 daqiqadan 12 soatgacha;
(v) oʻtkir serebrovaskulyar kasalliklarga “oltin soat” tamoyili asosida quyidagi vaqt meʼyorlari boʻyicha shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatishning algoritmlari joriy qilinadi:
(i) serebrovaskulyar kasalliklarda tez yordam xizmati yetib kelib “FAST” algoritmini qoʻllagungacha boʻlgan vaqt meʼyori (EMS arrival-to-ECG time, FAST) — 10 daqiqagacha;
(ii) serebrovaskulyar kasalliklarda “FAST” baholash mezoni asosida insult tashxisi aniqlangandan keyin tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlariga yoʻnaltirish qarorlari qabul qilishgacha boʻlgan vaqt meʼyori — 10 — 15 daqiqagacha;
(iii) insult holatlarida tez tibbiy yordam xizmati tomonidan bemorni tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarigacha yetkazish uchun vaqt meʼyori — 60 daqiqagacha;
(iv) insult holatlarida tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarida instrumental tekshiruv oʻtkazish (kompyuter angiografiyasi), tromb eritish terapiyasini boshlash hamda hududiy darajadagi shifoxonaga yoʻnaltirish qarorlarini qabul qilishgacha boʻlgan vaqt meʼyori — 45 daqiqagacha;
(v) insult holatlarida shifoxonalarda jarrohlik amaliyoti boshlangungacha boʻlgan vaqt meʼyori — 4,5 — 6 soatgacha;
(g) yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga quyidagi ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi joriy qilinadi:
(i) tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, ushbu markazlar tromb erituvchi dori vositalari hamda insultda instrumental tashxislash uchun dori va sarflov vositalari bilan taʼminlanadi;
(ii) hududiy darajadagi shifoxonalarda navbatchilik brigadalari tashkil qilinadi;
(iii) tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar oʻrtasida maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi hamda tez tibbiy yordam brigadalari uchun telefon orqali shifoxona qabul boʻlimlari navbatchi shifokorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanish imkoniyatlari yaratiladi;
(iv) hududiy darajadagi shifoxonalar oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni shoshilinch holatlarda samarali davolash uchun tromb erituvchi dori vositalari va sarflov vositalari bilan taʼminlanadi;
(v) shifoxonalarda oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashning xalqaro standart hamda klinik protokollari amaliyotga joriy qilinadi;
(vi) oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni erta reabilitatsiya qilish imkoniyatlari yaratiladi hamda asoratlarning oldini olishga qaratilgan reabilitatsiya tadbirlari statsionar sharoitda kasallikning 0 — 7 kunidan boshlanadi;
(vii) tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida reabilitatsiya boʻlimlari tashkil qilinib, bemor maxsus reabilitatsiya dasturlari orqali sogʻlomlashtiriladi;
(viii) ambulator reabilitatsiya tadbirlari oilaviy shifokorlar tomonidan reabilitolog shifokorlar bilan hamkorlikda tashkil qilinadi hamda bemorlarning turmush tarzini yaxshilash, faoliyatini tiklash boʻyicha dasturlar asosida ular davomli sogʻlomlashtiriladi.
3. Tibbiyot xodimlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda bosqichma-bosqich quyidagicha amalga oshiriladi:
(a) oilaviy shifokorlar tomonidan 30 yoshdan oshgan aholi orasida yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar xavfini barvaqt aniqlash maqsadida ularda maqsadli tekshiruvlarini oʻtkazish koʻnikmalari, shuningdek, insultni erta aniqlashda “FAST” algoritmidan foydalanish tajribasi shakllantiriladi;
(b) tez tibbiy yordam brigadalarining infarktda EKG tahlili hamda telemetriyadan foydalanish, tromb erituvchi terapiyani amalga oshirish, insult holatlarida esa “FAST” algoritmi orqali kasallikni erta tashxislash koʻnikmalari takomillashtiriladi;
(v) tuman (shahar) markaziy shifoxonalari, tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlari hamda hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari mutaxassislari oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarni tashxislash, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish, davolash hamda erta reabilitatsiya qilish boʻyicha qisqa hamda uzoq muddatli kurslarda oʻqitiladi;
(g) hududiy darajadagi shifoxonalar shifokorlari yuqori texnologiyali jarrohlik usullari, jumladan, stentlash hamda trombektomiya amaliyotlarini bajarish boʻyicha tayyorlanadi (qayta tayyorlanadi);
(d) respublika markazlarida tibbiyot xodimlari malakasini oshirish uchun milliy klinik simulyatsiya markazlari tashkil etiladi;
(j) har yili kamida 10 nafar neyrointervensionist hamda neyroreanimatolog mutaxassislarni tayyorlash (qayta tayyorlash) maqsadida tibbiyot xodimlari Yaponiya va Yevropa Ittifoqi davlatlariga oʻqishga yuboriladi;
(z) Dastur joriy qilingan hududlarda mahalliy mutaxassislarni tayyorlash uchun xorijiy mutaxassislar (neyrointervensionist va neyroreanimatolog) jalb qilinadi.
