PQ-46-son Qaror · 05.02.2026

Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-46
  • Qabul qilingan sana:05.02.2026
  • Kuchga kirgan sana:06.02.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/46/0114

Buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uygʻonish davri — Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temur milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos oʻrin tutadi.

Mustabid tuzum tomonidan nohaq qoralab kelingan bu ulugʻ zotning muborak nomi va xotirasi mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, oʻzlikni anglash, anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan maʼnaviy kuch bagʻishlab kelmoqda.

Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari oʻrnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, “Amir Temur” ordeni taʼsis qilingani, yurtimizdagi koʻplab koʻcha va xiyobonlarga ulugʻ ajdodimiz nomi berilganini alohida qayd etish lozim.

Mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qoʻyayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub oʻzgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi oʻrni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur oʻrganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsad

1. Mazkur qarorning asosiy maqsadi buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uygʻonish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan oʻrni va taʼsirini inobatga olib, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga koʻtarish hisoblanadi.

II. Tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar

2. Fanlar akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining quyidagi takliflari maʼqullansin:

(a) joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash;

(b) har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilish va uning doirasida umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirish.

3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi temuriylar davri tarixini tizimli oʻrganish va ilmiy natijalarni keng targʻib etish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

(a) joriy yil 9-10-aprel kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish;

(b) Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bogʻliq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlash va chop etish, shu jumladan:

(i) “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish;

(ii) “Temuriylar davrining 100 nodir qoʻlyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish;

(v) temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish;

(g) “Tirik tarix” loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish;

(d) Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish.

4. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasini keng targʻib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini taʼminlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar oʻtkazsin.

5. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov):

(a) Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni (keyingi oʻrinlarda — tadbirlar) oʻtkazish boʻyicha masʼul davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin, tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etsin;

(b) tadbirlar boʻlib oʻtadigan hududlarni obodonlashtirish ishlarini, texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini taʼminlasin;

(v) Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bagʻishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar va koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalarini muomalaga chiqarishni taʼminlasin;

(g) tadbirlarda qatnashuvchi chet ellik mehmonlarning Oʻzbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish masalalarini muvofiqlashtirsin;

(d) tadbirlar boʻlib oʻtadigan hududlarda obyektlar va mehmonxona fondining tayyorligini taʼminlasin.

7. Toshkent shahri hokimligi 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahar mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilgʻor tajribalarini qoʻllagan holda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlarini amalga oshirsin.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

8. Tashqi ishlar vazirligi Fanlar akademiyasining buyurtmasiga asosan tadbirlarda ishtirok etuvchi chet ellik ishtirokchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalarining konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Oʻzbekiston Milliy media birlashmasiga tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablagʻlari, ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 5-fevral,

PQ-46-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-46-son qaroriga1-ILOVA

Temuriylar davri tarixini tizimli oʻrganish va ilmiy natijalarni keng targʻib etish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-46-son qaroriga2-ILOVA

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.