Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish, boshqarish organlari barqarorligini taʼminlash va toʻlov intizomini yaxshilash, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan 1 032 ta koʻp kvartirali uyning energiya samaradorligini oshirish;
(b) majburiy badal va toʻlovlar (keyingi oʻrinda — majburiy toʻlovlar) hamda umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar hisob-kitobini toʻliq shaffof tizimga oʻtkazish orqali debitor qarzdorlikni kamida 80 foizga kamaytirish;
(v) koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida yashirin iqtisodiyotni kamaytirish, budjet mablagʻlarini ajratish va xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb qilish orqali ogʻir holatdagi 10 mingta uylarni bosqichma-bosqich yaxshilash;
(g) koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini toʻliq raqamlashtirish.
II. Koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish dasturlarini moliyalashtirish
2. Quyidagilar:
(a) 2026 — 2030-yillarda xalqaro moliya institutlarining 200 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobiga markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan koʻp kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun ularni mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026-2027-yillarda shahar va tumanlarda respublika budjetidan 1 trln soʻm mablagʻ ajratish hisobiga koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash hamda uylarga tutash hududlarda umumiy foydalanishdagi infratuzilma obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2026-yilda respublika budjetidan 79,5 mlrd soʻm mablagʻ ajratish hisobiga 1991-yilgacha qurilgan koʻp kvartirali uylarning elektron pasportini ishlab chiqish boʻyicha reja koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
(g) 2026-yilda respublika budjeti va mahalliy budjetlar hamda boshqa manbalardan jami 1,8 trln soʻm mablagʻ ajratish hisobiga koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha yigʻma dastur 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2025-yilda boshqaruvchilar tomonidan koʻp kvartirali uylarni mukammal va joriy taʼmirlash uchun 5-ilovaga muvofiq 282 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilganini inobatga olgan holda 2026-yilda koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan har chorak yakuni boʻyicha boshqaruvchilar bilan teng ulushlarda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
4. Koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish yoʻnalishida markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini saralash, amalga oshirish hamda ularning natijadorligini monitoring qilish boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) loyiha takliflari, shu jumladan, mazkur qarorga 1 — 5-ilovalarda nazarda tutilgan manbalardan mablagʻ ajratish boʻyicha takliflar Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning qarori bilan maʼqullangandan keyin amalga oshirilishi shart;
(b) shakllantirilgan loyiha takliflari boʻyicha loyihaoldi tadqiqotlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, koʻp kvartirali uylarning boshqaruvchilari, loyiha tashkilotlari bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda oʻtkaziladi;
(v) har bir loyihaning amalga oshirilishi holati muntazam ravishda barcha darajadagi vakillik organlari deputatlari tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring qilib boriladi.
5. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Energetika vazirligining 6-ilovaga muvofiq:
(a) koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari shirkatlarining hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oldidagi 94,6 mlrd soʻm miqdoridagi muddati oʻtgan qarzdorligi toʻlovlarini 5 yil muddatga shu muddatdan keyingi 5 yil mobaynida har oyda teng ulushlarda soʻndirish sharti bilan kechiktirish;
(b) oʻz vaqtida amalga oshirilmagan toʻlov uchun hisoblangan 18,6 mlrd soʻm penyalarni hisobdan chiqarish yoʻli bilan restrukturizatsiya qilish va penya hisoblashni toʻxtatish boʻyicha takliflari maʼqullansin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tegishli tijorat banklari bilan birgalikda sobiq shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga oʻtgan koʻp kvartirali uy-joylarni taʼmirlash uchun jalb qilingan 1,2 trln soʻm miqdoridagi kreditlarni, foizlar hisoblanishini muzlatish sharti bilan, qaytarish muddatini 2026-yil 1-oktabrdan boshlab mahalliy hokimliklar kafilligi asosida uch yilga uzaytirish choralarini koʻrsin.
