Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, agrar sektorda qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan talabni qondirish hamda mavjud texnikalarni yangilash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib qishloq xoʻjaligida mexanizatsiyalash darajasini oshirish, jumladan, 2026-yilda paxtani mashinalar yordamida terib olish ulushini 70 foizgacha yetkazish belgilansin.
II. Qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridi va moliyaviy resurslar
2. 2026-yilda yangi sotib olinadigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarining maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yilda qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlari xaridini moliyalashtirish uchun davlat kafolati ostida jalb qilinadigan xorijiy kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari va lizing tashkilotlari orqali 400 million AQSH dollarigacha boʻlgan miqdorda mablagʻlar yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-sentabrdagi PQ–354-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2026-y., 07/26/354/0978-son)
4. Belgilansinki, mazkur qarorning 3-bandi doirasida:
(a) 2026-yil 1-mayga qadar dastlabki bosqichda 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha barcha muzokaralar yakunlanishi va moliyalashtirish boshlanishi taʼminlanadi;
(b) mablagʻlar tijorat banklari va lizing tashkilotlariga 10 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bank asosiy stavkasida milliy valyutada subordinar qarz sifatida qayta moliyalashtiriladi;
(4-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-sentabrdagi PQ–354-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2026-y., 07/26/354/0978-son)
(v) tijorat banklari barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlari xaridi uchun 10 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bank asosiy stavkaga 4 foiz bank marjasi bilan milliy valyutada kreditlar ajratadi. Bunda:
(i) kredit garov taʼminotining yetmagan qismiga sugʻurta kompaniyalarining kreditni qaytarmaslik xatarlaridan sugʻurta polisi garov sifatida qabul qilinadi;
(ii) qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib oluvchilarga tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punktidan yuqori qismi Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan belgilangan tartibda subsidiya sifatida qoplab beriladi;
(g) tijorat banklari oʻzlariga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hisobidan lizing tashkilotlariga qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizing shartlarida ajratishga 10 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 2 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) milliy valyutada kreditlar ajratishi mumkin;
(d) 2025-yilda paxta terish mashinalarini xarid qilish uchun avans toʻlovlarini moliyalashtirishga “Agrobank” ATBga ajratilgan 600 milliard soʻmning qaytishi hisobiga shakllangan mablagʻlar mazkur bandning “v” kichik bandida belgilangan shartlarda 2026-yilda paxta terish mashinalari xaridini kreditlashga yoʻnaltiriladi;
(j) chet el valyutasining milliy valyutaga nisbatan kursi oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotishlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qoplanadi.
5. 2026-yildan boshlab imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida yetkazib beriladigan paxta va gʻalla kombaynlari boʻyicha kredit va lizing toʻlovlarini toʻlash muddati ushbu texnikalarni xarid qiluvchilar uchun yiliga ikki marta 31-yanvar hamda 31-iyul sanalari etib belgilansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi “Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-7-son qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar kredit va lizingga yetkazib berilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan hamda xorijdan tayyor holda olib kelinadigan aniq donalab ekuvchi koʻp funksiyali chigit ekish seyalkalari, plyonka yigʻadigan agregatlar hamda paxta terish mashinalari uchun, istisno tariqasida, 2027-yil 1-yanvarga qadar tatbiq etilsin.
7. Tijorat banklarining kredit mablagʻlari hisobiga xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlari boʻyicha ajratiladigan subsidiyalar, birinchi navbatda, mazkur kreditlar boʻyicha bank oldidagi asosiy qarz va foiz toʻlovlarini soʻndirishga yoʻnaltirilsin.
8. Mazkur qarorning 3-bandida belgilangan tartibda jalb qilingan mablagʻlarning 40 million AQSH dollari 2025-yilda yetkazib berilgan 163 ta paxta terish mashinalari boʻyicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun “Oʻzagrolizing” AJga 10 yil muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasida milliy valyutada ajratilsin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. Belgilansinki, mazkur qaror doirasida ajratiladigan bank kreditlari hisobidan xarid qilinadigan paxta terish mashinalarida yetkazib beruvchilar tomonidan global joylashuvni aniqlash tizimi (GPS) oʻrnatilgan boʻlishi majburiy hisoblanadi.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2026-yil 1-sentabrga qadar “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasida paxta terish mashinalarining joylashuvi, harakatlanish yoʻnalishi va ish vaqtini onlayn rejimda koʻrib turish orqali texnikalardan maqsadli hamda samarali foydalanishni monitoring qilish imkonini beruvchi xizmatni ishga tushirsin.
11. Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil qilinsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:
(a) imtiyozli resurslar hisobidan xarid qilinadigan, shu jumladan, “Toshkent traktor zavodi” MCHJ tomonidan yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikalari narxlari boʻyicha muzokaralar olib borish;
(b) paxta terish mashinalarining 2026-yil 1-sentabrga qadar yetkazib berilishini tashkil etish;
(v) qishloq xoʻjaligi texnikalariga kafolatlangan servis xizmatlarini koʻrsatish hamda ehtiyot qismlar bilan taʼminlash yuzasidan ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar oʻtkazish.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarini xarid qilishni tashkil qilishga shaxsan masʼul va javobgar etib belgilansin.
13. Quyidagilarga:
(a) qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari A.N. Shukurovga — davlat kafolati ostida xorijiy kredit liniyalari oʻz vaqtida jalb qilinishiga;
(b) iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari A.Ya. Xaydarovga — xorijiy kredit liniyalari hisobidan mablagʻlar tijorat banklariga oʻz vaqtida yoʻnaltirilishi va oʻzlashtirilishi yuzasidan shaxsan javobgarlik yuklansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
15. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-mart,
PQ-97-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-97-son qaroriga1-ILOVA
2026-yilda yangi sotib olinadigan zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarining
Izoh: hududlarning qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan talablaridan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining taklifiga muvofiq ushbu texnikalar miqdoriga Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-97-son qaroriga2-ILOVA
Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi
Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli vazifalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-97-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-431-son qarori 4-bandining “d” kichik bandi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda 2024-yildan boshlab lizing asosida berilgan paxta terish mashinalari qishloq xoʻjaligi korxonalari faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan holda (fermer xoʻjaliklari yoki klasterlarning yer maydonlari davlat ehtiyojlari (zaxira) uchun olib qoʻyilganda yoki qishloq xoʻjaligi korxonalariga nisbatan belgilangan tartibda bankrotlik tartib-taomillari qoʻllanilganda) qayta rasmiylashtirilganda lizing toʻlovlari uchun beriladigan subsidiyalar istisno tariqasida saqlanib qolinadi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-145-son qaroriga 1-ilovaning 23-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.