PQ-99-son Qaror · 13.03.2026

Qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-99
  • Qabul qilingan sana:13.03.2026
  • Kuchga kirgan sana:14.03.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/99/0228

Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish, bunda yangi xizmat turlarini joriy qilish va bank xizmatlarini ilgʻor xorijiy yondashuvlar asosida tashkil etish, shuningdek, zamonaviy raqamli mahsulotlar hajmini kengaytirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan amalga oshiriladigan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar etib belgilansin:

(a) 2026-yilda bank resurs bazasini mustahkamlash uchun tashqi va ichki manbalar hisobidan 25 trillion soʻm, shundan xorijiy moliya institutlaridan 600 million AQSH dollari va ichki manbalardan 18 trillion soʻm miqdorida qoʻshimcha moliyaviy resurslarni jalb etish;

(b) 2026-yil yakuniga qadar har bir hududda agroxizmat zonalarini tashkil etish;

(v) 2026-2027-yillarda qishloq xoʻjaligiga doir 10 ta startap loyihani amalga oshirish;

(g) “Suvchilar maktabi”da suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va oʻrgatishga qaratilgan dasturni yoʻlga qoʻyish va har yili 10 mingta fermer xoʻjaligini jalb qilish;

(d) “Fermerlar maktabi” onlayn oʻquv platformasiga 40 tadan ortiq yangi videodarslar hamda onlayn kurslar joylash va yiliga 15 mingta fermer va dehqon xoʻjaliklarini jalb qilish.

II. Zamonaviy kompleks qishloq xoʻjaligi xizmatlarini joriy qilish

2. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki (keyingi oʻrinlarda — Agrobank) 2026-yil yakuniga qadar tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda bittadan bank filiallarida agroxizmat zonalarini tashkil etsin. Bunda agroxizmat zonalarida:

(a) qishloq xoʻjaligi agenti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, qishloq xoʻjaligi korxonalari faoliyatiga oid bank mahsulotlari va xizmatlaridan samarali foydalanishga koʻmaklashish hamda qishloq xoʻjaligida zamonaviy intensiv texnologiyalar boʻyicha bepul maslahat berish tizimi joriy qilinadi;

(b) qishloq xoʻjaligi korxonalari faoliyatiga oid boshqa zarur xizmatlar (agronom maslahati, suv va energotejamkor texnologiyalar, tuproq tahlili, in-vitro texnologiyasi asosida koʻchatlarni yetkazib berish va boshqalar) koʻrsatiladi;

(v) qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oʻquv platformalari (“Suvchilar maktabi”, “Fermerlar maktabi”) va kitoblar toʻplamlaridan erkin foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

3. Agrobank zimmasiga qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

(a) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda yangi zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;

(b) mijoz ehtiyojlari asosida qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida zamonaviy raqamli mahsulotlar hajmini kengaytirish va kompleks xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish;

(v) sunʼiy intellekt, masofadan monitoring va “big-data” texnologiyalari asosida bank hamda qishloq xoʻjaligiga oid xizmatlarni ishlab chiqish;

(g) qishloq xoʻjaligi korxonalariga bank xizmatlari ilgʻor xorijiy yondashuvlar asosida koʻrsatilishini taʼminlash uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik doirasini kengaytirish;

(d) reytingi yuqori boʻlgan xorijiy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik oʻrnatish orqali tegishli oliy taʼlim muassasalarida “ilm va amaliyot” tamoyili asosida oʻqitishni tashkil etishga koʻmaklashish.

4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Agrobankning davlat kafolatisiz quyidagi loyihalarni amalga oshirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:

(a) Jahon banki bilan hamkorlikda — qishloq xoʻjaligini moliyalashtirish holatini tahlil qilish, yangi mahsulotlar va xizmatlarni raqamlashtirish, samarali biznes yondashuvlarni joriy etish;

(b) Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda — biznesni rivojlantirish, kredit risklarini boshqarish tizimini mustahkamlash, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) talablarini amaliyotga joriy etish.