4. Sohaga sunʼiy intellektni joriy qilish boʻyicha quyidagilar amalga oshiriladi:
(a) tez tibbiy yordam xizmati tomonidan EKG natijalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish tizimi joriy qilinadi;
(b) statsionar tibbiyot tashkilotlari tomonidan insultni tashxislashda sunʼiy intellektdan foydalaniladi;
(v) barcha darajadagi statsionar tibbiyot tashkilotlari oʻrtasida teletibbiyot xizmatlarini joriy qilish orqali infarkt va insult holatlari hamda bemorlar marshruti muvofiqlashtiriladi.
5. Dasturni amalga oshirish natijasida 2030-yil yakuniga qadar quyidagi asosiy maqsadli koʻrsatkichlar va indikatorlarga erishish kutilmoqda:
(a) infarkt va insultdan gospital oʻlimni 40 foizgacha, shifoxonagacha boʻlgan oʻlimni 30 foizgacha qisqartirish;
(b) infarkt va insultdan keyingi nogironlikni 30 foizgacha qisqartirish;
(v) “oltin soat”da shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish qamrovini oʻtkir koronar sindrom holatlarida 90 foizgacha va ishemik insult holatlarida 20 foizgacha yetkazish;
(g) tez tibbiy yordam brigadalarini T-EKG va monitorli defibrillyator uskunalari bilan toʻliq taʼminlash;
(d) oilaviy shifokorlar, tez yordam brigadalari shifokorlari, reabilitologlar va hududiy shifoxona shifokorlarining malakasini kompleks ravishda oshirish, shu jumladan, har yili kamida 10 nafar mutaxassisni xorijiy tajriba asosida tayyorlash (qayta tayyorlash);
(j) tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida reabilitatsiya boʻlimlari tashkil etish, statsionar va ambulator reabilitatsiya tizimini toʻliq yoʻlga qoʻyish orqali infarkt va insultdan keyingi reabilitatsiya qamrovini 100 foizgacha yetkazish;
(z) EKG natijalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish tizimini joriy etish, insult tashxisida sunʼiy intellektdan foydalanish hamda barcha darajadagi shifoxonalar oʻrtasida teletibbiyot xizmatini toʻliq ishga tushirish.
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan har yil yakunida Dasturda belgilangan tadbirlarning ijrosi, erishilgan natijalar hamda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tahliliy maʼlumot va takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritilib, jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-son qaroriga3-ILOVA
Oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-son qaroriga4-ILOVA
Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturini 2026 — 2030-yillarda amalga oshirish samaradorligini aniqlash
T/rSamaradorlik koʻrsatkichlari2025-yil2026-yil2027-yil2028-yil2029-yil2030-yil1.Qon aylanish tizimi kasalliklaridan oʻlimning umumiy ulushi (foizda)57,657555351492.Infarktda gospital oʻlim koʻrsatkichi (foizda)11,311,010,08,57,57,03.Serebrovaskulyar kasalliklarda gospital oʻlim koʻrsatkichi (foizda)8,08,07,67,26,86,54.Har 100 ming nafar aholi oʻrtasida infarkt koʻrsatkichi65,368,070,060,055,050,05.Har 100 ming nafar aholi oʻrtasida insult koʻrsatkichi158,0165,0210,0180,0160,0150,06.Har 100 ming nafar aholiga toʻgʻri keladigan infarktdan oʻlimlar koʻrsatkichi18,017,517,016,015,014,07.Har 100 ming nafar aholiga toʻgʻri keladigan oʻtkir bosh miya qon aylanishi buzilishidan oʻlimlar koʻrsatkichi23,022,021,520,018,016,08.Infarkt va insultdan keyingi nogironlik koʻrsatkichi (foizda)8580757065609.Insult va infarktda oʻtkaziladigan trombolizis muolajalari soni1 5002 5004 0005 0006 0007 00010.Shoshilinch holatlarda oʻtkaziladigan stentlash amaliyotlari soni4 0005 0006 0007 0008 0009 00011.Shoshilinch holatlarda oʻtkaziladigan bosh miya qon tomir jarrohliklari soni01 5002 5005 0005 5006 00012.“Oltin soat” ichida infarktda yordam koʻrsatilgan bemorlar ulushi (foizda)60657075809013.“Oltin soat” ichida insultda yordam koʻrsatilgan bemorlar ulushi (foizda)13710141814.Insult holatlarida trombolizis yoki trombektomiya bilan qamrov ulushi (foizda)103050708090
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-son qaroriga5-ILOVA
Samarqand viloyati va Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam brigadalarini T-EKG uskunasi hamda monitorli defibrillyator bilan jihozlash
T/rHudud nomiT-EKG uskunasiMonitorli defibrillyatorSamarqand viloyati1.Samarqand shahri21182.Kattaqoʻrgʻon shahri553.Oqdaryo tumani764.Bulungʻur tumani1185.Jomboy tumani1176.Ishtixon tumani18127.Kattaqoʻrgʻon tumani1998.Qoʻshrabot tumani769.Narpay tumani3810.Payariq tumani18611.Pastdargʻom tumani27512.Paxtachi tumani7813.Samarqand tumani131214.Nurobod tumani11615.Urgut tumani401116.Toyloq tumani137Jami231134Toshkent shahri1.Uchtepa tumani21-2.Bektemir tumani833.Yunusobod tumani3534.Mirzo Ulugʻbek tumani2445.Mirobod tumani1226.Shayxontohur tumani2537.Olmazor tumani2738.Sergeli tumani1429.Yashnobod tumani25610.Yakkasaroy tumani9311.Yangihayot tumani14312.Chilonzor tumani213Jami23535
Izoh: Sogʻliqni saqlash vazirligiga mazkur roʻyxatga zaruratga koʻra oʻzgartirish kiritish vakolati beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-son qaroriga6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi PF-2326-son Farmonida:
(a) muqaddima va 2-bandning ikkinchi xatboshisi “sport,” soʻzidan keyin “tibbiyot,” soʻzi bilan toʻldirilsin;
