Elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy logistika infrastrukturasiga ega milliy elektron tijorat makonini shakllantirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanma ulushini kamaytirish hamda bozor ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) 2026 — 2030-yillarda:
(i) elektron tijorat aylanmasini 30 trln soʻmga yetkazish;
(ii) 7,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish;
(iii) umumiy qiymati 300 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
(b) ayrim turdagi tovarlarni import qilishda yagona bojxona toʻlovini joriy etish orqali tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solish.
II. Bond ombori faoliyatini tashkil etish
2. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasining 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulga qadar huquqiy eksperiment (keyingi oʻrinlarda — eksperiment) tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun moʻljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga moʻljallangan yangi turdagi erkin ombor — bond ombori faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq eksperiment doirasida:
(a) bond ombori erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi;
(b) bond omboridan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan maxsus elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;
(v) bond omboriga tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi hamda ushbu tovarlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi;
(g) bond omboridan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotiladigan tovarlar joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi;
(d) bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarishda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qoʻllanmaydi. Bunda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va veterinariya sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha javobgarlik bond omborlari operatorlari zimmasiga yuklanadi;
(j) Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan tovarlar bond omboriga joylashtirilganda aktivlarni repatriatsiya qilish talabi bajarilgan deb hisoblanadi;
(z) respublika hududidan bond omboriga maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun moʻljallangan tovarlarni joylashtirishga ruxsat etilmaydi (bundan respublika hududidan tashqariga olib chiqish uchun moʻljallangan tovarlar mustasno).
4. Belgilansinki, bond omborlaridan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotishda:
(a) 1-ilovada keltirilgan tovarlar joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarilganda bojsiz olib kirish normalari tatbiq etilmagan holda amaldagi bojxona toʻlovlari oʻrniga ularning sotish qiymatidan 5 foiz miqdorida yagona bojxona toʻlovi undiriladi;
(b) 2-ilovada keltirilgan tovarlar joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarilganda bojsiz olib kirish normalari tatbiq etilmagan holda ularning sotish qiymatidan qoʻshilgan qiymat soligʻi va 3 foiz miqdorida bojxona boji undiriladi;
(v) 1- va 2-ilovada keltirilgan tovarlarni sotish vaqtida ularning sotish qiymati deklaratsiyalash vaqtidagi bojxona qiymatidan past boʻlganda, yagona bojxona toʻlovi yoki bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻi bojxona qiymati miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi;
(g) 1- va 2-ilovaga muvofiq roʻyxatlarga kiritilmagan boshqa turdagi tovarlar jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotilganda, tovarlarning bojsiz olib kirish normasi qoʻllanmagan holda amaldagi umumbelgilangan bojxona toʻlovlari undiriladi;
(d) bond omborlariga olib kirilgan tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlarning hisobi boshqa faoliyat turlaridan alohida yuritiladi;
(j) 1- va 2-ilovalarda keltirilgan tovarlarni respublika hududida jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi;
(z) bond omboriga olib kirilib, respublika hududida jismoniy shaxslarga chakana sotilgan tovarlar boʻyicha xaridor tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi ularni budjetga oʻtkazib beruvchi shaxsda hisobga olinmaydi.
5. Bojxona qoʻmitasi Soliq qoʻmitasi, bond ombori va maxsus elektron savdo platformasi operatorlari bilan birgalikda oʻzaro axborot hamkorligi orqali:
(a) jismoniy shaxslarga sotilgan tovarlarning keyinchalik qayta sotilishi holatlarini aniqlash maqsadida ularning aylanmasi ustidan doimiy monitoringni amalga oshirib borsin;
(b) tovarlarni tijorat maqsadlarida qayta sotish holatlari aniqlangan taqdirda, bojxona toʻlovlarini umumbelgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib, undirilishini taʼminlasin.