III. Qishloq xoʻjaligida startap loyihalar

5. Belgilansinki, Agrobank tomonidan qishloq xoʻjaligida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

(a) Agrobank taʼsischiligida “Agro Ventures” shoʻba xoʻjalik jamiyati tashkil etiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qaroriga asosan tashkil qilingan “United Ventures” venchur kompaniyasi ustav kapitaliga Agrobank tomonidan yoʻnaltiriladigan mablagʻlar doirasida 73 milliard soʻmni “Agro Ventures” shoʻba xoʻjalik jamiyati ustav kapitalini shakllantirishga yoʻnaltirish tavsiya etilsin;

(b) shoʻba xoʻjalik jamiyati tomonidan:

(i) akseleratsiya, investitsiya va tijoratlashtirish jarayonlarini yoʻlga qoʻyish uchun top-50 talik reytingga kirgan xorijiy venchur kompaniyalari bilan hamkorlik dasturlari asosida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, xorijiy ekspert va mentorlarni jalb qilish;

(ii) startaplarni moliyalashtirish uchun akseleratorlik va inkubator dasturlarini yoʻlga qoʻyish, xakatonlar oʻtkazish, qishloq xoʻjaligidagi startaplar hamda innovatsion gʻoyalar uchun grant dasturlarini joriy etish;

(iii) axborot texnologiyalari hamda texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tekshirish institutlari va xususiy sektor vakillari bilan hamkorlik qilish choralari koʻriladi.

IV. Qishloq xoʻjaligida raqamli platformalar va sunʼiy intellekt instrumentlari

6. Belgilansinki, ekin maydonlari toʻgʻrisida kosmik, ob-havo, oʻsimliklar rivojlanishi holati boʻyicha monitoring maʼlumotlarini markazlashgan holda tahlil qilish maqsadida Qishloq xoʻjaligi monitoring markazi tashkil qilinadi.

7. Qishloq xoʻjaligi monitoring markaziga maʼlumotlarni markazlashgan holda “big-data” texnologiyalari asosida taqdim qilishga masʼul tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Agrobank zimmasiga qishloq xoʻjaligida raqamli platformalar va sunʼiy intellektni keng tatbiq qilish boʻyicha quyidagi vazifalar yuklatilsin:

(a) qishloq xoʻjaligiga oid maʼlumotlarni markazlashgan holda “big-data” texnologiyalari asosida toʻplash, qayta ishlash, tahlil qilishning texnik va dasturiy infratuzilmasini tashkil qilish;

(b) meva-sabzavotchilik, chorvachilikda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha Jizzax viloyatida bogʻdorchilik, Sirdaryo viloyatida chorvachilik monitoringi boʻyicha bittadan sunʼiy intellektga asoslangan pilot loyihalarni amalga oshirish;

(v) qishloq xoʻjaligi korxonalariga bank-moliya xizmatlari, davlat xizmatlari va qishloq xoʻjaligida sunʼiy intellektga asoslangan “aqlli” yechimlarga ixtisoslashgan ilova (superapp) yaratish;

(g) qishloq xoʻjalik korxonalari boʻyicha “big-data”, sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ularning reyting baholash tizimini yoʻlga qoʻyish, bank xizmatlari va kreditlash jarayoni boʻyicha avtomatlashgan xulosalar berish yechimlarini tatbiq etish.

9. Agrobank hamda “Oʻzbekkosmos” agentligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

(a) Agrobank tomonidan “Oʻzbekkosmos” agentligi soʻrovi asosida Agentlik muassisligidagi “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” MCHJga qishloq xoʻjaligi yer maydonlarida aerokosmik monitoringni kengaytirish maqsadida uchuvchisiz uchish apparatlari kompleksini sotib olish uchun homiylik mablagʻlari ajratish;

(b) paxta va gʻalla ekinlari yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlardan maqsadli foydalanish holatini sunʼiy yoʻldosh va dron yordamida olingan maʼlumotlar asosida monitoring qilish tizimini joriy qilish.