III. Koʻp kvartirali uylar atrofida ekologiyani yaxshilash va yashil hududlarni tashkil etish chora-tadbirlari
7. Belgilansinki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-2027-yillarda ajratiladigan mablagʻlarning 10 foizigacha qismi 15-martga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan alohida dastur asosida koʻp kvartirali uylarning tutash hududiga daraxt va butalar ekish hamda ularni sugʻorish tizimi bilan taʼminlash uchun yoʻnaltiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PF-46-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2026-y., 06/26/46/0290-son)
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) koʻp kvartirali uylarning tutash hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan xatlovdan oʻtkazilib, maʼlumotlar “Mening uyim” axborot billing tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Mening uyim” ABT)da aks ettirib boriladi;
(b) koʻp kvartirali uylardagi markazlashgan ichimlik suvi isteʼmolchilariga daraxt va butalarni sugʻorish ishlarini hisoblagichlar oʻrnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi;
(v) Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari boshqaruvchilar bilan birgalikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt va butalarning saqlanishi va butligiga masʼul hisoblanadi.
IV. Raqamlashtirish va hisob-kitoblarning shaffofligini taʼminlash
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarda umumiy yigʻilish oʻtkazishni tashabbus qilish, oʻtkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan hisobotlarni taqdim qilish, murojaatlarni qabul qilish va ularni koʻrib chiqish faqat “Mening uyim” ABTda amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab mazkur tartib respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi;
(b) majburiy toʻlovlar va koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni ijaraga va foydalanishga berishdan tushadigan toʻlovlar hisobi faqat “Mening uyim” ABT orqali yuritiladi;
(v) majburiy toʻlovlar faqatgina bank kartalari, elektron toʻlov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi;
(g) majburiy toʻlovlar hamda umumiy mol-mulkni ijaraga berish va foydalanish hisobiga kelib tushgan mablagʻlarning alohida hisobini yuritish uchun har bir koʻp kvartirali uyga (joy mulkdorlari nomiga) bank hisob raqami ochiladi;
(d) foydalanishga topshirilgan koʻp kvartirali uylar — 2026-yil 1-iyulga qadar boshqaruvchilarning murojaatiga asosan, kelgusida foydalanishga topshiriladigan uylar foydalanishga qabul qilingan sanadan boshlab bir oy ichida quruvchi tashkilotning murojaatiga asosan hisobga qoʻyiladi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami beriladi va bank hisob raqami ochiladi;
(j) umumiy yigʻilishda boshqaruvchini tanlash toʻgʻrisida qarorda koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamini ham boshqaruvga berish nazarda tutiladi, mulkdorlarning umumiy yigʻilishi qaroriga asosan koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechilganda hisob raqamni boshqarish ham toʻxtatiladi;
(z) koʻp kvartirali uyning umumiy mol-mulkini, tutash yer uchastkalarini saqlashga, ulardan foydalanishga, taʼmirlashga va boshqa koʻp kvartirali uyga doir ishlarning yillik rejasi va moliyalashtirish boʻyicha smetasi oylar kesimida aniq ishlar va mablagʻlari koʻrsatilgan holda umumiy yigʻilish qarori bilan tasdiqlanadi, ushbu masaladagi umumiy yigʻilish qarori loyihasi har yili yanvar oyida “Mening uyim” ABTda shakllantiriladi;
(i) umumiy yigʻilishda boshqarish usuli toʻgʻrisida qaror qabul qilinmagan va boshqaruvchi belgilanmagan, boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan yoki toʻxtatib turilgan hollarda koʻp kvartirali uylardagi mulkdorlar majburiy toʻlovlarni bank hisob raqamiga umumiy yigʻilish qarori bilan belgilangan miqdorlarda, bunday qaror qabul qilinmagan taqdirda esa qonunchilikda belgilangan minimal tarif boʻyicha toʻlab borishi shart;
(k) umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushumlar, mobil aloqa uchun antennalar oʻrnatish, reklama joylashtirish va boshqa shu kabi umumiy mol-mulkni ijaraga berish va foydalanish hisobiga olinadigan daromadlar koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamiga majburiy tartibda yoʻnaltiriladi va mulkdorlarning daromadi hisoblanadi;