6. Bond ombori hududida bojxona nazoratini amalga oshirish maqsadida Bojxona qoʻmitasi raisiga bojxona organlari xodimlarining umumiy cheklangan shtat birliklaridan tashqari yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzgan holda qoʻshimcha ofitser va serjantlar tarkibi shtat birliklarini kiritish huquqi berilsin. Bunda qoʻshimcha kiritilgan shtat birliklaridagi xodimlarga:
(a) bojxona organlari xodimlari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan pul va oziq-ovqat taʼminoti, kompensatsiyalar, ijtimoiy himoya qilish, moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlari hamda ushbu toʻlovlar bilan bogʻliq soliqlar, shuningdek, formali kiyim-bosh bilan bogʻliq xarajatlar shartnoma tuzilgan yuridik shaxslar tomonidan qoplanadi;
(b) ijtimoiy himoya choralari amaldagi qonunchilikka muvofiq bojxona organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan tartibda qoʻllanadi;
(v) pensiya taʼminoti Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
7. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda dorixona va dorixonalar tarmoqlarida elektron savdo platformalari orqali onlayn savdoni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:
(a) har bir dorixonada onlayn buyurtmalarni tarqatish punkti boʻlishi;
(b) kuryerlik xizmati (maxsus haroratni talab qiluvchi dorilarni termokonteynerda tashish, dori oʻramini ochishni taqiqlash) uchun aniq talablarni ishlab chiqish nazarda tutilsin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Bojxona qoʻmitasi va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda bond omborlari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan birgalikda 2028-yil 1-iyunga qadar eksperiment natijalari asosida mazkur qarorda nazarda tutilgan tartibni davom ettirishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi yuzasidan asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bojxona qoʻmitasi raisi A.Yu. Mavlonov, Soliq qoʻmitasi raisi F.J. Pulatov hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D.R. Li belgilansin.
12. Qaror ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-aprel,
PQ-136-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-apreldagi PQ-136-son qaroriga1-ILOVA
Maxsus elektron savdo platformalari orqali realizatsiya qilishda 5 foiz miqdorida yagona bojxona toʻlovi toʻlanishi belgilangan tovarlar
T/rTovar nomiTIF TN kodi1.8508 tovar pozitsiyasidagi changyutgichlardan tashqari elektr dvigatel oʻrnatilgan maishiy elektromexanik mashinalar(mikser, sharbat chiqargich va boshqalar)8509400000,85098000002.Elektr isitkichli va elektrotermik moslamalar(sochlarni quritish uskunasi, elektr choynaklar, multipishirgichlar, elektrdazmol va boshqalar)8516310001,8516310009,8516320000,8516797000,85164000003.Smartfonlar85171300004.Noutbuk va planshetlar84713000005.Korpusga oʻrnatilgan yoki oʻrnatilmagan radiokarnaylar; ovozni takrorlovchi boshqa uskunalar8518210000,8518220000,8519814500
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-apreldagi PQ-136-son qaroriga2-ILOVA
Maxsus elektron savdo platformalari orqali realizatsiya qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻi va 3 foiz miqdorida bojxona boji toʻlanishi belgilangan tovarlar
T/rTovar nomiTIF TN kodi1.Erkaklar yoki oʻgʻil bolalar uchun mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan kostumlar, komplektlar, pidjaklar, blayzerlar, shimlar, lyamkali va koʻkrakka taqiladigan qismli kombinezonlar, bridji va shortilar (choʻmilish kiyimidan tashqari)61032.Ayollar yoki qizlar uchun mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan kostumlar, komplektlar, jaketlar, blayzerlar, koʻylaklar, yubkalar, yubka-shimlar, shimlar, koʻkrakka taqiladigan qismli va lyamkali kombinezonlar, bridji va shortilar (choʻmilish kiyimidan tashqari)61043.Erkaklar yoki oʻgʻil bolalar uchun mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan koʻylaklar61054.Ayollar yoki qizlar uchun mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan bluzkalar, bluzalar va bluzonlar61065.Erkaklar yoki oʻgʻil bolalar uchun mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan kalsonlar, trusilar, tungi koʻylaklar, pijamalar, choʻmilish xalatlari, uy xalatlari va shu kabi buyumlar61076.Ayollar yoki qizlar uchun mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan ichki kiyimlar, ichki yubkalar, trusilar, pantalonlar, tungi koʻylaklar, pijamalar, penyuarlar, choʻmilish xalatlari, uy xalatlari va shu kabi buyumlar61087.Mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan yengli fufaykalar va boshqa ichdan kiyiladigan fufaykalar61098.Mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan sviterlar, puloverlar, kardiganlar, jiletlar va shu kabi buyumlar61109.Mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan sport, changʻi va choʻmilish kostumlari611210.Mashinada yoki qoʻlda toʻqilgan trikotaj matolardan boshqa kiyim-kechak predmetlari611411.Erkaklar yoki oʻgʻil bolalar uchun paltolar, kalta paltolar, nakidkalar, plashlar, kurtkalar (shu jumladan, changʻi kurtkalari), vetrovkalar, shtormovkalar va shu kabi buyumlar (6203 tovar pozitsiyadagi buyumlardan tashqari)620112.Ayollar yoki qizlar uchun paltolar, kalta paltolar, nakidkalar, plashlar, kurtkalar (shu jumladan, changʻi kurtkalari), vetrovkalar, shtormovkalar va shu kabi buyumlar (6204 tovar pozitsiyadagi buyumlardan tashqari)620213.Erkaklar yoki oʻgʻil bolalar uchun kostumlar, komplektlar, pidjaklar, blayzerlar, shimlar, lyamkali va koʻkrakka taqiladigan qismli kombinezonlar, bridji va shortilar (choʻmilish kiyimidan tashqari)620314.Ayollar yoki qizlar uchun kostumlar, komplektlar, jaketlar, blayzerlar, koʻylaklar, yubkalar, yubka-shimlar, shimlar, koʻkrakka taqiladigan qismli va lyamkali kombinezonlar, bridji va shortilar (choʻmilish kiyimidan tashqari)620415.Erkaklar yoki oʻgʻil bolalar uchun koʻylaklar620516.Ayollar yoki qizlar uchun bluzkalar, bluzalar va bluzonlar620617.Bolalar kiyimi va bolalar kiyimlari uchun jihozlar620918.Sport, changʻi va choʻmilish kostumlari; boshqa kiyim-kechak predmetlari621119.Tag va ustki qismi rezina yoki plastmassa boʻlgan boshqa poyabzal640220.Tagligi rezina, plastmassa, charm yoki kompozitsion charmdan va ustki qismi tabiiy charmdan boʻlgan poyabzal640321.Tagligi kauchuk, plastmassa, charm yoki kompozitsion charmdan va ustki qismi toʻqimachilik materialidan boʻlgan poyabzal640422.Boshqa poyabzal640523.Bir korpusda xotira qurilmalarini oʻz ichiga olgan yoki olmagan kiritish yoki chiqarish qurilmalari8471606000,847160700024.Statik konvertorlar, elektr litiy-ionli akkumulyatorlar (quvvatlagich) hamda kuchlanishi 1000 V dan oshmaydigan boshqa elektr oʻtkazgichlar850440,850760,854442,85444925.Fonarlar851310000026.Ovoz, tasvir yoki boshqa maʼlumotlarni oʻzgartirish, uzatish, qabul qilish yoki tiklash uchun asboblar, shu jumladan, kommutatsiya qurilmalari va marshrutizatorlari85176200027.Mikrofon bilan qoʻshilgan yoki qoʻshilmagan, shuningdek, mikrofon va bir yoki bir nechta dinamiklar toʻplamlaridan iborat quloqchinlar va telefonlar8518302000,851830950028.Monitor va proyektorlar (televizorlardan tashqari)852829.Barcha turdagi soatlar9101 — 910830.Videooʻyinlar uchun konsol va uskunalar; ovoz yoki tasvirni yozib oluvchi yoki takrorlovchi televizion qabul qiluvchi apparatlar9504500001,9504500002,9504500009
Izoh: Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Global brend maʼlumotlar bazasida roʻyxatdan oʻtgan xalqaro brend va Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro brend tovarlari reyestriga kiritilgan chet el tovarlarini bond omboriga joylashtirish va maxsus elektron savdo platformalari orqali realizatsiya qilish taqiqlanadi.