10. Agrobank 2026 — 2029-yillar davomida Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida:

(a) Xitoy qishloq xoʻjaligi universiteti va Shinjon qishloq xoʻjaligi universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻysin;

(b) qishloq xoʻjaligi sohasida nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining birinchi 100 talik roʻyxatiga kirgan oliy taʼlim muassasalari bilan bakalavriat, magistratura va doktorantura boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari, qisqa muddatli xorijiy va mahalliy malaka oshirish kurslari, stajirovkalar va trening dasturlari tashkil etish boʻyicha ishlarni amalga oshirsin;

(v) xorijiy qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish doirasida oʻquv va amaliyot binolari bazasini yaratish, moddiy-texnik jihozlash, oʻqitish, talabalar va ilmiy xodimlarga grantlar uchun qoʻshimcha mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin hamda qishloq xoʻjaligida yuqori texnologiyalarni hamda raqamli platformalarni joriy qilish boʻyicha 2 milliard soʻmgacha 10 ta grant eʼlon qilsin.

V. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun moliyaviy resurslar

11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Agrobank orqali aholi xonadonlari, tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklariga anjir, xurmo, olma va nok mahsulotlarini yetishtirish uchun yillik 18 foiz stavkada 24 oylik imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga kreditlar ajratiladi.

12. Qishloq xoʻjaligida moliyaviy xizmatlar koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

*2-ilova keltirilmaydi.

13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

(a) 2026-yil 1-aprelga qadar Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi ishtirokidagi “Agrobiznes uchun samarali yechimlar: yuqori daromad, investitsiya va barqarorlik” loyihasining (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) konsepsiyasini tasdiqlasin;

(b) 2026-yil davomida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasidan Oʻzbekiston Respublikasiga Loyihani moliyalashtirish uchun imtiyozli kredit mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.

VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

14. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abdurahmonov hamda “Agrobank” ATB boshqaruvi raisi E.A. Kaxorov belgilansin.

16. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 13-mart,

PQ-99-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PQ-99-son qaroriga1-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi monitoring markaziga maʼlumotlarni markazlashgan holda “big-data” texnologiyalari asosida taqdim qilishga masʼul tashkilotlar

T/rAxborot tizimlari integratsiya qilinadigan tashkilotlarMaʼlumot turi1.“Oʻzbekkosmos” agentligiKosmik tasvirlar, NDVI va boshqa vegetatsiya indekslari, ekin holati, ekilgan va ekilmagan maydonlar, ekin rivojlanish dinamikasi, hosil prognozini shakllantirishga xizmat qiluvchi maʼlumotlar2.Qishloq xoʻjaligi vazirligiQishloq xoʻjaligi korxonalari reyestri, ekin tuzilmasi, “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi maʼlumotlari va fermer xoʻjaliklariga oid boshqa maʼlumotlar3.Agrar sohada toʻlovlar agentligiAjratilgan subsidiyalar, kompensatsiyalar, imtiyoz maqomi, arizalar holati, davlat qoʻllab-quvvatlash choralari va qishloq xoʻjaligi subyektlari boʻyicha moliyaviy koʻmak toʻgʻrisidagi maʼlumotlar4.Suv xoʻjaligi vazirligi Suv limitlari, suv yetkazib berish shartnomalari, suv sarfi, kanallar va gidropostlar maʼlumotlari, sugʻorish tarmoqlari boʻyicha maʼlumotlar5.Kadastr agentligiYer uchastkasi konturi, maydon hajmi, kadastr raqami, yerning huquqiy maqomi, yer toifasi va yerga oid boshqa kadastr maʼlumotlari6.Soliq qoʻmitasi Soliq qarzi, moliyaviy hisobotlar, tushumlar, tovar aylanmasi, elektron hisobvaraq-fakturalar, STIR va tadbirkorlik faoliyatiga oid boshqa moliyaviy maʼlumotlar7.Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiOʻsimlik kasalliklari va zararkunandalar reyestri, fitosanitar holat, hududiy xavflar va karantin obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar8.“Hududiy elektr tarmoqlari” AJQishloq xoʻjaligi korxonalarining elektr energiyasi boʻyicha qilgan toʻlovlari va mavjud qarzdorliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.