(l) koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamidagi mablagʻlar smetaga muvofiq har oyda, birinchi navbatda, koʻp kvartirali uyning elektr energiyasi xarajatlari uchun yoʻnaltiriladi, mulkdor koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamiga har oyning 15-sanasigacha majburiy toʻlovlarni amalga oshirmasa, uning qarzdorligi bartaraf etilmagunga qadar elektr energiyasi uchun toʻlovlari qabul qilinmaydi;
(m) mulkdor koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamiga har oyning 15-sanasiga qadar majburiy toʻlovlarni amalga oshirmasa, har bir kechiktirilgan kun uchun “Mening uyim” ABTda kechiktirilgan toʻlov summasiga nisbatan yuridik shaxslar uchun 0,4 foiz, jismoniy shaxslar uchun 0,1 foiz miqdorida, biroq har oy uchun kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya hisoblanadi, bunda hisoblangan penya boʻyicha toʻlovlar teng ulushlarda koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamiga hamda “Mening uyim” ABTni saqlash xarajatlariga yoʻnaltiriladi;
(n) boshqaruvchi koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamidagi mablagʻlardan faqat yillik ish reja va smetaga muvofiq joriy oyda har bir turdagi xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlarning cheklangan summasi doirasida foydalanadi (elektr energiyasi va avariyani bartaraf etish uchun xarajatlar bundan mustasno), bunda qoʻshimcha xarajatlar uchun mablagʻlar umumiy yigʻilish qarori asosida ajratiladi;
(o) avariya holatlarini tezkor bartaraf qilish uchun bir koʻp kvartirali uyning mablagʻlari boshqaruvchining boshqaruvida boʻlgan boshqa koʻp kvartirali uyga “Mening uyim” ABT orqali mulkdorlarga hisobot berish sharti bilan sarflanishi mumkin;
(p) boshqaruvchi har chorak yakuni bilan amalga oshirilgan ishlar, bank hisob raqamidagi daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni “Mening uyim” ABTda shakllantirib boradi;
(r) koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni ijaraga berish “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi va barcha mablagʻlar (auksion xarajatlari bundan mustasno) tegishli koʻp kvartirali uyning bank hisob raqamiga yoʻnaltiriladi.
V. Koʻp kvartirali uylar infratuzilmasini munosib tarzda saqlash
10. Vazirlik 2026-yil 1-martdan boshlab koʻp kvartirali uylarning texnik koʻrsatkichlari, holati, tutash yer uchastkalari, elektr va issiqlik energiyasi, ichimlik suvi isteʼmoli, infratuzilmasini yaxshilash uchun ajratilgan va sarflangan mablagʻlarning hisob-kitobini yuritish imkonini beruvchi “Mening uyim” ABTda “Turarjoy” axborot boʻlimini ishga tushirsin.
11. Belgilansinki, 2026-yil 1-maydan boshlab:
(a) yangi quriladigan koʻp kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir podyezdga, liftlarga va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon komplekslari oʻrnatish nazarda tutiladi, bunda:
(i) ushbu obyektlar loyiha hujjatlariga kiritilmaganda loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish taqiqlanadi;
(ii) mazkur mulklar umumiy mol-mulk hisoblanadi va ular saqlash uchun belgilangan tartibda boshqaruvchiga topshiriladi hamda tegishli maʼlumot “Mening uyim” ABTning “Turarjoy” axborot boʻlimiga kiritiladi;
(b) qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda:
(i) belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan kadastr pasporti “Mening uyim” ABTning “Turarjoy” axborot boʻlimida avtomatik ravishda aks ettiriladi;
(ii) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan boshqaruvchiga topshiriladigan mol-mulklar oʻrnatilmagan hollarda koʻp kvartirali uyni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi;
(v) koʻp kvartirali uylardagi markaziy elektr taqsimlovchi qurilmalar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan (hisobidan) ekspluatatsiya qilinadi;
(g) markazlashgan oqova suv tarmoqlariga ulanmagan koʻp kvartirali uylarning oqova suvlarini olib chiqib ketish xizmati “Oʻzsuvtaʼminot” AJning tizim korxonalari tomonidan rejali tarzda, isteʼmolchilar bilan shartnoma asosida yoki xizmat narxi ichimlik suvi tarifiga qoʻshilgan holda amalga oshiriladi;
(d) 2026-yilda boshlanadigan va davom etadigan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishida koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan alohida binolarni qurish nazarda tutilishi shart hamda mazkur obyektlarni qurish investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirib boriladi.
