Qurolli Kuchlar tizimida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish va shaxsiy tarkibning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish maqsadida qaror qilaman:
1. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — vazirlik va idoralar), Yoshlar ishlari agentligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining 2026-yildan boshlab har yili:
(a) alohida-alohida muddatli harbiy xizmatchilar, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari kursantlari (keyingi oʻrinlarda — kursantlar) hamda harbiy-akademik litseylar oʻquvchilari (keyingi oʻrinlarda — oʻquvchilar) oʻrtasida “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovini (keyingi oʻrinlarda — kitobxonlik tanlovi) toʻrt bosqichda oʻtkazish;
(b) kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida vazirlik va idoralarning muddatli harbiy xizmatchilari, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilari, kursantlari hamda oʻquvchilari orasidan:
(i) birinchi oʻrinni egallagan jami toʻrt nafar gʻolibning har birini Oliy Bosh qoʻmondonning bosh sovrini — elektromobil hamda diplom bilan taqdirlash;
(ii) ikkinchi oʻrinni egallagan jami toʻrt nafar sovrindorning har birini bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlash;
(iii) uchinchi oʻrinni egallagan jami toʻrt nafar sovrindorning har birini bazaviy hisoblash miqdorining 70 barobari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlash;
(v) kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini ragʻbatlantirish tariqasida bir oyga qisqartirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar kitobxonlik tanlovining asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mustahkam kafolatlaridan biriga aylanib borayotgan Qurolli Kuchlarni chinakam maʼrifat maskaniga aylantirish;
(b) vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari, kursantlari va oʻquvchilarining mutolaa madaniyatini oshirish orqali ularning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishi, vatanparvarlik tuygʻulari hamda jangovar ruhini kuchaytirish;
(v) vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari, kursantlari va oʻquvchilarining maʼnaviy-axloqiy tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish;
(g) vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari, kursantlari va oʻquvchilarining kasbiy, intellektual hamda maʼnaviy salohiyatini oshirib borish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovini tashkil etish va uni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) kitobxonlik tanlovi quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
(i) birinchi bosqich — harbiy qismlar, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarda;
(ii) ikkinchi bosqich — harbiy okrug (birlashma, boshqarma, qoʻshilma)larda;
(iii) uchinchi bosqich — vazirlik va idoralarda;
(iv) toʻrtinchi bosqich — respublika miqyosida;
(b) kitobxonlik tanlovi roʻyxati Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlanadigan badiiy adabiyotlar doirasida oʻtkaziladi;
(v) kitobxonlik tanlovi respublika bosqichining:
(i) tashkiliy-amaliy masalalari — vazirlik va idoralar, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi tomonidan;
(ii) ilmiy-ijodiy masalalari — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan hal etiladi.
5. Tashkiliy qoʻmita:
(a) bir oy muddatda kitobxonlik tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
(b) kitobxonlik tanlovini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida kitobxonlik tanlovining:
(a) gʻolib va sovrindorlariga:
(i) birinchi oʻrin uchun elektromobillar va diplomlar Oliy Bosh qoʻmondon nomidan mudofaa vaziri tomonidan;
(ii) ikkinchi va uchinchi oʻrinlar uchun biryoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari hamda diplomlar Oliy Bosh qoʻmondon nomidan vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan topshiriladi;
(b) gʻolib va sovrindorlari boʻlmagan boshqa ishtirokchilari (bundan muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar va oʻquvchilar mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan vazirlik va idoralar rahbariyati tomonidan taqdirlanadi.
7. Belgilansinki, kitobxonlik tanlovining:
(a) birinchi, ikkinchi va uchinchi bosqichlari gʻoliblarini ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar tegishlicha vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
(b) respublika bosqichida birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan gʻoliblar va sovrindorlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar ushbu gʻoliblar va sovrindorlar xizmat qilayotgan va oʻqiyotgan vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda kitobxonlik tanlovining mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-aprel,
PQ-128-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-apreldagi PQ-128-son qarorigaILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimida “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovini tashkil etish va uni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
1.Sh.G. Xalmuxamedov—mudofaa vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi2.A.Z. Saʼdullayev—Yoshlar ishlari agentligi direktori, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari3.O.A. Xasanov—Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari4.S.S. Saidov—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi5.D.N. Sattarov—ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi 6.N.B. Kadirov—favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari — Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi7.B.A. Shayakubov —Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari8.Z.A. Abdullayev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari 9.S.D. Mamayusupov—Milliy gvardiya qoʻmondonining tarbiyaviy ishlar, kadrlar va yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari10.A.Sh. Babajanov—Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi rahbari oʻrinbosari 11U.R. Salomov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari12.O.B. Choriyev—Bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari 13.B.M. Axmedov—madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari14.A.K. Koʻchimov—Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori15.A.A. Djurabayev—Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi16.X.X. Salimov—Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi oʻrinbosari 17.I.M. Mirzaaliyev—Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.