(b) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Belgilansinki, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini berish, uning koʻkrak nishonlari va diplomini tayyorlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar mazkur maqsadlar uchun Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi”;
(v) 1-ilovaning 1-bandi birinchi xatboshisi va 2-bandi birinchi xatboshisi “sport,” soʻzidan keyin “tibbiyot,” soʻzi bilan toʻldirilsin;
(g) 2-ilovaning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, tibbiyot, axborot texnologiyalari va boshqa sohalardagi eng nufuzli arboblardan, ijodiy uyushmalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, taʼlim, madaniyat, tibbiyot va sport muassasalarining taniqli vakillaridan tashkil topadi va uning tarkibi har toʻrt yilda uchdan ikki qismi yangilanishi nazarda tutilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur Komissiya aʼzolari jamoatchilik asosida ishlaydilar”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4890-son qarori 5-ilovasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining
TARKIBI
Sharaxmetov Shaxrux Shaturgʻunovich—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi, Kuzatuv kengashi raisiXudayarov Asilbek Anvarovich—sogʻliqni saqlash vaziri, Kuzatuv kengashi raisi oʻrinbosariTuraxujayev Halilillo Sobirjonovich—Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisiFazilkarimov Otabek Rustamovich—iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosariLavozimi boʻyicha—Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlariIshanxodjayev Kamoliddin Nuriddinovich—Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisiErmatov Zoxid Shavkatovich—Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori, Kuzatuv kengashi kotibi
Izoh: Kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi “Sogʻliqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-38-son qarori 9-bandi “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda 2028-yilga qadar respublika darajasidagi barcha davolash-profilaktika muassasalari milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishi nazarda tutilsin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi “Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-183-son qaroriga 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining kuzatuv kengashi
TARKIBI
1.Sh.Sh. Sharaxmetov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi, Kuzatuv kengashi raisi 2.A.A. Xudayarov—sogʻliqni saqlash vaziri, Kuzatuv kengashi raisi oʻrinbosari3.B.J. Aʼloyev—tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari4.O.R. Fazilkarimov—iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari5.Sh.X. Gulamov —investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari v.b.6.N.U. Muxammadiyev—adliya vaziri oʻrinbosari7.D.K. Adilov—qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari8.A.A. Abduqayumov—Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori9.T.U. Aripova—Immunologiya va inson genomikasi instituti direktori10.D.A. Agzamxodjayeva—Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari, Kuzatuv kengashi kotibi
Izoh: Kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-185-son qaroriga 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlarining namunaviy tashkiliy tuzilmasi
Boʻlim boshligʻiBoshliq oʻrinbosari — statsionar shoʻbasi boshligʻi*Boshliq oʻrinbosari — oilaviy tibbiyot shoʻbasi boshligʻiBoshliq oʻrinbosari — moliya-iqtisod shoʻbasi boshligʻiStatsionar shoʻbasi(onalik va bolalikni muhofaza qilish, statsionar xizmatlar)2 — 4Oilaviy tibbiyot shoʻbasi(oilaviy poliklinikalar faoliyatini muvofiqlashtirish)2 — 4Markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati**Pullik, DXSH va autsorsing xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha bosh mutaxassis1Tuman (shahar) statsionar tibbiyot muassasalari1-2 tip oilaviy poliklinikalarAxborot texnologiyalari boʻyicha bosh mutaxassis1Sogʻlom turmush tarzi va tashkiliy-uslubiy shoʻbasi3-4Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi, tez tibbiy yordam xizmati, nodavlat tibbiyot tashkilotlariInson resurslarini boshqarish xizmati**
Izoh:
1. Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 15 — 21 nafar.
2. Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari xodimlarining cheklangan soni 21 nafar etib belgilanadi.
3. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida boʻlim tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqiga ega.
4. Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq kiritiladi.
5. Tuman (shahar) tibbiyot boʻlimlarining tarkibiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga muvofiq belgilanadi.
* Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari — statsionar shoʻbasi boshligʻiga hududda onalik va bolalikni muhofaza qilish vazifasi yuklatiladi.
** Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan shtat meʼyorlari asosida kiritiladi;
tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi xodimlarining umumiy cheklangan soniga kiritilmaydi;
ushbu xodimlarga tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi”.