12. Belgilansinki:
(a) koʻp kvartirali uylardagi tayanch va (yoki) toʻsiq konstruksiyalarni buzgan holda oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish, shu jumladan, koʻp kvartirali uylarda va ularga tutash yer uchastkalarida oʻzboshimchalik bilan imoratlar (inshootlar) qurish holatlari boshqaruvchi tomonidan aniqlangan hamda holat toʻgʻrisida nazorat organlariga xabar berilgan taqdirda, mazkur holatlar yuzasidan qoʻllangan maʼmuriy jarima summasining yigirma besh foizi boshqaruvchiga mukofot sifatida toʻlab beriladi, bunda ushbu holatlar haqidagi maʼlumotlar “Mening uyim” ABTga kiritiladi;
(b) koʻp kvartirali uyning umumiy isteʼmoli uchun sarflanadigan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi boʻyicha hisob-kitoblar koʻp kvartirali uylarning umumiy hisoblagich koʻrsatkichlari asosida har bir koʻp kvartirali uy boʻyicha alohida yuritiladi, muayyan koʻp kvartirali uy uchun hisoblangan qarzdorlik sababli ushbu uyga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruvchiga tegishli boshqa koʻp kvartirali uylarni tarmoqdan oʻchirish taqiqlanadi;
(v) koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchining xizmat koʻrsatish qamrovidan kelib chiqib, tegishli moddiy-texnik baza va xodimlar soni meʼyorlari ishlab chiqiladi va boshqaruvchilar shunga asosan Vazirlik tomonidan belgilanadigan tartibda toifalarga ajratiladi;
(g) “Mening uyim” ABTda boshqaruvchilarning moddiy-texnika bazasi va inson resurslari haqidagi maʼlumotlar yuritiladi.
13. AT “Xalq banki”ning ushbu bankni koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini moliyalashtirishga masʼul etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
VI. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish
14. Vazirlikning hududlarda kommunal sohani rivojlantirish va muvofiqlashtirish boʻyicha “Vazirlik — hududiy boshqarma — tuman (shahar)” ekspluatatsiya obyekti zanjiridan iborat vertikal tizimni joriy qilish haqidagi taklifi maʼqullansin.
15. Vazirlikning hududiy boʻlinmalari tuzilmasiga:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlinmalaridagi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida “uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish va ekspluatatsiya ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha bosh muhandis” (keyingi oʻrinlarda — bosh muhandis) lavozimi kiritilsin;
(b) mavjud shtat birliklari hamda 7-ilovaga muvofiq budjetdan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 89 ta shtat birliklari hisobidan barcha tuman (shahar)larda bosh muhandis lavozimi kiritilsin.
16. Belgilansinki:
(a) bosh muhandis shtat birliklariga nisbatan davlat xizmatchilarini qisqartirish boʻyicha topshiriqlar tatbiq etilmaydi;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda bosh muhandislar — hududiy boʻlinma rahbarining oʻrinbosarlari hisoblanadi hamda kommunal sohaga masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosariga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysunadi;
(v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi bosh muhandislar Vazirlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(g) tuman (shahar)larda bosh muhandislar toʻgʻridan-toʻgʻri tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi bosh muhandislarga boʻysunadi;
(d) tuman (shahar)lardagi bosh muhandislar faoliyati samaradorligini baholash, mehnatiga qoʻshimcha haq va ustamalar belgilash Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi bosh muhandislar tomonidan amalga oshiriladi.
17. Vazirlik koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida tegishli davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda sohada umumiy nazorat qilish funksiyalarini bajaruvchi vakolatli organ etib belgilansin, bunda Vazirlik:
(a) tegishli hududda barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda korxonalarning uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasidagi ekspluatatsiya faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(b) koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(v) belgilagan tartibda rejali va zaruratga koʻra rejadan tashqari oʻrganishlarni amalga oshiradi;
(g) oʻrganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi shart boʻlgan majburiy koʻrsatmalar beradi va (yoki) qonunbuzilishlar yuzasidan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha tegishli organlarga taqdimnomalar kiritadi;
(d) sohaga masʼul hokim oʻrinbosarlarining kommunal sohadagi faoliyatini samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholab boradi.
18. Belgilansinki:
(a) bosh muhandislar koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida aniqlagan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirish hamda ularni koʻrib chiqish uchun vakolatli organlarga yuborish huquqiga ega;
(b) “Mening uyim” ABTda bir oy davomida “boshqaruvchi faoliyatidan noroziman” tugmasi mulkdorlar umumiy sonining 50 foizdan ortigʻi tomonidan bosilganda, bosh muhandis ushbu holatni oʻrganadi va boshqaruvchiga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni koʻradi.
19. 2026-yil 1-martdan boshlab Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan boshqaruvchilarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirishda tegishli bosh muhandisni xabardor qilish tartibi joriy etilsin.
20. Uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlinmalaridagi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida Toshkent shahri hokimi oʻrinbosari — Uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi kiritilsin. Unga mazkur qarorga muvofiq bosh muhandislarga berilgan barcha huquq va vakolatlar tatbiq etilsin.
VII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
21. 2026-yilda Kompetensiyani rivojlantirish instituti, Kasbiy koʻnikmalar markazi hamda Kommunal taʼminot markazida koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash rejasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
22. Quyidagilar:
(a) Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi samaradorligini oshirish va sohani yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 9-ilovaga muvofiq;
(b) “Mening uyim” axborot tizimini takomillashtirish va koʻp kvartirali uylarni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 10-ilovaga muvofiq;
(v) Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish boʻyicha Bosh prokuror oʻrinbosari S. Samadov boshchiligida respublika va hududiy ishchi guruhlar tarkibi 11 va 12-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 13-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
24. Vazirlik Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
25. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov, J.A. Qoʻchqorov hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari O.A. Joʻrayeva belgilansin.
26. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-fevral,
PQ-48-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga1-ILOVA
2026 — 2030-yillarda xalqaro moliya institutlarining 200 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobiga markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan koʻp kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun ularni mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilish
Izoh: ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlariga asosan talab etiladigan mablagʻlar miqdori va parametrlarga aniqlik kiritiladi. Dastur parametrlariga viloyatlar hokimliklari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi takliflariga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga2-ILOVA
2026-2027-yillarda shahar va tumanlarda respublika budjetidan 1 trln soʻm mablagʻ ajratish hisobiga koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash hamda uylarga tutash hududlarda umumiy foydalanishdagi infratuzilma obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish
* Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida ish hajmi va mablagʻlariga aniqlik kiritilishi mumkin.
** Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining qarorlari asosida tegishli tuman (shahar)ga ajratilgan mablagʻlar doirasida dastur parametrlariga yoki ish turkumlariga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga3-ILOVA
1991-yilgacha qurilgan koʻp kvartirali uylarning elektron pasportini ishlab chiqish boʻyicha
Izoh: Uylarning umumiy hajmidan kelib chiqib, talab etiladigan mablagʻlar va parametrlarga aniqlik kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga4-ILOVA
2026-yilda respublika budjeti va mahalliy budjetlar hamda boshqa manbalardan jami 1,8 trln soʻm mablagʻ ajratish hisobiga koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarini obodonlashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga5-ILOVA
2025-yilda boshqaruvchi tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan koʻp kvartirali uylarda amalga oshirilgan mukammal va joriy taʼmirlash ishlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga6-ILOVA
Uy-joylar mulkdorlari shirkatlarining hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oldidagi qarzdorlik
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga7-ILOVA
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalariga ajratiladigan
*Izoh: shahar va tuman xodimlarining shtat birliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga8-ILOVA
2026-yilda koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga9-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi samaradorligini oshirish va sohani yanada rivojlantirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga10-ILOVA
“Mening uyim” axborot tizimini takomillashtirish va koʻp kvartirali uylarni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga11-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish boʻyicha respublika ishchi guruhi
Izohlar:
1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Ishchi guruh oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda, zarur hollarda, boshqa tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi rahbar va masʼul xodimlarini jalb etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga12-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish boʻyicha hududiy ishchi guruh
Izohlar:
1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Ishchi guruh oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda, zarur hollarda, boshqa tegishli tashkilot va idoralarning mutasaddi rahbar va masʼul xodimlarini jalb etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qaroriga13-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatning ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-184-son Farmonida:
(a) 1-ilovaning 8-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
(b) 2-ilova quyidagi mazmundagi 18-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-fevraldagi “Kommunal xizmatlar tariflarining asossiz ravishda oʻsib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ular uchun oʻz vaqtida va toʻliq hisob-kitob qilinishi uchun isteʼmolchilarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarorida:
(a) 3-banddagi “xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari (XUMSH) jamlangan” soʻzlari “koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 5-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari” soʻzlari “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) 7-banddagi “xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining” soʻzlari “koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-5152-son qarorida:
(a) 7-bandda:
“v” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) koʻp kvartirali uyni boshqarish bilan bogʻliq amalga oshirilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar hamda ularning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boshqarish organi tomonidan har chorakda chorak yakunlangan davrdan keyingi oyning oʻninchi sanasiga qadar “Mening uyim” billing tizimiga kiritib boriladi hamda yil yakuni bilan ushbu maʼlumotlar asosida avtomatik ravishda yillik hisobotlar shakllantiriladi”;
“g” kichik bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) quruvchi tashkilot qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni jalb qiladi hamda birinchi ikki yilga koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi. Bunda:
quruvchi tomonidan mazkur koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining ikki yillik kafolat muddati taʼminlanadi”;
(b) 5-ilovada 24-pozitsiyaning “Chora-tadbirlar nomi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Koʻp kvartirali uy-joydagi umumiy mulkni saqlash (foydalanish) qoidalarini tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-57-son qarorining 18-bandida:
(a) quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Quruvchi tashkilot qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uylarning tom qismiga oʻrnatilgan quyosh panellarini elektr tarmogʻiga ulashni taʼminlaydi. Quyosh panellari elektr tarmogʻiga ulanmagan koʻp kvartirali uylar foydalanishga qabul qilinmaydi”;
(b) ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 194-son qaroriga 2-ilovaning 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. ISKX tashkiloti ichimlik suvi taʼminoti tarmogʻining isteʼmolchiga tegishli hududga kirgan qismiga (koʻp qavatli uylarning kirish qismiga) qadar javobgar boʻladi va mazkur chegaraga qadar xizmatlar koʻrsatadi.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi ichimlik suvi taʼminoti tarmogʻining koʻp kvartirali uylarga kirgan qismidan to isteʼmolchiga tegishli hududga qadar javobgar boʻladi va unga xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.
Isteʼmolchilar oʻziga tegishli hududdagi ichimlik suvi taʼminoti tarmogʻi uchun javobgar boʻladi.
ISKX tashkiloti oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmogʻining isteʼmolchiga tegishli hududga kirgan qismiga (koʻp qavatli uylarning kirish qismiga) qadar javobgar boʻladi va mazkur chegaraga qadar xizmatlar koʻrsatadi.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi koʻp kvartirali uyda oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmogʻi uchun javobgar boʻladi va unga xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.
Isteʼmolchilar oʻziga tegishli hududdagi oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmogʻi uchun javobgar boʻladi.
Bunda koʻp kvartirali uylarning yuqori qavatlariga ichimlik suvini yetkazib beruvchi va ulardan oqova suvni olib chiqishda foydalanuvchi nasoslar ekspluatatsiyasiga mazkur uylardagi xonadonlarga ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish xizmatlarini koʻrsatuvchi ISKX tashkiloti javobgar boʻladi va xizmatlar koʻrsatadi.
Koʻp kvartirali uydagi koʻp kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan qabul qilinmagan va u tomonidan xizmat koʻrsatish belgilanmagan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish tarmoqlariga (quvurlari va tizimlari) ushbu boshqaruv organi javobgar hisoblanmaydi”.
6. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 69-son qarori quyidagi mazmundagi 3-1-band bilan toʻldirilsin:
“3-1. Belgilansinki, Markazga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga 66-ilovaning 5.2-bandi talabi tatbiq etilmaydi”.
7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentida:
(a) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Kadastr pasportini olish hamda belgilangan tartibda koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza beruvchining ixtiyoriga koʻra bir vaqtda yoki alohida murojaat qilish mumkin.
Belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlariga koʻra obyektning qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan taqdirda, bitta soʻrovnomaga asosan kadastr pasporti, qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma, koʻchmas mulk davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi reyestrdan koʻchirma bir vaqtda beriladi.
Qurilish-pudrat (developer) tashkiloti tomonidan foydalanishga topshirilayotgan koʻp kvartirali uylarga belgilangan tartibda kadastr pasportini rasmiylashtirish talab etiladi.
Bunda tasdiqlangan loyiha hujjatlariga asosan bir yer uchastkasida bir nechta koʻp kvartirali uylar qurilishi moʻljallangan boʻlsa, har bir koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasining loyihada koʻrsatilgan chegarasi asosida Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari (keyingi oʻrinlarda — filiallar) yer uchastkasini boʻlish ishlarini amalga oshiradi.
Loyiha hujjatlariga asosan bir yer uchastkasida bir nechta koʻp kvartirali uylar yagona turar joy majmuasi sifatida nazarda tutilgan boʻlsa yoki ularni alohida yer uchastkalariga boʻlish imkoniyati boʻlmasa yer uchastkasi umumiy (birgalikda) foydalanishdagi yer uchastkasi sifatida kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.
Koʻp kvartirali uyning kadastr pasportida koʻp kvartirali uylardagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan (noturar) joylar, umumiy mol-mulk roʻyxati hamda koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Bunda koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulk hamda unga tutash yer uchastkasi mazkur uydagi joylarning mulkdorlari nomiga Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, doimiy foydalanish huquqi asosida rasmiylashtiriladi.
Koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelganda, boshqa shaxsga oʻtganda, bekor boʻlganda yoki koʻchmas mulk obyektining huquqiy holati oʻzgarganligini tasdiqlash yoki qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish boʻyicha murojaat qilinganda, ariza beruvchining ixtiyoriga koʻra qogʻoz yoki plastik shakldagi kadastr pasporti beriladi”;
(b) 10-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Ariza koʻp kvartirali uyga kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun berilgan taqdirda quyidagilar qoʻshimcha ilova qilinadi:
loyiha-smeta hujjatlari;
koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasining chegarasi tushirilgan reja-sxema”;
toʻrtinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yongʻin xavfsizligi qoidalarining 334-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Koʻp kvartirali uylarga oʻrnatilgan yongʻin avtomatikasi tizimlarini (avtomatik yongʻin signalizatsiyasi, yongʻindan xabardor va evakuatsiya qilish, tutunga qarshi shamollatish tizimlari hamda avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari va boshqa avtomatik yongʻinga qarshi himoya texnik uskunalarini) ishchi holatda saqlab turish uchun koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari shtatida yongʻin xavfsizligi boʻyicha kamida bir nafar mutaxassis boʻlishi lozim”.
9. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 687-son qaroriga 1-ilovaning 18-bandi yigirma yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam va subsidiyalar berish, ularning kuz-qish mavsumida kommunal toʻlovlari va isitish yoqilgʻisini xarid qilish xarajatlarini qisman, koʻp kvartirali uy mulkdorlarining majburiy badal mablagʻlari xarajatlarini qoplash”.
10. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 853-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglamentning 21-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Qurilishi tugallangan, biroq foydalanishga topshirilmagan uylar boshqarish organlariga mazkur Reglamentda belgilangan tartibda biriktiriladi”.